Линклар

Шошилинч хабар
24 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:38

Activist ishi: Rang beruvchi modda va o‘zbek blogerlari uchun "qizil chiziq"lar


Hojiakbar Nosirovning 15 sutkalik qamoqqa hukm qilinishiga asos bo‘lgan video skrinshoti.
Hojiakbar Nosirovning 15 sutkalik qamoqqa hukm qilinishiga asos bo‘lgan video skrinshoti.

Toshkentdagi supermarketlardan birida olingan videoda bloger Hojiakbar Nosirov o‘n minglab obunachisiga O‘zbekistonda ko‘p sotiladigan yogurt brendlaridan birining bir qancha mahsulotlari “harom” hisoblanishi va musulmonlarga uni iste’mol qilish mumkin emasligi haqida gapirdi.

U nazarda tutgan ingrediyent “karmin” yoki E120 deb ataladigan rang beruvchi modda bo‘lib, Janubiy Amerikada o‘sadigan kaktuslarda yashovchi koshenil qurtidan olinadi. Bu modda, shuningdek, kosmetikada ham qo‘llanadi.

Video Nosirovning 15 sutkaga qamalishiga asos bo‘ldi. Bu holat Prezident Shavkat Mirziyoyev davrida ilgariroq biroz erkinlik his qilgan blogerlarga cheklovlar qo‘yila boshlagani misollaridan biri bo‘ldi.

Toshkent shahar IIBB 8-aprel kuni chiqargan press‑relizida Nosirovning videosi xususiy tadbirkorlar huquqlari va fuqarolarning shaxsiy daxlsizlik huquqini buzgani aytilgan.

O‘zbekiston qonunlariga ko‘ra, “diniy mazmundagi materiallarning mamlakat hududida tayyorlanishi va tarqatilishiga diniy ekspertizaning ijobiy xulosasidan so‘ng ruxsat etiladi” deyiladi shahar IIBB bayonotida.

Bunday marhamat Nosirovda yo‘q edi va uning fikri O‘zbekistonning davlat qo‘llovidagi diniy idorasi qarashi bilan ham mos emas ekan. Idora u hibsga olingani e’lon qilingandan so‘ng darhol karmin haqida o‘z munosabatini bildirdi va buni asoslash uchun shu haqdagi Iordaniya fatvosini keltirdi.

O‘zbekiston musulmonlar diniy idorasi ta’kidlashicha, E120 qo‘shimchasi “Hasharotlardan olinadigan moddalar (bo‘lib), kimyoviy yo‘llar bilan boshqa moddaga aylanadi. Bu jarayonni Islom shariatida “Istihola” ya’ni bir moddaning boshqasiga o‘zgarishi deyiladi”.

So‘z erkinligining "asossiz bo‘g‘ilishi"

Qaysi qo‘shimchalar halol, qaysi biri harom ekanligi borasida butun dunyo musulmon ulamolari va dindorlar tortishadi. Shahar politsiyasining Nosirov o‘zboshimcha ish qilgani haqidagi da’vosiga qaramay, diniy bloger o‘z videosida ushbu qo‘shimcha harom ekani haqidagi da’vosini tasdiqlovchi ikkita islom fiqhi veb-saytiga havola bergan.

Ammo, aftidan, rasmiylar bu kabi bahslarni xushlashmaydi.

“Shubhasiz, bu videoda ekstremizmni ko‘rsatuvchi tayinli belgi yo‘q. Shunday qilib, biz buni so‘z erkinligining asossiz bo‘g‘ilishi misoli deyishimiz mumkin”, deydi Britaniyadagi Central Asia Due Diligence tadqiqot kompaniyasi direktori Alisher Ilhomov.

"Nega shunday bo‘ldi? Aytish qiyin. Ehtimol, hokimiyatga yaqin kimdir bu yogurtni ishlab chiqarish yoki import qilish bo‘yicha biznesga ega. Yoki hokimiyatdagi kimdir bu blogerni yoqtirmagandir», deydi Ilhomov.

2016-yilda Islom Karimov vafotidan so‘ng sobiq Bosh vazir Mirziyoyevning hokimiyatga kelishi dunyoning eng repressiv davlatlaridan birida muzlarning erishiga yo‘l ochdi, rahbariyat almashishi oqibatida, cheklangan bo‘lsa-da, ommaviy axborot vositalarida erkinliklar paydo bo‘ldi.

Din, siyosat va boshqa ilgari taqiqlangan mavzularga bag‘ishlangan Telegram kanallarining ko‘payishi bilan yangicha bloger mashhurlar paydo bo‘ldi.

O‘shandan beri Mirziyoyevning so‘z erkinligi haqidagi chorlovlari ko‘paydi. Davlat rahbari 2020-yil dekabr oyidagi yillik murojaatida “Oshkoralik va so‘z erkinligi... zamon talabi, O‘zbekistonda islohotlar talabi”, deb atagan edi. Mirziyoyev 2021-yil fevralida jurnalistlarni “yutuq va kamchiliklarimizni xalqimizga haqqoniy yetkazuvchi kuch” deb atagan edi.

Ammo 2021-yilda, Mirziyoyev hokimiyati davrida Termiz shahridan bloger Otabek Sattoriy bir nechta tovlamachilik va bir tuhmatda ayblanib, 6,5 yilga qamaldi.

Sattoriy va uning oilasi ayblovlarni inkor etib, bularning bari mahalliy hokimiyatni ayovsiz tanqid qilgani uchunligini aytishdi. Sattoriy esa faqat Mirziyoyevning chorloviga quloq tutganini aytdi.

Fevral oyida yana bir bloger Abuqodir Mo‘minov ham xuddi shunday ayblov bilan hibsga olingan edi. Youtube’dagi kanali 240 mingdan ortiq obunachiga ega bo‘lgan Mo‘minov Mirziyoyevning o‘zini tanqid qilishga jur’at etgan oz sonli blogerlardan biridir. Uning ishi yuzasidan hali hukm chiqmagan.

Ozodlik radiosiga ko‘plab manbalardan ma’lum bo‘lishicha, mart oyida 30-aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendum orqali konstitutsiyani o‘zgartirish rejalarini tanqid qilgan blogerlar so‘roq qilingan.

Президент танқидчиси бўлган блогернинг онаси билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:28:42 0:00

O‘z ismini oshkor qilishni istamagan o‘zbekistonlik blogerlardan birining Ozodlik radiosiga aytishicha, politsiya unga Telegram-kanalida konstitutsiyaviy o‘zgarishlarni tanqid qilishi Jinoyat kodeksining jamoat xavfsizligi to‘g‘risidagi 242-moddasini buzish bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Bloger, agar odamlar “Nukusdagidek qo‘zg‘olon ko‘tarsa”, ana shu modda bo‘yicha ayblanishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan.

Mirziyoyev boshqaruvi matbuot va blogerlar uchun imkoniyatlar eshigini ochish bilan bir qatorda, aholining katta qismi e’tiqod qiladigan Islom diniga nisbatan qo‘yilgan ba’zi haddan tashqari cheklovlarni yumshatdi. Uzoq yillik rahbar Islom Karimov oddiy dindor musulmonlarni ekstremistlardan farqlamas edi, Mirziyouev hokimiyatga kelganda qamoqxonalardagi minglab diniy mahbuslarni meros qilib oldi, so‘ng ularning bir qismi ozod qilindi.

Hibsga olishlar to‘lqini

Mirziyoyev dindorlarning davlat tomonidan qatag‘on qilinishini "bizning fojiamiz" deb atadi va ovoz kuchaytirgichlar orqali azon aytish, bolalarning masjidga borishiga amalda qo‘yilgan taqiqlar asta-sekin yo‘qoldi.

Ammo siyosiy faollar singari, diniy blogerlar ham cheklovlar miqyosi muntazam ravishda o‘zgarib turishini payqashgan. 2018-yilda Ozodlik radiosi o‘zbek xizmati soqol qo‘yish va hijobga taqiqni bekor qilishni talab qilgan mashhur blogerlar hibsga olinayotgani haqida xabar bergan edi. Bu blogerlar, asosan 15 sutkalik ma’muriy qamoq jazosini o‘tagan, hozir bu ko‘rgulik Nosirov chekiga tushdi.

Ammo o‘tgan yili Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev ismli bloger jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi material e’lon qilgani uchun 7,5 yilga qamalgan edi. Rasman hukmning sababi Facebook'dagi 2021-yildagi post bo‘lib, unda Orifxo‘jayev musulmonlar g‘ayridinlarni bayramlari bilan tabriklamasligi kerakligi haqidagi maqolani ma’qullagani bilan izohlangan.

Biroq hukumatning diniy siyosatini tanqid qilgan Orifxo‘jayev hukumat nazoratidagi Islom sivilizatsiyasi markaziga aloqador va Instagram’da mashhur imom bilan dahanaki janjalidan keyin jazolangan.

Imom Abror Abduazimov (internetda Abror Muxtor Ali nomi bilan tanilgan) LGBT va ayollar huquqlari haqidagi keskin fikrlari bilan, shuningdek, liberal blogerlar va G‘arb matbuotiga, jumladan, Ozodlik radiosining o‘zbek xizmatiga qarshi muntazam ayblovlari bilan ham tanilgan.

Platformada 800 000 izdoshi bo‘lgan bu imom tez-tez provokatsion postlar joylashiga qaramay, Abduazimov shu yil boshigacha biror marta sudlanmagan. Faqat yaqindagina Toshkent sudi boshqa bloger tomonidan kiritilgan da’vo bo‘yicha unga qarshi qaror chiqardi. Sud qaroriga ko‘ra, Abduazimov bir qancha izoh va fikrlarni bloger va jurnalist Nikita Makarenkoga taqab, unga tuhmat qilgan.

"Ҳақиқат йўқ": Блогер Отабек Сатторий 6,5 йилга қамалди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:21 0:00

«Gazeta.uz» 21-fevral kungi xabariga ko‘ra, sud “Abduazimov olti farzandli oilada yolg‘iz boquvchi ekanligini hisobga olib», unga 500 dollarga yaqin jarima belgilagan. Nashrga ko‘ra, bu jarima ushbu turdagi qonunbuzarlik uchun belgilangan miqdordan qariyb uch baravar kam. Ozodlikning izoh olish uchun bergan so‘roviga rad javobi bergan Abduazimov sud hukmini «g‘alaba» deb atagan.

Alisher Ilhomovning Ozodlikka aytishicha, Abduazimovga qilingan muomala O‘zbekistonda hamma blogerlar ham qonun oldida teng emasligini ko‘rsatadi.

“Biz ba’zi blogerlar maxsus xizmatlar bilan qandaydir aloqasi borligi uchun kart-blanshga egaligini ko‘rib turibmiz, boshqalari esa mutlaqo zararsiz ishlar, masalan, karmin haqida fikr bildirgani uchun jazolanadi”, deydi Alisher Ilhomov.

XS
SM
MD
LG