O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “axloqiy-diniy nuqtai nazarlarni huquqiy munosabatlar predmetiga aylantirishga urinish, milliy qadriyatlarga zid, insonlarning shaxsiy huquqlarini toptovchi va cheklovchi axborot tashviqotlari olib borish holatlari aniqlangani"ni”xabar qildi.
7 - sentabrda e’lon qilgan bayonotida “insonlarning shaxsiy huquqlarini toptovchi va cheklovchi axborot tashviqotlari”ni kim olib borayotgani to‘g‘risida konkret ma’lumot bermagan vazirlik “shaxslarga diniy qarashlarni majburiy singdirishga qaratilgan har qanday xatti-harakat, targ‘ibot-tashviqot javobgarlikni keltirib chiqaradi”, deya ogohlantirdi.
Adliya vazirligining 7 - sentabrdagi bayonotida jumladan bunday deyilgan:
“Diniy mavzuda chiqishlar qiladigan va shu sohada faoliyat yuritadigan ayrim shaxslar tomonidan ayollarning mashina haydashiga subyektiv baho berish, ularning mashg‘ulot turini erkin tanlash huquqini cheklash, ayrim turdagi mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyatini to‘xtatish, ayrim jahon durdonalari sanaladigan san’at asarlarini sotish (foydalanish)ni cheklash, boshqa diniy qarashlarga ishonchsizlik uyg‘otish, hech qaysi dinga e’tiqod qilmaydiganlarga nisbatan nafrat uyg‘otish, O‘zbekistondagi dunyoviylik prinsipiga monand qonunlar bilan o‘rnatilgan qoidalarni shubha ostiga olish va boshqa shu kabilarni targ‘ib qilish holatlari ham uchramoqda”.
Bayonotdan keltirilgan yuqoridagi parchadagi barcha ta’kidlar (qoraytirilgan so‘zlar) vazirlikniki.
Ijtimoiy tarmoqlardan bayonotda tilga olingan barcha holatlarga oid o‘nlab chiqishlarni topish mumkin. Bunday ziddiyatli chiqishlarning ba’zilari to‘g‘risida Ozodlik o‘z vaqtida xabar qilgan.
Masalan, joriy yilning 27 - iyunida Toshkentning Chilonzor tumanidagi binolardan birining devoriga Leonardo da Vinchining strit-art uslubida ishlangan “Mona Liza” asari o‘chirib tashlangani to‘g‘risida xabar qilingan edi.
Mustaqil AsiaTerra nashri Toshkentdagi “Niqob taqqan Mona Liza” asarining o‘chirilishini Abror Muxtor Aliy taxallusi ostida faoliyat yuritadigan bloger va Islom sivilizatsiyasi markazi xodimi Abror Abduazimovning chiqishlari bilan bog‘lagan.
Nashr uning shu yil iyunida poytaxtdagi kitob do‘konlari bo‘ylab uyushtirilgan "reyd" chog‘ida Leonardo da Vinchi va Rembrand kabi g‘arb rassomlari ishlagan jahon san’ati durdonalari "o‘zbek xalqi uchun yot" ekani haqida aytgan so‘zlarini keltirgan.
"Niqob taqqan Mona Liza" o‘chirilayotgani aks etgan suratni o‘zining Feysbuk sahifasiga qo‘ygan tarmoq foydalanuvchilaridan biri "Mona Liza"ning o‘chirilishi olqishlangan izoh qoldirgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda diniy chiqishlar qilayotgan o‘zbek imomlari bilan bog‘liq yana bir shov-shuvli voqea O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’diyevning virtual sazoyi qilinishi bo‘ldi.
Sa’diyevning soqol qo‘yish haqidagi tanqidiy fikrlari aks etgan video tarqalgach, tarmoqning o‘zbek segmentidagi diniy kontent mualliflari san’atkorga qarshi haqorat kampaniyasini boshladi.
Videochiqishlarda Sa’diyev “jirkanch artist”, “o‘ldirilishi joiz bo‘lgan tog‘ut”¸ “Ayollar libosini kiygan hezalak” kabi haqorat va tahdidli so‘zlar bilan nishonga olindi.
Yutuberlardan biri Sa’diyevning “Kelinlar qo‘zg‘oloni” spektaklida o‘ynagan rolini misol keltirib, “lozim ishton kiyib likillagan hezalaklar bizga nasihat qilib boshladi”, deya kesatadi.
Andijon viloyat, Bo‘ston (sobiq Bo‘z) tumanining sobiq imom-xatibi Abdulahad qori Tojiboyev (Shahrixoniy) Adliya vazirligining 7 - sentabrdagi bayonotini “ba’zi imomlarga o‘z vaqtida berilgan ogohlantiruv”, deb atadi. Imomlarning Adliya vazirligi e’tiroziga sabab bo‘layotgan chiqishlarini nazarda tutar ekan, Abdulahad qori Tojiboyev bunday dedi:
“Buni farosatsizlik, desa ham bo‘ladi. Bundan tashqari, o‘zlarini bilimdon qilib ko‘rsatish istagi ham bor. Aslida esa, bu ong taqchilligi alomatidir. Biz o‘zbeklarda hovliqmalik, old-ortiga qaramay chopib ketish bor. Bunday qusurni ba’zi hamkasblarimda ham ko‘ryapman”.
O‘zining ta’biri bilan aytganda, “Olti muftiyni ko‘rgan, 45 yillik tajribaga ega” imom bilan suhbatni quyida tinglashingiz mumkin:
Adliya vazirligi 7 - sentabrdagi bayonotida “fuqarolarning shaxsiy hayotiga aralashish hisobiga amalga oshirilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini, insonlar xulq-atvoriga va yurish-turishiga alohida shaxslarning axloqiy-diniy qarashlari yoki o‘lchovlari bilan emas, balki amaldagi qonunchilik talablari nuqtai nazaridan baho berilishi lozim”ligi ta’kidlagan.
Vazirlik o‘z bayonotida mamlakat Konstitutsiyasining 31-moddasiga ko‘ra, har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga egaligini, 25-moddasida har kimning erkinlik va shaxsiy daxlsizligi, 27-moddasida shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish huquqi kafolatlanganini eslatib o‘tgan.
Vazirlik, shuningdek, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 12-moddasida hech kimning shaxsiy hayotiga o‘zboshimchalik bilan aralashish mumkin emasligi aniq belgilab qo‘yilganini ham eslatib o‘tgan.
Taniqli o‘zbek telejurnalisti Dadaxon Yoqubov Ozodlikka bergan sharhida Konstitutsiya va qonunlarga rioya qilishning muhimligini ta’kidladi:
“Adliya vazirligining mazkur bayonotini oddiy fuqaro, yoshi katta odam sifatida to‘g‘ri tushunaman. Demokratik davlatda yashar ekanmiz, eng avvalo Konstitutsiyaga itoat qilishimiz zarur. Qonun, qonun va yana qonunga amal qilish, uni o‘rganish, boshqalardan ham qonuniylikni talab qilish bu burchimizdir”.