Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:45

"Adolatni talab qilish jinoyatmi?" - bloger Otabek Sattoriy ishi


Surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy
Surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy

Bosh qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ) O‘zbekiston rasmiylarini bloger Otabek Sattoriyni qamoqdan zudlik bilan ozod qilishga chaqirdi.

O‘zbekiston Oliy sudi Otabek Sattoriyga nisbatan chiqarilgan qamoq ehtiyot chorasi o‘z kuchida qolgani to‘g‘risida bayonot berdi.

Oliy Majlis deputati Rasul Kusherboyev hamda AOKA bloger ustidan ochilgan jinoyat ish yuzasidan xolis tekshiruv o‘tkazishga chaqirdi.

Otabek Sattoriyning ishidan yaqindan xabardor jurnalist Ozodlikka uning tuzoqqa tushirilishi tafsilotlarini so‘zlab berdi.

Blogerning otasi qamoqdagi o‘g‘li bilan ko‘risholmayotganini aytdi.

Surxondaryo viloyat markazi Termiz shahrida yashovchi ikki farzandning otasi, 40 yashar (16 - fevralda yoshi 41 ga to‘ladi) bloger Otabek Sattoriy 29 - yanvarda tovlamachilikda gumonlanib, fuqaro kiyimidagi bir guruh IIB xodimlari tomonidan qo‘lga olingan edi.

Hozirda Otabek Sattoriy qamoqda saqlanmoqda. Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudining 1 - fevral kungi qarori bilan unga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Bloger Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 2-qismi “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinmoqda. Agar Sattoriy aynan shu modda bo‘yicha aybdor, deb topilsa, o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Oliy sud: "Bloger, faol fuqaro” deya tavsiflanayotgan O. S."

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 8 - fevraldagi bayonotida "bloger va faol O. S." haqida so‘z boradi.

“Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya sudlov hay’atining 2021 - yil 5 - fevraldagi ajrimi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudining 2021 - yil 1 - fevraldagi ajrimi o‘zgarishsiz qoldirildi”.

Oliy sud o‘z bayonotida bloger Otabek Sattoriyni “ijtimoiy tarmoqlarda “bloger, faol fuqaro” deya tavsiflanayotgan O. S.” Deb atagan.

Deputat Kusherboyev: "Yashasin Surxondaryoning qonunbuzar hokimi!"

O‘zbekiston Oliy Majlisi deputati Rasul Kusherboyev Otabek Sattoriy ishi yuzasidan 7 - fevralda mana bunday bayonot e’lon qildi:

“Bloger, faol fuqaro Otabek Sattoriyga nisbatan ehtiyot chorasi qo‘llash maqsadidagi sud majlisi YoPIQ (ta’kid Kusherboyevniki-tahr.) o‘tkazilgan va hech bir ikkilanishsiz jamoatchilik faoliga nisbatan sud tomonidan "qamoq" ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Yashasin Surxondaryoning qonunbuzar hokimi, prokurori, IIBsi va sudi! Bu dunyo qaytar dunyo... Bosh prokuraturadan sun’iy uyushtirilayotgan jinoyat ishining barcha ishtirokchilariga nisbatan ochiq oshkora, jamoatchilikni xabardor qilgan holda xolis tekshiruv o‘tkazilishini talab qilamiz!”

Deputat bundan oldingi bayonotida Otabekning qamalishini “dahshat va davlat siyosati uchun sharmandalik” deb atagan edi.

AOKA: "Sattoriy ishi xolis ko‘rib chiqilsin"

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) esa, 8 - fevralda Otabek Sattoriy ishi yuzasidan quyidagi bayonotni e’lon qildi:

“So‘ngi kunlarda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatida mobil telefon ta’magirligida gumonlanayotgan bloger Otabek Sattoriyning hibsga olingani muhokama qilinmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarni mazkur ishni barcha holat va tomonlarning ko‘rsatmalarini hisobga olgan holda batafsil va xolis ko‘rib chiqishga chaqiramiz”.

CPJ: "Jurnalistlar qo‘rqmay ishlashi lozim"

Bosh qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ) 8 - fevralda O‘zbekiston ma’murlarini bloger Otabek Sattoriyni qamoqdan zudlik bilan ozod qilishga chaqirdi:

“Blogerlar va jurnalistlarni korrupsiyaga oid xabarlari uchun ta’qib qilish ularning konstitutsiyaviy huquqlarini buzishdir. O‘zbekistondagi jurnalistlar o‘z ishini repressiv ayblovlardan qo‘rqmay amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim.

Xalq tiliga tushgan bloger va uning otasi

Surxondaryolik 40 yashar bloger o‘zining Yutyubdagi videoblogida yurtdoshlarining ijtimoiy-iqtisodiy muammolari haqida qator ko‘rsatuvlar e’lon qilgan, bu ko‘rsatuvlarda u viloyat rahbariyati, xususan viloyat hokimi To‘ra Bobolovni tanqid qilib kelgan.

Сурхондарёлик блогер Отабек Сатторий қамоққа олинди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:36 0:00

Termizlik 69 yashar Abdumannon Sattoriy 8 - fevralda Ozodlik savollariga javob berarkan, Otabek korrupsiyaga qarshi murosasiz bo‘lganini ta’kidladi:

“O‘g‘lim oliy ma’lumotli, Moliya-menejment fakultetini tamomlagan. Biroq o‘z kasbi bo‘yicha ishga joylasha olmadi. Qayerga bormasin, bo‘sh joy yo‘q degan javobni eshitaverdi”.

Abdumannon akaning aytishicha, o‘g‘li blogerlikni boshlaganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q, lekin juda tez xalq tiliga tushishga ulgurdi.

“Chunki u korrupsiyaga va korrupsionerlarga qarshi chiqishlar qildi, xalqning ijtimoiy muammolarini ko‘tarib chiqdi, ularni ijtimoiy himoya qilishga bel bog‘lagandi. Uning barcha chiqishlari prezidentning korrupsiyaga qarshi kurashga doir qarori doirasida edi. Lekin afsuski, oxiri mana shunday voy bo‘lib o‘tiribdi”, - dedi Otabekning otasi.

Abdumannon Sattoriyning aytishicha, u o‘g‘li bilan qamalganidan buyon ko‘risha olgani yo‘q. “Advokat “baribir uchrashishga ruxsat berishmaydi, shuning uchun harakat ham qilib o‘tirmanglar”, degani uchun nima qilishni bilmay o‘tiribmiz”, dedi ota.

Otabek Sattoriy ishini yaqindan kuzatib kelayotgan Effect.uz sayti muxbiri, Surxondaryo viloyat, Qiziriq tumanilik fermerlar muammolarini yoritib kelayotgan jurnalist Fazliddin Mehmonovning Ozodlikka bildirishicha, Otabek Sattoriy qo‘lga olinganidan buyon davlat ajratgan advokat xizmatidan foydalangan. “Kuni kecha taniqli bir advokat unga yordam beradigan bo‘ldi”, - dedi jurnalist.

Bloger ta’qiblardan deputatni ogohlantirgan edi

O‘zbekiston Oliy Majlisi deputati Rasul Kusherboyev Otabek Sattoriy qo‘lga olinishi arafasida o‘zini ogohlantirganini aytgan.

“Qiziriqlik fermerlarni dardini yoritib ular bilan Toshkentgacha kelgan, Surxondaryo viloyati hokimini ham qo‘rqmay tanqid qilgan, o‘zini qamash uchun turli tadbirlar uyushtirishayotganini menga aytib yordam so‘ragan(meni ogohlantirgan edi hatto) o‘sha Otabek Sattoriy ismli bloger ko‘p o‘tmay tovlamachilikda ayblanib, qamoqqa tashlanyapti”.

Nima bo‘lgan edi?

Jurnalist Fazliddin Mehmonovning aytishicha, Otabek Sattoriy 2020 - yilning dekabrida Effect.uz sayti muxbiri Farhod Ismoilov bilan birga Surxondaryo viloyat, Sherobod tuman dehqon bozoriga arzonlashtirilgan mahsulotlar yarmarkasini suratga tushirish uchun boradi.

Yarmarkani videoga olayotgan paytda bozor xodimlari unga hujum qiladi, telefonini tortib olib, shikast yetkazadi. Shundan so‘ng Otabek va Farhod Sherobod tuman hokimiga va IIB rahbariga voqea yuzasidan murojaat qilishadi. Ular Otabekka “tashvish qilmang, faqat bu gaplarni ijtimoiy tarmoqlarga chiqarmasangiz bo‘ldi, sizga yangi telefon olib beramiz”, deyishadi. Otabek bu gaplarga ishonib, o‘zi yashaydigan Termizga qaytib ketadi.

“Oradan ikki oy o‘tgach, - deb davom etadi Fazliddin Mehmonov, - biz bir ish bilan Sherobod tumaniga boradigan bo‘ldik. Biz bilan Otabek ham birga bordi. Va ikki oy oldingi voqea esiga tushib ketdimi, ishqilib tuman hokimi va bozorqo‘mga telefon qilib, telefoniga shikast yetkazilganini, berilgan va’dani ularning yodiga soladi. O‘sha telefon suhbatlarni shaxsan eshitganman, guvohman. (ta’kid Ozodlikniki) Suhbat tugaydi. Ular telefon olib beradigan bo‘lgan o‘sha muloqot davomida. Men o‘sha kuni Toshkentga qarab yo‘lga chiqdim. Ertasiga “Otabek Sattoriy tovlamachilik bilan telefon olayotgan paytida IIB xodimlari tomonidan qo‘lga tushirildi”, degan xabar keldi. Agar sindirilgan telefonini talab qilish tovlamachilik bo‘lsa, adolatni talab qilish jinoyat bo‘lsa, unda gapirmaslik kerak ekan-da?!”

Fazliddin Mehmonovning aytishicha, Otabek Sattorov qo‘lga olinishi bilan bir qatorda Effect.uz sayti Farhod Ismoilovning uyi ham tintuv qilingan.

Ozodlik Otabek Sattoriy ishi yuzasidan Surxondaryo viloyat hokimligidan ham, Sherobod tuman hokimligidan ham hozircha izoh ololmadi.

XS
SM
MD
LG