Yakshanba kungi janglarda Tolibon Afg‘oniston shimolidagi muhim strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Qunduz viloyati ma’muriy markazining katta qismini bosib oldi va unga qo‘shni yana ikki viloyat markazlari - Saripul va Toluqonni qo‘lga kiritgani xabar qilinmoqda.
Shu tariqa bir kunda Afg‘onistonning uch viloyati Tolibon nazoratiga o‘tgan, juma kunidan buyon esa toliblar besh viloyat markazini bosib olgan.
Qunduz viloyat kengashining ikki nafar rasmiysi Associated Press agentligiga toliblar mahalliy hokim qarorgohi, politsiya idorasi va Tolibon jangarilari doxil 500 nafar mahkumlar saqlanayotgan qamoqxonani bosib olganini aytishgan.
Ozodlikning Kobuldagi muxbiri Olim Ko‘hkanning hukumat rasmiylaridan olingan xabarlarga tayanib ma’lum qilishicha, 8 - avgust kuni Afg‘onistonning jami uchta viloyat markazi Tolibon nazoratiga o‘tgan.
Mahalliy hukumat vakili Bi-bi-si radiosiga shaharning aeroportdan boshqa barcha mavzelari “Tolibon” nazoratiga o‘tganini ma’lum qilgan.
Xorijlik ayrim muxbirlar tinch aholi orasida qurbonlar borligi, jumladan ayollar va bolalar nobud bo‘lgani haqida xabar qilishgan. Ushbu ma’lumot rasman tasdiqlangan emas.
8 - avgust kuni Qunduz taslim bo‘lgani haqida xabar qilgan CNN telekanali ushbu shaharni toliblar tomonidan joriy yil may oyida hujum amaliyoti boshlanganidan beri ular qo‘l ostiga o‘tgan dastlabki muhim viloyat markazi, deb atagan.
Bu Qo‘shma Shtatlar Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy ishtirokini yakunlashi ortidan boshlangan Tolibon g‘alabalarining navbatdagisidir.
Associated Press agentligi qo‘lga kiritgan videoda Tolibon jangarilari Qunduz shahrining bosh maydoniga o‘z bayrog‘ini tikkanini ko‘rish mumkin.
Shu bilan toliblar bir haftadan kamroq vaqt ichida beshta viloyatni o‘z nazoratiga olmoqda, ayni paytda poytaxt Kobulda toliblarning suiqasd hujumlari davom etayotir.
Qunduzning bosib olinishi Tolibon uchun jiddiy g‘alaba bo‘lishi bilan birga, ushbu ekstremistik harakat o‘zi qo‘lga kiritgan hududlarda o‘z hokimiyatini qanchalik o‘rnata olishi yo‘lidagi jiddiy sinov hamdir.
340 mingdan ortiq aholi yashaydigan Qunduz Afg‘onistonning eng yirik shaharlaridan biri va yillar davomida G‘arb koalitsiya kuchlari tomonidan Tolibon hujumlaridan himoya qilib kelingan.
Kobuldagi afg‘on hukumati Qunduzni butkul qo‘ldan boy berganini rad etmoqda, Ichki ishlar vazirligi Mirvays Stanekzay hukumat kuchlari janglarni davom ettirayotgani va ayrim hududlarni toliblardan qaytarib olganini aytgan.
Toliblar yakshanba kuni shuningdek, Qunduz viloyatiga qo‘shni Tahhor viloyati markazi Toluqonni ham qo‘lga kiritgani xabar qilinmoqda. 200 ming aholi yashaydigan Toluqon shahri 2001 - yilda Tolibonga qarshi AQSh boshchiligidagi kampaniyaga qo‘shilgan shimoliy kuchlarning muhim bazalaridan hisoblanadi.
Afg‘oniston parlamentining Tahhor viloyatidan bo‘lgan deputati Sayid Sharofuddin Ayniyning Associated Press agentligiga aytishicha, uch oylik hujumlardan so‘ng yakshanba kuni toliblar shahar ustidan nazorat o‘rnatishga muvaffaq bo‘lgan.
Tahhorlik yana bir parlament a’zosi Nazifa Yusufiy Beg viloyat hokimi, politsiya boshlig‘i hamda viloyat kengashi a’zolarining hammasi qochishga majbur bo‘lganliklarini aytgan.
Toluqon so‘ngi haftalarda Tolibon tomonidan qamal qilingan va mamlakatning boshqa hududlaridan uzib qo‘yilgan edi.
Tolibon o‘tgan juma birinchi mahalliy poytaxt- janubi-sharqdagi Nimroz viloyatining ma’muriy markazi bo‘lgan Zaranj shahrini bosib olgan edi.
Tolibon hujumlari avj olarkan, hukumat kuchlari AQSh yordamidagi havo zarbalari bilan javob qaytarmoqda. Bu esa tinch aholi o‘rtasidagi talafot bilan bog‘liq xavotirlarni yanada kuchaytirgan.
"Tolibon” yangi hududlarni ishg‘ol etishi manzarasida Pentagon harakatni “halol muzokaralar”ga chaqirmoqda.
AQSh Mudofaa vazirligi Afg‘onistondagi vaziyatga baho bergan va “Tolibon” harakatining hukumat qo‘shinlariga hujumlari sharoitida AQSh missiyasini aniqlashtirgan holda bayonot tarqatdi, deya xabar qildi “Amerika ovozi”.
Afg‘onistondagi AQSh missiyasi, prezident Jo Bayden ko‘rsatmasiga muvofiq, hali-hamon Amerika qo‘shinlarini xavfsiz va tartib bilan olib chiqib ketishda ifodalanadi, deyilgan maqolada. Ayni paytda AQSh Afg‘oniston hukumati kuchlarini moliyaviy va texnik jihatdan, shuningdek, mumkin bo‘lganda, “havodan himoyaviy zarbalar berish” orqali dastaklashda davom etadi.
“Tolibon” tomonidan inson huquqlari buzilayotgani, jumladan uning nohukumat tashkilotlar binolariga zo‘rlik bilan kirgani va tinch fuqarolardan tirik qalqon o‘rnida foydalanganiga oid ko‘plab xabarlar Vashington rasmiylarini “larzaga solgan”.
Pentagon “Tolibon” harakatini hujum operatsiyalarini to‘xtatib turishga va mojaroni muzokaralar yo‘li bilan hal etish uchun “vijdonan muloqotga kirishish”ga chaqirgan.
Tolibon hujumlari davom etarkan, AQSh va Britaniya Afg‘onistondagi o‘z fuqarolarini mamlakatni tark etish haqida ogohlantirdi.
Zo‘ravonliklar kuchayganiga qaramay, prezident Jo Bayden ma’muriyati AQSh kuchlarini olib chiqib ketish bo‘yicha belgilangan jadval - shu oy oxirida yakunlanishi kutilayotgan muhlatga qat’iy amal qilishini aytmoqda.
Ayni paytda Tolibon vakili muzokaralarga chaqiriqni rad etgan va AQShni Afg‘onistonga qayta harbiy aralashuvning ehtimoliy oqibatlaridan ogohlantirgan.