Линклар

Шошилинч хабар
06 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:39

Afg‘onistonda ocharchilik xavfi: O‘zbekiston va mintaqani nima kutmoqda?


Qandahordagi bank oldida pul olish uchun navbatda turganlar-20 - sentabr, 2021
Qandahordagi bank oldida pul olish uchun navbatda turganlar-20 - sentabr, 2021

Pokiston Bosh vaziri Imron Xon Tolibon bilan inklyuziv hukumat tuzish yuzasidan so‘zlashuvlarni boshlaganini bildirdi.

Imron Xonning Tvitter sahifasiga joylashtirgan bayonoti 17 - sentabr kuni Dushanbeda o‘tgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammiti ortidan paydo bo‘ldi. Sammitda Afg‘onistonda hokimiyatni bosib olgan Tolibon bilan mintaqa hukumatlari munosabati muhokama qilindi.

Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgan toliblar oldida turgan asosiy muammo - ochlik yoqasida turgan aholining oziq-ovqat muammosini hal qilish va mamlakat yuz tutayotgan iqtisodiy bo‘hrondan chiqish yo‘llarini topishdir.

Tahlilchilarga ko‘ra, aynan shu sabab Tolibon rahbariyati qo‘shni Markaziy Osiyo hukumatlari bilan do‘stona aloqalarni ushlab turishga urinmoqda.

Ayni paytda bu yil mintaqa davlatlarini og‘ir ahvolga solgan qurg‘oqchilik muammosi o‘rtaga chiqdi. Afg‘onistonda ham aholining asosiy qismi o‘z kunini o‘zi ko‘rgan dehqonchilikda ahvol tangligi aytiladi.

Sammitdan so‘ng Pokiston Bosh vaziri Imron Xon Tvitter tarmog‘idagi sahifasida Toliblar bilan inklyuziv hukumat bo‘yicha so‘zlashuvlarni boshlaganini bildirdi.

“Afg‘onistonga qo‘shni davlat rahbarlari, ayniqsa, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon bilan Dushanbeda bo‘lgan uzoq muhokamalardan keyin, men “Tolibon” bilan tarkibida tojiklar, hazoralar va o‘zbeklar bo‘ladigan inklyuziv hukumat tuzish bo‘yicha muloqot boshladim”, deb yozdi Pokiston Bosh vaziri.

Kobulni qo‘lga kiritgan Tolibonning ortida Pokiston turganiga ishoniladi va shu bois Pokiston Bosh vaziri Imron Xonning bu bayonoti jamoatchilik e’tiborini tortmoqda.

Dushanbeda uchrashgan ShHTga a’zo davlatlarning Tolibon hukumatiga nisbatan pozitsiyasi turlicha.

Sammitga mezbonlik qilgan Tojikiston rahbari Emomali Rahmon, Tolibon Afg‘onistonda mustabid hokimiyat o‘rnatdi, o‘rta asrlarga xos shariat qonunlariga asoslangan Islom Amirligi tashkil qilyapti, deya tanqid qildi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa, Afg‘onistonda hukumat almashishi qon to‘kilmasdan amalga oshirilganini olqishlarkan, bergan va’dalarini bajarsa, Tolibon bilan ishlashga tayyorligini bildirdi.

ShHTga a’zo bo‘lish jarayonini boshlagan Eron rahbari sammitda xorijiy davlatlarni Afg‘oniston ichki ishlariga aralashishni to‘xtatishga chaqirdi va mamlakatdagi bugungi notinchlikka ham aynan xorijiy aralashuv sabab ekanini urg‘uladi.

“Biz afg‘on xalqi mavjud muammolarni bartaraf etib, kelajakka yo‘l ochishi uchun shart-sharoit yaratishimiz kerak. Eron nazdida bunga faqat mintaqa mamlakatlari ko‘magida erishish mumkin”, dedi Eron prezidenti Ibrohim Raisiy.

O‘zbekiston esa hozircha mintaqada Tolibon bilan do‘stona qo‘shnichilikni boshlab yuborgan yagona davlat bo‘lib turibdi. Ayrim tahlilchilar Dushanbe sammitida aynan Shavkat Mirziyoyev Emomali Rahmonni Tolibon bilan murosaga undaydi, degan taxminni ilgari surgandi.

Ammo sammit yakuniga kelib, qo‘shnilar faqat bir masalada murosaga kela oldi: Afg‘onistonda barcha xalqlar va etnik guruhlar ishtirokidagi inklyuziv hukumatni tuzish talabi yana bir marta ilgari surildi.

Xalqaro jamoatchilikning e’tibori Kobuldagi Tolibon hukumatiga qaratilarkan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Afg‘onistonda yuzaga kelayotgan gumanitar inqirozdan ogohlantirmoqda.

O‘zbekistonning janubiy qo‘shnisi Afg‘onistonga tutash Termiz shahrida Afg‘onistonga gumanitar yordamni yetkazadigan logistika markazi ochildi.

BMT rasmiy vakilining ma’lum qilishicha, Pokiston, Tojikiston va O‘zbekiston hududida Jahon oziq-ovqat tashkilotiga tegishli bo‘lgan omborxonalarda dastlabki iste’mol mollari zaxirasi ko‘paytiriladi hamda Afg‘onistonga jo‘natiladi.

“Jahon Oziq-ovqat tashkiloti ayni paytda asosiy e’tiborni mamlakatga imkon qadar ko‘proq yegulik yetkazishga qaratgan. Ayniqsa, qish kelib, qor tushganidan keyin tog‘lar va aholi punktlariga bog‘laydigan yo‘llar yopilishi mumkin. Biz hozircha 200 million dollarlik oziq-ovqat mahsulotini yetkazishni ko‘zlayapmiz. Bu mablag‘ni hozir olishimiz kerak va yegulikni xarid qilib, o‘z vaqtida mamlakatga kiritishimiz kerak”, dedi Meri-Ellen MakGrorti, Jahon oziq-ovqat tashkilotining Afg‘oniston bo‘yicha vakili.

Hozirning o‘zida Pokiston va O‘zbekiston hududi orqali Afg‘onistonga gumanitar yordam yuklari yetkazilmoqda.

14 - sentabr kuni Surxondaryo hokimi To‘ra Bobolov va boshqa mulozimlar boshchiligida 1300 tonna yordam Hayraton ko‘prigida Tolibon vakillariga topshirildi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, bu yuklar – un, turli oziq-ovqat mahsulotlari, birlamchi zarur tovarlar, dori-darmonlar, kiyim-kechak va poyabzallardan iborat.

Yordam yuklari shaxsan prezident Shavkat Mirziyoyev nomidan topshirildi. Toliblar ham shaxsan prezident Mirziyoyevga minnatdorchilik bildirdi.

“Butun afg‘on xalqi nomidan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga bugungi sinovli davrda mamlakatga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibori, qo‘llab-quvvatlashi va birdamligi uchun chuqur minnatdorlik bildiramiz. Afg‘oniston xalqiga ko‘mak ko‘rsatish chaqiruviga O‘zbekiston rahbari birinchilardan bo‘lib e’tibor qaratgani, uning siyosatini ko‘p millatli Afg‘oniston xalqi chinakam insonparvarlik, birodarlik va yaxshi qo‘shnichilikning namoyon bo‘lishi sifatida baholaymiz”, dedi Tolibon voizi Zabihulloh Mujohid.

"Янги Ўзбекистон" ва "Янги Толибон": Афғонистонда нима гап – 2
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:21:32 0:00

Afg‘oniston o‘zbeklarining asosiy qismi istiqomat qiladigan shimoliy mintaqalarga oziq-ovqat va boshqa birlamchi iste’mol tovarlari, asosan 4 yo‘l orqali kirib boradi:

  • Afg‘onistonning Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng uzun chegara chizig‘i Tojikiston bilan - 1327 kilometr. Bu chegarada Panj daryosi uzra 8 ta ko‘prik qurilgan. Yuklarning asosiy qismi Tojikistonning Quyi Panj va Afg‘onistoning Sherxon-Bandar chegara punkti o‘rtasidagi ko‘prikdan o‘tadi. Tojikistondan Afg‘onistonga, asosan avtomobil yo‘li orqali Xitoydan boradigan yuklar o‘tkazilardi. Bu yuklarning asosiy qismi oziq-ovqat, birlamchi iste’mol va qurilish mollaridan iborat. Hozir ikki davlat o‘rtasidagi chegara-o‘tkazish punktlarining barchasi yopiq.
  • Ikkinchi yirik logistika tarmog‘i - chegara uzunligi 137 kilometr bo‘lgan O‘zbekistonning Termiz va Afg‘onistonning Hayraton shahri o‘rtasidagi “Do‘stlik” ko‘prigi orqali o‘tadi. Ham yuk mashinalari, ham temir yo‘llar orqali. Bu ko‘prikdan asosan Qozog‘iston va O‘zbekistondan boradigan oziq-ovqat mahsulotlari o‘tadi. So‘nggi rasmiy ma’lumotga ko‘ra, chegara punkti logistika va xususan, afg‘onistonlik biznes vakillari uchun ochiq. Ayni paytda O‘zbekistondan Afg‘onistonga oziq-ovqat mahsulotlari temir yo‘l orqali jo‘natilmoqda. Bundan tashqari, ayni yo‘ldan Pokistonga tranzit orqali ketayotgan yuklar ham cheklangan miqdorda o‘tkazilayotgani ma’lum.
  • Yana ikki yirik chegara-o‘tkazish punkti chegara uzunligi 804 kilometr bo‘lgan Turkmanistonning Afg‘oniston bilan chegarasida - “Imomnazar-Oqina” va “Serxetabad-Tug‘undi” postlari. Bu postlar orqali avtomobil va temir yo‘l qatnovi bor. Bu yo‘llar orqali ham, asosan Xitoydan keladigan oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar Afg‘onistonga olib o‘tiladi. Ayni paytda chegara postlarining ochiq yoki yopiqligi haqida rasmiy xabar yo‘q. Norasmiy manbalar, bu postlar Afg‘onistonda jang harakatlari avj olgan kezlarda ham yopilmaganini aytadi.

Afg‘onistondagi nodavlat Savdo palatasi sobiq raisi, ayni paytda boshqaruv kengashi a’zosi Azarexsh Hofiziyga ko‘ra, Markaziy Osiyodan Afg‘onistonga tijoriy yuklar o‘tadigan chegara o‘tkazish punktlari Toliblarning qonli ishg‘oli avj olgan kezlarda ham yopilmagan.

Afg‘oniston bilan Markaziy Osiyo mintaqasini bog‘lab turgan eng katta chegara o‘tkazish punkti, bu-O‘zbekistonning Termiz va Afg‘onistonning Mozori Sharif shahri o‘rtasidagi Hayraton punktidir.

“Afg‘onistonning shimoli va Markaziy Osiyo mamlakatlaridan oziq-ovqat keladigan yo‘llarning 5 tasi hozirda ishlab turibdi. Bular-Hayraton, Sherxon Bandar, Oqina, Ishkashim, Oyxonim postlari. Afsuski, bu o‘tkazish punktlarining hammasi to‘la quvvat bilan ishlamayotir. Ayni paytda mamlakatning janubi va sharqida ham 4 yirik chegara o‘tkazish pukti bor, Turkmaniston, Pokiston, Eron bilan. Bu punktlar ham to‘la quvvat bilan ishlamayotir. Shu bois mamlakatda oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlar tanqisligi kuchaygan”, deydi Afg‘oniston Savdo palatasi a’zosi/

Ayni paytda Afg‘onistonning g‘arbiy qismiga ham Pokiston orqali yordam yuklari yetkazilmoqda.

BMT Qochinlar bo‘yicha agentligining ma’lum qilishicha, so‘nggi uch hafta ichida ikki marta gumanitar yuklar karvoni Nangarhor viloyatiga yetkazilgan. Yevropa Ittifoqi ham Afg‘onistonga 100 million yevrolik yordam yetkazish rejasini ochiqladi.

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayenga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi afg‘on xalqi - ayollar va bolalar, jurnalistlar, huquq himoyachilariga atalgan yordamni yetkazishda davom etadi.

“Biz mamlakat ichidagi va qo‘shni davlatlardagi afg‘onistonliklarga yordam berishda davom etishimiz kerak. Biz bu hududda yuz berish xavfi aniq bo‘lib turgan ochlik va gumanitar falokatning oldini olish uchun qo‘limizdan kelgan hamma imkonlarni ishga solishimiz kerak. Biz zimmamizga tushganini qilamiz - Afg‘onistonga mo‘ljallangan gumanitar yordamni 100 million yevroga oshiramiz. Bu bizning Afg‘onistonga mo‘ljallangan keng ko‘lamli yordam dasturimizning bir qismi bo‘ladi”, dedi Yevrokomissiya rahbari.

Shu tariqa dunyo davlatlari yana toliblar boshqaruvi ostida qolgan afg‘on xalqiga yordam qo‘lini cho‘zmoqda.

Tolibon hukumatining o‘zi esa, xalqaro hamjamiyatga bergan va’dalarini bajarishi lozim. Ayni paytda avvalgi hukumatning xorijdagi mablag‘lari muzlatilgan, xalqaro donorlarning Kobuldagi sobiq afg‘on hukumatiga berib kelgan yordamlari ham to‘xtatilgan.

Afg‘onistondagi inqirozdan oldin ham mintaqada oziq-ovqat ta’minoti bilan bog‘liq xavotirlar mavjud edi. Markaziy Osiyo davlatlari, xususan O‘zbekiston ham bu yil qurg‘oqchilikdan qattiq zarar ko‘rdi. Bug‘doy, chorva va boshqa zarur mahsulotlar zahirasida etishmovchilik bor.

Kelayotgan qish mintaqa uchun og‘ir kechishi kutilmoqda. Ammo hokimiyat toliblar qo‘liga o‘tgan Afg‘oniston uchun bu qish falokatli bo‘lishi mumkin.
Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatda 3 yarim milliondan ortiq odam uyini tashlab, boshqa mintaqalarga qochgan. Bularning aksari ayollar va bolalardir.

Qurg‘oqchilik, notinchlik va gumanitar yordamning kesilishi, mamlakat janubidagi ayrim hududlarda hozirning o‘zidayoq ocharchilik boshlanishiga sabab bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG