Линклар

Шошилинч хабар
06 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:28

Afg‘onistondagi voqealar Markaziy Osiyo davlatlari uchun boshog‘riq bo‘lmoqda


O‘zbek harbiylari Afg‘oniston bilan chegaradagi Hayraton ko‘prigiga kirishdagi chegara nazorat nuqtasida- 15- avgust, 2021
O‘zbek harbiylari Afg‘oniston bilan chegaradagi Hayraton ko‘prigiga kirishdagi chegara nazorat nuqtasida- 15- avgust, 2021

So‘nggi haftalarda Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston hukumatlarini xavotirga solgan o‘zgarishlar amalda sodir bo‘la boshladi.

Afg‘oniston hukumati Tolibon qo‘liga o‘tdi. Markaziy Osiyo hukumatlarida bunday vaziyatga hozirlik ko‘rishga bir necha yil fursat bo‘lganiga qaramay, Afg‘onistondagi hodisalar Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlarini shoshirib qo‘ydi.

Tojikiston Afg‘oniston shimolida vaziyat yomonlashsa, qochqinlarni qabul qilishga iyun oyining boshlarida hozirlik ko‘ra boshlagandi. Oradan ko‘p o‘tmay, qochqinlar chindan chegarani kesib o‘ta boshladi.

Iyun oyi oxirida Afg‘onistondan Tojikistonga askarlar yoki harbiy xizmatchilardan iborat 150 nafar odam o‘tdi.

6 - iyulga qadar yana yuzlab odam o‘tdi. Afg‘oniston hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, ularning soni 2300 yaqin edi. Ularning barchasi Kobulga qaytarib yuborildi.

Мирзиёев ҳукумати ва Толибон мулоқоти. Ўзбекистон эртаси таҳликадами?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:18 0:00

O‘zbekiston iyun oyi oxirida o‘xshash vaziyatga duch keldi: o‘nlab afg‘on askari va harbiysi chegarani kesib o‘tishga urindi, lekin ortga qaytarib yuborildi.

Iyul oyi boshlarida mingga yaqin afg‘onistonlik tinch aholi vakili sharqiy Tojikiston chegarasini kesib o‘tdi.

Ammo 14 - avgustga kelib, Afg‘oniston shimolidagi eng yirik shahar – Mozori Sharif Tolibon qo‘liga o‘tgach, afg‘onistonliklar uchoq va vertolyotlarda qo‘shni mamlakatlarga qocha boshladi. Aftidan, bu holat Tojikiston va O‘zbekiston rasmiylarini shoshirib qo‘ydi.

Ziddiyatli xabarlar

Markaziy Osiyoga umumiy hisobda nechta uchoq uchib o‘tgani noma’lum bo‘lib qolmoqda. Ularning soni haqida turli xabarlar tarqaldi.

15 - avgust kuni 158 nafar harbiy va tinch aholi vakili Amudaryoni kesib, O‘zbekistonga o‘tgani xabar qilindi.

16 - avgust kuni esa Bosh prokuratura Afg‘onistonning 22 ta harbiy uchog‘i hamda 24 ta harbiy vertolyoti 14–15 - avgust kunlari O‘zbekiston chegarasidan noqonuniy o‘tgani va ular O‘zbekiston harbiylari tomonidan majburiy ravishda Termiz xalqaro aeroportiga qo‘ndirilganini bildirdi.

Bu bayonot keyinchalik olib tashlandi. Bosh prokuratura buni bayonotda noto‘g‘ri ma’lumot berilgani bilan izohladi.

18 - avgust kuni harbiy va xavfsizlik razvedkasiga ixtisoslashgan “Janes” tashkiloti sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlar 16 - avgust kuni Afg‘oniston harbiy-havo kuchlarining «21 ta kichik qanotli uchog‘i» va «26 ga yaqin vertolyoti» Termiz aeroportida ekanini ko‘rsatganini ma’lum qildi.

15 - avgust kuni O‘zbekistonning Surxondaryo viloyatida qulagani aytilgan afg‘on harbiy uchog‘i haqida bir-biriga zid xabarlar tarqatildi.

“Gazeta.uz” nashri ikki afg‘on harbiy xizmatchisi shifoxonaga olib ketilganini xabar qildi.

Keyinroq uchoq Afg‘oniston chegarasidan noqonuniy uchib o‘tgani uchun O‘zbekiston havo mudofaasi tomonidan urib tushirilgani xabar qilindi.

16 - avgust kuni Afg‘onistonning uchta harbiy uchog‘i 15 - avgustda O‘zbekiston havo maydoniga kirgani va O‘zbekistonning Xonobod harbiy bazasiga qo‘nishga ruxsat so‘ragani haqida xabar tarqadi.

Lekin o‘zbekistonlik havo harakatini boshqaruvchilar afg‘on uchoqlarini Termizga yo‘naltirilgani va ularni kuzatib borish uchun ikkita o‘zbek «Mig-29» uchog‘i havoga ko‘tarilgani aytildi.

Xabarlarga ko‘ra, afg‘on uchoqlaridan biri o‘zbek uchog‘i bilan to‘qnashib, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida qulagan. Aytilishicha, ikkala uchoq uchuvchisi ham irg‘ib chiqib, omon qolgan.

14 - avgust kuni O‘zbekiston hukumati 84 afg‘on askariga davolanish va vaqtinchalik boshpana uchun O‘zbekistonga o‘tishiga ruxsat berilganini ma’lum qildi. Ayni damda, ikki mamlakatni bog‘lab turuvchi «Do‘stlik» ko‘prigida yuzlab odam to‘plangani xabar qilindi.

O‘sha kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi afg‘onlarni ortga qaytarish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini bildirdi.

Bosh prokuratura ularga O‘zbekiston chegarasini noqonuniy kesib o‘tish ayblovi qo‘yilishini bildirdi. Bu askarlarning ko‘pchiligi Tolibon nazorati ostidagi Afg‘onistondan o‘zbek qamoqxonasini afzal ko‘radi.

Afg‘onistonning “Tolo” telekanali 15–16 - avgust kunlari Afg‘onistondan Tojikistonga va O‘zbekistonning Termiz shahriga 45 ta reys amalga oshirilganini xabar qildi.

Ozodlik radiosining tojik xizmati 16 - avgust kuni Favqulodda vaziyatlar davlat qo‘mitasidagi manbalariga tayangan holda bortida 143 nafar odam bo‘lgan uchta uchoq va ikkita vertolyot Tojikiston janubidagi Qo‘rg‘ontepa shahriga qo‘nganini xabar qildi.

“Asia-Plus” mustaqil axborot agentligi xabariga ko‘ra, Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi «Biz SOS signalini oldik, shundan so‘ng mamlakatning xalqaro majburiyatlariga muvofiq, afg‘on harbiylariga Qo‘rg‘ontepa aeroportiga qo‘nishga ruxsat berish to‘g‘risida qaror qabul qilindi», deya bayonot bergan.

Tashqi ishlar vazirligi faqat ikkita uchoq kelgani va ikkalasi ham yo‘lovchilarini tashlab, Afg‘onistonga qaytganini bildirgan.

Xabarlarga ko‘ra, afg‘on askarlari mahalliy universitet yotoqxonasiga joylashtirilgan.

“Asia-Plus” Afg‘onistonning Tojikistondagi elchixonasidagi manbaga tayanib, 18 afg‘on uchog‘i – ikkita yo‘lovchi va 16 ta harbiy uchoq Tojikistonga qo‘nganini xabar qildi.

Afg‘onistonning Turkmaniston bilan chegarasidagi vaziyat haqida esa ma’lumot oz.

Turkmaniston davlat matbuoti, kutilganidek, yaqinda Afg‘onistonda sodir bo‘lgan muhim voqealar haqida sukut saqlamoqda.

Ammo Ozodlik radiosining turkman xizmati mamlakat hukumati hech kimni – harbiy bo‘ladimi, tinch aholi vakili bo‘ladimi – Turkmanistonga kiritmayotganini xabar qildi.

Rasman Markaziy Osiyoni tark etgan taniqli afg‘onlar

15 - avgust kuni Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani mamlakatni tark etganidan keyin, u Tojikistonga yo‘l olgani haqida xabar tarqaldi.

G‘ani Kobulni tark etganida Tojikiston tomon uchgani xabar qilingan bo‘lsa ham, Tojikiston rasmiylari uning Tojikistonga qo‘nganini rad etdi.

G‘anining Tojikistonga uchish bo‘yicha kelishuvi bor bo‘lgani, lekin so‘nggi daqiqada «noma’lum sabablarga ko‘ra» Tojikiston uni qabul qilishdan bosh tortgani haqida ham xabar bor.

18 - avgust kuni Birlashgan Arab Amirliklari rasmiylari G‘ani va uning oilasi Dubayda ekanini ma’lum qilishdi. G‘ani u yerga qachon borgani noma’lum.

14 - avgust kuni Afg‘onistonning sobiq vitse-prezidenti, kelib chiqishi o‘zbek bo‘lgan afg‘on marshali Abdulrashid Do‘stum hamda Balx viloyatining sobiq hokimi Ota Muhammad Nur ko‘plab harbiy bilan Mozori Sharifdan qochib ketgani va O‘zbekistonga o‘tishga harakat qilgani xabar qilindi.

Do‘stum va Nur hali ham O‘zbekistonda ekani haqida xabar tarqaldi, lekin O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Do‘stum, Nur yoki G‘ani mamlakatda ekanini rad etdi.

Bu yog‘iga nima bo‘ladi?

Tojikiston hozirda o‘z hududida bo‘lgan afg‘onlarni vataniga qaytarish niyatida ekanini izhor qilgani yo‘q.

Aftidan, O‘zbekiston rasmiylari toliblar bilan munosabatlarga putur etkazmaslik uchun qochqinlarni rad etmoqda.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi 17 - avgust kuni Tolibon bilan yaqin aloqada ekani va «O‘zbekiston davlat chegarasini buzishga bo‘lgan har qanday urinishlar milliy qonunchilikka muvofiq keskin bartaraf etilishi» haqida bayonot tarqatdi.

Turkman rasmiylari, yuqorida aytib o‘tilganidek, Afg‘onistondagi vaziyatni ochiqchasiga izohlamay keladi.

XS
SM
MD
LG