Линклар

Шошилинч хабар
05 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:30

Afg‘onlar Tolibon shaxsiy telefonlarni tekshirayotganidan shikoyat qilmoqda


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Afg‘onlarning aytishicha, Tolibon jangarilari odamlarni ko‘chalarda to‘xtatib, ularning smartfonlarini tekshirmoqda. Mahalliy fuqaroning Ozodlikka aytishicha, smartfonida musiqa yoki video topib olinganlar jangarilar tomonidan kaltaklangan yoki ta’qib qilingan. Ko‘p hollarda Tolibon jangarilari smartfonlarni musodara qilmoqda yoki ulardagi ma’lumotlarni o‘chirib tashlamoqda.

Yosir do‘konini qulflab, Kobuldagi uyi tomon ketayotganda, toliblar uni to‘xtatib, smartfonini ko‘rsatishni talab qilishgan.

“Ular mening telefonimni ko‘zdan kechirib, sport bilan shug‘ullanayotganim, zalda mashq qilayotganim va do‘stlarim bilan dam olayotganim aks etgan suratlarni ko‘rishdi. Keyin meni kaltaklashdi”, deydi Tolibon jazosidan qo‘rqib, asl ismini aytmagan Yosir Ozodlik radiosi bilan suhbatda.

"Telefonimda musiqa borligi uchun menga tarsaki tushirib, keyin tepishdi. Men nima jinoyat qildim, deb hayron bo‘lishdan boshqa hech nima qila olmadim", deya qo‘shimcha qilgan u.

Jabrlangan faqat Yosirgina emas. Butun mamlakat bo‘ylab ko‘plab afg‘onlar Tolibon jangarilari o‘z smartfonlaridagi shaxsiy fotosuratlar va videolarni tekshirayotgani, hatto kontaktlar va ijtimoiy tarmoq akkauntlariga ham kirayotganidan shikoyat qilmoqda.

“Smartfonda Tolibon axloqsiz deb hisoblaydigan musiqa yoki videolarni olib yurish ko‘pincha ta’qib va zo‘ravonlikka olib keladi”, deydi bir afg‘on. Aksar hollarda Tolibon jangarilari smartfonlarni musodara qilgan, sindirgan yoki undagi ma’lumotlarni o‘chirib tashlagan.

Tolibonning bu amaliyoti 38 millionga yaqin aholisi bo‘lgan, diniy va konservativ mamlakat Afg‘onistonda norozilik uyg‘otdi. Afg‘onlarning aksar qismi o‘z shaxsiy ma’lumotlarini begonalar ko‘rishini haqorat deb hisoblaydi.

Yasminning aytishicha, endi u ko‘chada mobil telefonini olib yurmoqchi emas. Tolibon jangarilari yaqinda uning amakivachchasining smartfonida musiqani topib olib, uni do‘stlari va o‘tkinchilar ko‘z o‘ngida kaltaklashgan.

"Bunday muomala orqali xalq qadr-qimmati toptalayotgani bilan ularning ishi yo‘q. Ular shunchaki ekstremistik dunyoqarashini singdirmoqchi", deydi xavfsizlik nuqtai nazaridan haqiqiy ismini oshkor qilmagan Yasmin.

Jangari islomiy guruh bo‘lgan Tolibon Islom shariati qonunlarining fundamental talqiniga amal qiladi.

Tolibon 1996–2001 - yillardagi shafqatsiz tuzumi davrida musiqa, mustaqil matbuot va ko‘plab sport turlarini taqiqlagan. Shuningdek, ayollarning ishlashi va qizlarning maktabga borishini man qilgan, erkaklarni namoz o‘qishga va soqol o‘stirishga majburlagan.

Tolibon avgust oyida hokimiyatni qayta qo‘lga kiritganidan so‘ng, o‘zining sobiq hukmronligi davridagi ko‘plab repressiv qonunlari va o‘tmishdagi siyosatini yana joriy qildi.

Kobulda istiqomat qiluvchi huquqshunos Subhan Misbaning aytishicha, Tolibon smartfonlarni tekshirish orqali aslida o‘zi Islom qonunlarini buzmoqda.

U yana shuningdek “Islom shariati hech kimning shaxsiy hayotiga ruxsatsiz aralashishga izn bermaydi. Bunga faqat kimdir jinoyat sodir etganlikda gumon qilinsa yoki ayblansagina ruxsat beriladi. Bu faoliyat bilan shug‘ullanayotganlar tekshirilishi kerak"ligini ham ta‘kidlagan.

Tolibon o‘z jangarilari aholining smartfonlarini tintuv qilayotganini rad etdi.

“Hech kimning mobil telefonini tintuv qilishga ruxsat berilmagan. Biz bunday holatlar haqida eshitmadik", dedi Tolibon so‘zchisi Ahmadulloh Vosiq Ozodlik radiosiga.

Ammo guruh safidagi "nomaqbul" shaxslarni yo‘q qilish uchun tuzilgan Tolibon komissiyasi rahbari muftiy Lutfulla Hakimiy bu raddiyaga qo‘shilmagan.

Hakimiy 23 - noyabr kuni Qandahor janubidagi chiqishi chog‘ida "Nega odamlarning cho‘ntagini titib, telefonlarini ko‘zdan kechirib, shaxsiy hayotiga tajovuz qilyapsiz?" deya savol bilan murojaat qilgan.

Afg‘onlarning aytishicha, Tolibonning bu amaliyoti yangilik emas. 20 yillik isyon davomida Tolibon jangarilari avtomagistrallardagi vaqtinchalik nazorat-o‘tkazish punktlarida odamlarni muntazam to‘xtatib, ularning smartfonlarini tekshirib turishgan.

Tolibon matbuot kotibi Zabihullo Mujohid 2020 - yil oktabr oyida Ozodlik radiosiga yuborgan audiomurojaatida jangarilar o‘zlari shubhali deb hisoblagan odamlarning telefonlarini tintuv qilganini tasdiqlagan.

“Biz hech kimning telefonini suratlari yoki ma’lumotlarini ko‘rish uchun tekshirmaymiz”, dedi Mujohid. "Faqat ishonch hosil qilish uchun gumon qilingan shaxslarning telefonlari tekshiriladi. Biz ularning kontaktlari va boshqa ma’lumotlarini ko‘zdan kechirish orqali hibsga olish va so‘roq qilish uchun olib ketish masalasini hal qilamiz", deb qo‘shimcha qilgan u.

Tolibon hokimiyatni qayta qo‘lga kiritgach, ba’zi afg‘onlar jazolanishdan qo‘rqib allaqachon o‘zlarining profillarini tozalab, smartfonlaridagi xabarlar, musiqa va rasmlarni o‘chirib tashlashgan.

XS
SM
MD
LG