Dushanbeda yangi tug‘ilgan chaqaloqqa Ahmad Shoh Ma’sud va uning o‘g‘li sharafiga Ma’sud ismi berildi.
“Panjshir arsloni” laqabi bilan mashhur Ahmad Shoh Ma’sud bir paytlar sovet qo‘shinlariga, keyinchalik toliblarga qarshi urush olib borgan. U 2001 - yil 9 - sentabr kuni “Al Qoida” uyushtirgan suiqasd natijasida o‘lgan edi.
Jajji Ma’sud Afg‘onistonda, jumladan, Panjshir darasida yuz berayotgan voqealarni butun Tojikiston hayajon bilan kuzatib turgan kunlarda dunyoga keldi. Panjshirda afsonaviy marhum Ahmad Shoh Ma’sudning o‘g‘li Ahmad Ma’sud mamlakatni bosib olgan toliblarga qarshilik ko‘rsatish harakatiga boshchilik qilmoqda.
“Ma’sudning g‘alabasini niyat qilib”
Mavzuna Haydarova farzandini 7 - sentabr kuni poytaxtdagi “Istiqlol” tibbiyot markazida dunyoga keltirdi.
“O‘g‘lim Afg‘oniston voqealari va Ahmad Ma’sud barchaning tilidan tushmay qolgan kunlarda tavallud topdi. Ilohim Ahmad Ma’sud tarafdorlarining qo‘li baland kelsinu Afg‘onistonda nihoyat tinchlik va xotirjamlik qaror topsin, degan niyatda farzandimizga Ma’sud deb ism qo‘ydik”, deydi Mavzuna Haydarova Ozodlik radiosi bilan suhbatda.
Otasi o‘lganida Ahmad Ma’sud 12 yoshli bola edi. “Panjshir arsloni”ning umriga “Al Qoida” hudkushi zavol bo‘lgan edi: u dala qo‘mondoni huzuriga jurnalist qiyofasida va ichiga portlovchi modda yashirilgan videokamera bilan kelgan.
Kenja Ahmad Ma’sud otasining izidan bormoqda: avvalroq u otasi “islom fashistlari” deb atagan toliblarga qarshi so‘nggi nafasigacha jang qilishini aytgan edi.
Tolibon radikal harakati jangarilari 15 - avgust kuni Kobulga kirib, butun Afg‘oniston hududi (Panjshirdan tashqari) ular nazoratiga o‘tganini e’lon qilishdi. Bir haftadan so‘ng, 22 - avgust kuni toliblar kenja Ahmad Ma’suddan to‘rt soat ichida Panjshir viloyatini topshirishni talab qilib, aks holda qarshilik harakati a’zolari jazolanishini aytishdi.
Qarshilik harakati rahbari ultimatumni rad etib, mintaqani toliblarga taslim etishdan bosh tortdi. Shundan so‘ng Panjshir darasida qaqshatqich janglar boshlanib ketdi. 6 - sentabr kuni Tolibon viloyatni o‘z qo‘li ostiga olganini e’lon qildi. Milliy qarshilik fronti esa bunga javoban butun Panjshir viloyatidagi strategik nuqtalarni egallab turganini va toliblarga qarshi urushni davom ettirishini bildirdi.
“Ma’sud – yoshlarning ideali”
So‘nggi kunlarda ommabop ijtimoiy tarmoqlarning tojik segmenti panjshirliklarni va qarshilik harakati rahbari Ahmad Ma’sudni qo‘llab-quvvatlashga chaqirilgan shiorlarga to‘lib ketdi.
Ahmad Ma’sud shijoatli va dovyurak yigit bo‘lsa-da, dunyo uni avvalo, o‘tgan asrning 80-yillarida sobiq SSSR qo‘shinlariga qarshi turgan kuchlarning yetakchilaridan biri bo‘lgan otasi Ahmad Shoh Ma’sud tufayli taniydi.
Marhum qo‘mondonni Tojikiston rahbariyati hamon hurmat qiladi. 2 - sentabr kuni Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Afg‘oniston milliy qahramoni Ahmad Shoh Ma’sud bilan Afg‘onistonning sobiq prezidenti, marhum Burhoniddin Rabboniyni I darajali Ismoil Somoniy ordeni bilan taqdirladi.
Prezident farmonida yozilishicha, qo‘shni mamlakatning taniqli siyosiy arboblari “1993-1996 - yillarda tojiklar o‘rtasida kechgan muzokaralarda ko‘maklashgani va vositachilik qilgani hamda Tojikistonda tinchlik o‘rnatilishiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun” davlat mukofotlariga sazovor bo‘lishgan.
Tojik adibi, “Ma’sudi sipohsolor” (“Lashkarboshi Ma’sud”) romani muallifi Sayid Rahmon aytishicha, Ahmad Shoh Ma’sud Tojikistonda fuqarolik urushi yillarida ayniqsa dovrug‘ qozongan. O‘sha paytlar u Burhoniddin Rabboniy hukumatida mudofaa vaziri lavozimida ishlardi.
Ahmad Shoh Ma’sud urushdan qochib Afg‘oniston shimoliga ko‘chib borgan tojikistonliklarga katta yordam ko‘rsatgan. Qolaversa, uning va Burhoniddin Rabboniyning sa’y-harakatlari tufayli Tojikiston hukumati va Birlashgan tojik muxolifati muzokara stoliga o‘tirgan.
“Ko‘p insonlar umr bo‘yi o‘zlariga ideal qidirib yashaydilar. Fuqarolar urushi yillari Tojikistonda ko‘pchilik o‘z idealini topdi – u Ahmad Shoh Ma’sud edi. Nafaqat tojiklar, balki ko‘plab ajnabiylar ham Ma’sud bilan bir marta suhbatlashgandan so‘ng unga maftun bo‘lishardi. Mujohidlarga asir tushgan bir rus askari Ma’sudning jasurligi va insoniy fazilatlaridan chunon hayratga tushganki, pirovardida uning xizmatiga kirib, shaxsiy qo‘riqchisiga aylangan”, hikoya qiladi yozuvchi.
Ma’sudni Tojikiston bilan qanday rishtalar bog‘laydi?
Afg‘oniston Tolibon nazorati ostida bo‘lgan 90-yillar oxirida Ahmad Shoh Ma’sud oilasi Tojikistonda yashab turgan. Darvoqe, kenja Ma’sud 5 - sinfgacha Dushanbedagi forsiy maktabda o‘qigan. O‘sha yillar Tojikistondan Afg‘oniston shimoliga muntazam ravishda oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar yetkazib turilardi.
2001 - yil 9 - sentabrda “Al Qoida” uyushtirgan suiqasdda og‘ir jarohat olgan Ahmad Shoh Ma’sudni Tohar viloyatidagi Xoja Bahovuddin qishlog‘idan darhol Tojikistonga jo‘natishgan edi, biroq dala qo‘mondoni ko‘p qon yo‘qotgani tufayli yo‘lda vafot etgan.
2001 - yilda Ahmad Shoh Ma’sudga Afg‘onistonning Milliy qahramoni unvoni berilgan.
Afg‘onistonda to‘ng‘ich Ma’sudning muxlislari ko‘p, ammo dushmanlari ham topiladi – ular qo‘mondonni, xususan, Kobulga hujum qilganlikda ayblashadi. Tarafdorlari esa aynan Ma’sudning sharofati bilan 1980-yillarda Panjshir viloyati Afg‘onistonga bostirib kirgan SSSR qo‘shinlariga qarshilik markazlaridan biri bo‘lganini urg‘ulaydilar.
Aytgancha, “Panjshir arsloni” laqabini unga sovet harbiylari qo‘yishgan – Ahmad Shoh Ma’sud sovet qo‘shinlarining viloyatga hujumini to‘qqiz marta qaytargani uchun.
1989 - yili sovet qo‘shinlari Afg‘onistonni tark edi, tez orada SSSR otli qudratli davlat ham barham topdi.
Sovetlardan so‘ng Ahmad Shoh Ma’sud toliblarga qarshi urushdi. 90-yillarda aynan uning “kasriga” Tolibon Afg‘onistonni to‘liq ishg‘ol eta olmay qoldi – Panjshir toliblarga ham bo‘ysunmadi.
“Hurmatga sazovor dushman”
Sovet qo‘shinlari cheklangan kontingenti safida Afg‘onistonda harbiy xizmatni o‘tagan Sayidkarim Shokirov sovet askarlari “dushmanlar boshlig‘i” bo‘lganiga qaramay Ahmad Shoh Ma’sud nomini hurmat bilan tilga olishganini aytadi. Buning sababi avvalo, Ma’sudning asirga tushgan sovet jangchilariga insoniy muomala qilganidadir.
“Ma’sud umum qabul qilingan urush qoidalariga qattiq rioya qilardi. Ma’sudning qo‘lida tutqunlikda bo‘lgan sovet askarlari uning oqko‘ngilligi, muruvvatpeshaligi haqida to‘lqinlanib hikoya qilishardi. Shu tariqa biz Ma’sudni, “dushman” deb bilshishimizga qaramay g‘oyibona hurmat qila boshladik”, deydi Sayidkarim Shokirov.
Ahmad Shoh Ma’sud 1 - sentabrda 68 yoshga to‘lgan bo‘lur edi. Buyuk qo‘mondon Panjshirdagi Jangalak nomli tojik qishlog‘ida tug‘ilib, voyaga yetgan. Uning yurti hozirda Tolibonga qarshi kurash ramziga aylangan, bu kurashga esa o‘g‘li – kenja Ahmad Ma’sud boshchilik qilmoqda.