Линклар

Шошилинч хабар
27 декабр 2024, Тошкент вақти: 03:13

Alisher Qodirov Rossiya bilan viza joriy etishni taklif qildi


“Milliy tiklanish” partiyasi lideri Alisher Qodirov
“Milliy tiklanish” partiyasi lideri Alisher Qodirov

“Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov rossiyalik siyosatchilarning Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston bilan viza tartibini joriy etish borasidagi takliflarini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

Yaqin kelajakda kutilayotgan beqarorlik, relokantlarni jiddiy ortishi ehtimollari fonida nafaqat biz, butun Markaziy Osiyo mintaqasini Rossiya bilan viza orqali kirish-chiqish qilish, ish izlab borayotganlarga talablar va nazoratni kuchaytirish haqidagi rus siyosatchilarining tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak”, deb yozdi u Telegramdagi rasmiy sahifasida.

Qodirovga ko‘ra, O‘zbekistonda yashaydigan barcha fuqarolar o‘zbek tili, madaniyati va mahalliy qadriyatlarni bilishi va hurmat qilishi shart bo‘lgani kabi xorijga ish izlab borayotgan vatandoshlar ham mahalliy til, madaniyat, qonunlar va qiladigan ishini yaxshi bilishi zarur.

“Milliy tiklanish” partiyasi raisi ta’biricha, viza tartibining joriy etilishi bilan hukumat “haqini himoya qila olmaydigan, mahalliy ayirmakashlar tomonidan kamsitilishga rozi bo‘layotgan, eng yomoni, ixtiyoriy-majburiy, mas’uliyatsizlarcha hayotini sotib yuborib O‘zbekiston uchun jiddiy ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy yuk yaratayotgan ayrim fuqarolarga ham yordam bergan bo‘ladi”.

Alisher Qodirovning viza rejimiga doir taklifi Rossiyada mehnat muhojirlariga nisbatan qator cheklovlar joriy etilayotgan pallada yangramoqda.

Avvalroq Rossiya liberal-demokratik partiyasi rahbari Leonid Slutskiy mehnat muhojirlarning ish va yashash tarzini tartibga soluvchi Muhojirlar kodeksini ishlab chiqish tashabbusi bilan chiqqandi.

Bir muddat oldin Rossiya Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodin migrantlarning farzandlarini maktabga qabul qilishdan oldin ulardan rus tili bo‘yicha test olishni taklif qilgan. Tahlilchilar ushbu qoida yangi korrupsiya sxemalarini yaratadi va rossiyaliklar bilan migrantlar o‘rtasidagi jarlikni yanada kengaytiradi, deb hisoblashadi.

“Milliy tiklanish” partiyasi lideri joriy yil sentyabr oyida O‘zbekistonda sovet mafkurasi, davri va ramzlarini targ‘ib qilishni qonunchilik bilan taqiqlash tashabbusini ilgari surgandi.

Ekspertlar gohida bahsli takliflarni ilgari suradigan, gohida jamoatchilik ovozi o‘laroq maydon chiqadigan Alisher Qodirovni “O‘zbekistonning sokin siyosiy maydonida g‘ayriodatiy shaxs” deb baholashgan.

XS
SM
MD
LG