Линклар

Шошилинч хабар
09 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:29

Amnesty International FIFAni futbol bo‘yicha jahon chempionati o‘tkaziladigan Qatarga bosim o‘tkazishga chaqirdi


Qatarda ishlayotgan mehnat muhojirlaridan biri.
Qatarda ishlayotgan mehnat muhojirlaridan biri.

Amnesty International jahon futbol tashkiloti – FIFAni 2022 - yilda futbol bo‘yicha jahon chempionati o‘tkaziladigan Qatarga mehnat muhojirlarining huquqlarini ta’minlash yuzasidan bosim o‘tkazishga chaqirdi.

“Qatar so‘nggi yillarda qator ijobiy islohotlarni amalga oshirdi. Jumladan, jahon chempionatini o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilingani ortidan bu boradagi shartnomalarning bajarilishini nazorat qilish kuchaytirildi. Shunga qaramay, bu nazorat yetarli darajada amalga oshirilmayapti va minglab mehnat muhojirlari ekspluatatsiya va o‘zboshimchaliklarning jabrdiydalariga aylanmoqda”,- deyiladi Amnesty International xalqaro tashkiloti 22 - mart kuni e’lon qilgan bayonotda.

FIFA prezidenti Janni Infantinoga yo‘llangan to‘rt sahifali murojaatda Amnesty International futbol tashkilotini “turnir Qatardagi barcha mehnat muhojirlarida ijobiy taasurot qoldirishi uchun tezkor va konkret choralarni ko‘rishga” chaqirgan.

Xalqaro tashkilotning bildirishicha, FIFA jahon chempionati tashkilotchisi sifatida turnirni o‘tkazishga tayyorgarlik va turnir o‘tkazilayotgan paytda inson huquqlariga amal qilinishini ta’minlashga mas’uldir.

Qatar futbol bo‘yicha jahon chempionataiga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida Osiyo va Afrika davlatlaridan kelgan 2 milliondan ortiq mehnat muhojirlariga qaramdir. Ular Qatardagi ishchi kuchining 95 foizini tashkil qiladi.

Mehnat muhojirlari jahon chempionati infrastrukturasini yaratishda, jumladan, stadionlarni, yo‘llarni qurish va jamoat transportini boshqarishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Jahon chempionati o‘tkazilayotgan paytda ham mehnat muhojirlari xizmat ko‘rsatuvchi asosiy kuch bo‘ladi. So‘nggi yillarda energiya zaxiralariga boy bo‘lgan Qatar mehnat qonunchligi masalasida qator ijobiy islohotlarni o‘tkazdi. Bunga xalqaro huquq tashkilotlari mehnat muhojirlari belgilanganidan ortiq ekspluatatsiya qilinayotganiga jiddiy e’tibor qarata boshlagani sabab bo‘lgan.

Bundan avval Britaniyaning The Guardian nashri 2010 - yilda Qatarga 2022 - yildagi jahon chempionatini o‘tkazish huquqi berilganidan so‘ng tayyorgarlik ko‘rish ishlari jarayonida Hindiston, Pokiston, Nepal, Bangladesh va Shri-Lankadan kelgan 6500 muhojir halok bo‘lganiga oid ma’lumotni e’lon qilgandi.

XS
SM
MD
LG