Линклар

Шошилинч хабар
24 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:54

Andijon hokimi bo‘stonlik yoshlarga bergan 16 ga yer qaytarib olindi


Viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovning yoshlarga yer ajratib berish marosimi. 2020-yil.
Viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovning yoshlarga yer ajratib berish marosimi. 2020-yil.

Andijon viloyat, Bo‘ston tumanilik 8 nafar yoshga Ulug‘nor tumanidan dehqonchilik va bog‘dorchilik uchun 2020-yili tantanali ravishda ajratilgan jami 16 gektar yer ulardan tortib olinib, namanganlik boshqa bir tadbirkorga soya ekish uchun berib yuborildi.

Bu haqda Ozodlikka shikoyat qilgan yoshlarning aytishlaricha, o‘tgan ikki yil davomida ularga yerga egalik qilish xususidagi hujjat ham berilmagan.

Yoshlar bu yerga o‘z yonlaridan o‘nlab million so‘m sarflagan, ko‘chat ekkan, qator oralarida bug‘doy yetishtirgan. Ammo ular sarflagan mablag‘iga kuyib qolgan.

Ulug‘nor tuman hokimining qishloq xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, yoshlarga ajratilgan yer uchun qaror chiqarilmagani sababli, davlat zaxirasida bo‘lgan bu yerlar soya ekish uchun ajratilganini aytdi.

2020-yilning iyunida Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovning shaxsiy tashabbusi bilan 100 nafar yosh tadbirkorga bog‘dorchilik, sabzavotchilik uchun yer ajratib berilgan edi.

Yer topshirish jarayoni Ulug‘nor tumanida o‘tkazilgan, o‘sha kunning o‘zida yoshlar yer hujjatlari uchun 270 ming so‘mdan naqd pul ham to‘lagandi.

O‘shanda Bo‘ston tumanidan bo‘lgan 8 nafar yosh yigitga Ulug‘nor tumanining Beshqarsak degan hududidan ikki gektardan sug‘oriladigan yer ajratilib berilgan edi.

Ismi sir qolishini so‘rgan yoshlardan birining Ozodlikka aytishicha, o‘sha yili ular yerni shudgorlab, begona o‘tlardan tozalab, kuzda bodom, yong‘oq, olma, uzum va boshqa ko‘chatlar ekishgan.

“Bahorda biz qurib qolgan ko‘chatlar o‘rniga qayta ko‘chat ekdik. Ajiriqni yo‘qotish uchun ko‘chat qatori orasiga bug‘doy ekdik. Suv tanqis bo‘ldi. Skvajinalar qazilgan edi, lekin ikki yil mobaynida ishga tushmadi. Tok tortilib kelganicha qolib ketdi. O‘zimiz nasos bilan zakandan suv tortmoqchi bo‘lgan edik, elektrosetdan kelib jarima solib, uzib ketishdi. Lekin shunday bo‘lsa ham amallab turgan edik. Bu yil yana suvni kutib turgan edik, Namangan viloyatidan kelgan tadbirkorga berib yuborishibdi. Shaxsan men bu yerga 20 million so‘mcha xarajat qilgan edim, endi kuyib qolyapmiz”.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa bir yoshning aytishicha, o‘tgan ikki yil davomida ularga yerga egalik qilish haqida hujjat ham qilib berilmagan:

“O‘sha kungi viloyat hokimi bilan uchrashuvda bizga qop-qop va’dalar berilgan edi. Hokim bu yerlar kelgusida bog‘dorchilik rivojlangan turistik joylarga aylanishini ta’kidlagan, biz yoshlar uning gaplaridan ruhlangan edik. O‘zimizning yonimizdan mablag‘ sarflab, yeng shimarib ishga kirishdik. Ammo 2020-yilda ham, 2021-yilda ham bizga hujjat qilib berishmadi. Ya’ni qaror chiqmadi. O‘tgan yildan boshlab esa yerlarni hokim qarori bilan berish bekor qilindi. Auksionga ham qo‘yishmadi. O‘zlaricha, soya ekish kerak deb, boshqa tadbirkorga qaror chiqarib berib yuborishdi. Biz yoshlar yana yersiz va ishsiz qolib ketdik. Biz kimga ishonishni ham bilmay qoldik. Juda katta va’dalar berilgani uchun qo‘rqmasdan pul sarflab mehnat qildik. Amal kimning qo‘lida bo‘lsa xohlaganini qilaveradimi?”.

Ulug‘nor tuman hokimining qishloq xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Nu’monjon Qirg‘izov Ozodlik bilan suhbatda yoshlarga berilgan yer davlat zaxirasiga qaytarib olinganini tasdiqlar ekan, bunga yerlar yoshlarga biriktirilgani haqida qaror chiqarilmaganini sabab qilib keltirdi:

“Yoshlarga qaror chiqmagan ekan, endi u yerlar agrofirmaga o‘tkazib berildi va soya ekilyapti. Hozir soya siyosati juda qattiq bo‘lyapti. O‘zlari eksa ham bo‘lovradi, kim eksa ham shartnomani qilib davlatga soya rejasini topshirishi kerak. Ular endi o‘zlariga ekib yurib, davlatga topshirmay o‘rganib qolishgan. Ular yerning u yeridan, bu yeridan cho‘qib foydalanib ketadigan odamlar. Endi hamma joyda soyaga plan qo‘yayapti, oborotdan chiqmanglar deyapti, prokurorning zami o‘zi bizda vakil. Har kuni ekkan yerning nazoratini olyapti. Endi u yoshlarga qaror chiqarilmagan ekan-da”.

Qaror nega chiqarilmgan, degan savolga hokim o‘rinbosari "Bundan xabarim yo‘q", degan javob bilan cheklandi.

2018-yilning fevralida hukumatning “Respublikada soya yetishtirish hajmlarini yanada ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilingan edi.

Bu qarorga asosan ortiqcha yer bo‘lmagani sababli g‘o‘za qator oralariga soya ekishga majburlov fermerlarning noroziligiga sabab bo‘lgan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 27-yanvar kuni yoshlar masalasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyevga joylarda har 10 gektar ekin yeridan 1 gektarini yoshlarga dehqonchilik uchun ajratish to‘g‘risida buyruq bergan edi.

“Har bir fermer 2 gektardan yerini yarim gektardan qilib, 4 nafar yoshlarga bo‘lib bersin. Ular bu yerga istagan ekinini eksin, hech kim aralashmaydi”, — degan edi prezident.

Shuningdek, quduqlar qazib, zaxira yerlarni yoshlarga foydalanish uchun berish, tomorqada limonchilik, parrandachilik, quyonchilik, asalarichilik qilishlari uchun kreditlar ajratish yuzasidan ko‘rsatmalar bergan edi.

Andijon viloyati hokimligidan bu masalaga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG