Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:44

Andijondagi klaster fermerlarning paxtasiga davlat belgilagan narxdan kam haq to‘ladi


O‘zbekistonda paxtani qayta ishlashga mo‘ljallangan klasterlar fermerlar oldidagi majburiyatlarini bajarmayotganligi ko‘p kuzatilmoqda
O‘zbekistonda paxtani qayta ishlashga mo‘ljallangan klasterlar fermerlar oldidagi majburiyatlarini bajarmayotganligi ko‘p kuzatilmoqda

Andijon viloyat, Bo‘ston tumani fermerlari “Sayyora favvorasi” MChJ klaster korxonasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi belgilagan narxdan past narxda haq to‘ladi.

Fermerlarning aytishlaricha, klaster qabul qilib olgan birinchi nav, ikkinchi sinf paxtaga ikkinchi nav, birinchi sinf sifatida haq to‘lagan.

Fermerlar klasterning bu “o‘yin”idan o‘nlab million so‘m zarar ko‘rayotganini iddao qilyapti.

Klaster korxona ish boshqaruvchisi Ozodlikning bu boradagi savollarini yozib olib, javob bermadi.

Bo‘ston tumani fermerlari Ozodlikka “Sayyora favvorasi” MChJ klaster korxonasining bu harakatidan darg‘azab bo‘lganliklarini aytishdi.

“Kenjayeva Mahbuba” fermer xo‘jaligi rahbari Mahbuba Kenjayevaning Ozodlikka aytishicha, klaster bilan hisob-kitob qilganda uning birinchi navga topshirgan paxtasiga ikkinchi nav puli to‘langanini bilgan:

“Klaster biz bilan paxta pulini 15 - noyabrda raschet qildi. Kilosiga 4820 so‘mdan to‘lashi shart bo‘lgan paxtamga 4520 so‘mdan to‘labdi. Oradagi 300 so‘m pul yo‘q. Agar yuz tonna paxta topshirgan bo‘lsam, men 30 million so‘m zarar ko‘ryapman. Nega bunday qilasizlar deb so‘rasam, tayinli javob yo‘q. Fermerlar arzini esa hech kim tinglamayapti”.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi belgilagan paxta xarid narxi
Qishloq xo‘jaligi vazirligi belgilagan paxta xarid narxi

Ismi sir qolishini so‘ragan bo‘stonlik boshqa fermerning aytishicha, klaster Qishloq xo‘jaligi vazirligi va viloyat hokimining paxta xarid narxlari haqidagi ko‘rsatmalarini ochiq inkor qilmoqda:

“Ochig‘i, men klasterni yomon ko‘raman. Chunki, mustaqil emas, hokimlik aytganini qiladi. Klaster aslida mustaqil bo‘lishi, hokimlikdan uzoq bo‘lishi kerak. Lekin bizda klaster bilan hokim o‘zaro kelishib ish qiladi. Bo‘lmasa, paxta shartnomasini bajar deb, hokim kun bermaydi. Bunday qilib kam haq to‘laganda esa jim turadi. Bilmadim, balki biror tili qisiq joyi bordir. Shuning uchun ham klaster birinchi sortga topshirgan paxtani ikkinchi sort qilib pul berdi. Bo‘lmasa O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 - yil 24 - oktabrdagi 537-sonlik xatida aniq tiniq qilib bir kilo 1-nav, 2-sinf paxtaga 4821 so‘m deb narx belgilab qo‘yilgan. Viloyat hokimining qarorida ham bu haqda aytib o‘tilgan. Ammo klaster bularning birortasini ham inobatga olmaydi, fermer bilan tuzilgan shartnomani mensimaydi”.

Ozodlik suhbatlashgan yana ikki nafar fermer ham, topshirilgan paxtasiga kam haq olganini aytdi.

Ozodlik “Sayyora favvorasi” MChJ klaster korxonasi direktori Akmal Rahmonovning mobil telefoniga kun davomida qo‘ng‘iroq qilib, tusholmadi.

Korxona ish yurituvchisi Salohiddin Rohatov Ozodlik bilan suhbatda fermerlarninng iddaolarini birma-bir yozib olgach, buni ikki soat orasida Akmal Rahmonovga yetkazishni va javob berishini aytdi.

Bir soatdan so‘ng Ozodlikka qo‘ng‘iroq qilgan Salohiddin Rohatov, boshlig‘ining bu xabarga munosabati haqidagi savolga javob bermay, uning telefon raqamini kimdan olingani haqida so‘radi.

Paxta va g‘allachilik bilan shug‘ullanadigan fermerlarni klaster korxonalariga birlashtirish 2017 - yilda boshlangan edi.

Ozodlik o‘tgan uch yil davomida klasterlar va fermerlar o‘rtasida yuzaga kelgan muammolar haqida bir necha surishtiruv va maqolalar e’lon qildi.

Bundan avval ham Ozodlik suhbatlashgan fermerlar, klasterlar paxtani aslidagidan ancha past sortlarda qabul qilib, kam haq to‘layotgani, turli bahonalar bilan fermerlar haqini “ham bo‘yidan, ham enidan urib qolayotganliklari"ni aytmoqda.

Paxta xarid narxining o‘tgan yilga nisbatan bor-yo‘g‘i o‘rtacha 5-6 foizga oshirilgani, ayni paytda mineral o‘g‘it narxlari 50-60, yonilg‘i esa 20-30 foizga oshgani sabab, bu yil, ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, paxtakor fermerlarning 70-80 foizi qarz bilan chiqmoqda.

XS
SM
MD
LG