Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:37

AOKA mojarosi: Xorij elchilari o‘zbek matbuoti himoyasiga chiqdi - Allamjonov va Mirziyoyeva jim


O‘zbekistonda sovuq tushishi bilan boshlangan ijtimoiy inqiroz nafaqat energetika tizimi, balki mamlakatdagi so‘z va matbuot erkinligi uchun ham jiddiy sinovga aylanmoqda.

25-26 - noyabr kunlari jamoatchilik O‘zbekistondagi yetakchi internet nashrlarining Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan ochiq ziddiyatiga guvoh bo‘ldi.

Avvaliga Kun.uz¸so‘ngra Gazeta¸ Daryo va Podrobno. uz nashrlari AOKA rahbari Asadjon Xodjayev yuborgan “Ogohlantirish xati” nushasini chop etibgina qolmay¸ unga o‘z tahririy munosabatini ham e’lon qildi.

Kun.uz tahririyati bu xatni “jurnalistik faoliyat erkinligiga bosim o‘tkazish” deb baholagan bo‘lsa¸ Gazeta.uz uning mundarijasini matbuotni «noqulay» savollar berishni to‘xtatishga majbur qilish, deya izohladi.

Xodjayevdan ayni mazmunda ogohlantirish olgan Daryo.uz bosh muharriri Muhrim A’zamxo‘jayev bu xatni bosim emas¸ balki “ haddan ortiq o‘rinsiz va mantiqsiz ogohlantirish” deb bilishini yozdi.

AOKA rahbari xatini e’lon qilib¸ unga o‘ziga xos “qizil kartochka” ko‘rsatgan bu nashrlar¸ ayni paytda¸ prezident ma’muriyati va hukumatga yoqmaydigan xabar va mulohazalarni bergani uchun rasmiy tahdid olgan hamkasblarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Xorij elchilari “hayrat va qayg‘uda”

Havo sovushi bilan O‘zbekistonda yuz bergan energetik kollaps va COVID epidemiyasiga oid asl statistikaning jamoatchilikdan yashirilayotgani shu kunlarda aholini xavotirga solayotgan asosiy muammolar bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekistondagi yetakchi nashrlarning dolzarb muammolarni yoritgani uchun Prezident Administratsiyasidan tahdid xati olgani yuzasidan Buyuk Britaniya va Germaniyaning O‘zbekistondagi elchilari ham o‘z xavotirini bildirdi.

"AOKAning ommaviy axborot vositalari rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash yondashuvining qanchalik o‘zgarganini ko‘rishdan ham hayrat¸ ham qayg‘udaman. Kuchli va erkin va matbuotsiz demokratik jamiyat qurib bo‘lmaydi"¸ deb yozdi o‘z Twitter kanalida Britaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Tim Torlot 26 - noyabr kuni.

27 - noyabr kuni Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasiga oid Twitter akauntida elchi Gunter Overfeldning AOKA va mahalliy nashrlar o‘rtasidagi ziddiyatga munosabati e’lon qilindi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining kun.uz, gazeta.uz va boshqa OAV larga nisbatan qilgan tanqididan hayron bo‘ldim: agar aholi tomonidan gaz va elektr energiyasini yetkazib berish xizmatlarining yomon ishlayotgani haqida xaqli tanqid bo‘lsa, matbuot ham bu haqda xabar berishga xaqli. Bu davlat agentligi tomonidan OAV larni tanqid qilish uchun sabab emas. Matbuot jamoatchilik muhokamasida o‘z vazifasini bajaradi xolos”¸ deb yozdi Germaniyaning O‘zbekistondagi elchisi.

Komilovning erkin matbuotni qo‘llagan tviti feyk bo‘lib chiqdi

Yetakchi G‘arb davlatlari elchilarining O‘zbekistondagi so‘z erkinligini himoya qiluvchi tvitlari bilan bir vaqtda Twitterdagi @a_h_kamilov akkauntida quyidagi post paydo bo‘ldi.

"Biz ochiq siyosat tarafdorimiz, O‘zbekiston har doim ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish va barcha jurnalistlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor"¸ deyildi bu postda.

Ayrim blogerlar tomonidan olqishlanganidan sanoqli daqiqalar o‘tib¸ Tashqi ishlar vazirligi bu akkaunt va undagi postning na Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va na vazirlikka aloqasi borligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay¸ bu akkaunt Twitterdan butunlay o‘chirildi.

Mahalliy blogerlarga ko‘ra¸ bu akkaunt ko‘pdan mavjud bo‘lgan¸ xorij¸ xususan¸ Hindiston¸ Afg‘oniston¸ hatto AQSh diplomatik idoralari bu akkauntda qo‘yilgan xabarlarni kuzatib kelgan. Shunga qaramay, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi hozirga qadar uning “feykligi”ni ochiqlashga oshiqmagan.

Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmatining Ozodlik gaplashgan mulozimi¸ Twitterdagi bu akkauntning aynan matbuot erkinligini qo‘llash haqidagi postdan so‘ng “feyk”ka chiqarilishini undagi xabarlarning hozirga qadar keng yoyilmagani bilan izohladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda hamma mashhur odamlar nomiga ochilgan sahifalar bor. Abdulaziz Komilov nomida ham bo‘lgan¸ lekin unga deyarli hech kim e’tibor bermayotgan edi. Bugun ana shu soxta akkauntdagi postni tarqatish boshlanib ketgandan so‘ng, biz shunday aniqlama berishga majbur bo‘ldik. Vazirlik rasmiy saytida ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy kanallarimizga havola berilgan. U yerda ko‘rsatilmagan akkauntlarning hammasi feyk”.

Milliy matbuotni qo‘llash uchun grant olayotgan jamoat fondi sukutda

O‘zbek matbuoti va Prezident Administratsiyasiga qarashli AOKA o‘rtasidagi ochiq ziddiyat haqida keyingi uch kun davomida o‘z pozitsiyasini bildirganlar ro‘yxatida hozircha milliy matbuotni himoya qilish iddaosi bilan prezident qizi tandemida tuzilgan fond yo‘q.

AOKAning qayta tashkil etilishida bosh-qosh bo‘lgan Komil Allamjonov va prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva juftligi¸ bu agentlikni bir yilcha boshqarganidan so‘ng¸ Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi deb nomlangan yangi tuzilma ta’sis qildi.

Bu fond ham mahalliy¸ ham xorij jamoatchilikning aynan o‘zbek matbuotidagi erkinlikni rivojlantirish uchun berilgan pullari hisobiga faoliyat yurgizadi.

("Mutlaq shaffoflik” haqidagi va’dalarga qaramay¸ fond hozirgacha jamoatchilikka moliyaviy hisobot taqdim qilgan emas – tahr.)

Komil Allamjonov joriy yilning 3 - fevral kuni yangi jamoat fondini O‘zbekistondagi barcha jurnalist va blogerlar ovozi, deb taqdim qilgan va o‘z vazifasi ularni davlat tizimlarining har-xil bosimlaridan himoyalash ekanini iddao qilgan edi.

2019 - yil yozida Londonda o‘tkazilgan matbuot erkinligi bo‘yicha global konferensiyada O‘zbekiston rahbariyati namoyandasi sifatida gapirganida ham Allamjonov o‘zini bu erkinlik kafolati sifatida taqdim etgan.

Ayni paytda mahalliy nashrlar avvallari ko‘rilmagan bir tarzda milliy matbuot erkinligiga tahdiddan bong urayotgan paytda AOKA rahbarining tahdidli xatiga nisbatan Komil Allamjonov bor-yo‘g‘i¸ “Exx...No comment” degan post qoldirdi va unga og‘zi tikilgan emoji suratini ilova qildi.

Hozir ham prezidentning to‘ng‘ich qizi bilan tandemda ishlayotgan Allamjonovning bevosita o‘z vakolatiga kiradigan muammo yuzasidan bunday sirli post qoldirishi sababi tushunarsiz qolmoqda.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondining yana bir rahbari¸ odatda tarmoqlarda qizg‘in bahs uyg‘otgan mavzularga munosabat bildirib keladigan Saida Mirziyoyeva ham oxirgi uch kunda so‘z erkinligi himoyasiga biron so‘z aytmadi.

Mirziyoyevaning Facebook va Twitterdagi sahifalarida qoldirilgan eng so‘nggi xabar 24 - noyabr kuni AQSh mulozimi bilan o‘tkazilgan videosuhbatga oid.

AOKA o‘zini himoya qilib chiqdi

27 - noyabr kuni AOKA bayonot e’lon qilib, mustaqil nashrlarga yo‘llagan Ogohlantirish xatlarini himoya qilib chiqdi. Ayni bayonotda tahririyatga yo‘llangan xatlardagi asosiy nuqtalar yana bir marta urg‘ulangan.

"Agentlik O‘zbekiston Respublikasining axborot sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat organi hisoblanadi. Shu bois aniqlangan qonun talablariga rioya etmaslik holatlari yuzasidan ogohlantirish, ko‘rsatma va taqdimnomalar berish vakolatiga ega.

Xususan, 20-23 - noyabr kunlari ommaviy axborot vositasi sifatida davlat ro‘yxatiga olingan “Kun.uz”, “Daryo.uz”, “Gazeta.uz”, “Podrobno.uz”, “Repost.uz” veb-saytlariga amaldagi qonunchilik talablariga mos kelmaydigan axborotlarni tarqatish holatlari bo‘yicha ogohlantirish xatlari yuborilgani shular jumlasidandir.

Masalan, “Kun.uz” saytida ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim foydalanuvchilarining turli sharhlari, haqoratli fikrlari va chaqiriqlari jamoatchilik fikri sifatida taqdim etilgan.

Shuningdek, 17 - noyabr kuni “Gazeta.uz”, “Daryo.uz”, “Podrobno.uz”, “Repost.uz” veb-saytlarida joylashtirilgan materiallarda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar statistikasi shubha ostiga olingan va ushbu masala yuzasidan rasmiy izohlar taqdim etilmagan.

Agentlik jurnalistikaning asosiy maqsadi — jamiyatga har tomonlama tekshirilgan, barcha nuqtai nazarlar mujassamlashgan, xolis axborotni mas’uliyat bilan yetkazishdan iborat ekaniga ishonadi", deyiladi rasmiy bayonotda.

Ayni paytda AOKA "mamlakatda so‘z va matbuot erkinligini kafolatlashi"ni ta’kidlaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 - yil 2 - fevral kungi qarori bilan ta’sis etilgan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi “axborot sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiquvchi va amalga oshiruvchi hamda ommaviy axborot vositalari, matbuot, noshirlik-matbaa va axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vakolatli organ” deb belgilangan.

Bunga qadar Vazirlar Mahkamasi tarkibiga kirgan tuzilma 2019 - yil fevralidan e’tiboran to‘g‘ridan-to‘g‘ri Prezident Administratsiyasiga bo‘ysundirilgan edi.

Matbuot Mirziyoyev davrida O‘zbekiston nisbatan ochiqlikka erishgan kam sonli sohalardan biri sifatida e’tirof etiladi. G‘arblik diplomatlar bu sohadagi ochiqlikni saqlab qolish va kengaytirish muhimligini ta’kidlab keladilar.

Ammo AOKA hamda mustaqil nashrlar o‘rtasida yuz berayotgan so‘nggi ziddiyat matbuotga aloqador tuzilmalarning qanchalik ochiqligi, jurnalistlarning naqadar erkinligi hamda matbuotning qanday boshqarilayotgani bilan bog‘liq qator savollarni o‘rtaga chiqarmoqda.

XS
SM
MD
LG