Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:21

AP: AQSh Afg‘onistonga qo‘shni mamlakatlarni xavfsizlik masalasida hamkorlikka undamoqda


Joriy haftada amerikalik diplomatlar Markaziy Osiyo rahbarlari bilan uchrashadi. Bu haqda “The Associated Press” (AP) agentligi xabar bermoqda.

AQSh Afg‘onistondan o‘z harbiylarini olib chiqib ketganidan keyin, mamlakatda tashqaridan kelgan jangari guruhlar jonlanishi mumkin. Vashington bunday holatda munosib javob qaytarish uchun Afg‘onistonga yaqin joylashgan hamkor mamlakatni izlamoqda.

Ammo AQShning yuqori lavozimli diplomatlari mintaqaga yo‘l olar ekan, ular Afg‘oniston qo‘shnilari AQSh bilan xavfsizlik masalasida hamkorlik qilishga shubha bilan qarayotganiga guvoh bo‘lmoqdalar.

Bu 2001 - yilgi vaziyatdan keskin farq qiladi. O‘shanda “Al-Qoida” AQShda 11 - sentabrda amalga oshirgan terror hujumlari ortidan Markaziy Osiyo mamlakatlari Vashingtonga o‘z hududlarida baza ochishga hamda askar va harbiy texnika joylashtirishga izn bergan edi.

Sobiq AQSh diplomatlari so‘zlariga ko‘ra, AQSh Afg‘onistonda faqat qisman muvaffaqiyatga erishgani hamda mintaqada va global miqyosda yillar davomida o‘zgaruvchan siyosat olib borgani uchun Markaziy Osiyo Vashingtonni ishonchli uzoq muddatli hamkor hisoblamaydi.

Markaziy Osiyoni o‘z ta’sir doirasi hisoblovchi Rossiya esa joriy haftada AQSh mintaqada doimiy harbiy baza ochishiga “yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi” haqida jar soldi.

Ayni paytda, 2001 - yildagiga qaraganda xalqaro miqyosda ko‘proq tajriba orttirgan Tolibon rahbariyati bu yil yozda mintaqaviy poytaxtlarga va Moskvaga safar qilib, Kobuldagi hukumat bilan mojaro natijasi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, mintaqaviy xavfsizlik, tinchlik va savdo-sotiqni himoya qilishga va’da qildi.

“Shuni aytmoqchimanki, shaxsan men Markaziy Osiyoda Amerika bazasi ahamiyatini ko‘rib turibman, ammo Markaziy Osiyo davlatlari ham ayni fikrda ekaniga amin emasman”, dedi AQShning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Jon Xyorbst.

Xyorbst 2001 - yilda Markaziy Osiyo hududiga AQSh harbiylarini kiritish bo‘yicha muzokaralarda qatnashgan.

“Biz Afg‘onistondagi muvaffaqiyatsizliklarimiz tufayli zarba yedik”, dedi Xyorbst.

AQSh Afg‘onistonda “Al-Qoida” guruhini zararsizlantirishga muvaffaq bo‘ldi, ammo fundamentalist Tolibonga qarshi kurashda va Kobuldagi hukumatni mustahkamlashda muvaffaqiyatsizlikka yo‘liqdi.

“Bu hammasini uzil-kesil hal qiladigan zarbami? Ehtimol, unday emas. Ammo bu juda kuchli omil”, deya so‘zini davom ettirdi sobiq diplomat.

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining Markaziy Osiyodagi sobiq rasmiysi, hozirda Pittsburg universitetida mintaqa bo‘yicha tadqiqotchi Jennifer Murtazashvili:

“Afg‘onistonga qo‘shni bo‘lgan Markaziy Osiyodagi sobiq sovet respublikalari yillar davomida AQShning chet elda demokratiyani barpo etishga qaratilgan chaqiriqlariga guvoh bo‘ldilar. So‘ngra prezident Barak Obama bir oz bu chaqiriqlarni kamaytirdi, uning ortidan prezident Donald Tramp deyarli butunlay to‘xtatganini ko‘rdilar”, dedi.

“Menimcha, bu AQShni qandaydir maqsadsiz qilib ko‘rsatdi”, deydi Murtazashvili.

“AQSh uzoq vaqt davomida Markaziy Osiyo uchun kuchli strategiyasini ishlab chiqmadi yoki faol ishtirok etmadi”.

Ammo Bayden ma’muriyati uchun Markaziy Osiyo bilan aloqalar hozirda xavfsizlik masalasiga aylangan, Oq uy fundamentalist Tolibon xorijiy islomiy ekstremistlarga Afg‘onistondan AQShga yoki boshqa mamlakatlarga qarshi hujum hozirlash uchun zamin o‘laroq foydalanishiga yana yo‘l qo‘yishini xohlamaydi.

Chorshanba kuni AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays AQSh Afg‘onistonni tark etganidan keyin, Markaziy Osiyo davlatlari “Qo‘shma Shtatlar bilan hamkorlik darajasi to‘g‘risida suveren qaror qabul qilishlarini” aytdi.

“Bu nafaqat bizning manfaatlarimizga, aslida Afg‘oniston qo‘shnilarining bevosita manfaatlariga juda mos keladi”, dedi kotib.

Bayden ma’muriyati mintaqadan aynan qanday hamkorlikni xohlayotgani, aynan qaysi mamlakatlar bilan muzokara olib borayotgani haqida to‘liq ma’lumot bergani yo‘q.

AQSh Fors ko‘rfazi davlatlaridan turib yoki AQSh aviakompaniyalari yordamida Afg‘onistonga zarba berishi va aksilterror amaliyotlarni amalga oshirishi mumkin. Shunday bo‘lsa-da, Vashington Afg‘onistonga yaqinroq joyda bazaga ega bo‘lishni afzal ko‘radi. Bu Afg‘onistondagi voqealarni kuzatish bo‘yicha razvedka operatsiyalari uchun ham juda muhimdir.

Bunday hamkorlik borasida erishiladigan har qanday kelishuv, ehtimol, sir tutiladi.

Xabarlarga ko‘ra, AQSh afg‘onistonlik tarjimonlar va boshqa amerikalik ishchilarni vaqtincha saqlab turish uchun qo‘shni davlatlarga murojaat qilgan.

Joriy haftada Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi AQSh Markaziy Osiyodagi mamlakatlar bilan faol muzokara olib borayotganini tasdiqladi.

“Biz mintaqadagi davlatlar bilan obyektlar va infratuzilmani ishlatish imkoniyatlari to‘g‘risida suhbatlashmoqdamiz va muzokara olib boryapmiz”, dedi u.

Bayden ma’muriyati joriy oy boshida aynan shu maqsadni ko‘zlab O‘zbekiston va Tojikiston tashqi ishlar vazirlarini Vashingtonga taklif qilgan edi.

Payshanba kuni Baydenning ichki xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Elizabet Shervud-Rendall va AQShning Afg‘onistonning maxsus vakili Zalmay Xalilzod boshqa amerikaliklar bilan bir qatorda O‘zbekiston poytaxtida ochilgan anjumanga otlandi. Anjumanda mintaqadagi deyarli barcha mamlakat tashqi ishlar vazirlari va rahbarlari ishtirok etadi.

Bu mamlakatlarning barchasi AQSh Afg‘onistondan harbiylarini olib chiqib ketganidan keyin mamlakat yana ekstremistlar uchun boshpanaga aylanishidan xavotir olayotgan mamlakatlardir.

Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan O‘zbekiston uchun tashqi bozorlarga tezkor yetib borish umidlari Pokistonning dengiz portlariga Afg‘oniston orqali temir yo‘l qurishga bog‘liqdir.

“Biz uchun bu hayotiy ahamiyatga ega”, dedi O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov.

Afg‘onistonning Kobuldagi hukumati loyihani qo‘llab-quvvatlashni va’da qilgan. Tolibon ham Toshkentga qilgan ikki safari davomida ayni va’dani berdi.

“Bizga loyihaga hujum qilinmasligi yoki zarar yetkazilmasligini va’da qilishdi”, dedi Vahobov.

Vahobov O‘zbekiston qonunchiligi mamlakatga har qanday xorijiy bazani joylashtirishni yoki aksilterror harakatlarini o‘tkazishni taqiqlashini aytdi. Ayni damda, diplomat O‘zbekiston AQShga ijobiy munosabatda ekanini urg‘uladi.

Mintaqa hozirda Tolibon yaxshi qo‘shni bo‘lish va’dasini bajara olish-olmasligini aniqlashni kutmoqda. Sobiq diplomatlarning so‘zlariga ko‘ra, agar jangari guruh yaxshi qo‘shni bo‘la olmasa, Markaziy Osiyoda AQSh bilan xavfsizlik borasida hamkorlik qilishga bo‘lgan ehtiyoj oshadi.

“Mintaqadagi barcha davlatlar Tolibonning niyatlaridan xavotirda. Agar Tolibon yaxshi ish tutsa, ular uchun bu yaxshi yangilik bo‘ladi”, dedi AQShning sobiq elchisi Xyorbst.

“Agar Tolibon yomon ish tutsa, ularga yordam kerak bo‘ladi, bizdan yordam”, deya so‘zini yakunladi u.

XS
SM
MD
LG