Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:23

AQSh davlat departamenti Rossiyani Ozodlik faoliyatini to‘xtatish oqibatlari haqida ogohlantirdi


AQSh Davlat departamenti Rossiyada matbuot erkinligiga bo‘lgan tahdid tobora kuchayib borayotganini bildirdi. Keyingi yillarda Rossiya hukumati Ozodlik va boshqa ommaviy axborot vositalarini “xorijiy agentlar” ro‘yxatiga kiritib, ularni jarimaga tortib kelmoqda.

Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays 29 - aprel kuni bo‘lib o‘tgan press-brifingda so‘zga chiqib, Rossiya hukumatining “tashqi qarashlarga toqatsizligi” oshib borayotganini aytdi.

“Roskomnadzor” Ozodlik radiosining Rossiyadagi loyihalariga nisbatan joriy yilning 12 - yanvaridan 15 - yanvarigacha 390 ta bayonnoma tuzib, ularga jami 80 million rubldan ortiq miqdorda jarima soldi.

Joriy oyda esa Latviyada joylashgan “Meduza” nashri ham “xorijiy agent” deb belgilandi.

“Biz Rossiyaning Ozodlik radiosi va “xorijiy agentlar” deb belgilangan boshqa ommaviy axborot vositalariga qarshi choralari toqatsizlik va zolim cheklovlarni aks ettirishini ochiq-oydin aytib kelamiz”, dedi Prays.

Rossiyaning “xorijiy agent” deb nomlangan qonunchiligi 2012 - yilda qabul qilingan va bir necha bor o‘zgartirilgan. Qonunga binoan, chet eldan yordam oladigan va hukumat nazarida siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanadigan nodavlat tashkilotlar, inson huquqlari guruhlari va ommaviy axborot vositalari “xorijiy agentlar” deb belgilanishi mumkin.

O‘tgan yili Roskomnadzor ro‘yxatdagi ommaviy axborot vositalaridan barcha yozma materiallarni katta hajmdagi yozuv bilan, barcha radio materiallarni audio bayonot bilan va barcha video materiallarni 15 soniyali matnli deklaratsiya bilan belgilashni talab qiluvchi qoidalarni qabul qildi.

Ozodlik radiosi nishonga olinayotgani Rossiya hukumati nashrning Rossiyadagi faoliyatini to‘xtatishga va uning rus tilidagi xizmatlarini va Ozodlik radiosi “Amerika Ovozi” bilan hamkorlikda olib borayotgan “Nastoyashchee Vremya” tarmog‘ini mamlakatdan chiqarib yuborishga urinayotgani haqida xavotirlar keltirib chiqardi.

“Agar Rossiya hukumati Ozodlik radiosini majburan yopish yo‘lida davom etsa, biz javob qaytaramiz”, dedi Prays. Kotib aynan qanday choralar ko‘rilishi mumkinligini ochiqlamadi.

AQSh Kongressi tomonidan moliyalashtiriladigan Ozodlik radiosi “chet el agenti” to‘g‘risidagi qonunni bajarishdan bosh tortmoqda.

So‘nggi yillarda Ozodlik radiosi va Ozodlikning boshqa loyihalari Rossiyada muttasil ommalashmoqda. Ozodlikning mamlakatdagi haftalik auditoriyasi 7 million kishiga etgan. Rus tilidagi “Svoboda radiosi” saytiga 2021 - yilning har oyida 16 milliondan ortiq foydalanuvchi kirishi qayd etilgan.

Aprel oyi o‘rtasida Ozodlik o‘zining Rossiyadagi vakili bo‘lmish “RSYe/RS” MChJ mediatashkilotiga nisbatan tuzilgan ma’muriy bayonnomalar ustidan Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga murojaat qildi.

Ozodlik prezidenti Jeymi Flay ushbu munosabat bilan bergan bayonotida “Rossiya hukumati RSYe/RSni so‘z erkinligi va rostgo‘y jurnalistikadan voz kechishga majburlay olmaydi. Biz Rossiyadagi auditoriyamiz bilan qay tariqa muloqot qilishimizni Roskomnadzor va Kreml hal qilib berishiga yo‘l qo‘ymaymiz”, deyiladi.

So‘nggi haftalarda AQSh davlat kotibi Antoni Blinken rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov bilan Ozodlik masalasini muhokama qildi.

Blinken 28 - aprel kuni jahon matbuoti erkinligiga bag‘ishlangan davra suhbatida:

“Biz oldinga yaxshi yo‘l topish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilyapmiz. Pirovardida, Moskva Moskvaligini qilmoqda. Ammo biz hech bo‘lmaganda qandaydir yordam ko‘rsatib, qo‘llab yuborish uchun harakat qilyapmiz, garchi bizning sa’y-harakatlarimizga Moskva e’tibor bermayotgan bo‘lsa-da”, dedi Blinken.

XS
SM
MD
LG