Линклар

Шошилинч хабар
13 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:59

AQSh prezidenti sayloviga Rossiyaning aralashuviga oid hisobot e’lon qilindi


AQSh milliy razvedkasi direktori ofisi 16 - mart kuni chet davlatlar Qo‘shma Shtatlarda 2020 - yili bo‘lib o‘tgan saylov kampaniyasiga aralashganiga oid xulosalarni yoyinladi. Bu xulosalar demokrat Jo Bayden Donald Tramp ustidan g‘alaba qozongan AQSh prezidenti sayloviga tashqi kuchlar naqadar aralashib, elektoratga ta’sir qilishga uringanligi to‘g‘risida to‘liq tasavvur beradi.

“Kreml manfaatlari uchun harakat qilgan rossiyalik mulozimlar va vositachi bo‘lib xizmat qilgan boshqa arboblar saylovoldi kampaniyasi mobaynida AQSh jamiyatining qarashlariga ta’sir qilishga uringan”, deyiladi 15 sahifali hisobotda.

Xususan, Rossiya manfaatini ko‘zlab harakat qilayotgan vositachilar AQShdagi OAV vakillari bilan aloqaga chiqib, prezident saylovi arafasida ukrainalik rossiyaparast siyosiy arboblarga Bayden tanqid qilingan hujjatli filmni tayyorlashda ko‘mak bergan.

Ayni vositachilar Tramp ma’muriyatidagi ba’zi arboblar bilan aloqada bo‘lib turgan.

AQSh razvedkasi tahlilchilari mamlakat prezidenti sayloviga Xitoy, Eron va boshqa mamlakatlar ham aralashishga uringani, ammo ularning imkoniyatlari Rossiya imkoniyatlari bilan qiyoslab bo‘lmaydigan darajada zaif bo‘lganini qayd etishgan. Kreml ushbu xulosalar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytgan.

Hisobotning eng yorqin tafsilotlari quyidagicha:

Hujjatli film nima haqida edi?

Hisobotda aynan qaysi film haqida gap ketayotganligi aniq aytilmagan. Lekin berilgan tafsilotlardan One America News Network telekanalida 2020 - yilning yanvarida efirga uzatilgan “Ukraina aldovi” nomli film nazarda tutilganini anglash mumkin. Filmni respublikachi Maykl Kaputo olgan. Kaputo ko‘p yillar AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining Rossiyadagi vakolatxonasida ishlagan, keyin o‘z piar shirkatini ochgan. 2000 - yilda uni Rossiyaning Gazprom-Media shirkati AQShda Putinning obro‘sini yaxshilash maqsadida yollagan.

Saylovoldi kampaniyasi arafasida efirga uzatilgan filmda Tramp ma’muriyatining ba’zi muhim arboblariga aloqasi bo‘lgan ukrainalik rossiyaparast siyosiy arboblar Baydenni tanqid qilish orqali Tramp “tegirmoniga suv quygan”.

Filmda ishtirok etgan rossiyaparast vositachilardan biri AQShdagi Ukraina elchixonasining sobiq xodimi Andriy Telijenko bo‘lgan. Andriy Donald Trampning xususiy advokati Rudolf Julianiga yaqin bo‘lib, uning 2019 - yilda Kiyev safariga hamrohlik qilgan. Keyinchalik Andriy AQSh sanksiyasiga uchrab, vizasi bekor qilingan. Uning o‘zi buni AQSh rasmiylari uni yanglish tarzda sanksiyaga tushgan ukrainalik deputat Andriy Derkach bilan bog‘lagani bilan izohlaydi.

“Muhim o‘rin”

Filmda ishtirok etgan Ukraina parlamentining rusparast deputati bo‘lmish Andriy Derkach AQSh razvedkasi va huquq-tartibot organlarining hisobotlarida ilk bor uchramayapti. Avvalroq AQSh moliya vazirligi “o‘n yillar mobaynida Rossiya razvedkasining faol agenti bo‘lgan” Derkachga qarshi moliyaviy sanksiyalar e’lon qilgan edi.

16 - martdagi hisobot ham bu xulosani tasdiqlaydi. Hisobotda Derkach faoliyatini nafaqat Rossiya razvedkasi, balki Putinning o‘zi yo‘naltirib turgan bo‘lishi ham mumkinligi aytilgan. KGB xodimlarining sulolasiga mansub Derkach o‘zi ham KGB xodimi bo‘lgan. U 90-yillarda Ukraina xavfsizlik xizmatini biroz boshqargan. 1998 - yildan beri Derkach Ukraina parlamentining deputati bo‘lib xizmat qilmoqda. Parlamentda u rossiyaparast blokning a’zosi bo‘lgan. Derkach ham Rudolf Juliani bilan bir necha bor uchrashgan, ikkisi ham filmda Baydenni Ukrainadagi korrupsiyaga bog‘lashga uringan.

Andrey Derkach Poroshenko Bayden va sobiq davlat kotibi Jon Kerri bilan Ukraina ichki siyosatiga oid masalalarni muhokama qilayotgani iddao etilgani kabi audioyozuvlarni to‘rt marotaba e’lon qilgandi.

Konstantin Kilimnik

Hisobotda AQSh Xalqaro Respublikachi Institutining Moskvadagi sobiq xodimi Konstantin Kilimnik ham tilga olinadi. Kilimnik Rossiyaning AQSh prezidenti sayloviga aralashuviga oid tergovi bilan bog‘liq ish bo‘yicha sudlangan Pol Manafortga yaqin odam edi. Siyosiy texnolog bo‘lmish Manafort 2016 - yili bir necha oy Trampning saylov shtabiga rahbarlik qilgan, o‘sha payt u Kilimnik bilan maxfiy tarzda uchrashgan va saylovoldi kampaniyasiga oid ma’lumotlarni unga taqdim etgan.

“Asli ukrainalik bo‘lgan qator vositachilar, jumladan Rossiya Federal xavfsizlik xizmatiga aloqador Konstantin Kilimnik saylovoldi kampaniyasi mobaynida AQShning Ukrainaga munosabatiga putur yetkazishga, prezident Bayden va uning nomzodini kamsitishga, sobiq prezident Tramp qayta saylanishiga qulay imkoniyat yaratishga urindilar”, deb xulosa qilinadi hisobotda.

Avvalroq, Senat razvedka qo‘mitasi o‘z hisobotida “Kilimnik Manafort bilan Rossiya razvedkasi o‘rtasida vositachi bo‘lib xizmat qilgan bo‘lishi mumkin, bu vositachilik orqali rus razvedkasi Manafortning maqomidan foydalangan holda Tramp saylovoldi kampaniyasi haqida ma’lumot olishga intilgan” degan xulosaga kelgan edi.

AQSh 2018 - yil Kilimnikni xalqaro qidiruvga bergan. Hozirda Kilimnik Rossiyaning Moskva viloyatida yashayotgani taxmin qilinmoqda.

Saylov infratuzilmasi

Hisobotda “2016 - yilgi saylovdan farqli o‘laroq, 2020 - yilgi prezident saylovida AQSh saylov infratuzilmasiga Rossiyaning tizimli kiber-hujumi aniqlanmagani” aytilgan. Biroq saylov infratuzilmasi o‘rniga Amerika idoralari va kompaniyalariga qarshi 2020 - yilning bahoridan boshlangan keng miqyosli kiberhujumlarga Rossiyaning aloqasi borligi ta’kidlangan.

Chidash mumkin bo‘lgan tahdid

Hisobotga ko‘ra, Rossiya AQSh siyosiy tizimiga aralashuvni o‘ziga ep ko‘rgan va buning natijasida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan tahdidni “chidasa bo‘ladigan” deb hisoblagan. Xususan, Rossiya AQSh siyosiy tizimiga aralashuvni adolatdan, AQShning o‘zi Rossiya va boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashayotganiga munosib javob deb bilgan. Ustiga ustak, ikki tomonlama munosabatlar shunchalik yomonlashgan edi-ki, ular bundan ham battar bo‘lishi mumkin emas deb hisoblangan.

“AQSh-Rossiya munosabatlari o‘ta yomonlashgani sababli Rossiya rasmiylari o‘z hatti-harakatlari natijasida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan tahdidni, Vashington nazdida Rossiyaning nufuziga etadigan puturni “chidasa bo‘ladigan” darajada deb topgan bo‘lsa kerak”, deyiladi hisobotda.

XS
SM
MD
LG