Линклар

Шошилинч хабар
08 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:01

AQSh senatorlari oligarx Alisher Usmonovga qarshi sanksiya joriy qilishga chaqirmoqda


Alisher Usmonov
Alisher Usmonov

AQShning Xelsinki komissiyasi rahbarlari — demokrat senator Ben Kardin, respublikachi senator Rojer Uiker hamda kongressmen Jo Uilson qamoqda saqlanayotgan rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyga dastak berishda yanada faolroq harakat qilishga chaqirib, bayonot e’lon qildi.

Jo Bayden ma’muriyatiga qaratilgan bayonotlarda, Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yaqin yirik tadbirkorlarga qarshi sanksiyalar belgilashga ham da’vat qilingan va ularning aniq ism-shariflari keltirilgan.

Xelsinki komissiyasi yoki Yevropada xavfsizlik va hamkorlik bo‘yicha komissiya AQSh hukumatiga oid tashkilot bo‘lib, uning vazifasi YeXHTga a’zo mamlakatlarda inson huquqlariga rioya qilinishini kuzatishdir.

Komissiya tarkibiga senatorlar, Vakillar palatasi a’zolari va prezident ma’muriyati mulozimlari kiradi.

Komissiya rahbarlari Navalniyning sog‘lig‘i yomonlashgani, uning tashkilotiga qarshi qatag‘onlar tahdidi (bu yerda RF hukumati “xorijiy agent” deb tan olgan va hozirda prokuratura ekstremistik tashkilot deb tasniflashni talab qilayotgan Korrupsiyaga qarshi kurash fondi nazarda tutilmoqda), shuningdek, Rossiyada 21 - aprel kuni o‘tkazilgan namoyishlar ishtirokchilarining qo‘lga olinishi haqidagi xabarlarga e’tibor qaratishgan.

Senator Kardin bayonotida aytilishicha, “Bayden ma’muriyati Vladimir Putin va uning barcha ittifoqchilarini Navalniyning harakatga kechish chorlovini qabul qilgan va Kreml korrupsiyasiga qarshi chiqib, o‘z erkini himoya qilayotganlarni qo‘rqitishga urinayotgani uchun yanada kattaroq tovon to‘lashga majbur qilishda davom etishi kerak”.

Senator Uiker Navalniyga suiqasd haqida eslab, buning uchun javobgarlikni Rossiya maxsus xizmatlariga zimmasiga yuklagan.

“Navalniy yana Rossiya qamog‘ida azob chekayotgan ekan, biz endi Vladimir Putinga eng yaqin kishilar, shu jumladan, Roman Abramovich, Alisher Usmonov, Igor Shuvalov va Nikolay Tokarev singari mashhur oligarxlarga qarshi sanksiyalar joriy etish taklifini ko‘rib chiqishimiz lozim”, degan u.

Zikr qilinganlarning barchasi Navalniyning aksilkorrupsiyaviy surishtiruvlari qahramonlari bo‘lib, ularni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritishni Korrupsiyaga qarshi kurash fondi nomidan, uning rahbarlaridan biri Vladimir Ashurkov taklif qilgandi.

AQSh Navalniyning ta’qib qilinishiga aloqador bir qancha rasmiy shaxslarga qarshi sanksiyalar belgilagan, ammo tadbirkorlarni hali bu “qora ro‘yxat”ga tirkamagandi.

Kongressmen Uilsonga ko‘ra, Kreml o‘z xatti-harakatlari bilan “Rossiya xalqidan nafratlanishini namoyish etmoqda”.

“Bu Vladimir Putinning hokimiyat tepasida qolishga so‘nggi urinishidir, lekin u oxir-oqibat muvaffaqiyatsizlikka uchrayajak”, degan Uilson.

AQSh prezidenti Jo Bayden Navalniyning ta’qib qilinishi siyosiy sabablar bilan bog‘liqligini aytib, bir necha marta Rossiya hukumatini uni ozod qilishga chaqirgandi.

Aleksey Navalniy oldiga o‘zi ishongan shifokorni qo‘yishlarini talab qilib, qamoqxonada uch haftadan ziyod ochlik saqladi.

Juma kuni ma’lum qilinishicha, Federal jazoni ijro etish tizimiga begona vrachlar kelib ko‘rganidan so‘ng u ochlikni to‘xtata boshlagan.

XS
SM
MD
LG