Линклар

Шошилинч хабар
22 феврал 2025, Тошкент вақти: 14:16

“Arizangni qaytarib olsang, xotirjam yashaysan”.O‘zbekistonda jinsiy zo‘ravonlik holatlari nega jiddiy tergov qilinmaydi?


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

So‘nggi besh yilda O‘zbekistonda ayollar, jumladan voyaga yetmagan qizlarning jinsiy zo‘rlanishi holatlari keskin ko‘paydi. Biroq ruhiy jarohatni yengib, zo‘ravonlar (ular orasida kuchishlatar idoralar xodimlari ham bor) bilan kurashishga o‘zida iroda topa olganlar juda kam.

Jinsiy zo‘ravonlikni boshidan kechirgan 14 yoshli Nigora va 46 yoshli Shohista jinoyatchilar jazosiz qolishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun sukut saqlamaslikka qaror qilganlar. Biroq suhbatdoshlarimiz va ularning qarindoshlari O‘zbekistonda bunaqa jinoyatlar qo‘l uchida tergov qilinishini yoki umuman tergov qilinmasligini aytishmoqda.

Sayr qilgani ketdi-yu g‘oyib bo‘ldi. 14 yoshli Nigora voqeasi

2024-yil 23-sentyabr. Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida 8-sinf o‘quvchisi Nigora (axloqiy sabablarga ko‘ra ism o‘zgartirildi – tahr.) shu kuni istirohat bog‘iga ketganicha uyiga qaytmaydi.

Ota-ona farzandlari yo‘qolgani haqida ichki ishlar idorasiga ariza berishadi. Nigorani 13 kun o‘tib, 6-oktyabrda tanasida zo‘ravonlik belgilari bilan topadilar.

Nigora ota-onasi yonida Ozodlik muxbiriga uni bir guruh yigitlar o‘g‘irlab ketishganini so‘zlab berdi. Qiz 13 kun mobaynida ixtiyoriga qarshi tutib turilgan, kaltaklangan, alkogolli ichimlik ichishga majbur qilingan va jinsiy zo‘rlangan.

“Bittasi qo‘limdan ushlab olib, mashinaga sudradi. Buloqboshi tomonda kottejlar bor. O‘sha kottejlardan biriga olib borishdi. Mehmonxonaga qamab qo‘yishdi, keyin galma-gal va to‘dalashib nomusimga tegishdi”, deydi Nigora.

Onasi aytishicha, qizning o‘g‘irlanishi va jinsiy zo‘rlanishida 9 kishi qatnashgan. Ayol bir oy obdon o‘ylaganidan so‘ng, yosh farzandlari bor ota-onalarni ehtiyotkorlikka chaqirish maqsadida bu fojia haqida ma’lum qilishga qaror berganini aytadi.

“Qizim juda bezovta, vahimachi bo‘lib qoldi. Doim kimdir kuzatayotgandek tuyuladi unga. Ko‘chaga chiqolmay qoldi, qorong‘ilikdan qo‘rqadi. Shu paytgacha bizga hech kim yordam bermadi. Mening yana uch qizim bor. Sukut saqlay olmayman, axir boshqa qizlarim ham shunaqa ahvolga tushsalar nima bo‘ladi? Qolaversa, odamlarning ham norasida qizlari bor-ku”, deydi Nigoraning onasi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda jinsiy zo‘ravonlik va shilqimlikdan ko‘proq yosh, voyaga yetmagan qizlar jabr ko‘rishmoqda. Mahalliy matbuot xabarlari buni tasdiqlaydi.

Misol tariqasida nisbatan yangi bir necha holatni keltiramiz:

Surxondaryo viloyatida maktab direktori o‘rinbosari 9-sinfda o‘qiydigan qizni bir yil davomida jinsiy zo‘rlab kelgan.

Toshkentda besh farzandi bor erkak 11 yoshli o‘gay qizining nomusiga tekkan.

Namanganda 68 yoshli pensioner erkak 7 yashar qizaloqqa shilqimlik qilgan.

Toshkentlik erkak 6 yoshli qizchaga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Zo‘ravonlardan biriprokuratura xodimi

14 yoshli Nigoraning yaqinlari noyabr oyida jurnalistlarga hokimiyat idoralarining harakatsizligidan arz qilishdi. Aytishlaricha, gumonlanuvchilar hanuz ozodlikda yuribdi. Jurnalistlar Qo‘shrabot tumani IIB hamda bolalar ombudsmeni bilan bog‘lanishgani va ushbu voqea haqida “Sukut saqlama” loyihasiga xabar qilishganidan so‘ng respublika IIV o‘tgan yilning 31-oktyabrida Samarqand viloyati Ishtixon tumani prokuraturasi Jinoyat kodeksining 119-moddasi 3-qismi (“Zo‘rlik ishlatib, qo‘rqitib yoki jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib, jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish – o‘sha harakat 18 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani to‘g‘risida bayonot berdi. Ish tergov olib borish uchun ichki ishlar organiga yo‘llandi.

Voqea shov-shuv bo‘lgach tergov idorasi 9 nafar gumonlanuvchining shaxsi aniqlanganini bildirdi, ammo ulardan faqat sakkiz nafari ushlandi. Ushlanganlar orasida Qo‘shrabot tumani prokuraturasining sobiq ish yurituvchisi ham bor. IIB xabarnomasiga ko‘ra, “qolgan bir nafar gumonlanuvchini ushlash choralari ko‘rilmoqda”.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov mazkur jinoyatda Qo‘shrabot tumani prokuraturasi ish yurituvchisining qo‘li borligini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 30 oktyabrda u viloyat prokurori buyrug‘i bilan prokuratura organlaridan bo‘shatilgan.

Nigoraning yaqinlari tergov asosiy gumonlanuvchi chet elga, muhtamalan Turkiyaga qochib ketishiga imkon berish uchun atay ishni cho‘zganini aytishmoqda. Shuningdek, ularga ko‘ra, arizasini qaytarib olishi uchun qizga bosim qilingan.

“Mahallamiz uchastkavoyi Shamshod qizimdan arizani qaytarib olishni so‘rapti. “Arizangni qaytarib olsang, xotirjam yashaysan”, degan emish. Hasan ismli jinoyat-qidiruv xodimi bilan ish bo‘yicha birinchi tergov bo‘lgan O‘lmas degan odam ham iltimos qilishgandi. Keyin eshitishimcha, O‘lmas hozir Qo‘shrabot tumani IIBda ishlamayotgan ekan. Uni boshqa hududga o‘tkazishgan emish”, deydi Nigoraning onasi.

Ikki militsiya xodimi zo‘rlagan. 46 yoshli Shohista voqeasi

Samarqandlik 46 yashar Shohista (ism suhbatdoshimiz iltimosiga ko‘ra o‘zgartirildi – tahr.) ham ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan sodir etilgan jinsiy zo‘ravonlik qurbonidir. Ayolning so‘zlariga ko‘ra, u ham shilqimlik, ham jinsiy zo‘ravonlikka duchor bo‘lgan: Shohistaga dastlab taksi haydovchisi shilqimlik qilgan, keyin esa uni ikki militsiya xodimi zo‘rlagan.

Birinchi voqea 2023-yil 30-martga o‘tar kechasi yuz beradi. O‘shanda u taksi mashinasida Samarqanddan Buxoroga ketayotgandi.

“Yo‘lda haydovchi menga tirg‘ala boshladi. Men Buxoro viloyati IIBning “102” raqamini termoqchi bo‘ldim. Shunda haydovchi telefonimni tortib oldi va sindirmoqchi bo‘lib bardachok qopqog‘iga bir necha marta urdi. Qarshilik qilganimda yuzimga qattiq musht tushirdi, burnimdan qon ketdi. So‘ngra Buxoro tumanining ovlov bir joyida to‘xtab, sumkamni tashqariga uloqtirdi, keyin meni ham sudrab mashinadan tushirdi”, deydi suhbatdoshimiz.

Shohista zo‘ravon qo‘lidan zo‘rg‘a qutulgach, darhol shahar IIBga qo‘ng‘iroq qiladi. Chaqiruvga binoan yetib kelgan ikki nafar ichki ishlar xodimi ayolning o‘zini aybdor qilishadi.

“Ulardan biri: “Men organ xodimiman, agar menga ovozingni ko‘tarsang, taksichi bilan bo‘lgan ish takrorlanadi”, deb aytdi. Keyin: “Sen fohishasan, taksichi bekorga osilmagan”, dedi. Shundan so‘ng meni bo‘g‘a boshladi, ichki kiyimimni yirtib tashladi va zo‘rlab hirsini qondirdi. Men ovozimni chiqarmadim, chunki aks holda menga badtar yomon qilardi”, hikoyasida davom etadi Shohista.

Ayol aytishicha, uni jinsiy zo‘rlaganidan so‘ng ikki xodim uyidan pul va taqinchoqlarini olib ketishgan.

“Puling, tillalaring bormi? Bermasang, seni o‘ldiramiz. Jasading to Samarqanddan birov seni yo‘qlab kelgunicha uyingda sasib yotadi”, deb tahdid qilishdi. Bankadan tillalarimni olib, ularga berdim. “Faqat o‘ldirmanglar”, deb yalindim”, deydi suhbatdoshimiz.

O‘shandan beri ikki yil o‘tdi. Shohistaga ko‘ra, shu vaqt ichida u Buxoroda barcha sud instansiyalaridan o‘tgan, ammo zo‘ravonlardan birining DNK namunasi topilganiga qaramay, ish “jinoyat tarkibi yo‘qligi munosabati bilan” ishni yopishgan. Ikkala zo‘ravon ham ozodlikda yuribdi.

“Meni X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazining Xorazm filialiga jo‘natishgandi. DNK tahlili chog‘ida sperma namunasi zo‘ravonlardan Abror ismli biriga tegishli ekani aniqlandi”, deydi Shohista.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga shikoyat qilinganidan so‘ng, 2024-yilning kuzida Shohistaning ishi qayta tergov o‘tkazish uchun Jizzax viloyatiga yuboriladi.

Formalizo‘ravonlarning aksar qurbonlariijtimoiy zaif ayollar va qizlar

So‘nggi rasmiy ma’lumotlar O‘zbekistonda voyaga yetmagan qizlarga qarshi jinoyatlar jinoyatlar soni yil sayin ortayotganini ko‘rsatmoqda. Xususan, 16 yoshga to‘lmagan (voyaga yetmagan) shaxs bilan jinsiy aloqa qilgani uchun sudlanganlar soni 2019-yilda – 99, 2020-yilda – 153, 2021-yilda – 216, 2022-yilda – 238 va 2023-yilda 417 kishini tashkil etgan.

Biroq ekspertlar haqiqiy raqamlar yanada katta, deb hisoblashmoqda. Ularning fikricha, jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayollar va qizlar bu haqda baralla gapirishdan qo‘rqadilar. Eng asosiy sabab – sharmanda bo‘lishdan va jamiyatning nafratiga uchrashdan qo‘rqish hissidir.

“Eng katta muammo shundaki, bizning jamiyat birinchi bo‘lib jabrdiydaning o‘zini jazolaydi. Jinsiy zo‘ravonlikni boshidan kechirgan ayolga: “O‘zing aybdorsan. O‘zing sababchi bo‘lgansan”, deb bosim o‘tkazishadi”, deydi psixolog Muazzam Ibrohimova.

Ekspertlar qayd etishicha, ayollar va voyaga yetmagan qizlarning ichki ishlar xodimlari va mansabdor shaxslar tomonidan jinsiy zo‘rlanishi holatlari ham ko‘paymoqda.

Shunaqa shov-shuvli voqealardan biri 2022-yilda Xorazm viloyatida sodir bo‘lgan edi. “Xorazmlik pedofillar” nomini olgan bu ish ijtimoiy rezonans chiqarishiga voqeaning OAVlarda yoritilishi sabab bo‘ldi. O‘shanda jamoatchilik viloyat adliya boshqarmasining sobiq boshlig‘i Oybek Masharipov hamda favqulodda vaziyatlar boshqarmasi sobiq boshlig‘i Anvar Kuryazov Urganch shahridagi 1-sonli mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bo‘lmish qizlarni qariyb bir yil davomida jinsiy zo‘rlab kelganidan voqif bo‘lgan edi.

2023-yil noyabrda sud Masharipov bilan Kuryazovni uch yilga ozodlikdan mahrum qildi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, sobiq mulozimlar jazoni manzil-koloniyada o‘tashmoqda.

Ismini ochiqlashni istamagan toshkentlik huquq faoliga ko‘ra, aksar hollarda ayollar va voyaga yetmagan qizlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik jinoyatlari quyi bo‘g‘indagi ichki ishlar xodimlari, ya’ni jazoni ijro etish muassasalari xodimlari yoki uchastka inspektorlari tomonidan sodir etiladi.

“Yaqinda Toshkent shahar IIBB tezkor vakili xizmat mavqeidan foydalanib bir ayolni muntazam ravishda zo‘rlaganidan xabar topdik. Ayol shikoyat qilganidan so‘ng kuzatuv kameralari tekshirilib, tezkor vakilning jinsiy zo‘ravonligi fosh bo‘ldi va u lavozimidan bo‘shatildi. Yosh ayollar va voyaga yetmagan qizlarga nisbatan jinsiy tajovuz jinoyati uchastka inspektorlari tomonidan ham sodir etiladi. Ular, asosan, ijtimoiy himoyalanmagan yoki erkagi yo‘q oiladan chiqqan, eri yoki otasi mehnat migratsiyasida bo‘lgan, huquqiy savodsiz ayollar va qizlar bo‘ladi. Bunaqa jinsiy zo‘ravonlik holatlari ko‘pincha qishloq joylarida qayd qilinadi, chunki qishloqlarda uchastka inspektorlari deyarli yagona hokimiyat vakili bo‘lib qolgan”, deydi huquq faoli.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, uchastka inspektorlarida ijtimoiy zaif ayollar va qizlarning ma’lumotlari to‘plangan maxsus ro‘yxatlar bor va xodimlar ularni qamab qo‘yish bilan qo‘rqitib, yovuz maqsadlariga erishmoqda.

“G‘ing desang, qamab qo‘yaman, uyingga qoradori tashlayman yoki terrorizmda ayblayman”, deb qo‘rqitishadi. Jinsiy zo‘ravonlik qurbonlarining aksari savodi past ayol-qizlar bo‘lgani uchun, bu tahdidlar ta’sir qiladi, albatta. Bir tarafdan, ularni ayblash qiyin: O‘zbekistonda huquq idoralari rostdan ham istalgan odam ustidan “giyohvand moddalar saqlash” yoki “terrorchilik tashkilotiga a’zo bo‘lish” moddalari bilan soxta jinoyat ishi ochishi mumkin. Jinsiy tajovuz jinoyatlari surishtiruvi va tergovi bilan ichki ishlar shug‘ullanadi, shu bois zo‘ravonlar ko‘pincha hamkasblari yordamida suvdan quruq chiqishmoqda. Kamdan-kam hollardagina prokuratura aralashuvi bilan jinoyat fosh qilinadi”, deydi toshkentlik huquqbon.

XS
SM
MD
LG