Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:50

“Asakabank” 500dan ortiq xodimning ustama haqini kesib, shartnomani bekor qilmoqchi


"Asakabank" AJning Toshkent shahridagi binosi.
"Asakabank" AJning Toshkent shahridagi binosi.

Ozodlikka “Asakabank”ning Andijon, Farg‘ona, Jizzax filiallaridan murojaat qilgan bank xodimlarining shikoyat qilishicha, 1 - oktabrdan boshlab o‘nlab xodimning ustama ish haqlari “0” qilib belgilangan.

Bank boshqaruvchilari bu xodimlarni joriy yilning to‘rtinchi choragi davomida ularga ustama haq to‘lanmasdan faqat maoshga ishlashi, yangi yildan keyin esa, mehnat shartnomasi bekor qilinishi haqida ogohlantirgan.

Xodimlarning iddaosicha, bank boshqaruvchilari pensiya yoshiga yaqin va o‘zlari yoqtirmagan xodimlarni ana shu ro‘yxatga tirkagan.

“Asakabank” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosari bank xodimlarining ustama ish haqi ommaviy kesilayotganini inkor qildi.

“Asakabank” AJning Farg‘ona filialida ishlaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan xodimning aytishicha, 30 dan ortiq odam ish haqining ustamasi kesilgan:

“Bankda 20 yildan ortiq ishlayotgan bo‘lsam, biror marta ChP bo‘lmagan, oylik rejani ham 200foizdan ortiq bajarib kelyapman. Yoshim kattaroq bo‘lib qolgani uchunmi, meni ham shu ro‘yxatga qo‘shishdi. Maoshim o‘zi 1 million so‘m, ustama bilan 5 million so‘m olayotgan edim. Endi 1 million so‘mga oila boqib bo‘lmasligi tabiiy, yilning oxirida esa, “0” bo‘lganlar bilan yangi mehnat shartnomasi imzolamaymiz, deyishyapti. Shuncha yil kamchiliksiz ishlagan, biror marta gap eshitmagan odamni shunday qilib ko‘chaga chiqarib tashlashmoqchi”.

“Asakabank” AJning Qo‘qon filialida ishlaydigan xodimaning aytishicha, ularning ishxonasidan o‘n kishining ustama haqi kesilgan:

“Bizning oyligimiz 1-1,5 million so‘m atrofida. Qilayotgan ishining natijasiga qarab kimgadir besh, kimgadir olti, yetti baravar ustama qo‘shiladi. Bizdan o‘n kishining ana shu ustamasini kesishdi. O‘ntadan 3 nafari pensiya yoshiga yaqin qolganlari, qolgani yoshlar. Rahbarlarga yoqmay qolgan odamlar bo‘lsak kerak. Agar biz ishlamagan bo‘lsak, ustama qo‘shilmasdi-da shu paytgacha, biz esa kechalari bilan ishlagan kunlarimiz bo‘lgan. Bugun esa, so‘rab o‘tirmasdan, boshqaruvchi tanlagan odamlarnikini kesishdi”.

“Asakabank”ning Andijon filialida ishlaydigan xodimning so‘zlariga ko‘ra, 23 nafar xodimning ustama haqi “0” qilingan:

“Bizga bosh ofisdan odam kelib, hamma bilan suhbat qilgan va suhbatdan o‘tolmadi deb “0” qilgan. Lekin bu ham sabab emas, o‘zi 40 yoshdan tepadigalarni shunday qilishgan ekan. Pensiya yoshiga yaqinlashgan yana to‘rt kishini ham “0”qilgan. Qish kelganda bir yarim million oylikni qanday yetkazamiz desak, yelka qisishadi”.

“Asakabank” AJning vodiy filiallaridan birida ishlaydigan xodimning iddao qilishicha, xodimlarning ustama haqini bermay, ularni ishdan ketishga majbur qilish ko‘rsatmasi respublika boshqaruvidan kelgan:

“Respublika boshqaruvimiz har bitta filial boshqaruvchisidan “qaysi xodiming bilan 2022 - yil uchun shartnoma tuzmoqchi emassan?”, degan ko‘rsatma so‘rayapti. Men o‘zim o‘sha ko‘rsatmani ko‘rganman. “Setka talantov” degan narsa bor, o‘shanga shartnoma tuzmaydigan odamlaringning ro‘yxatini yozib ber, deyilgan. Shu kiritilgandan keyin respublika bo‘yicha 500 xodimga “0” ball qo‘yib berilgan. Bu ro‘yxatda haqiqatan ham ishi yomoni ham, ishi yaxshi bo‘lib, boshqaruvchiga shaxsan yoqmaydigan, uning noqonuniy topshiriqlarini bajarmaydigan odam ham, ya’ni ho‘lu quruq birday kiritilgan. Xodimlarning noroziligi ham shundan bo‘lyapti”.

Ozodlik suhbatlashgan Jizzax filiali xodimlari ham o‘nlab odam ana shu ro‘yxatga tushib, ustama ish haqidan mahrum bo‘lganini tasdiqladi.

Ozodlik bank xodimlarining bu iddaolariga javob olish maqsadida “Asakabank AJ” boshqaruvi raisi o‘rinbosari Bahromxo‘ja Sharipov bilan bog‘landi.

Rais o‘rinbosari bank xodimlari ustama ish haqlarining “0”ga tushirilganini inkor qildi:

“Haqiqatan bugungi kunda bunaqa murojaatlar juda ko‘p. Blogerlar bilib-bilmasdan yozib tashlayotgan narsalarini ko‘rsangiz, qo‘rqib ketasiz. Hech qanaqa bo‘shatish, shartnomani bekor qilish, yoshi, jinsi, irqi - bunaqa masala yo‘q. Ustama ish haqi, oylik ish haqi masalasida esa, men ertaga matbuot xizmati orqali batafsil javob beraman”.

Ozodlik Bahromxo‘ja Sharipov batafsil rasmiy izoh berguniga qadar boshqa viloyatlardagi vaziyatni ham o‘rganmoqda.

O‘zbekistonda xodimlarning turli sabablar bilan ommaviy ishdan bo‘shatilishi yoki mehnat shartnomalarini uzaytirmaslik davlat sektorida ham, xususiy sektorda ham keng tarqalgan holat. Mamlakatda ishchi-xodimlar manfaatini himoya qiladigan mustaqil kasaba uyushmalari mavjud emas.

XS
SM
MD
LG