Bu yil saylovlar, qarshilik va ziddiyatlar yili bo‘ldi, demokratik institutlar, xalqaro inson huquqlari va gumanitar huquq tamoyillari sinovdan o‘tdi. Rossiya, Hindiston va Venesueladagi kuchaygan repressiyalarga yoki G‘azo, Sudan va Ukrainadagi halokatli qurolli mojarolarga javoban, dunyo hukumatlari inson huquqlari, demokratiya va gumanitar harakatlarga qanchalik sodiqligini namoyish etishga chaqirilmoqda.
Hyuman Rayts Uotch tashkilotining dunyoda inson huquqlarining ahvoliga doir navbatdagi yillik hisobotida ta’kidlanishicha, ko‘pchilik bu sinovdan o‘ta olmagan.
Hatto dangalchi va faol hukumatlar ham inson huquqlari standartlarini qo‘llashda noizchillik ko‘rsatdi, bu esa inson huquqlari masalasi legitim masala emasligi haqida global tasavvurlarni kuchaytirdi.
Bu xavfli xulosa bo‘lib, hukumatlarni mamlakat ichida ham, tashqi siyosatda ham xalqaro inson huquqlari qonunlariga rioya qilish majburiyatidan ozod qiladi. 2024-yil voqealarini tahlil qilar ekanmiz, hamma joyda hamma uchun zarur himoyadan voz kechish vaqti emasligi oydinlashadi. Aksincha, hukumatlar umuminsoniy huquqlarni har qachongidan ham qat’iyroq hurmat qilishi va himoya qilishi, fuqarolik jamiyati esa bunday qilmaganlarni javobgarlikka tortishda qat’iyat ko‘rsatishi lozim.
Rossiya uchinchi yil davomida Ukrainaning energetika tarmog‘i, shifoxonalari va boshqa infratuzilmalariga keng ko‘lamli hujumlarini davom ettirdi, ko‘plab tinch aholini o‘ldirdi va jarohatladi. Rossiya rasmiylari bosib olingan hududlarda zo‘ravonlik bilan ukrain milliy o‘zligini yo‘q qilishga intildi, jumladan, Ukraina maktablarida Rossiya o‘quv dasturi va Kreml targ‘ibotini joriy etdi. Garchi ko‘plab Yevropa Ittifoqi davlatlari va AQSH Rossiya kuchlari sodir etgan og‘ir jinoyatlar uchun odil sudlovga sodiqliklarini bildirsa-da, bu jarayon sust kechmoqda.
Avtokratik boshqaruvning chegaralari
Dekabr oyida muxolif qurolli guruhlar koalitsiyasi Suriyadagi Bashar al-Asadning repressiv hukumatini ag‘darib tashladi va shu bilan Baas partiyasining 50 yildan ortiq hukmronligiga chek qo‘ydi. Asad davrida sodir etilgan urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar qatoriga qiynoqlar, sudsiz qatllar, kimyoviy quroldan foydalanish, qurol sifatida ochlikdan foydalanish hamda tinch aholiga va fuqarolik obyektlariga nisbatan yoppasiga va qasddan hujumlar kiradi. Suriya kelajagi qanday bo‘lishi yoki millionlab suriyalik qochqinlar vatanlariga xavfsiz qayta olishi mumkinligini aytishga hali erta. Darhaqiqat, Suriyadagi qurolli guruhlar, jumladan Hay’at Tahrir al-Shom va hujumga qo‘shilgan Suriya milliy armiyasi ham inson huquqlari buzilishi va urush jinoyatlari uchun javobgar. Suriyaning yangi rahbariyati qatag‘on va qonunsizlikdan to‘liq va qat’iy voz kechib, etnik yoki diniy kelib chiqishidan qat’i nazar, barcha suriyaliklar huquqlarini ta’minlashi kerak.
O‘zbekiston
Hisobotda aytilishicha, 2024-yilda hukumat organlari inson huquqlarini tobora ko‘proq bo‘g‘di. Faollar, blogerlar va boshqalarga nisbatan asossiz jinoiy ayblovlar, shu jumladan, "prezidentni internetda haqorat qilish" kabi ayblovlar qo‘yildi. Va’da qilingan huquqiy islohotlar to‘xtab qolgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2022-yil iyulidagi norozilik namoyishlarini bostirishda haddan tashqari kuch ishlatilgani uchun javobgar shaxslar hamon jazosiz qolmoqda. Qiynoqlar, shafqatsiz muomala va oilaviy zo‘ravonlik uchun jazosiz qolish holatlari odatiy qolmoqda.
Hisobdorlik va adolat
2024-yilda rasmiylar Qoraqalpog‘istonda 2022-yil iyulida 21 kishi halok bo‘lgan norozilik namoyishlarini bostirishda haddan tashqari kuch ishlatgan yuqori martabali amaldorlarni javobgarlikka tortish bo‘yicha chora ko‘rmadi. O‘zbekiston Oliy sudi 23-iyul kuni nohaq qamalgan qoraqalpoq faoli va huquqshunos Davlatmurod Tajimuratovning appelyatsiyasini rad etdi. U 2023-yil yanvarda 16 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.
Fuqarolik jamiyati
30-aprel kuni politsiya Andijondagi inson huquqlari faoli Dilmurod Muhitdinovni tovlamachilik va shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish bo‘yicha jinoiy ayb bilan hibsga oldi. Boshqa mahalliy faollar uning hibsga olinishi hukumatni tanqid qiluvchi mahalliy axborot agentligi "Achchiq TV" bilan hamkorligi tufayli yuz berganidan xavotirda ekanliklarini bildirdilar.
May oyida huquq himoyachisi Klara Saxarova internet orqali ta’qibga uchradi: noma’lum shaxs unga tahdid qildi. Boshqa mahalliy faollar uning hibsga olinishi hukumatga tanqidiy maqolalar bilan tanilgan mahalliy axborot agentligi Achchiq TV bilan hamkorligiga bog‘liqligidan xavotir bildirishdi.
18-iyul kuni Qashqadaryo sudi faollar Dildora Hakimova va Nargiza Keldiyorovani Qashqadaryodagi ta’lim tizimidagi korrupsiyani tanqid qilgani uchun tovlamachilik aybi bilan olti yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qildi. 6-noyabr kuni apellyatsiya sudi bu hukmni o‘z kuchida qoldirdi.
Aprel oyi boshida politsiya ommaviy tadbirlar o‘tkazish qoidalari buzilganini da’vo qilib, ArtDocFest Asia festivalini to‘xtatdi va festival o‘tkazilayotgan san’at galereyasi asoschisi Timur Karpovni ma’muriy kodeks bo‘yicha "xabardor qilish tartib-qoidalari"ni buzganligi uchun jarimaga tortdi. 6-noyabr kuni apellyatsiya sudi hukmni o‘z kuchida qoldirdi.
19-sentyabr kuni Adliya vazirligi xodimlari nodavlat notijorat tashkilotlari ayol rahbarlarining Fuqarolik birdamligi platformasi tadbirini buzdi. Hokimiyat vakillari qirg‘izistonlik inson huquqlari himoyachisi To‘lagan Ismoilovaga "ruxsatsiz" NNT faoliyatini amalga oshirgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortish bilan tahdid qilishdi.
2024-yilda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ikki marotaba Human Rights Watch tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha katta tadqiqotchisining O‘zbekistonga viza olish uchun topshirgan arizasini javobsiz qoldirdi, shu tariqa uning mamlakatga kirishiga to‘sqinlik qildi.
Iyun oyida parlament "O‘zbekiston Respublikasining davlat suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligiga zid bo‘lgan, davlatlararo, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy nizolarni keltirib chiqaradigan, O‘zbekiston xalqining sha’ni, qadr-qimmati yoki tarixini obro‘sizlantiradigan" nutq yoki harakatlari aniqlangan chet elliklar yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni "nomaqbul" deb e’lon qilish va ularni besh yilgacha mamlakatdan chiqarib yuborish huquqini beruvchi qonunni qabul qildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-noyabr kuni ushbu qonunni imzoladi.
So‘z erkinligi
O‘zbekiston hukumati so‘z erkinligiga qarshi repressiyani kuchaytirdi, tanqidiy fikrlovchi blogerlarni soxta jinoiy ayblovlar bilan qamoqqa tashladi va "prezidentni internetda haqorat qilgani" uchun fuqarolarni besh yilgacha ozodlikdan mahrum etdi. 2024-yil mart oyida 27 yoshli D. Tursunov prezident haqida internetda bildirgan fikrlari uchun besh yil muddatga qamoqqa hukm qilindi. 2021-yildagi prezidentlik saylovlari oldidan Mirziyoyevni tanqid qilgan va 2021-yil avgustda "prezidentni internetda haqorat qilish"da ayblanib hibsga olingan bloger Valijon Kalonov majburiy ruhiy davolanishda saqlanmoqda. Prezident Mirziyoyevning 2020-yilda ikkala jinoyatni jinoiy javobgarlikdan chiqarish va’dasiga qaramay, tuhmat va haqorat hamon jinoiy ayblov bo‘lib qolmoqda.
30-aprel kuni sud O‘zbekiston fuqarosi Sevara Shaydullayevani "O‘zbekistonning konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darishga ochiq da’vat qiluvchi materiallarni qasddan saqlash va tarqatish"da aybdor deb topdi. U onasiga Youtube'dan yuklab olgan, 1991-yilda O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimovning islomchilar bilan suhbatini aks ettiruvchi videolavhani yuborgani uchun 30 oylik ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi.
Qiynoq va shafqatsiz muomala
Qiynoq va shafqatsiz muomala jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda, politsiya hibsga olinganlarni kaltaklamoqda. May oyida Toshkent politsiyasi hibsga olingan Denis Nikolayevni qo‘llari kishanlangan holda kaltaklagan. Iyun oyida Toshkent viloyati politsiya bo‘limida "jamoat tartibini buzish"da gumon qilinib ushlanganidan so‘ng jarohatlar tufayli vafot etgan Dilmurod Yusupvaliyevning o‘limi munosabati bilan bir politsiya xodimi hibsga olindi. U bilan birga hibsga olingan akasi sakkizta politsiya xodimi kaltaklashda ishtirok etganini aytib, qolganlarini ham hibsga olishni talab qildi.
Din erkinligi
O‘zbekiston hokimiyati diniy jamoalarni ro‘yxatdan o‘tkazishga to‘sqinlik qilish, sobiq diniy mahbuslarni o‘zboshimchalik bilan nazorat qilish va musulmonlarni ekstremizm bilan bog‘liq keng va noaniq ayblovlar bilan jinoiy javobgarlikka tortish orqali din erkinligini cheklamoqda. 2024-yilda O‘zbekistonda taqiqlangan diniy harakat "Hizb ut-Tahrir"ga a’zolikda ayblangan kamida 23 nafargacha bo‘lgan ikki guruh musulmon hibsga olindi. Ilgari din erkinligi huquqidan foydalangani uchun qamoqda o‘tirgan Xayrullo Tursunov iyun oyi o‘rtalarida yana hibsga olindi.
O‘zbekiston parlamenti ota-onalar yoki vasiylarning 18 yoshga to‘lmagan bolalariga "noqonuniy" diniy ta’lim berishni taqiqlovchi va jazolovchi qonun loyihasini ko‘rib chiqmoqda. Ommaviy axborot vositalari va din erkinligi kuzatuvchilari politsiyaning vaqti-vaqti bilan uzun soqol qo‘ygan erkaklarni hibsga olib, majburiy ravishda soqollarini qirtishlab, jarimaga tortishi haqida xabar berishni davom ettirdilar.
Majburiy mehnat
Mustaqil mehnat huquqlari kuzatuvchilari 2024-yil fevral oyida xabar berishicha, paxta terimchilari yetishmagan tumanlarda mansabdor shaxslar 2023-yilgi hosil rejasini bajarish uchun terimchilarni majburlagan. Paxtachilik sohasida majburiy mehnat xavfi hamon mavjud bo‘lib, paxta yig‘im-terimi va umuman qishloq xo‘jaligi ustidan davlat nazorati davom etmoqda. Qishloq xo‘jaligi ishchilari va fermerlar uyushishda cheklovlarga duch kelmoqda. Yanvar oyida Ichki ishlar vazirligi xodimi O‘zbekiston forumi monitorini jinoiy javobgarlikka tortish bilan qo‘rqitib, uning qishloq xo‘jaligi sohasidagi mehnat huquqlari buzilayotgani haqida xabar berishi hayotini xavf ostiga qo‘yayotganini aytgan. 18-aprel kuni hukumatga yaqin bloger va yana bir shaxs Farg‘ona viloyatida mehnat huquqlari monitoringini o‘tkazayotgan inson huquqlari himoyachilari Umida Niyazova va Sharifa Madrahimovani qo‘rqitib, haqorat qilgan. Ular Niyazovani "O‘zbekistonga qarshi axborot hujumlarini uyushtirishda" ayblashgan.
Hokimiyat organlari ikkala holatda ham aybdorlarni javobgarlikka tortmagan, deyiladi HRW hisobotida.
O‘zbekiston rasmiylari xalqaro inson huquqlari tashkilotining hisobotlariga munosabat bildirmaydi.
Mirziyoyev boshqaruvining dastlabki yillarida hukumatga O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilash to‘g‘risida maxsus topshiriq bergan, ammo hukumat bu borada nima ishlar qilgani borasida rasmiy hisobot e’lon qilinmagan.
O‘zbekiston 2021-2023-yillarga BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligiga saylangan.