Mariupolda “Azovstal” kombinatini Rossiya qo‘shinlaridan mudofaa qilishda davom etayotgan “Azov” polki jangchilarining xotinlari erlari dushmanga taslim bo‘lmasligini aytishmoqda. Avvalroq Kreml ukrain mudofaachilariga taslim bo‘lishni taklif qilgan, qurolini tashlaganlarning hayotda qolishiga kafolat bergandi.
Biroq harbiylarning ayollari Putin va boshqa rus siyosatchilarining va’dalariga ishonishmayapti, Rossiya rasmiylarini yolg‘onchilikda ayblashmoqda.
Ayni chog‘da ular Kiyevdan ham domangir: “Hukumat erlarimiz taqdiri bilan qiziqmay qo‘ydi. Bizni unutib yuborishsin deb ketishmagan ular!” deyishadi “Azov” jangchilarining xotinlari.
Putin 21-aprel kuni mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan uchrashuvda Mariupoldagi “Azovstal” zavodini shturm qilishni “maqsadga nomuvofiq” deb topib, uni bekor qilishni buyurdi. Ayni chog‘da Rossiya propagandasi butun Mariupol rus qo‘shinlari nazoratiga o‘tgani, bosib olinmagan faqat “Azovstal” qolgani haqida jar solmoqda.
“Kombinat tagidagi son-sanoqsiz yerosti yo‘laklarida sudralishning keragi yo‘q. Bu sanoat zonasini shunday qurshab olingki, pashsha ham uchib o‘tolmasin. Biz hamisha o‘z askarlarimiz va zobitlarimiz hayotini saqlab qolish haqida o‘ylamog‘imiz lozim”, dedi Putin.
Rossiya prezidenti taslim bo‘lganlar omon qolishini yana bir karra urg‘uladi.
“Bekor aytishibdi. Ular taslim bo‘lishmaydi. Taslim bo‘lishdiyam deylik, ammo ularni tirik qoldirishmaydi, hech biri omon qolmaydi. Putin hammalarining hayotiga kafolat beryapti, lekin so‘zida turmaydi u”, deya Rossiya prezidentiga ishonmasligini bildiradi “Azov” jangchisining turmush o‘rtog‘i Alina Nesterenko.
Yana bir askarning xotini – Yaroslava Ivansova “azovchi”larning hayotini saqlab qolishning yagona chorasi “uchinchi davlat vositachiligida gumanitar yo‘lak ochish”dir.
“Men “yashil yo‘lak”larga ishonmayman. Hozirgina xabar qilishdi: Xavfsizlik xizmatimiz rus qo‘mondonligi boshqa shaharlarda asirga olingan harbiylarimizni otib tashlashga buyruq bergani haqidagi telefon so‘zlashuvini tutibdi. Bizning erkaklarimiz asirga tushishmaydi, qolaversa, ularni “yashil yo‘lak”dan o‘tkazishmaydi ham. Yagona chora, kecha “Kalina” polki komandiri aytganidek, – uchinchi davlat ishtirokida gumanitar yo‘lak ochish”, deydi Yaroslava.
“Erimni yaxshi bilaman: u juda baquvvat, irodasi mustahkam. Ukrainani sevadi, asirga tushishga sira ham rozi bo‘lmaydi”, qo‘shimcha qiladi ayol eriga ta’rif berarkan.
Eri “Azov” polkida xizmat qiluvchi Olga Shut esa Kiyev hukumatining “tepsa tebranmasligi”ligidan koyinmoqda:
“Oddiy yashil yo‘laklar ham o‘lim degani. Yagona yo‘l – shahar qurshovini ochib, uchinchi davlat vositachiligida u yerdan harbiylar va tinch fuqarolarni olib chiqish. Chunki “azovchi”lar baribir qurollarini tashlashmaydi. Rossiya matbuoti: “butun mamlakatni himoya qilayotgan bu yigitlarning hayotini hech kim qadrlamayapti”, deb jar solishga urinadi. Demak, mamlakatni qutqarish uchun jonlarini fido qilishlari kerak ekan-da? Bizni tashlab qo‘yishsin, deb ketishganmidi ular!” deydi Olga.
Ayollar, shuningdek, “Azov” jangchilari orasida yaradorlar ko‘pligini, ammo ularga tibbiy yordam ko‘rsatadigan kimsa yo‘qligini, jarohat ustidan skotch yopishtirishayotganini aytishmoqda. Ular 2014-yilda Debalsevo shahrida bo‘lgan voqeani eslashadi: o‘shanda Ukraina qurshovda qolgan askarlarini o‘ldirmaslik sharti bilan bu shaharni dushmanga topshirgan, ammo ukrain harbiylari “yashil” yo‘lakdan chiqib ketishayotganida rossiyaparast bo‘lginchilar ularni qirib tashlashgan edi. “Azov” harbiy xizmatchilarining ayollari Zelenskiyni sakkiz yil burun Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko yo‘l qo‘ygan xatolarni takrorlamaslikka chaqirishmoqda:
“Erim oxirgi marta menga to‘rt kun avval xat yozgandi: o‘zimiznikilar yoniga yetib olibdi, ammo to‘rt joyidan yaralangan ekan. O‘shandan beri undan xabar yo‘q”, deydi Viktoriya Lyashuk.
“Kecha erimdan xabar keldi: “Hammasi joyida, biz mahkam turibmiz”, deb yozibdi. Lekin ular ham yordamga muhtoj bo‘lishini, hukumatimizdan madad kutishayotganini bilib turibman. Prezidentimiz “Jangchilarni tashlab qo‘ymaymiz”, deb bot-bot takrorlaydi, men unga ishonaman. U Mariupol shahridan kechmasligiga , shaharni shuncha paytdan beri mudofaa qilayotgan yigitlarga yordam berishiga ishonaman. Prezidentimiz Mariupolni dushmanga topshirishini xohlamaymiz, bir paytlar Poroshenko Debalsevoni dushmanga taslim qilganida qanaqa fojia yuz berganini unutganimiz yo‘q”, deydi Yaroslava Ivansova.
“Bizning yarador askarlarimiz yashiringan joyga bomba tushganini eshitdim. Ortiq hech nimani bilmayman. Mening erim yarador, uning holidan mutlaqo bexabarman, so‘nggi marta u to‘rt kun oldin xabar yozgan edi. “Ahvol juda og‘ir, o‘ta xatarli, yordamga juda ham muhtojmiz, kutyapmiz”, degandi. Ruhlarini tushirishgani yo‘q, lekin ular biznikilar yordam berish chorasini topa olishiga qattiq ishonishyapti. Ular uchun loaqal xavfsiz yo‘lak ochib berishganida edi”, deya umidlanadi Alina Nesterenko.
U “Azov” jangchilari hayotga chanqoqligini, ammo qattiq toliqishganini aytadi.
“Jangchilarimiz yashashni xohlashadi. Ular so‘nggi kuchlarini sarflashmoqda, hammalari qattiq charchashgan, och-yupun. Menda bugungina olingan video bor: unda yigitlar yaralarini skotch bilan o‘rayotganlarini ko‘rib yuragim ezilib ketdi!” ta’kidlaydi Nesterenko.
“U yerda tibbiy yordam va dori-darmonsiz qolib ketgan yarador askarlarimiz juda ko‘pligini bilaman. Ular och qolishyapti, jangchilar yonida ko‘plab tinch fuqarolarimiz bor, bolalar ham anchagina. Barchalari u yerdan qutulib chiqishni, yashashni istaydi”, deydi Olga Shut.
“Azov” polki – o‘ta o‘ng ko‘ngillilar guruhi bo‘lib, Ukraina Milliy gvardiyasi tarkibiga kiradi. “Azov” Rossiya Donbassga agressiyasini boshlagan 2014-yilda tashkil topgan. Polk millatchilik mafkurasini qo‘llab-quvvatlaydi, ammo ko‘plab tarafdorlari uni vatanparvarlar harbiy tuzilmasi va Ukraina mudofaasining eng samarador qismi deb biladi.
“Azov” polki Ukrainaning boshqa harbiylari bilan birga Mariupol shahri hamda “Azovstal” kombinatini 50 kundan ortiq vaqt mobaynida mudofaa qilib turibdi.