Линклар

Шошилинч хабар
24 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:53

"Barmoq izlari va og‘izdan so‘lak olishdi". Moskvaga borgan o‘zbekistonlik deportatsiya haqida


Moskva aeroportidagi migrantlar. Illyustrativ surat
Moskva aeroportidagi migrantlar. Illyustrativ surat

Rossiya hukumati markaziy osiyoliklarni asossiz va sababini tushuntirmasdan mamlakatga kiritmayotgan holatlar tobora ko‘paymoqda. Aksar hollarda ular aeroportdayoq to‘xtatilyapti. Mobil telefonlaridagi barcha ma’lumotlar tekshirilmoqda, DNK namunasi va barmoq izlari olinyapti, so‘ngra ovqatsiz va suvsiz bir necha kun ushlab turilgach kelish bir necha yilga taqiqlangan holda deportatsiya qilinayotir.

Shunday vaziyatga tushganlar aeroportda ularni bir kutish zali chegarasidan tashqariga chiqarishmayotganini va ovqat berishmayotganini aytadilar: natijada ular yegulik xarid qilish uchun qarz olishga majbur bo‘lmoqdalar. Aeroport xodimlari ularning savollariga javob bermaydi, qo‘pollik qilishadi va qayta-qayta uzoq davom etuvchi tekshiruvlar o‘tkazishadi.

Moskvaga uchib kelgan O‘zbekiston fuqarosi Shohimardon Magometov “Nastoyashcheye vremya”ga Sheremetyevo aeroportida qanday xo‘rliklar ko‘rgani haqida so‘zlab berdi.

Москвага иш билан борган ўзбек аэропортда ушланиб депортация қилинди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:30 0:00

U O‘zbekistonda yaxshi ishi borligini, Moskvaga esa xizmat safari bilan borgani va ko‘pi bilan bir oy qolmoqchi bo‘lganini aytadi. Shohimardon ish uchun zarur jihozlar sotib olib, shu bahonada shaharni tomosha qilishni rejalagan ekan. Biroq uning o‘ylagani bo‘lmaydi.

Sheremetyevoda, pasport nazorati chog‘ida yigitni qo‘shimcha tekshiruvga yo‘llaydilar. U qariyb 10 soat kutadi. Chegarachilar uni so‘roqqa tutishadi: telefoni sinchiklab tekshiriladi, qarindosh-urug‘lari haqida surishtiradilar. Shundan so‘ng unga vataniga qaytarib yuborilishini ma’lum qilishadi.

“Oqshom soat to‘qqiz yoki o‘nlarda chaqirib, seni deportatsiya qilamiz, deyishdi. Men esa aeroportga ertalab to‘qqizda tushganman. O‘tirishga joy yo‘q edi, tumonat odam. Tik oyoqda vaqt o‘tkazdik. Tushlik qilmadik”, deydi Shohimardon tekshiruvdan oldin uni qanaqa sharoitda ushlab turishgani haqida gapirar ekan.

“Keyin menga deportatsiya bo‘lganimni aytishdi. “Nima uchun?” deb so‘radim. “Hammasi uchun”, deb javob berishdi. Yana so‘radim: “Aynan nima uchun?” Ular yana: “Hammasi uchun” deb javob berib, ketvorishdi”, deydi O‘zbekiston fuqarosi.

“Брат”, “Сестра” деб мурожаат қилманг. Россиядаги муҳожирлар янги қонунлардан хабардорми?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:42 0:00

“Keyin meni chaqirishdi. Bir xonaga kirdim. “Cho‘ntagingdagi hamma narsani chiqar”, deyildi. “Xo‘p”, dedim va pul va boshqa narsalarni olib, stol ustiga qo‘ydim. Kechqurun soat o‘nga yaqin meni so‘roq xonasidan chiqarishdi, – davom etadi Shohimardon. – So‘ngra tag‘in kechasi soat ikkilargacha kutdim. Ikkilarda zaldan o‘n kishini chaqirishdi, mening ham familiyam o‘qildi. Ko‘rsatilgan xonaga kirdim. Barmoq izlarimni olishdi. Bilasizmi, qamoqxonalarda bo‘yni o‘lchaydigan jihoz bo‘ladi, bular undan odamni suratga olish uchun foydalanishar ekan. Negadir og‘zimdan so‘lak ham olishdi (DNK namunasi bo‘lsa kerak – Tahr.)”. “Nega?” deb so‘rasam, “Shunchaki”, deb javob qaytarishdi”.

“Bizga endi 10 yil Rossiya hududiga kira olmaysizlar deyishdi, – ta’kidlaydi Magometov. – Biz Moskvaga birinchi marta kelgan edik, hech qanaqa jinoyat qilmaganmiz. Shunchaki ustimizdan kulishdi, xo‘rlashdi. U yerda koreyslar, franuzlar, qozoqlar ham bor edi. Ularni o‘tkazib yuborishdi. Nega aynan o‘zbeklarni deportatsiya qilishyapti? Tojiklar va qirg‘izlarni ham deportatsiya qilishadi, lekin o‘zbeklarga munosabat hammasidan yomon”.

Россияда теракт ортидан муҳожирларга босим давом этмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:22 0:00

Moskvadagi “Krokus” konsert zalida terakt sodir bo‘lganida Rossiya hukumati bir necha tojikistonlikni aybladi. Ushbu voqea ortidan mamlakatda chet elliklar va mehnat migrantlariga nisbatan siyosat keskin kuchaytirildi. Rossiyaning turli viloyatlarida migrantlarning ishxona va yotoqxonalarida har kuni reydlar o‘tkazilib, hujjatlarida muammo bo‘lgan barchani deportatsiya qilishmoqda.

Ilgari ko‘p migrantlar ishlagan qator sohalar, masalan taksi xizmati va chakana savdoda ularni yollash taqiqlandi. Ko‘plab chet elliklar aeroportlar va nazorat-o‘tish joylaridayoq ortga qaytarilmoqda. Shuningdek, so‘nggi oylarda Rossiyada ajabiylarga nisbatan ksenofobiya va agressiya avjiga chiqyapti.

XS
SM
MD
LG