Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:16

Bastrikin o‘zbek migrantlaridan Putinga arz qildi-O‘zbekiston ko‘proq migrant yubormoqchi


Rossiya Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin.
Rossiya Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin.

Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin migratsiya qonunchiligini kuchaytirish taklifi bilan prezident Vladimir Putinga murojaat qildi. Bastrikin Putinga yo‘llagan maktubida “migrantlarning lokal mojarolari ommaviy ko‘cha tartibsizliklariga aylanib ketishi” xavfidan ogohlantirgan.

Migratsiya ekspertlari Bastrikin so‘zlarini jiddiy shubha ostiga olmoqda.

Bastrikin migrantlarni yana jinoyatchiga chiqardi

Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Rossiyadagi muhojirlar bilan bog‘liq muammo haqida prezident Vladimir Putinga maktub yo‘llagani haqida “Baza” Telegram-kanali xabar berdi.

Kanalning xabar berishicha, tahririyatda dekabr oyi oxirida yozilgan maktubning nusxasi mavjud.

Xabarda aytilishicha, Bastrikin Putinga mehnat migrantlari ustidan shikoyat qilgan va ularga qarshi qonunchilikni kuchaytirishni taklif qilgan. Aks holda, uning fikricha, “migrantlarning lokal mojarolari ommaviy ko‘cha tartibsizliklariga aylanib ketishi mumkin”.

Tergov qo‘mitasi rahbari o‘z bildirishnomasida “vaziyatni keskinlashtirgan” va ruslarni “milliy drujinalar” tuzishga undagan o‘zbeklar, qirg‘izlar, tojiklar va “tajovuzkor gastarbayterlar” haqida so‘z yuritgan. Bastrikinning keltirayotgan raqamlarga ko‘ra, 2021 - yilning 11 oyi davomida migrantlar tomonidan Rossiyada 33,5 ming jinoyat sodir etilgan.

U Leningrad viloyatining Viborg shahrida do‘kon yonida qo‘lga olish chog‘ida olti nafar O‘zbekiston vatandoshi ikki politsiyachi bilan mushtlashganini alohida ta’kidladi.

Aleksandr Bastrikin prezidentiga yo‘llagan xatida rus jamiyatidagi kayfiyat haqida ma’lumot berib, rossiyaliklar migrantlar maishiy xizmat ko‘rsatish sohasini “monopoliyaga olgani”dan “jiddiy xavotirda” ekani to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Shuningdek, Bastrikinning fikricha, Rossiya tadbirkorlarini migrantlarning “deyarli qullik” pozitsiyasi qiziqtiradi.

- Natijada, Tergov qo‘mitasi rahbari migratsiya qonunchiligini qat’iylashtirishni taklif qildi: masalan, ish beruvchilarga migrantlarni uy-joy bilan ta’minlash va transport haqini to‘lash, kelgindilarni genomik ro‘yxatga olish va yirik shaharlarda "aholining etnik-madaniy muvozanatini saqlash" choralarini joriy qilishni yuklash hamda ijtimoiy keskinlikni kamaytirish maqsadida ishchi-gastarbayterlar o‘rniga Rossiya vatandoshlarini ishga qabul qilish, deb yozdi “Baza” nashri.

Avvalroq Rossiya Ichki ishlar vazirligi chet el vatandoshlarining Rossiyada yashashi nomaqbulligi to‘g‘risida qaror qabul qilish tartibini yangilashni taklif qilgan edi.

Xususan, migrantni mamlakatdan chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilinishi mumkin bo‘lgan muddatga cheklovlarni bekor qilish. Shuningdek, politsiya xorijlikning Rossiyada oilasi bor-yo‘qligini hisobga olishi kerakligi qayd etildi.

Rossiyaga 90 kundan ortiq muddatga kelgan mehnat muhojirlari va chet el grajdanlari shu yilning 29 - dekabridan boshlab giyohvandlik va OIV infeksiyasi yo‘qligi to‘g‘risida tibbiy ma’lumotnoma taqdim etishi kerakligi to‘g‘risida Ozodlik xabar bergandi.

Noyabr oyida Aleksandr Bastrikin “qo‘shni davlatlar”dan kelgan mehnat muhojirlari uchun majburiy genomik ro‘yxatga olishni joriy etishni taklif qilgan edi.

Ekspertlar: Bastrikin raqamlari - navbatdagi manipulyatsiya

Ayni paytda migratsiya ekspertlari Rossiya Tergov qo‘mitasi boshlig‘i keltirayotgan raqamlarni jiddiy shubha ostiga olishmoqda.

Migratsiya masalalari bo‘yicha ekspert, “Migrant.mobi” portali asoschisi, huquqshunos Botirjon Shermuhammad Bastrikin o‘z bayonotida mutlaqo yolg‘on raqamlarni keltirayotganini aytadi.

Yurist B.Shermuhammad
Yurist B.Shermuhammad

- Bastrikin bayonotiga e’tibor bergan bo‘lsangiz, u chet el vatandoshlari jinoyatlari ko‘payib borayotgani to‘g‘risida raqamlarni keltirgan. Biz bu raqamlarni tahlil qilib chiqdik. Ya’ni, 2013 - yildan beri MDH grajdanlari qilgan jinoyatlari 29 foizga kamaygan. Umuman Rossiyada qilingan jinoyatlar miqdori bilan solishtirganda migrantlarning jinoyatlari 3 foizgayam yetib bormayapti!

Botirjon Shermuhammad fikricha, Rossiya Ichki ishlar vazirligining muhojirlar tomonidan 2021 - yilning 12 oyida sodir etilgan 36 mingdan ziyod jinoyatlar borasida bergan raqamlari shu muddat ichida sodir etilgan 2 milliondan ziyod barcha jinoyatlarning bir qismidir.

Sankt-Peterburgdagi Yevropa universiteti professori Sergey Abashin Ozodlik bilan suhbatda migratsiya sohasida Putin hukumati ichida katta ixtilof mavjudligini taxmin qildi.

Professor S.Abashin
Professor S.Abashin

- Menimcha, Rossiya hukumatida ikki qarama-qarshi kuchlar to‘qnash keldi. Biri migratsiya siyosatiga bo‘lgan talablarni keskin oshirish tarafdori bo‘lgan propagandachilar, ikkinchisi esa bunga qarshi bo‘layotgan “pragmatiklar”. So‘nggi paytlarda turli darajadagi amaldorlar va ekspertlar muhojirlar jinoyatlari “tahdidli darajada oshib borayotgani” va “chora ko‘rish zarurligi” bilan Rossiya jamiyatini qo‘rqitmoqda. Bastrikin keltirayotgan raqamlar navbatdagi manipulyatsiya – hukumat vakillariga migrantlarga qarshi bayonotlar berish nima uchun kerakligini hozircha tushunish qiyin. Ammo MDH davlatlaridan kelgan mehnat migrantlari jinoyatlari soni kamaygani aniq, - deydi ekspert.

Abashin bu borada o‘zi olib borgan tadqiqot najalarini ham keltirdi.

Ekspert hisobicha, 2013 - yilda MDH davlatlaridan kelgan chet elliklar 40,3 ming, 2019 yilda 31 ming, 2020 - yilda 30,8 ming, o‘tgan 2021 - yilda esa 28,5 ming jinoyat sodir etgan. Ya’ni, mutlaq ma’noda MDH davlatlaridan kelganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning ochilgan soni 2013 dan 2021 - yilgacha 29 foizga, 2019 - yildan 21 yilgacha esa 8 foizga, 2020 - yildan 2021 - yilgacha 7,5 foizga kamaygan. Nisbiy raqamlarda: MDH davlatlari vatandoshlari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni ochilgan jinoyatlar soniga nisbatan 2013 - yilda 3,2 foiz, 2019 - yilda 2,9 foiz, 2020 - yilda 3 foiz, 2021 - yilda esa 2,7 foizni tashkil etgan.

“Bundan chiqdi, amaldorlar va ekspertlar yolg‘on gapirishyapti”, deya xulosa qildi professor Abashin.

Ayni damda O‘zbekiston hukumati Rossiyaga o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini jalb qilish ishlarini jadallashtirayotgani to‘g‘risida xabar berib kelmoqda.

Rossiya Vazirlar Mahkamasi qishloq xo‘jaligi sohasiga O‘zbekistondan kadrlarni jalb qilish loyihasini kengaytirdi. Rasmiy ma’lumotga binoan, Rossiya Federatsiyasi hukumati O‘zbekistondan nafaqat qurilishga, balki agrosanoat majmuasiga ham ishchi kuchini ommaviy tarzda jalb qiladi. Endilikda rus ishlab chiqaruvchilari Rossiya quruvchilik sohasiga 10 ming, qishloq xo‘jaligiga yana 1 108 kishini jalb qilishi mumkinligi belgilandi.

Rossiya Qishloq xo‘jaligi vazirligi hozirda o‘zbek muhojirlarini jalb etishni rejalashtirmoqchi bo‘layotgan xo‘jaliklar ro‘yxatini tuzayotganini ma’lum qildi.

Oldinroq Putin hukumati pilot loyihasi doirasida o‘zbekistonlik ishchilarni faqat qurilish sohasiga jalb qilishini e’lon qilgandi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG