Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:40

Bayden, Si va Putinning sharpasi. “Katta yigirmalik”ning Balidagi sammiti qanday o‘tdi?


AQSh va Xitoy rahbarlari Jo Bayden va Si Szinpin Bali sammiti arafasidagi uchrashuvda. Indoneziya, 14-noyabr, 2022-yil.
AQSh va Xitoy rahbarlari Jo Bayden va Si Szinpin Bali sammiti arafasidagi uchrashuvda. Indoneziya, 14-noyabr, 2022-yil.

Indoneziyaning Bali orolida “Katta yigirmalik” sammiti rasman ochilmasdan AQSh prezidenti Jo Bayden bilan XXR raisi Si Szinpin o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar ushbu yirik xalqaro siyosiy yig‘inning eng muhim voqeasi sifatida ko‘rilmoqda. Dunyoning ikki qutbni tamsil etuvchi ikki eng yirik mamlakati liderlari o‘zaro aloqalarda “yangi yo‘nalish” izlashga kelishib oldilar. Rossiya va uning Ukrainaga bosqini ham nazardan chetda qolmadi. Rossiya prezidenti Putin sammitga bormagan esa-da, hammaning tilida bo‘lgani sababli xuddi qatnashgan kabi taassurot qoldirdi.

Kremlning Ukrainaga bosqinini urush deb atashdan bosh tortayotgani sammitda hammaga bosh og‘rig‘i bo‘ldi, deyish mumkin. Bu masalada Rossiya, Xitoy va yana bir necha yirik davlat manfaatlari – voqealarga nisbatan qat’iy pozitsiyaga ega G‘arb mamlakatlari nuqtai nazari bilan to‘qnashdi.

Ukraina urushini deb “Katta yigirmalik”ning ushbu, hisob bo‘yicha 17-sammiti tarixda ilk bor yakuniy qo‘shma bayonotsiz tugashi mumkin.

G‘arblik qator siyosatshunoslarga ko‘ra, “Ukraina – Rossiya” chizig‘i bo‘ylab bo‘linish “Katta yigirmalik”ning maqsadga muvofiqligini, foydaliligini badtar shubha ostiga qo‘yadi. G20 da 24-fevralgacha ham ziddiyatlar yetarli edi, endilikda esa urush tufayli halokatli darajada kengayayotgan oziq-ovqat va energetika inqirozi qo‘shildi.

Путин, Си Цзинпин ва бошқалар: Дунё раҳбарлари Самарқандга нима учун йиғилмоқда?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:54 0:00

Qolaversa, so‘nggi yillarda “Yigirmalik” ichida norasmiy “Buyuk ikkilik” vujudga keldi, ya’ni uni o‘z ittifoqchilari va raqiblariga bo‘lib olgan AQSh va Xitoy.

Ukrainaga bosqin vajidan “Yigirmalik”ning g‘arblik a’zolari mezbon mamlakatdan Rossiyani tadbirga chaqirmaslikni talab qilishgan edi, biroq Indoneziya prezidenti Joko Vidodo Kremlga taklifnoma yo‘lladi baribir. Shu bilan birga, Ukraina prezidenti Zelenskiy ham mehmon sifatida taklif etilgan edi.

AQSh va G‘arb mamlakatlari joriy yilning martidayoq G20 ning barcha a’zolariga Rossiya Federatsiyasini tashkilotda qoldirish kerakmi yoki yo‘qligi xususida o‘ylab ko‘rish taklifi bilan chiqqan edi. Jo Bayden o‘shanda Rossiyani G20 dan chiqarish fikriga xayrixohlik bildirgan bo‘lsa-da, “hammasi “Katta yigirmalik”ning umumiy pozitsiyasiga bog‘liq”ligini aytgan. Ammo Indoneziya hamda BRIKS guruhining to‘rt a’zosi – Braziliya, Hindiston, Xitoy va JAR bunga qo‘shilmadi. Ayni shu to‘rt davlat G20 doirasidagi tadbirlarda ham “Moskva Ukrainaga hujum qilishga gijgijlangan bo‘lishlari mumkin” degan fikrni ilgari surmoqda. Boz ustiga, ularda AQSh va Yevropaga nisbatan “kolonial o‘tmish”dan qolgan eski ginalar ham bor, shu bois Rossiya-Ukraina urushida G‘arb tarafini olishga va Moskvaga qarshi sanksiyalar joriy etishga oshiqishmayapti.

Vladimir Putin sammitga bormadi, Balida Rossiyani tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov tamsil qildi. Prezidentning matbuot kotibi buni “Putin Rossiyada qolishiga zarurat tug‘ilgan”i bilan izohladi. Putin G20 tadbirlarida onlayn tarzda ham ishtirok etmadi. Ammo Vladimir Zelenskiy sammitga bormagan bo‘lsa-da, videoaloqa orqali “Katta yigirmalik” liderlari huzurida chiqish qildi.

YI va Buyuk Britaniya “Rossiyaning barcha kirdikorlariga jahon hamjamiyatining munosabatini ko‘rsatib qo‘yish uchun” Rossiya delegatsiyasining barcha chiqishlarini boykot qilishi haqida oldindan ogohlantirdi. G‘arb, shuningdek, Moskvani urushni to‘xtatishga chaqirib, har qanday sulh muzokaralari Ukraina uchun maqbul shartlarda bo‘lishi lozimligini ta’kidlamoqda. Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak Balidagi uchrashuv arafasida Rossiyani yana bir bor “yakkamoxov mamlakat” deb atadi va Kremlni jahon iqtisodiy inqirozini qo‘zg‘atishda aybladi.

Lavrov iyul oyida G20 tashqi ishlar vazirlari konferensiyasida qatnashish uchun Baliga kelganida ham yakkalanib qolib, uchrashuvni barvaqt tark etgan edi. Oldinroq, G20 moliya vazirlari va markaziy bank rahbarlari yig‘ilishida esa rossiyaliklar chiqishi chog‘ida G‘arb mamlakatlarining deyarli barcha vakillari zaldan chiqib ketishgan. Tadbirda masofadan qatnashayotganlar videokameralarini o‘chirib qo‘yganlar.

Ushbu sammit arafasida G‘arb OAVlari Sergey Lavrov Baliga yetib kelishi bilan “yuragi bezovta qilib” kasalxonaga tushgani haqida xabar tarqatdi.

Rossiya TIV matbuot kotibi Mariya Zaxarova bu xabarni “feykbozlik cho‘qqisi” deb atab, keyinroq tirik Lavrovni videoda ko‘rsatdi ham. Unda qanaqadir bino ayvonida xonaki kiyim va timsoh terisidan tikilgan tuflida o‘tirgan Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘zining shifoxonaga tushganiga oid xabarlarni “siyosiy o‘yin” deya ta’riflab, g‘arblik jurnalistlarni “to‘g‘ri so‘zlash”ga chaqirdi. “Ular 10 yildan beri bizning prezidentimizni ham kasal deyishadi”, deya qo‘shib qo‘ydi Lavrov.

Biroq Bali viloyati gubernatori Rossiya tashqi ishlar vaziri yakshanba kuni rostdan ham mahalliy shifoxonada ko‘rikdan o‘tganini va u yerdan “sog‘-salomat” chiqib ketganini bildirdi. Lavrovning o‘zi va Rossiya TIV bu ma’lumotga izoh berishgani yo‘q.

Umum fikriga ko‘ra, “Katta yigirmalik”ning hozircha eng muhim voqeasi – AQSh prezidenti Jo Bayden hamda XXR raisi Si Szinpin o‘rtasidagi tarixda birinchi yuzma-yuz muzokaralardir. Keyinroq Oq uy e’lon qilgan xabarnomada aytilishicha, Bayden va Si boshqa masalalar qatorida Rossiya-Ukraina urushini ham muhokama qilganlar va unda yadro quroli qo‘llanishiga qat’iyan qarshi chiqqanlar. Rossiya bosqini mavzusini aynan AQSh prezidenti ko‘targani aytilmoqda.

“Prezident Bayden va rais Si yadroviy urush hech qachon boshlanmasligi lozimligini va unda g‘olib bo‘lmayajagini tasdiqlab, Ukrainada yadroviy qurol qo‘llanishiga yoki qo‘llanishi xavfiga qarshi ekanliklarini urg‘uladilar”, deyiladi xabarnomada. Ukrainada yadro quroli yo‘q, binobarin mazkur murojaat faqat Vladimir Putinga qaratilgan.

Yana, xabarnomaga ko‘ra, ikki lider o‘zaro aloqalardagi muammolarni “ochiq-oydin muhokama qilishgan”. Xususan, Bayden AQSh Xitoy bilan raqobatlashajagini, biroq u bilan nizolashishga intilmasligini ta’kidlagan. AQSh prezidenti Vashington iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi, global iqtisodiyot va sog‘liqni saqlash kabi jabhalarda Pekin bilan birga ishlashga tayyorligini bildirgan. Bunga javoban Si Szinpin ikki mamlakat o‘zaro aloqalarida “to‘g‘ri yo‘nalish”ni topishi zarurligini, zero “butun dunyo ulardan shuni kutayotgani”ni aytgan.

Украинага босқин: 265-кун | “Урушни тўхтатишнинг вақти-соати келди” - Зеленский G20 етакчиларига мурожаат қилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:24 0:00

Bundan tashqari, Jo Bayden XXR raisi bilan uchrashuvda Shinjon, Tibet va Hongkongda inson huquqlari rioyasiga doir vaziyatni muhokama qilgan, shuningdek Vashington Tayvan masalasida status-kvo o‘zgartirilishiga qarshiligini uqtirgan. Muloqotni davom ettirish uchun AQSh davlat kotibi Entoni Blinken yaqin kunlarda Pekinga boradi.

Muzokaralardan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida Bayden XXR raisi bilan “samimiy va ochiqcha” suhbat bo‘lganini aytdi. AQSh prezidenti Xitoy Tayvanga bostirib kirishga hozirlanayotgani belgilarini ko‘rmayotganini va dunyo AQSh va Xitoy o‘rtasida “sovuq urush” boshlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.

Bayden va Si ushbu muloqotdan atigi bir necha hafta oldin dasturiy nutq bilan chiqib, Qo‘shma Shtatlar bilan Xitoyning harbiy, texnologik va siyosiy ustunlik uchun kurashi borasida bir-biriga zid qarashlarni bayon qilishgan edi. Vashington va Pekin munosabatlari bugungi kunda ikki superdavlat aloqa o‘rnatilgan Nikson-Mao davridan beri eng quyi nuqtaga tushgan. Bir necha oy burun XXR o‘z harbiy qudratini ko‘z-ko‘z qilib, Tayvanni va butun G‘arbni xavotirga soldi, Qo‘shma Shtatlar esa Xitoyning zamonaviy kompyuter chiplari ishlab chiqarishini cheklashga qaratilgan qator eksport nazorati choralarini joriy etdi.

So‘nggi bir yilda AQSh-Xitoy aloqalaridagi keskinlikni Pekinning Rossiya bilan hamkorligi ham kuchaytirmoqda, Moskvaning Ukrainaga qarshi agressiyasi bu hamkorlikni o‘zgartirmadi. G‘arb fikricha, Pekin bilan Moskva hisob-kitobli hamkor yoki qalin ittifoqchilar bo‘lishidan qat’i nazar, bir nuqtada – Vashingtonga qarshi turish va uning rejalarini barbod qilishga intilishda yakdil va yakqadamdir. Ayni chog‘da Pekinda ayrim siyosatchilar, AQSh va NATOning Ukraina urushida Rossiyaga nisbatan tutgan pozitsiyasini Xitoyga Tayvan masalasida ehtiyot bo‘lishdan ogohlantiruvchi signal, deb bilishadi.

Sammitga bir necha kun qolganida Jo Bayden Saudiya Arabistonining amaldagi hukmdori shahzoda Muhammad bir Salmon bilan uchrashmasligi ma’lum qilinishi “Katta yigirmalik”ning turli a’zolari o‘rtasida ulkan kelishmovchiliklar borligini yana bir karra tasdiqladi. Eski ittifoqchilarning orasiga sovuqchilik tushganiga ancha bo‘lgan. Oq uy so‘nggi bir yil davomida Ukrainani xalqaro maydonda dastaklash, shuningdek jahon neft narxlari o‘sishi masalalarini muhokama qilish uchun Bayden bilan shahzodaning telefonda so‘zlashuvini uyushtirishga nechog‘li urinmasin, natija bo‘lmadi. Muhammad bin Salmon bu iltimoslarni rad etgani kamdek AQShning mintaqadagi siyosatini qattiqroq tanqid qila boshladi.

Baydenning o‘zi ham saylovoldi kampaniyasi chog‘ida Saudiya Arabistoni haqida keskin gaplar aytgan, bir gal uni hatto “jirkanch davlat” deb atagan. Shahzoda Muhammad bin Salmon bloger Jamol Xashoggini o‘ldirishga shaxsan buyruq bergani uchun nafratga yo‘liqqan bo‘lsa-da, bu alamlarni hamon unuta olmayapti. Bayden prezident bo‘lgach, 2022-yilgacha shahzoda bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara qilishni qat’iyan rad etib keldi. Yaqinda esa Vashington Saudiya Arabistonini jahonda energiya manbalari narxi shiddat bilan oshayotganiga qaramay neft qazib chiqarishni yanada kamaytirishga qaror qilgani uchun Moskvaga hamtovoqlikda ayblab chiqdi.

XS
SM
MD
LG