Belarus Ichki ishlar vazirligi va Rosgvardiya jamoat tartibini saqlash masalalari bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Shartnoma nushasi Belarus milliy huquqiy portalida e’lon qilindi.
Hujjatda terrorchilik va ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha hamkorlik, “jinoyatchilikka qarshi kurashda kuch dastagi berish”, qo‘shma konsultatsiyalar va mashqlar o‘tkazish, qo‘shma ishchi guruhlarini tuzish haqida so‘z boradi.
Belarus IIV va Rosgvardiya davlat obyektlari, yoqilg‘i-energetika majmuasi obyektlarini qo‘riqlash, qurol-aslaha aylanmasini nazorat qilish bo‘yicha hamkorlik qiladi, ayni paytda, RBK xabariga ko‘ra, sportga oid va madaniy aloqalarni rivojlantiradi.
Qayd etilishicha, Moskva hamda Minsk mazkur shartnomani 19 - noyabrdayoq tuzgan. Shartnoma tomonlardan biri undan chiqishini rasman bildirganidan so‘ng ham yarim yil o‘tmaguncha amal qilishda davom etadi.
“Interfaks” agentligiga ko‘ra, bunday shartnomani tuzish bo‘yicha oktabr oyida Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin topshiriq bergan.
Belarusda shu yil 9 - avgustidagi prezident saylovi ortidan mamlakat Markaziy saylov komissiyasi Aleksandr Lukashenkoni saylov g‘olibi, deb e’lon qilganidan beri mavjud rejimga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari davom etmoqda.
Mazkur saylovda keng ko‘lamli soxtalashtirishlarga yo‘l qo‘yilganini iddao qilgan namoyishchilar olti marta prezidentlik kursisini egallagan Lukashenkoning iste’foga ketishi hamda qayta saylov o‘tkazilishini talab qilishmoqda.
Belarusdagi xavfsizlik kuchlari namoyishlarni bostirish chog‘ida minglab namoyishchini qo‘lga olgani, yuzlab odam jabrlangani, tergov hibsxonalarida qiynoqqa solingani va tahqirlangani aytib kelinadi. Qo‘lga olinayotganlar orasida bolalar, ayollar va qariyalarning borligi alohida e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Avvalroq Ozodlik 14 - dekabr kuni Aleksandr Lukashenko hukmronligiga qarshi Minskda o‘tkazilgan pensionerlar yurishi chog‘ida 83 yoshga kirgan qariya doxil kamida 26 kishi qo‘lga olingani haqida xabar qilgan edi.
Yozdan beri davom etayotgan norozilik aksiyalarini bostirish chog‘ida kamida besh kishi halok bo‘lgan. Huquq faollariga ko‘ra, shu kungacha militsiya va KGB tomonidan qatag‘onga uchratilgan belaruslar soni 30 mingga yaqinlashdi.
Lukashenkoning o‘zi avgustdagi saylov adolatli o‘tgani, Minsk va boshqa shaharlarda kuzatilayotgan norozilik chiqishlari esa xorijdan muvofiqlashtirilayotganini iddao qilib keladi.
Avgust oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Lukashenko iltimosiga ko‘ra Minskka ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha kuch tizimlari xodimlari rezervi shakllantirilganini bildirgandi. Putin, Belarusda vaziyat nazorat ostidan chiqqan taqdirda, mazkur rezerv ishga solinishi mumkinligini aytgan.
Rossiya tomonidan har tomonlama dastaklanayotgan Lukashenko rejimining o‘z fuqarolariga qarshi amalga oshirayotgan xatti-harakatlari ayni paytda G‘arb davlatlari tomonidan qattiq qoralanmoqda. G‘arb Belarusdagi repressiyalarga aloqador bo‘lgan qator mulozimlar, shu jumladan, Lukashenko va uning atrofidagi yuqori lavozimli amaldorlarga nisbatan sanktsiyalar joriy qilganlar.
Shu bilan bir qatorda YeI Lukashenko rejimiga qarshi kurashayotgan muxolifat vakillarini har tomonlama dastaklamoqda. 16 - dekabr kuni Yevropa Parlamenti Belarus muxolifati vakillariga fikr erkinligi uchun Andrey Saxarov nomidagi mukofotni topshirdi.