O‘zbekistonda davlatga xoinlik qilganlikda ayblanib, 5,5 yilga qamalgan va shu yil iyunida ozodlikka chiqqan sobiq diplomat Qodirjon Yusupov 14-noyabr kuni 73 yoshida vafot etdi. Bu haqda Markaziy Osiyodagi inson huquqlari assotsiatsiyasi ma’lumot tarqatdi.
Xabarnomada Markaziy Osiyodagi inson huquqlari assotsiatsiyasi (AHRCA), Inson huquqlari bo‘yicha Xelsinki jamg‘armasi (HFHR), Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hamkorlik (IPHR) hamda Norvegiya Xelsinki qo‘mitasi (NHC) sobiq diplomatning oila a’zolariga hamdardlik izhor qilishi aytilgan. Mazkur xalqaro tashkilotlar avvalroq Qodirjon Yusupov nohaq qo‘lga olingani va qiynoqqa solinganiga oid bayonotlar bilan chiqishgan edi.
Bir paytlar O‘zbekistonning Avstriya, Britaniya, Sudan va Yaqin Sharq mamlakatlaridagi elchixonalarida ishlagan Qodirjon Yusupov uzoq yildan beri aziyat chekib kelayotgani ruhiy xastalik tufayli 2018-yilning 3-dekabrida Toshkent metropolitenining Pushkin bekatida o‘zini poyezd ostiga tashlagan va tasodif tufayli omon qolgan.
Boshidan qattiq lat yegan sobiq diplomat, oila-a’zolariga ko‘ra, bu voqeadan keyin tushib qolgan ruhiy trans holatida “o‘zining G‘arb davlatlarining josusi” ekani haqida aljiray boshlagan va kasalxonaga yetib kelgan DXX xodimlari ana shu “iqror” asosida unga qarshi jinoyat ishi ochib, sobiq mulozimni mamlakat Jinoyat kodeksining 157-moddasida (Davlatga xoinlik qilish) ko‘zda tutilgan jinoyatda ayblagan.
Yusupovning yaqinlari Ozodlik muxbirlari bilan 2019-yil mart oyidagi suhbatda sobiq diplomat ularga so‘nggi marta 2018-yil 9-dekabriga kasalxonada ko‘rsatilgani, 10-dekabr kuni u DXX tergov izolatoriga o‘tkazilganini aytishgan.
Shundan so‘ng Qodirjon Yusupov tergov chog‘ida o‘ziga nisbatan turli xil bosimlar o‘tkazilayotgani, davolanishga imkon berilmayotganidan shikoyat qilgan, biroq o‘zbek rasmiylari bu shikoyatlarni asossiz deb topishgan.
Sobiq diplomat O‘zbekiston Harbiy sudining 2020-yil 9-yanvaridagi hukmi bilan 5 yil-u 6 oyga ozodlikdan mahrum etilgan.
Sud hukmi ortidan qator xalqaro tashkilotlar Qodirjon Yusupovni ozod qilish chaqirig‘i bilan o‘zbek rasmiylariga murojaat qilishgan edi.
Inson huquqlari faollariga ko‘ra, ozod etilganiga qaramasdan, qamoqda kechirgan yillari Qodirjon Yusupovning hayoti va salomatligida o‘z izini qoldirgan va diplomat yaqinlariga “adolat izlab charchagani”ni aytgan.
Faollar O‘zbekiston hukumatini Yusupovning hibsga olinishi va qamoqqa tashlanishini noqonuniy deb topgan BMT ishchi guruhi talablarini bajarish, unga nisbatan tergov va sud hukmini qayta ko‘rib chiqishga chaqirganlar.
Huquqbonlik tashkilotlariga ko‘ra, sobiq diplomat vafot etganiga qaramay, BMT Noqonuniy hibsga olishlar bo‘yicha ishchi guruhining talablari kuchda qolaveradi.