O‘zbekistonda qariyb bir milliard so‘mlik qalbaki pullarning muomalaga kiritilishining oldi olingan. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar qildi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Farg‘ona viloyatida yashovchi uch nafar fuqaro o‘zaro til biriktirib, qalbaki 998 million 740 ming so‘m pulni Jizzax viloyatida 27 ming 200 AQSH dollariga sotayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruvda mazkur shaxslardan olingan 200, 100 va 20 ming so‘mlik qalbaki banknotlar purkagichli printer yordamida chop etilgani aniqlangan.
1980, 1983 va 1989-yillarda tug‘ilgan gumonlanuvchilarning ikki nafari muqaddam sudlangani aytilmoqda.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va uch fuqaro qamoqqa olingan.
Ozodlik o‘tgan yili ham Jizzax, Samarqand va Buxoro viloyatlarida 462 million 400 ming so‘mlik qalbaki pullarni tayyorlab, muomalaga kiritganlikda gumonlangan olti kishi qo‘lga olingani haqida xabar qilgan edi.