Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 18:23

Bishkekdagi muzokaralar: Markaziy Osiyo Tolibon bilan til topishdimi?


YI-MO Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillarining 5-majlisi. 14-fevral, Bishkek, Qirg‘iziston
YI-MO Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillarining 5-majlisi. 14-fevral, Bishkek, Qirg‘iziston

Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi maxsus vakillari Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qilish uchun Bishkekda ilk bor uchrashdilar.

Toliblar boshqarayotgan Afg‘onistondagi gumanitar vaziyat, narkotijorat va xalqaro terrorizmga qarshi kurash uchrashuv mavzusi bo‘ldi.

Ayrim mahalliy tahlilchilar taxminicha, G‘arb Afg‘oniston muammosiga Markaziy Osiyo orqali yechim topishga urinmoqda. O‘tgan hafta boshida Human Rights Watch inson haqlari tashkiloti chet el yordamining keskin kamayishi Afg‘oniston sog‘liqni saqlash tizimiga jiddiy ta’sir etgani, to‘yib ovqat yemayotgan odamlar soni ko‘payib, tibbiyot qoloqligi oqibatida kasalliklar avj olayotgani haqida ogohlantirgan edi.

Xalqaro hamjamiyat Afg‘onistondagi ahvoldan tashvishda

13-fevral kuni Bishkekda kechgan uchrashuvda YIning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Teri Xakala hamda Afg‘oniston bo‘yicha vakili Tomas Niklasson ham ishtirok etishdi. Shuningdek, BMT bosh kotibining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili, Afg‘onistonga ko‘mak missiyasi rahbari Roza Otunbayeva ham bor edi.

“Ishtirokchilar Afg‘onistondagi joriy vaziyatni hamda Doxada o‘tgan ikkinchi xalqaro uchrashuv oldidan BMT boshlab bergan jarayonni muhokama qilishdi. Shuningdek, BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlarining Kobuldagi diplomatik missiyalari bilan fikr almashildi”, deb ma’lum qildi Qirg‘iziston TIV.

Vazirlik rasmiy xabarnomasida Bishkek uchrashuvida Tolibon hukumati vakillari ishtirok etgan-etmagani ochiqlanmagan.

Bu – mazkur formatda o‘tkazilgan beshinchi uchrashuvdir. Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yevroittifoqning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillari bunga qadar Olmaotada (2021-yil may), Toshkentda (2021-yil noyabr), Bryusselda (2023 )-yil yanvar) va Ashxobodda (2023-yil may) uchrashganlar.

YIning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Tomas Niklasson Ozodlik radiosiga bergan intervyusida Bishkekdagi norasmiy uchrashuv chog‘ida Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashilganini aytdi. Uning urg‘ulashicha, ushbu muzokaralar Doxada o‘tajak Afg‘onistondagi vaziyatga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya oldidan tashkil etilgan. Niklasson Afg‘onistonning de-fakto rahbariyati hamda Markaziy Osiyo va YI vakillari muntazam aloqada bo‘lib, afg‘on xalqi yordamga muhtojligini barcha tomonlar yaxshi tushunadilar.

“O‘tgan hafta men Afg‘onistonda bo‘lib, de-fakto hukumat vakillari bilan qator muzokaralar olib bordim. Bugun ham o‘sha masalalar muhokama qilindi. Afg‘oniston bilan aloqada bo‘lib turishimiz lozim. Afg‘on xalqiga yordam berishda davom etishimiz kerak. Ayni chog‘da oldinga yurishimizga xalal berayotgan omillar mavjud. Bunaqa to‘siqlar barchamizga ma’lum. Xavfsizlik va iqtisodiyot muammolari bor. Markaziy Osiyo mamlakatlari esa Afg‘oniston timsolida imkoniyatlarni ko‘rib, u mintaqaviy hamkorlikning bir qismi bo‘lishini istaydi. Afg‘onistonda inson huquqlari va barcha afg‘onlar ovoz berish huquqiga ega bo‘lishlari uchun inklyuziv boshqaruv tizimini yaratish bilan bog‘liq xavotirlar ham bor. Bugun ushbu masalalar muhokamaga qo‘yildi. Eshitganlarimga ko‘ra, bu masalalarning muhimligi borasida konsensusga erishilgan. Bizning prioritetlarimiz ba’zan ayri-ayri bo‘lishi mumkin. Biroq oldinga siljishimiz uchun ushbu masalalar hal etilishi lozimligi xususida fikrimiz bir joydan chiqdi deb o‘ylayman”, dedi Tomas Niklasson.

Tolibon harakati 2021-yil avgustda Kobulda hokimiyatni egallagan edi. Xalqaro hamjamiyat, jumladan Markaziy Osiyoning hech bir mamlakati Tolibon boshliq Afg‘oniston hukumatini hanuz rasman tan olgan emas. Ayrim mamlakatlarda Tolibon sud tomonidan ekstremistik harakat deb e’tirof etilgan.

Озодлик фильми: Тошкент Толибон билан Қўштепа борасида келиша олмаяпти
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:35:33 0:00

Toliblar bilan diplomatik aloqalar o‘rnatishga intilishlar

Shunga qaramay mintaqa mamlakatlari toliblar hukumati bilan aloqalarni uzmadi. Yaqinda paydo bo‘lgan xabarlar esa, qaytaga, Markaziy Osiyodagi ba’zi davlatlar Tolibon bilan diplomatik aloqalar o‘rnatishga urinayotganidan darak berayotir.

Chunonchi, ma’lum bo‘lishicha, Afg‘onistonning Toshkentdagi elchixonasi toliblar hukumatiga berilibdi. Ozodlik 4-fevralda Tolibon hukumatining konlar va neft vaziri Mavlaviy Shahobiddin Dilovarning kenja o‘g‘li Mavlaviy Mag‘furulla Shahob afg‘on hukumatining O‘zbekistondagi elchisi vazifasini bajarishga kirishgani haqida xabar qilgan edi.

O‘tgan yil adog‘ida Qozog‘iston hukumati Tolibonni taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Afg‘oniston sobiq hukumatining Ostonadagi elchixonasi tolib diplomatlari ixtiyoriga beriladi, degan xabarlar bor.

Tolibon iqtidorga kelgach Afg‘onistonda ayollar huquqlari hadlandi, qizlarga ta’lim olish taqiqlab qo‘yildi. Ayollar jamoat joylariga, sport zallariga bora olmaydilar. Shular sababli G‘arb mamlakatlari Afg‘onistonga yordamini to‘xtatib qo‘ygan. Boz ustiga Kobulga nisbatan xalqaro sanksiyalar joriy qilingan.

Ekspertlarga ko‘ra, gumanitar inqiroz, narkotijorat va xavfsizlik muammolari tufayli G‘arb toliblar bilan til topishish zarurligini tushunib, iqtisodiy aloqalarni o‘rnatishga harakat qilmoqda.

Xalqaro munosabatlar bo‘yicha mutaxassis Chinara Esengul Markaziy Osiyo mamlakatlari Tolibonni rasman tan olmagan va unga nisbatan turlicha munosabatda bo‘lsa-da, so‘nggi paytlarda bunday yondashuv yumshayotganini qayd etadi.

“Toliblar hukumat tepasiga kelishganidan beri Markaziy Osiyo mamlakatlari ularga nisbatan turli pozitsiyalarda turibdi. Umumiy yaqinligiga qaramay, Tojikiston toliblarga ters bo‘ldi va ular tuzgan hukumatni mamlakatda yashovchi barcha xalqlar manfaatlarini tamsil etuvchi inklyuziv hukumat emas, demoqda. Dushanbe toliblarni terrorchilar deb atashga moyil. Rossiya boshqa pozitsiyada, Markaziy Osiyoning qolgan mamlakatlari, jumladan Qirg‘iziston esa u yerga prezident vakili maqomiga ega siyosatchilarini jo‘natib, Tolibon bilan norasmiy muzokaralar qilayotir. Qozog‘iston bilan O‘zbekiston ham ular bilan muzokaralar olib boryapti. Rossiya bilan Xitoy toliblarni rasmiy hukumat o‘laroq tan olish zarur, degan fikrga kelmoqda. Toliblarni tan olish bilan birga, afg‘on xalqiga va mamlakat rivojiga ko‘maklashish masalasi ham o‘rtaga chiqyapti. Biroq men umumiyat-la Markaziy Osiyo, jumladan Tojikiston ham ushbu pozitsiyani tutadi, deb o‘ylamayman. Ammo ko‘pdan beri tojiklarni bunga ishontirishga harakat qilmoqdalar”, deydi Chinara Esengul.

Tahlilchiga ko‘ra, G‘arb Rossiyaning Ukrainadagi urushi manzarasida Afg‘onistonga Markaziy Osiyo orqali ta’sir o‘tkazishga urinyapti.

“Afg‘oniston tarixan va madaniyat jihatidan Markaziy Osiyoning bir bo‘lagidir va u o‘z tarixiy vazifasini bajarishi kerak. Uni aynan shunga ishontirishga, shu orqali Afg‘oniston taraqqiyotiga ko‘maklashishga intilishmoqda. AQSH bu mamlakatda 20 yil bo‘ldi, odamlarni umidvor qildi, keyin esa shosha-pisha mamlakatni tark etdi. Shu bois G‘arbning Afg‘onistondagi mavqei bir oz bo‘shashgan. AQSH o‘zi qatnasha olmasa, Yevropa Ittifoqi orqali ish ko‘rishga urinyapti. Yevroittifoqning nufuzli siyosatchilari Bishkekka kelishi sababi shunda. Ular Markaziy Osiyo mamlakatlarini alohida-alohida yoki umumiyat-la ishontirayotir. “Sizlarga yordam ko‘rsatiladi. Ularning bir qismi Afg‘onistonga atalgan” – o‘ylashimcha, ishlar xuddi shu formula bo‘yicha olib boriladi”, deydi ekspert.

Afg‘onistondagi gumanitar inqiroz

O‘tgan hafta Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti turli mamlakatlarda inson huquqlariga rioya etilishiga doir yillik hisobotini e’lon qildi. Unda Afg‘onistonga xalqaro yordam keskin kamayishi mamlakat sog‘liqni saqlash tizimiga jiddiy zarar yetkazgani qayd etilgan.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, 40 million aholidan 15 millioni oziq-ovqat yordamiga muhtoj. Uch million kishi esa bazo‘r kun kechiradi.

Chinara Esengul Markaziy Osiyo mamlakatlari qo‘shni Afg‘oniston ahvolini bilaturib, unga yordam berish o‘rniga mudofaalanish modelini ma’qul ko‘rayotganini va gumanitar inqirozni tahdid sifatida qabul qilayotganini aytadi.

Biroq, ekspertga ko‘ra, Qirg‘iziston Afg‘oniston tinchligi va barqarorligini mintaqaviy xavfsizlikning ustivor yo‘nalishi deb biladi.

Prezident Sadir Japarov 2023-yil 20-sentabr kuni BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasida so‘zlagan nutqida dunyo jamoatchiligini afg‘on xalqiga har tomonlama gumanitar yordam ko‘rsatishga chaqirgan edi. Iyun oyida Cho‘lpon otada “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” formatida o‘tkazilgan sammitda esa u afg‘on ayollarining huquqlari cheklanayotganidan tashvishdaligini bildirdi.

“Biz jahon hamjamiyatining Afg‘onistonda ayollar ta’lim olish va mehnat huquqida cheklab qo‘yilganiga doir xavotirlariga sherikmiz. Qirg‘iz Respublikasi Afg‘onistonning de-fakto hukumati vakillari bilan ikki tomonlama muloqotlarda ham, xalqaro uchrashuvlar doirasida ham islom dini va shariati ayollarga ta’lim olish va ishlash huquqini berishi haqida gapirib keladi. Shu bois biz Afg‘onistondagi yangi hukumat bilan munosabatlarni ishontirish va konstruktiv muloqot yo‘li bilan shakllantirishimiz va ayni chog‘da mazkur masala yechimida haddan ortiq bosim qilmasligimiz lozim”, dedi Sadir Japarov.

O‘tgan yili, Afg‘onistonda zilzila sodir bo‘lganida Qirg‘iziston afg‘on xalqiga yordam sifatida shifokorlar guruhini jo‘natdi, shuningdek dori-darmon, oziq-ovqat, kiyim-kechak va gumanitar yordam yetkazib berdi.

Xavfsizlik masalalari bo‘yicha tahlilchi Orozbek Moldaliyev giyohvand moddalar savdosi borasida Afg‘onistonga ayblovlar qo‘yilayotgani, biroq muqobil yechimlar taklif qilinmayotganiga e’tibor qaratadi.

“Afonistonning muammosi – u juda katta mamlakat ekanida. Birinchidan, hech bir mamlakat ularni tan olmadi, ularda shuncha muammoni bartaraf etishga imkoniyat yo‘q, chet davlatlar yordam berganida ham bu osonlikcha bo‘lmaydi. G‘arb mamlakatlari va Markaziy Osiyo xalqaro yordamni inson huquqlariga bog‘lamoqda. Ayollar huquqlari cheklanyapti, boshqa cheklovlar ham bor, “Tolibon” o‘z va’dalarini bajarmayotganini asos qilib Afg‘onistonning aktivlari va bank hisoblarini hanuz muzlatilgan holatda tutib turishibdi, buning jabrini esa afg‘on xalqi chekayotir. Ikkinchidan, Afg‘oniston qoradori bilan shug‘ullanayotgani aytiladiyu boshqa qanaqa imkoniyatlar mavjudligi bilan hech kimning ishi yo‘q. Amerikaliklar 2001-yildan so‘ng u yerda afyun muqobili sifatida za’faron ekish imkoniyatini o‘rgana boshlashgan edi. Biroq za’faron hosilga kirishi uchun 5-6 yil kerak bo‘larkan.

Толибон билан хуфия ҳамкорлик. Шартни ким қўйяпти?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:28:50 0:00

Hozirda toliblar Amudaryodan kanal tortish orqali erlarni o‘zlashtirishga urinishmoqda. Bunga javoban O‘zbekiston va Turkmaniston suv kamayib ketadi, deya xavotir bildiryapti. Biz toliblar hukumatini tan olmagan bo‘lsak-da, loaqal aloqalarni yo‘lga qo‘yyapmiz, bordi-keldi qilyapmiz, ularga gumanitar yordam ko‘rsatyapmiz. Lekin afg‘on xalqining o‘z kunini o‘z ko‘rishiga sharoit qilib berilmaguncha mamlakat rivojlana olmaydi. Islom davlatini qurmoqchi bo‘lgan mamlakatga dunyoviy davlat imkoniyatlarini taqdim etishni xohlash-xohlamaslik masalasi ham bor. Ular yodamingiz kerakmas, sizsiz yashay olamiz, deyishlari mumkin. Bu yerda kompleks chora-tadbirlarni ko‘rish va aholining qashshoq qatlamiga ko‘maklashish yo‘llarini izlash lozim. Qiz bolalarni alohida o‘qitish talabi esa muqobil taklif bo‘lishi mumkin”, deydi Moldaliyev.

Avvalroq BMT bosh kotibining Afg‘oniston bo‘yicha vakili, Afg‘onistonga ko‘maklashish missiyasi rahbari Roza Otunbayeva Afg‘onistondagi hozirgi vaziyat, gumanitar inqirozni bartaraf etishga qaratilgan sa’y-harakatlar va bu inqirozning Markaziy Osiyoga ta’siri haqida so‘zlab bergan edi.

“Afg‘oniston deganda xarob va abgor o‘lka ko‘z oldimizga keladi. Bunday o‘ylamaslik kerak. Masalan, u yerda bo‘lganimda juda yaxshi qurilgan 6-7 ta aeroportni ko‘rdim.

Biroq boylar bilan kambag‘allar o‘rtasida katta tafovut bor. Qishloqlar aholisini-ku gapirmay qo‘yaqolay, shahar bilan qishloq sharoiti o‘rtasidagi farq yeru osmon qadar. Ikki yil zilzila yuz bergan Xost viloyatida ham bo‘ldim. Ahvol shu qadarki, xuddi tosh asri deysiz. Kontrast juda ham keskin. Ammo yutuqlar ham bor.

Xalqaro savdoga kelsak, Afg‘oniston bir tarafdan Eron, boshqa tomondan Pokiston, yana bir yoqdan Markaziy Osiyo davlatlari bilan chegaradosh. Hindiston ham yaqin. Shu bois savdo bilan shug‘ullanuvchilar ko‘p. Afg‘onlar tadbirkor xalq, tijoratni yaxshi bilishadi. Urushdan so‘ng mamlakat iqtisodiyoti imillab bo‘lsa-da izga tushmoqda. Bu hammaga yoqayotgani yo‘q, ayrimlar eshitishni ham istamaydi buni. Lekin biz iqtisodiyot barqarorlashayotganini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘ryapmiz, buni Jahon banki ko‘rsatkichlari ham tasdiqlaydi”, dedi Otunbayeva.

Faollar va huquq himoyachilari Tolibon harakatini gender aparteid rejimini o‘rnatishda ayblab kelishmoqda. Toliblar ayollarning ko‘cha-ko‘yda yurishini cheklab, ularga oltinchi sinfdan keyin maktab va universitetlarga borishini taqiqlagan, shuningdek BMT va nohukumat tashkilotlarda ishlashini ham man etgan.

XS
SM
MD
LG