Линклар

Шошилинч хабар
16 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:37

"Biz ham issiq jonmiz!"- Namangandagi gazga navbat va janjal videosi Telegram kanalidan o‘chirildi


Namangandagi gaz quyish shoxobchalaridan birida uzun navbat va janjal aks etgan videodan olingan surat - 8 - dekabr, 2020
Namangandagi gaz quyish shoxobchalaridan birida uzun navbat va janjal aks etgan videodan olingan surat - 8 - dekabr, 2020

Telegram tarmog‘ida 409 mingga yaqin obunachisi bo‘lgan Namanganliklar.Uz kanali Namangandagi gaz quyish shoxobchalaridan birida uzun navbat va janjal aks etgan videoni, chop etilganidan bir necha soat o‘tib, o‘chirib tashladi.

O‘chirilgan video o‘rnida esa, “Ajablanmang, biz ham issiq jonmiz! Yashasin ochiq O‘zbekiston!” degan izoh qoldirildi.

Elektron OAV tahririyati videoning olib tashlanganiyu ortidan qoldirilgan bu post bo‘yicha Ozodlik savollariga hanuz javob bermadi.

Namanganliklar.Uz - alohida vebsayt, Telegram kanali va qator ijtimoiy tarmoqlarda sahifalari bo‘lgan elektron axborot vositasi sifatida shu yilning iyun oyida AOKAda ro‘yxatdan o‘tgan xususiy Internet nashridir.


Namangan shahridagi gaz quyish shoxobchasida o‘nlab odam gaz uchun navbatda turgani aks etgan video Namanganliklar.Uz kanalida 8 - dekabr kuni e’lon qilindi.

Videoda navbatda turganlardan bir nechasi yoqalashayotgani, bir-birini haqorat qilayotganini ko‘rish mumkin. Telegram kanaliga joylangan videoda haqorat so‘zlar o‘chirilgan.

Video ostida vodiyda yana gaz uchun uzun navbatlar paydo bo‘layotgani, haydovchilar navbat talashib, bir-birini urishgacha borayotgani haqida degan izoh berildi.

Namanganliklar.Uz Telegram kanalida berilgan izoh, 8 - dekabr, 2020
Namanganliklar.Uz Telegram kanalida berilgan izoh, 8 - dekabr, 2020

Video e’lon qilinganidan bir necha soat o‘tib, o‘chirildi va uning o‘rnida “Mabodo ba’zi videolar kanaldan uchib ketib qolsa ajablanmanglar, biz ham issiq jonmiz!! Yashasin ochiq O‘zbekiston”, degan izoh qoldirildi.

Ozodlik muxbiri video nega olib tashlangani, uning o‘rnida “issiq jonmiz”, deya qoldirilgan izohga izoh so‘rab, elektron axborot vositasi ma’muriyatiga bog‘landi.

Namanganliklar.Uz sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida berilgan telefon raqamini ko‘targan vakil video o‘chirib tashlanganini tasdiqladi. Ammo bu borada izoh berishga vakolati yo‘qligini aytdi va Telegram kanalining botiga yozishni tavsiya qilish bilan cheklandi.

Namanganliklar.Uz veb-sayti 2020 - yilning 19 - iyun kuni elektron OAV sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida (AOKA) ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Guvohnoma raqami: 1354.

Telegram tarmog‘ida esa, ayni nomdagi guruh ancha avval ochilgan. Shu kunda ushbu kanalning 409 mingga yaqin obunachisi bor.

Kanaldan olib tashlangan video, ayni paytda AOKAdan ro‘yxatdan o‘tmagan va auditoriyasi u qadar katta bo‘lmagan boshqa Telegram kanallarida hanuz aylanib yuribdi.


Namanganliklar.Uz Telegram kanalida bir necha soat ichida kuzatilgan bu holat mamlakatdagi bir necha yirik internet nashrlari aynan energetik taqchillik bilan bog‘liq voqealarni yoritgani uchun AOKAdan rasman ogohlantirish olganidan so‘ng kuzatilmoqda.

26 va 27 - noyabr kunlari Kun.uz, Gazeta.uz, Podrobno.uz va Daryo.uz nashrlari ba’zi tanqidiy chiqishlari uchun “huquqiy oqibatlardan” AOKA rasman ogohlantirganini bildirgan va buni o‘zlariga nisbatan bosim, deb baholagan edi.

Bundan tashqari, xususiy Zo’rTV axborot dasturida Qarshida gaz-svet taqchilligidan norozi aholi yig‘ini aks etgan lavha ketgach, telekanal tahririyati AOKA tomonidan ogohlantirilgani va bu mavzudagi chiqishlarni cheklaganidan jurnalistlar shikoyat qilgandi.

Telekanal muharriri Ozodlik bilan muloqotda bu shikoyatni rad etgan, ammo muxbirlarga TV rahbariyatidan yo‘llangan ko‘rsatmada “AOKA va yana bir qator tashkilotlarda” aynan Zo’rTV da Qarshidan uzatilgan lavhada miting namoyishi ko‘rsatilgan va bu “davlat imijiga minus ta’sir qiladigan holat” degan e’tiroz bildirilgandi.

28 - noyabr kuni esa AOKA direktori Asadjon Xodjayev Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi jurnalist hamda blogerlar bilan uchrashdi. Uchrashuvda qatnashgan jurnalistlarga ko‘ra, respublika miqyosidagi xususiy nashrlarni rasman ogohlantirgan A. Xodjayev viloyat OAVdan ham gaz-svet muammosidan norozi aholi chiqishlarini “o‘ta ehtiyotkorlik bilan yoritish haqida ogohlantirgan”.

AQSh, Buyuk Britaniya va Germaniya diplomatlari hamda chet el inson huquqlari himoyachilari bu holatni, Shavkat Mirziyoyev va’da qilgan islohotlarga zid, demoqda va prezidentdan zudlik bilan vaziyatga aralashishni so‘radi.

Ammo Toshkent rasmiylari va prezident aynan shu ogohlantirishlar va energetik taqchillikka oid matbuot chiqishlarining bostirilishi haqida hanuz aniq izoh bermadi.

3 - dekabr kuni chet el diplomatik korpus vakillari, jurnalist va blogerlar ishtirokida Toshkentda o‘tgan anjumanda yuqori martabali rasmiylar demokratik huquq va so‘z erkinligi "jamoat tartibi va qonunlarni buzish uchun bahona bo‘lmasligi kerak”, degan ogohlantirish bilan chiqdi.

“So‘nggi paytlarda ayrim, hattoki demokratik rivojlangan mamlakatlarda ham ommaviy kayfiyatlarning keskinlashuvi natijasida huquqiy tartibning buzilishiga, tartibsizliklarga, o‘t qo‘yishlarga va hatto odamlarning qurbon bo‘lishiga guvoh bo‘lyapmiz. Bu qonunbuzarliklarning barchasi demokratik huquq va erkinliklarni suiiste’mol qilish orqali sodir etilgan. Natijada biz tabiiy bir xulosaga keldik: mamlakatning barqarorligi, xavfsizligi va demokratik rivojlanishi faqat davlat va jamiyatning yaqin konstruktiv hamkorligi sharoitidagina ta’minlanishi mumkin”, dedi o‘sha tadbirda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov.

O‘zbekistonda 18 - noyabrdan havo harorati keskin sovib, qor yog‘ishi bilan mamlakat bo‘ylab energetik bo‘hron yuzaga keldi.

Toshkentning qator tumanlarida qozonxona va quvurlar ishdan chiqqani, aksar viloyatlarda elektr toki uzilgan, suyultirilgan gaz uchun navbatlar uzaygani kuzatildi.

Rasmiylar energiya inqirozini ob-havo sovib, elektr iste’moli keskin ortgani bilan izohladi, ammo yillardan buyon ayni muammo takrorlanayotganiga jo‘yali izoh bermadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2016 - yilda prezidentlikka saylanishidan oldin aholining elektr va gaz muammosini hal qilishga va’da bergan edi.

Prezident bu yilgi energetik inqiroz yuzasidan hozirgacha hech qanday bayonot bermadi. Mamlakat bo‘ylab kuzatilayotgan o‘tkir gaz va elektr taqchilligi manzarasida har yili 8 - dekabr - Konstitutsiya kuni arafasida o‘tadigan tantanali marosim qoldirildi. Mirziyoyevning o‘zi marosimning qoldirilishiga rasman koronavirus pandemiyasi sabab bo‘lganini aytdi.

XS
SM
MD
LG