Линклар

Шошилинч хабар
24 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:32

Blekaut: O‘zbekiston shifoxonalaridagi bemorlar holi ne kechdi? 


O‘zbekistonda elektr ta’minotidagi uzilishlar sabab, sun’iy nafas olish qurilmasi ishlamay qolib, o‘lim holatlari ham bo‘lgan
O‘zbekistonda elektr ta’minotidagi uzilishlar sabab, sun’iy nafas olish qurilmasi ishlamay qolib, o‘lim holatlari ham bo‘lgan

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash rasmiylari 25 - yanvar kuni sodir bo‘lgan blekaut - energotizimdagi yirik avariya sabab bemorlarning ahvoli og‘irlashgani yoki o‘lim bilan bog‘liq biror holat qayd etilmaganini aytishmoqda.

Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar va Ozodlik suhbatlashgan shifokorlarning so‘zlaridan mamlakatdagi barcha tibbiyot muassasalari ham zaxira quvvatiga o‘tolmagani, bemorlar hayoti uchun jiddiy xavflar yuzaga kelgani anglashiladi.

Ba’zi shifoxonalarda muolajalar vaqtincha to‘xtadi

O‘zbekiston hukumatining Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekistonda elektr ta’minotida uzilishlar bundan oldin ham bo‘lgani sabab tibbiyot muassasalarida muqobil elektr manbalari “avvaldan shay qilib qo‘yilganini” ta’kidladi.

“Dizel bilan ishlaydigan generatorlarimiz bor. Svet o‘chishi bilan avtomat ishlab ketadi. Shuning uchun elektr uzilishi holatiga bog‘liq bo‘lgan o‘lim bo‘lmadi.

Oldinlari ham bunaqa svet o‘chishlar bo‘lgani uchun har bir kasalxonada elektr generatorlar o‘rnatganmiz. Meni o‘zim shaxsan joylarga chiqib turaman, uzluksiz ishlashini ko‘rganman shu generatorlarni. Yoqilg‘isi solinsa ishlayveradi.

Sun’iy nafas oladigan bemorlar bor, reanimatsiyada yotganlar bor, operatsiyadan keyingi bemorlar bor, ularga muolaja jarayonini uzluksiz ushlab turishga shu generatorlar yordam beradi”, - deydi Sevara Ubaydullayeva.

Bundan oldin Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanayev ham svet o‘chgan hududlarda kasalxona va poliklinikalar zahira quvvatiga o‘tkazilgani, bemorlardan muammo haqida hech qanday shikoyat va murojaat bo‘lmaganini bildirgan.

Sanayevning aytishicha, 26 - yanvar kuni elektr energiyasi ta’minoti to‘liq tiklangan va shifoxonalar odatiy ish tartibida faoliyat yuritmoqda.

25 - yanvar kuni O‘zbekiston energotizimida yuz bergan “yirik nosozlik” deyarli butun mamlakatni bir necha soat davomida elektrsiz qoldirdi.

Generatorlar hamma joyda ham ishlamaydi

Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar va Ozodlik suhbatlashgan shifokorlarning so‘zlaridan ma’lum bo‘lishicha, blekaut ortidan mamlakatdagi hamma tibbiyot muassasalari ham zaxira quvvatiga o‘tolmagan.

Surxondaryo viloyati Angor tumani kasalxonasida ishlovchi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan shifokorning Ozodlikka aytishicha, generatorlar ishlamaydi.

“Svet o‘chdi, suv nasoslari ishlamay, suv ham uzilib qoldi. Og‘ir bemorlar tang ahvolda qoldi. Juda qiyin bo‘ldi. Nomiga qo‘yilgan 380 voltlik generatorlar bor-ku, ishlamaydi, kecha ham ishlamadi.

Biz tuman shifoxonasi bo‘lgani uchun kislorodga ulangan bemorlarni viloyatga jo‘natamiz, ularda dvijok bor. U yerda ham ba’zida ishlamaydi. Og‘ir bemorlarga svet o‘chib qolsa, ruchnoy havo beradigan maxsus qop bilan qo‘lda kislorod beriladi. Shoshilinch operatsiya payti svet o‘chib qolsa, telefon yoki sham yorug‘ida Ibn Sino davridagiday operatsiya qilinadi. Kecha, Xudoga shukur, operatsiya payti bo‘lmadi svet o‘chishi”, - deydi angorlik shifokor.

Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi kasalxonada ishlovchi shifokor Javohir Xotamov ham generatorlar ishlamasligini aytadi.

“Kecha juda qiyin bo‘ldi. Generatorlar bor, ishlamaydi. Faqat operatsion xonada kichkina generatorlardan foydalanishadi. Kasalxona hovlisida katta generator olib kelib qo‘yishgan, lekin ishlamaydi. Komissiya kelsa ko‘rsatishadi, 2015 - yildan beri yotibdi. Shunga kecha, tok bo‘lmaganidan keyin laboratoriya, EKGlarni qilolmadik, bemorlarga muolajani berolmay qoldik. Shunga bugun kasal tiqilib ketib qoldi. Hozir svet bor endi”, - deydi Javohir Xotamov.

Ayni paytda tarmoq foydalanuvchilari qator shifoxonalarda hanuz elektr yo‘qligi haqida yozishmoqda.

Jumladan, Namangan viloyatidagi Pediatriya bo‘limi shifokori Telegram tarmog‘idagi “Shifokorlar” guruhida "bolalarni qo‘rqitmaslik uchun fonar tizimida ishlashayotgani, hanuz elektr toki kelmagani" haqida yozdi.

Xorazmdagi Ginekologiya bo‘limlaridan birining vrachi esa, o‘zi ishlab turgan bo‘limda na svet, na issiq-sovuq suv yo‘qligi, shifokorlar va bemorlar og‘ir ahvolda kutayotganini bildirdi.

"Svet yo‘q, xonalar sovuq"

Elektr ta’minotidagi uzilish sabab nafaqat chekka hududlar, balki poytaxt Toshkent va boshqa yirik shaharlardagi kasalxonalarda ham muammolar yuzaga kelgani kuzatildi.

Toshkentdagi AKFA Medline xususiy klinikasida davolanayotgan bemorlar 25 - yanvar kuni svet yo‘qligi va isitish tizimlari ishlamayotgani haqida shikoyat qildi.

“Kamida 850 ming so‘m to‘laymiz, svet yo‘q, xonalar sovuq, bemorlar hamshiralarga pul berib, sham yoqishyapti. Bu xususiy kasalxona, davlatnikini tasavvur qilaverasiz”, - dedi Ozodlikka ismi ochiqlanmasligini istagan bemorlardan biri.

Samarqanddagi Shoshilinch tibbiy yordam markazida davolanayotgan bemorlardan biri Ozodlikka:

“Kasalxonaning dializ bo‘limida elektr quvvati uzilishi tufayli sun’iy buyrak apparatlari o‘chib, barcha bemorlar hayotiy muolajalarsiz qolib ketishdi”, deb aytdi.

Toshkentdagi Respublika Onkologiya va radiologiya markazida esa 25 - yanvar kuni blekaut sabab muolajalar to‘xtatildi.

Toshkentdagi Onkologiya markaziga Elekta Infinity shirkati ishlab chiqargan zamonaviy chiziqli tezlatkich nur berish uskunasi 2018 - yilda qariyb 2 million dollar evaziga o‘rnatilgandi.
Toshkentdagi Onkologiya markaziga Elekta Infinity shirkati ishlab chiqargan zamonaviy chiziqli tezlatkich nur berish uskunasi 2018 - yilda qariyb 2 million dollar evaziga o‘rnatilgandi.

Markazga Elekta Infinity chiziqli tezlatgichni yetkazib bergan “UMN Medical” shirkati bosh direktori Manvel Arutunyaning Ozodlikka aytishicha, yuqori texnologiyali uskunalar generatorda ishlamaydi.

“Chiziqli tezlatgichlar doimiy tokda ishlaydi, dvijokda ishlamaydi. Kecha muolaja shuning uchun to‘xtatilgan edi. Bugundan to‘liq rejimda ishlayapti”, - dedi Arutunyan.

Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva Ozodlik bilan suhbatda ba’zi kasalxonalarda muammolar yuzaga kelgan bo‘lishi mumkinligini inkor qilmadi.

“To‘g‘ri, ba’zi uskunalarga doimiy tok kerak. Har-xil holat bo‘lishi mumkin, dvijoklar ishlamay qolishi mumkin. Mana, gemodializ uskunasi ham siz aytayotganday, yuqori texnologiyali qurilma, u ham elektrodvijok bilan ishlamasligi mumkin. Bizda og‘ir bemorlarni ushlab turgan uskunalar uchun kerak bo‘lgan quvvatiga qarab dvijok o‘rnatganmiz. Gemodializ yoki nurlash uskunalari bilan muolaja keyin ham davom ettirish mumkin bo‘lgan muolajalar sirasiga kiradi. Svet tiklangandan keyin ham davom ettirsa bo‘ladi. Hayot uchun reanimatsion holatlarda inson hayotini saqlab qolish mumkin bo‘lgan holatlarda yuqori quvvatli generatorlar ishlatiladi”, - deydi Sevara Ubaydullayeva.

Bundan avval elektr ta’minotidagi uzilishlar sabab sun’iy nafas olish qurilmasi ishlamay qolishi natijasida o‘lim holatlari ham bo‘lgan.

2018 - yilning dekabrida Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumanida 59 yashar o‘qituvchi elektri har kuni uzilib turgan kasalxonada 14 kun komada yotib vafot etgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

Dvijok ishlamay qolishi bilan bog‘liq ba’zi hollarda shifokorlar yoki qarindoshlari qurilmani qo‘li bilan siqib, bemorlarga kislorod berishga majbur bo‘lgan holatlar ham kuzatilgan.

“Blekaut” Markaziy Osiyoning Yagona elektr tarmog‘iga ulangan qo‘shni davlatlar - Qozog‘iston va Qirg‘izistonning yirik shaharlarida ham kuzatildi. Millionlab aholi elektr energiyasisiz qoldi.

Ammo bu davlatlarda elektr ta’minoti bir necha soat ichida to‘liq tiklandi.

O‘zbekiston Energetika vazirligining bildirishicha, mamlakatning ayrim hududlarida 27 - yanvar kuni ham energotizimdagi yirik avariya oqibatlarini bartaraf etish ishlari davom ettiriladi.

XS
SM
MD
LG