Shu yilning 9-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi JIEDning 1-sonli tergov izolyatorida saqlanayotgan bloger Abduqodir Mo‘minov "muassasa ichki tartib-qoidalarini buzish" aybi bilan 10 kunlik karserga tashlandi.
Bu haqda Ozodlikka tergov izolyatori ma’muriyati bilan muloqotdan so‘ng jurnalistning onasi Sabohat Abdullayeva xabar qildi.
Abduqodir Mo‘minovning karserga tashlangani haqidagi xabar uning apellyatsiya sudida o‘ziga nisbatan qiynoqlar haqida gapirib, prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilishi ortidan paydo bo‘lmoqda.
8-oktabr kuni tarmoqlarda tarqalgan videoda Abduqodir Mo‘minov tergov jarayonida o‘zining shafqatsiz qiynoqlarga tutilganini aytgan va qiynoq qo‘llaganlarning nomlarini keltirgandi.
Sabohat Abdullayeva o‘g‘lining nega karserga tashlanganiga aniqlik kiritish uchun JIEDning 1-sonli tergov izolyatori mulozimlariga murojaat qilganini aytadi:
«Ancha kutib o‘tirganimizdan keyin o‘zim kirdim.O‘g‘lim bilan uchrashuvim nima bo‘ldi, desam, «o‘g‘lingiz bilan uchrasholmaysiz», dedi. Sababi nima desam, «o‘g‘lingiz ichki rejimni buzganligi sababli maxsus xonaga, «karser»ga tashlangan», dedi. Bular yana o‘g‘limni qiynashni boshlashdi, deb yig‘ladim».
Qamoqxona ma’muriyati Abduqodir Mo‘minov izolyator ichki tartibini apellyatsiya sudidan ancha oldin, 20-sentabrda buzgani uchun endi jazoga tortilayotganini iddao qilgan.
«Toshturmadan chiqib yana qayta kirdim. Bir xodimi chiqdi, Erkin Ikromov ekan. 6-oktabrda sud bo‘lgan bo‘lsa, allaqachon tartibni buzdimi deb, undan so‘rasam, u esa «yo‘q, tartibni oldin, 20-sentabrda buzgan ekan, soch-soqolini olmagan ekan, olgin deyishsa, xodimlarni haqorat qilgan ekan», dedi», deya qamoqxona ma’murining so‘zlarini keltiradi Sabohat Abdullayeva.
6-oktabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar apellyatsiya sudi Mirobod tuman sudining 4-avgust kuni Abduqodir Mo‘minovni 7 yilu 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish haqidagi hukmini o‘zgarishsiz qoldirgandi.
Mahkamada so‘zga chiqqan Abduqodir Mo‘minov prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilgan.
U murojaati avvalida o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qiynoqlar haqida gapirgan:
«Assalomu alaykum hurmatli prezident Shavkat Mirziyoyev janoblari. Menga nisbatan 2023-yil 7-fevral kuni kech soat 22dan boshlab bugungi kungacha, (bu arizani 10-sentabr kuni yozib qo‘ygan edim) o‘ta og‘ir, ham ruhiy, ham jismoniy qiynoqlar qo‘llab, tanamga elektr toki ulab, jinsiy a’zomga tepib, ezg‘ilab, hayvonni ham urib tepgandan battar qilib, maxsus dubinkasi bilan oyog‘imga juda ko‘p miqdorda urib, tanamni deyarli barcha joyiga tepib, kaltaklab, chap tomondagi qovurg‘amni sindirishgan. Og‘ir qiynoqlarga solgan Toshkent shahar IIBBning, IIVdagi va Mirobod tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudidagi ayrim axloqsiz, tarbiyasiz, pastkash yovuz kimsalarning bugungi ahvoliga kulishni ham, yig‘lashni ham bilmayman».
Abduqodir Mo‘minovning so‘zlariga ko‘ra, u tergov davomida o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qiynoqlardan “to‘yib” ketganidan iqrorlik ko‘rsatmasi berishga majbur bo‘lgan.
O‘zining aytishicha, tergovchi, agar barcha ayblarni bo‘yningga olsang, advokatlardan voz kechsang, uy qamog‘i bilan ozodlikka chiqib ketasan, deb va’da bergan.
Ammo, Abduqodirning iddao qilishicha, uni aldashgan. Barcha iqror hujjatlariga qo‘l qo‘ydirib olinganidan so‘ng, ish boshqa tergovchiga o‘tkazilgan.
Abduqodir Mo‘minov Toshkent JIEDning 1-sonli tergov izolyatorida “loxmachlar” tomonidan mahkumlarni qiynoqqa solish davom etayotgani haqida prezidentga murojaat qilib, Toshkent shahar IIBBda uni qiynoqqa solgan shaxslarni nomma-nom keltiradi.
Onasi Sabohat Abdullayeva o‘g‘lining karserga tashlanishiga ham aynan uning apellyatsiya sudidagi nutqi va bu nutqning ijtimoiy tarmoqlarga chiqib ketgani sabab bo‘lgan, deb ishonadi.
Sabohat Abdullayevaning aytishicha, 20-sentabrdan so‘ng o‘g‘lining oldiga bir necha bor advokat kirgan, ammo “ichki tartib buzilgani” haqida gap ham bo‘lmagan.
Uning taxmin qilishicha, 9-oktabr kuni Kanadada yashayotgan o‘zbekistonlik jurnalist Ulug‘bek Ashurning Yutyubdagi “Negativ” kanalida Abduqodir Mo‘minovning apellyatsiya sudida qiynoqlar va Toshkent shahar IIBB tergovchilarining noqonuniy xatti-harakatlari haqida so‘zlagan nutqi e’lon qilinganidan so‘ng, uni jazolash maqsadida “karser”ga tashlashgan.
Ozodlik bilan mikrofonsiz gaplashgan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi jazoni ijro etish departamenti xodimiga ko‘ra, bloger Abduqodir Mo‘minovga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat ijroiya kodeksining 105-moddasi (Intizomiy jazo choralari)ning 5-bandiga asosan intizomiy bo‘linmaga kiritib qo‘yish chorasi qo‘llanilgan.
Mulozim jurnalist Abduqodir Mo‘minovning qoidabuzarligi tafsilotlari borasidagi savolini javobsiz qoldirdi. Shuningdek, blogerning ishi “yuqori” bilan bog‘liqligiga ishora qilib, barchasi Toshkent viloyati maxsus prokuraturasi nazorati ostida ekanini aytdi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi JIEDning 1-sonli tergov izolyatorining navbatchilik qismi bloger Abduqodir Mo‘minovning qanday qoidabuzarlik sodir etganiga oid Ozodlik savolini izohsiz qoldirdi.
Mo‘minovning ayoli N. Rahmatjonovaga ko‘ra, haligacha ularga jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi apellyatsiya sudlov hay’ati ajrimi berilgani yo‘q.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot kotibi Aziz Obidovga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar apellyatsiya sudi jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining 4-avgust kuni Abduqodir Mo‘minovni 7 yilu 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish haqidagi hukmini o‘zgarishsiz qoldirgan.
Oliy sud bayonotida sudlanuvchi Abduqodir Mo‘minovning yuqori instansiya sudiga kassatsiya tartibida shikoyat berish huquqi borligini tushuntirgan.
Mahkamani yaqindan kuzatgan faollarga ko‘ra, apellyatsiya sudi ham xuddi quyi instansiya sudidagi kabi ochiq, ammo kuzatuvchilar va faollar kiritilmagan holda o‘tkazilgan.
Apellyatsiya sudi Abduqodir Mo‘minovning advokatlari tomonidan kiritilgan vajlarning birortasini inobatga olmagan, guvohlarni qayta so‘roq qilmagan.
Biroq apellyatsiya sudida davlat ayblovchisi advokatlarning dastlabki tergovlar davrida Mo‘minovga nisbatan qiynoqlar qo‘llanilganiga oid iddaolarining isbotlanmaganini e’tirof etgan.
Abduqodir Mo‘minov shu yilning 4-avgustida jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi hukmi bilan 3 yilgacha jurnalistlik faoliyatni cheklash bilan 7 yilu 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgandi. Hukm bilan u jazo muddatini umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan.
Shuningdek, jurnalist zimmasiga bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdoridagi jarima hamda 900 million so‘mdan ortiq moddiy zazarlarni qoplash yuklatilgan.
Sud blogerni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 141-1-moddasi (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) 2-qismi “a” bandi, 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi, 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi, 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) 1-qismi va 28,211-moddasi (pora berishda ishtirokchilik) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topgan.
YouTube’dagi “Ko‘zgu” kanali muallifi Abduqodir Mo‘minov joriy yilning 8-fevralida “firibgarlik” va “tovlamachilik”da gumon qilinib, hibsga olingandi.
To‘qqiz oydan buyon hibsda saqlanayotgan, dastlabki tergov va quyi instansiya sudida advokatdan voz kechgan Mo‘minovning o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarni qisman tan olgan.
Ammo apellyatsiya sudida o‘zining tergov organi tomonidan aldanganini, shuning uchun ayrim epizodlar bo‘yicha ayblovlarni tan olganini ta’kidlagan.
Huquq faollari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bloger prezident Mirziyoyevning kuyovlari biznesi haqida olib borayotgan surishtiruvi tufayli qo‘lga olinganiga ishonishadi.
Shu yil mayida Parijdagi “Chegara bilmas muxbirlar” (RSF) tashkiloti O‘zbekistonda jurnalist va blogerlarga bosimlar kuchayib borayotganini qayd etgan. Hisobotga muvofiq, O‘zbekistonda so‘z erkinligi o‘tgan yilgiga qaraganda to‘rtta pozitsiyaga yomonlashib, 133-o‘rindan 137-o‘ringa tushgan.