O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi JIED tizimidagi 22-sonli umumiy tartibli koloniyada 7,5 yillik qamoq jazosini o‘tayotgan bloger, O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati faoli Murod Maxsudov joriy yilning 18-fevral kuni Navoiydagi turmaga o‘tkazildi. Bu haqda Ozodlikka mahkumning yaqinlari ma’lum qilishdi.
“Mahkum M. Maxsudov muassasada o‘rnatilgan ichki tartib qoidalarini buzib kelayotganligi va bir yil davomida ikki marotaba intizomiy jazoga tartilganligi sababli koloniya boshlig‘ining 13.02.2025 yildagi qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi JIKning 105-moddasi va 112(1)-moddasiga asosan saqlash rejimini ashaddiy buzuvchi mahkum deb topilgan”, deyilgan jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Zangiota tumani sudi ajrimida.
Mahkum Murod Maxsudov o‘talmay qolgan 6 yil 2 oy 5 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosini 2 yil qismini o‘tash uchun turma tartibidagi koloniyada o‘taydi.
Qonunchilikka ko‘ra, turmalar turmaga qamash tariqasidagi ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilingan shaxslarni, shuningdek umumiy va qattiq tartibli koloniyalardan jazoni o‘tash tartibini ashaddiy buzganligi uchun o‘tkazilgan shaxslarni saqlash uchun mo‘ljallangan.
Xalqaro tashkilotlar mazkur turdagi jazoni ijro etish muassasalarini yopishni tavsiya qilib keladi.
Blogerning keksa pedagog otasi Ma’murjon Maxsudovga ko‘ra, huquqni muhofaza qilish organlari sobiq xodimlari uchun qurilgan 22-sonli maxsus koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan Murod Maxsudov tinimsiz shikoyatlari uchun turmaga yuborilgan.
“O‘g‘limni bir necha marta karserga tashlashdi. Uning Ombudsman qutilariga tashlagan shikoyatlari qonunga xilof ravishda qutilarni buzib, maxsus prokuratura olgan. Buni qarangki, Ombudsman kotibiyati xodimlari ham qutilarning hatto buzilmaganini aytib o‘tiribdi. Shunday bo‘lgach, bizni kim eshitadi?” dedi Ma’murjon Maxsudov.
Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida korrupsiya va nepotizm jinoyatlari haqida yozgan bloger M. Maxsudov jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi tomonidan 2024-yil 14-iyun kuni chiqarilgan hukmga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi “b, g” bandlari, 165-moddasi 2-qismi “b” bandi va 139-moddasi 3-qismi “a, g” bandlari bilan aybli deb topilib, 7 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan edi.