Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:27

Bo‘yinbog‘siz safar. Mirziyoyev 1 yarim mingdan ortiq mulozimi bilan Qoraqalpog‘istonni kezmoqda


Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda, 23 -fevral, 2022
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda, 23 -fevral, 2022

Prezident Shavkat Mirziyoyev, qator davlat idoralari va hokimliklar rahbararidan iborat 1 yarim ming mulozimi bilan, Qoraqalpog‘istonga safar qilmoqda.

Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, birinchi marta 3 kunlik safar bilan hududga borgan prezident, qator tumanlar va u yerlarda bajarilayotgan loyihalar taqdimotini ko‘zdan kechirmoqda.

Ekologik va iqtisodiy muammolar changalida qolib ketgan Qoraqalpog‘istonning qator tumanlari 2020 - yildan Toshkent shahri va viloyati hamda qator viloyat hokimliklariga otaliqqa berilgan.

Ammo mahalliy aholi vakillarining aytishicha, ekologik halokat hududi bo‘lgan mintaqa muammolari saqlanib qolmoqda.

Mirziyoyev: Rahbarlar Orol havosidan nafas olsin!

Prezident Qoraqalpog‘istonga 3 kunlik safarini 23 - fevral kuni Mo‘ynoq shahridan boshladi.

Bu safar arafasida Mo‘ynoqning 1947 - yilda qurilgan eski va qarovsiz aeroporti ta’mirdan chiqarildi.

Matbuot xizmatiga ko‘ra, qayta ishga tushgan aeroportga birinchi bo‘lib prezidentning samolyoti qo‘ngan.

Tashrifdan asosiy maqsad - Orolbo‘yini rivojlantirish loyihalarini ko‘zdan kechirish.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda, 23 - fevral, 2022
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda, 23 - fevral, 2022

Mirziyoyev, so‘nggi 50 yil ichida qurib bitayozgan Orol dengizi tegrasidagi abgor, qurib-qaqshab qolgan muhit va aholi punktlarini boshqa viloyatlarga otaliqqa berish yo‘li bilan rivojlantirish, deb tashabbus boshlagan.

- Orolning havosidan nafas olishi, sharoitni ko‘rib, adolatli baho berishi uchun bu yerga butun respublikadan rahbarlarni yubordim. Qoraqalpog‘iston rivojiga katta mablag‘ yo‘naltiramiz, - deb va’da qildi prezident 23 - fevral kuni.

Orolning qurigan tubidan reportaj

Rasmiy xabarga ko‘ra, prezident Orol hududiga borgan va dengizning qurigan tubiga daraxt ekish jarayonini ko‘zdan kechirgan. 2018 - yilda Mo‘noqqa borgan prezident shunday vazifa qo‘ygan edi.

Prezident xizmati hisoboticha, hozirgacha 1 million 524 ming gektar to‘qayzor barpo etilgan. Buning uchun saksovul, qorabo‘roq, qandim, cherkez kabi cho‘l o‘simliklaridan qariyb 6 ming tonna urug‘ tayyorlanib, qiyin sharoitlarda ekilgan.

Joriy yilda esa 100 ming gektar maydonni “yashil qoplama” bilan qoplash rejalangan. Buning ustiga prezident, Orolbo‘yining flora va faunasini yaxshilash uchun 5 yillik milliy dastur ishlab chiqish vazifasini qo‘ygan.

Prezident bilan birga, Qoraqalpog‘istonga borgan Prezident sobiq matbuot kotibi, Mass media fondi vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov, prezidentga 1 yarim mingga yaqin mulozim hamrohlik qilayotganini bildirdi.

U o‘zining Telegram sahifasida Orolning qurigan tubidan video joyladi.

Nukus hokimligi: 1 oydan beri tayyorgarlik ko‘ryapmiz

Qoraqalpog‘iston hokimiyat organlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev va hukumat delegatsiyaning tashrif sanasi 1 hafta muqaddam ma’lum qilingan, tayyorgarlik esa 1 oy oldin boshlangan.

Jumladan, Nukus shahar hokimligi matbuot xizmatidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Nukus, To‘rtko‘l, Shumanay, Mo‘ynoq, Ellikqal‘a va Taxtako‘pir tumanlarida qator obyektlar qurilgan yoki ta’mirlanib, hozirlab qo‘yilgan.

“2020 - yilda Nukus shahri Toshkent shahar hokimligiga biriktirilgan. Shundan keyin boshlangan loyihalar bor, shularni borib ko‘radilar. Masalan, Chimboy guzari, To‘rtko‘l guzari, Mo‘ynoqdagi aeroport, vertolyot qo‘nish maydonchasi qurildi. Chorvachilik, “Obod qishloq” dasturi, sun’iy ko‘l barpo etilishini ko‘zdan kechiradi”, dedi shahar hokimligi matbuot xizmati xodimi.

Bundan tashqari, qator tumanlarda qo‘shimcha quvur tortib suv keltirish va istirohat bog‘larini qurishi rejalari bajarilmoqda.

Ammo, Ozodlikka kelayotgan ba’zi xabarlarga ko‘ra, boshqa viloyatlada bo‘lgani kabi, Qoraqalpog‘istonda ham “soxtakorlik”larga yo‘l qo‘yilmoqda.

Jumladan, Nukus tumanidan Ozodlikka fotosurat va videolarni yo‘llagan nukuslikka ko‘ra, 1 oydan buyon favqulodda shoshilinch ravishda katta yo‘llar tekislanmoqda:

“Lekin, uylarning old tarafini buyab, ekin ekilmagan yerlarning ustidan ekilmagan joyga plyonka torttirishyapti”.

Nukusda prezident kelishiga tayyorgarlik, 23 - fevral, 2022
Nukusda prezident kelishiga tayyorgarlik, 23 - fevral, 2022

Nukusda prezident kelishiga tayyorgarlik, 23 - fevral, 2022
Nukusda prezident kelishiga tayyorgarlik, 23 - fevral, 2022

Tadbirkor: Kredit va ekin yeri berilmayapti

Amudaryo viloyatida istiqomat qiladigan 33 yashar tadbirkor Adolat Hayitboyeva prezident tomonidan Qoraqalpog‘istonga berilayotgan bunday e’tibordan mamnunligini bildirdi.

Aytishicha, bu respublikada muammolar yig‘ilib qolgan, ularni yechish esa mahalliy hokimiyatning ixtiyorida emas:

“Tadbirkorman. Savdo markazi quraman, deb bankdan kredit olishga urindim. 8 oy yugurdim. Bankka boraman, resurs yo‘q, Toshkentdan ajratilmadi, deydi. Kunlab javob kutamiz. Mirziyoyevdan iltimos qilardimki, tuman baknlariga kredit taqsimotida erkinlik bersin!”

Bundan tashqari tadbirkor, 2 yildan buyon chorvachilik uchun yer ham ololmayotganini aytadi:

“Xo‘jayinim bilan 200 bosh qoramol uchun 10 milliard so‘mlik kredit va 50 gektar ekin yeri so‘radik. 2 yildan beri ololmaymiz. Televizorda chiqib aytishadi: “Tadbirkorlik qilinglar, yer beramiz, pul beramiz”, deb. Amalda yo‘q. Qoraqalpog‘istonga yetib kelmaydi. Boshqachasiga tirikchilik qilishni imkoni yo‘q. Ekin yerlari kam, suv tanqis”.

33 yillik o‘qituvchi: Odamlar shaharlarga ko‘chib ketyapti

Qoraqalpog‘iston yirik ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy muammolar changalida qolayotgan hududlardan biridir.

Ozodlikka muttasil kelayotgan shikoyatlarda - suv taqchilligi, ekin yerlarining qisqarib ketgani, ishsizlik va ma’muriy boshqaruv organlarining foydasizligiidan noliydiganlar ko‘p.

Amudaryo tumanidagi maktablardan birida 33 yildan buyon o‘qituvchilik qilayotgan ayol, respublikaning aksar hududlarida yer va suv aholi uchun juda yaroqsiz holga kelib qolganini aytadi.

Aholini qiynab turgan muammolarni birma-bir sanagan o‘qituvchi, bu muammolarni prezident Mirziyoyev albatta eshitishi kerak, deb ta’kidlaydi:

“Birinchi muammo suv - ichimlik va dehqonchilik uchun suv yetishmaydi. Bizga artizian quduq kovlab bersa ham rozi bo‘lardik. Aholi ko‘chib ketyapti. Ko‘pi Qozog‘istonga yoki yaqinimizdagi Bo‘ston shahriga ko‘chib ketyapti. Ikkinchi muammo, yo‘llar abgor. Eng yaqin shahar 70 kilometr, 3 kunlab transportsiz qolib ketamiz qish faslida. Dorixona, shifoxona yo‘q, tasavvur qiling! Keyin ishsizlik. Odamlar Rossiya va Qozog‘istondan pul topadi. Eng muhimi, yer sho‘rlanib ketgan. 10 sotixdan zo‘rg‘a 300 kilo bug‘doy olamiz. Yem-xashak yo‘q yoki qimmat, chunki suv yo‘q. Bitta qoramol bir kunda 25 so‘mlik xashak yeydi. Xullas, hokimiyatlardan olamlar kelib o‘rganib ketaveradi, natija yo‘q”.

Jurnalist: Populistcha, ammo to‘g‘ri siyosat

Ismini sir saqlash sharti bilan gapirgan o‘zbekistonlik jurnalist Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘istonga katta e’tibor qaratayotganini to‘la quvvatlashini aytadi.

“Prezident sifatida Qoraqalpog‘istonga ilk safarini eslaysizmi? Odamlarning ichiga kirib borgandi, qo‘riqchilari dovdirab qolgandi. Bularning hammasi bekorga emas edi. Bu avtonom respublika nozik hududi, buning ustiga ekologik falokat hududi. Islom Karimov oxirgi yillarda umuman tashlab qo‘ygandi. Qoraqalpoqlar qo‘shni Qozog‘iston yoki Rossiyadan topgan puliga yashayotgandi. Shuning uchun Mirziyoyev kelishi bilan ataylab, menimcha ataylab, bu respublikaga katta e’tibor ko‘rsatdi. Haliyam shu kursni ushlab turibdi va men buni judayam to‘g‘ri, deb hisoblayman”.

Ayni paytda jurnalist bu alohida e’tiborning hozirgacha quruq va’da va balandparvoz va’dalardan nariga o‘tmayotganini ham urg‘uladi. Fikricha, Mirziyoyev va uning atrofidagi amaldorlar, xuddi Islom Karimov davrida bo‘lgani kabi hozir ham Orolbo‘yi mintaqasini “sog‘ib yotibdi”:

“Jahongir Ortiqxo‘jayevga Nukus shahrini biriktirib bergan, deyishyapti. Yoki Xo‘jaylini Buxoro viloyati hokimligiga bergan va hokazo. Biz bu hokimlarning naqadar korrupsiyalashib ketganini bilamizmi? Bilamiz. Orolbo‘yi uchun yillardan beri xalqaro tashkilotlardan olingan pullar yeb bitirilganini bilamizmi? Bilamiz. Hozir, mana endi Orolning tubiga daraxt ekamiz, deb yana milliardlab pul sarflanyaptimi? Tuz bosgan dengiz tubi - saksovul qumda o‘sishi mumkin, lekin tuzda o‘smaydiku?! Xullas, bu milliard-milliard pularni tuz bosgan dengizni tubi yoki hokimlarni cho‘ntagiga tashlaguncha, oilalarga bo‘lib chiqsa edi, ahvol ancha yaxshilangan bo‘lardi”.

Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelgach, birinchi bo‘lib Qoraqalpog‘istonga safar qilgan edi.

Prezident huzurida Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazini ochgan va bu markazning asosiy vazifalaridan biri Orolning qurigan qismidagi ekotizimni yashillashtirishga qaratilgan.

2021 - yil 18 - may kuni BMT Bosh Assambleyasi Orolbo‘yi hududini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi, deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiyani qabul qildi.

XS
SM
MD
LG