Линклар

Шошилинч хабар
05 ноябр 2024, Тошкент вақти: 10:26

Bolalarga zo‘ravonlik qilganlik jarimasi oshirildi. Shu bilan muammo hal bo‘ladimi?


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Tojikiston parlamenti quyi palatasi yaqinda Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksga yangi tuzatishlarni qabul qildi – ular bolalarga shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun jazoni kuchaytirishni nazarda tutadi.

Uch bolaning otasi Emomali Sohibov bir yarim yil muqaddam o‘zaro tushunmovchilik tufayli xotini bilan ajrashganini va endi sobiq turmush o‘rtog‘i farzandlariga otasi bilan ko‘rishishga ruxsat bermayotganini aytadi. Ajrashganlaridan so‘ng ular qo‘shni bo‘lib yashar ekanlar, shu bois Emomali ba’zan ko‘chada bolalari bilan tasodifan uchrashib qoladi.

“Ko‘chada meni ko‘rishgani hamon qochib ketmoqchi bo‘lishadi. Nimaga bunday qilasizlar, deb bir necha marta so‘radim. Aytishadiki, onalari ruxsat bermas ekan, men bilan gaplashishganini bilib qolsa, ularni urar emish. Kunlarning birida o‘g‘limning tanasida momataloq bo‘lgan joylarni ko‘rdim, nima bo‘ldi, deb so‘rasam, ko‘chada men bilan ko‘rishganini kimdir onasiga chaqib berganini va u telefon “zaryadnigi” simi bilan savalaganini aytdi”, deydi Ozodlik suhbatdoshi.

Bolalarning onasi o‘g‘lini urganini inkor etdi, ayni chog‘da jurnalist bilan ortiq so‘zlashishni ham xohlamadi.

Emomali esa o‘g‘lining tanasida zo‘ravonlik izlarini ko‘rgach, sudga murojaat qilibdi. Ammo sud, uning aytishicha, arizasini jiddiy qabul qilmagan.

Psixologlar ogohlantirishicha, oilaning barbod bo‘lishi bolalar hayotida asorat qoldirmay qo‘ymaydi, lekin ular qo‘shimchasiga zo‘ravonlikdan ham aziyat chekmasligi kerak, chunki bu jiddiy oqibatlarga olib borishi mumkin.

Jazo choralari kuchaytirildi

Yaqinda Tojikiston parlamenti quyi palatasi Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksga bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilganlik uchun jazo choralarini kuchaytirishni nazarda tutuvchi tuzatishlarni qabul qildi. Bolalarga shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun jarima miqdori 300 somoniydan 420 somoniyga oshirildi.

Bolalarga zo‘ravonlik qilgani uchun minglab odam jinoiy ta’qib etilganiga qaramay, muammo hal bo‘lmayotgani, qaytaga battar chuqurlashib, ko‘lami kengayayotgani hukumatni xavotirga solmoqda. Tojikiston bosh prokurori o‘rinbosari Mirzaomon Rafizoda 17 - noyabr kuni parlament yig‘ilishida ma’lum qilishicha, bolalarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgani uchun jarimaga tortilgan shaxslar soni yil sayin ortib bormoqda. 2019-2020 - yillarning o‘zida qariyb 27 ming kishi bolalarga zo‘ravonlik qilgani uchun javobgarlikka tortilgan.

“Kam jarima samara bermayapti, shu bois javobgarlikni kuchaytirish maqsadga muvofiqdir”, degan bosh prokuror o‘rinbosari.

Ayrim tahlilchilar fikricha, rasmiy statistika haqiqiy vaziyatni aks ettirmaydi, chunki bolalarga nisbatan zo‘ravonlarcha munosabatda bo‘lish muammosi har doim ham oiladan tashqariga chiqmayapti.

Facebook” faollari zo‘ravon otani militsiyaga topshirishdi

Gohida ijtimoiy tarmoqlarda voyaga yetmagan shaxslarning kaltaklangani aks etgan videoyozuvlar paydo bo‘ladi, jamoatchilik orasida rezonans kelib chiqqanidan so‘ng huquqni muhofaza qiluvchi idoralar zudlik bilan aybdorni ushlash va jazolash choralarini ko‘rmoqda. Chunonchi, o‘tgan yilning mayida katta yoshli erkak o‘g‘il bolani urayotgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarni larzaga solganida o‘sha odam (u bolaning otasi ekan) hibsga olingan edi. Videoda ota o‘g‘lini kaltaklaydi, hatto oyog‘ini uning boshiga qo‘yib, yerga bosadi. Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari bu qilmishi uchun erkakni keskin qoralab, vakolatli idoralarni uni javobgarlikka tortishga chaqirishdi.

Tojikistonda bolalarga shafqatsiz munosabatda bo‘lish yoki ularga tahdid va zo‘ravonlik qilish holatlarini nafaqat oilalarda, balki maktab, bog‘cha va boshqa jamoat joylarida ham kuzatish mumkin.

Psixolog Mahmadullo Davlatov aytishicha, zo‘ravonlik yoki shafqatsiz muomala ko‘rgan bolalar kelajakda boshqalar bilan ayni muomalada bo‘ladi.

“Odamlar bilan uchrashuvlarda “siz bir-biringizga shafqatsizlik qilar ekansiz, o‘zingizga o‘xshagan kishilarni yetishtirayotganingizni unutmang – sizdan yomon muomala ko‘rgan bola vaqti kelib o‘zgalarga shafqatsizlik qiladi. Siz yaratgan mehrsizlik muhiti ularni diydasi qattiq qilib tarbiyalaydi”, deb qayta-qayta uqtiramiz”, deydi psixolog.

Parlament quyi palatasi a’zolari va hokimiyat vakillari jarimalarning oshirilishi voyaga etmagan shaxslarga nisbatan zo‘ravonlarcha munosabatda bo‘lish holatlarining kamayishiga olib keladi, deb hisoblashmoqda, ammo psixologlar bu fikrga qo‘shilmaydi.

“Bunaqa odamlar bilan shug‘ullanish kerak”

Mahmadullo Davlatovga ko‘ra, jazo hech qachon muammoning yagona yechimi bo‘la olmaydi, jazolash bilan birga boshqa usullardan ham foydalanish kerak.

“Jamiyatda tushuntirish ishlarini kengaytirish lozim. Bizda ko‘proq zo‘ravonlik qurbonlari bilan ish olib boriladi, zo‘ravonlik qilganlar esa odatda chetda qolib ketadi. Ortiq shafqatsizlik qilmasligi uchun ular bilan ham shug‘ullanish kerak”, deydi Mahmadullo Davlatov Ozodlik muxbiri bilan suhbatda.

Ijtimoiy tashkilotlar va fuqarolik jamiyati avvalroq bolalar bilan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, bolalardan ishchi kuchi sifatida foydalanish, bolalar mo‘ljallangan oziq-ovqat mahsulotlari yetishmasligi va mehnat migratsiyasi tufayli ularning ota-onalaridan uzilib qolishi holatlari ko‘payganidan tashvishda ekanini bildirgan edi.

Bolalar huquqlari buzilishi va ular bilan shafqatsiz munosabatda bo‘lish holatlari uchun uzoq tanqid qilingani ortidan hukumat ushbu muammoni bartaraf etish yo‘lida ilk qadam qo‘yilgani haqida rasman e’lon qildi. Ammo jamoat tashkilotlari vakillari hokimiyat idoralarining bu tashabbusini yetarli emas, deb hisoblashmoqda.

XS
SM
MD
LG