8-fevral kuni Litva, Latviya va Estoniya o‘z mustaqilligining o‘ttiz yili davomida ulangan Rossiya energiya tizimidan (BRЕLL elektr halqasi deb ataladigan) uzil-kesil uzildi. 9-fevral kuni ular Yevropa tarmog‘i bilan muvofiqlashtirilib ulandi. Ajralish hech qanday qiyinchiliklarsiz kechdi. Bu Boltiqbo‘yi mamlakatlari va Kaliningrad viloyatiga qanday ta’sir ko‘rsatishini tushuntiramiz.
"Goodbye Russia, Goodbye Lenin" – shunday so‘zlar bilan Litva prezidenti Gitanas Nauseda mamlakat BRELL elektr tizimidan chiqishi e’lon qilingan tantanali marosimni yakunladi.
Energetika tizimi nima?
Bu elektr uzatish liniyalari bilan bog‘langan va yagona markazdan boshqariladigan turli xildagi elektr stansiyalari guruhidir. Energetika tizimlari iste’molchilarga elektr energiyasini ishonchli yetkazib berish uchun yaratiladi. Ular yordamida elektr energiyasi bir hududdan ikkinchisiga muammosiz uzatiladi.
BRELL nima?
BRELL elektr halqasi Belarus, Rossiya, Estoniya, Latviya va Litva energiya tizimlarini birlashtirgan. U 2001-yil 7-fevraldagi shartnoma asosida tashkil etilgan. O‘shanda mamlakatlar elektr energiyasi almashish va favqulodda vaziyatlarda bir-birini qo‘llab-quvvatlashga kelishib olishgan edi. BRELL beshta mamlakat iste’molchilari uchun tok chastotasini tartibga solgan va kuchlanish sakrashlari oldini olgan.
BRELLdan uzilish va Yevropa Ittifoqi tarmog‘iga ulanish qanday kechdi?
BRELLdan uzilish Boltiqbo‘yi mamlakatlari uchun muhim ramziy voqea hisoblanadi. Mahalliy ommaviy axborot vositalarida uni sovet davri yakuni deb ta’riflashmoqda.
Ajralishdan 100 kun oldin Vilnyusda hatto vaqtni teskari hisoblaydigan soatlar o‘rnatilgan edi.
"Biz Rossiyani energiya tizimidan geosiyosiy tazyiq vositasi sifatida foydalanishining har qanday nazariy imkoniyatidan mahrum qildik," dedi energetika vaziri Jigimantas Vaychyunas 8-fevral kuni bo‘lib o‘tgan marosimda.
Boltiqbo‘yi davlatlari 1991-yilda SSSRdan mustaqilliklarini e’lon qilgan bo‘lsa-da, elektr tarmog‘idan ajralish murakkab texnik jarayon bo‘lib, ko‘p vaqt talab qilardi. Uzilishga tayyorgarlik ko‘rish uchun 18 yil va bir yarim milliard yevrodan ortiq mablag‘ sarflandi. Rossiyaning Ukrainaga bosqini bu jarayonni tezlashtirdi.
Ajralishdan oldin Yevropa Ittifoqi bilan aloqa o‘rnatish – quruqlik orqali Polshaga va Boltiq dengizi tubi orqali Skandinaviya mamlakatlariga yangi kabellar yotqizish zarur edi.
2022-yilda Litva, Latviya va Estoniya Rossiyadan elektr energiyasi sotib olishni to‘xtatdi. 2024-yil yozida esa Rossiya va Belarusni BRELLdan ajralish rejalari haqida xabardor qilishdi.
8-fevral kuni ertalab soat 6 atrofida Litva va Kaliningrad viloyati o‘rtasidagi elektr uzatish liniyalari uzildi. Keyin Litva va Belarus, Latviya va Rossiya, Estoniya va Rossiya o‘rtasidagi liniyalar uzib qo‘yildi.
9-fevral kuni Boltiqbo‘yi elektr tarmoqlari Polsha orqali Yevropa Ittifoqi tarmog‘i bilan sinxron ishlash rejimiga o‘tdi.
Boltiqbo‘yi mamlakatlari aholisi uchun nima o‘zgaradi? Elektr energiyasi qimmatlashadimi?
BRELLdan uzilish va keyinchalik Yevropa Ittifoqi tarmog‘iga ulanish Boltiqbo‘yi mamlakatlari aholisiga ta’sir ko‘rsatmadi, ularning elektr tizimi barqaror ishlayotganini Estoniyaning Elering energetika kompaniyasi ma’lum qildi.
DW bilan suhbatda Latviya energetika vaziri Kaspars Melnis BRELLdan chiqish mamlakatdagi elektr energiyasi narxlariga ta’sir etmasligini aytdi. Bundan tashqari, yaqin kelajakda paydo bo‘ladigan yangi qayta tiklanadigan energiya manbalari yil oxirigacha narxlar pasayishiga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi.
Bu Rossiya uchun og‘riqli jarayonmi?
Rossiya Energetika vazirligi 8-fevraldan boshlab Kaliningrad viloyatining energiya tizimi mustaqil rejimda ishlayotganini ma’lum qildi.
Hokimiyat vakillari ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya hududlarini ta’minlash barqarorligiga putur yetmagan, ish faoliyati buzilish xavfi yo‘q. Bu taxminan 10 yil davomida olib borilgan tayyorgarlik ishlari tufayli amalga oshirilgani ta’kidlanmoqda.
«Kaliningrad viloyatida Kaliningrad IES-2, Mayakovskaya IES, Talaxovskaya IES, Pregolskaya IES, Primorskaya IES, Gusevskaya issiqlik elektr stansiyasi, "Atlas-Market" MCHJning 10-issiqlik elektr stansiyasi, ikkita kichik gidroelektr stansiya - Pravdinskaya GES-3 va Ozyorskaya GES hamda bitta shamol elektr stansiyasi – Ushakovskaya SHES mavjud. Ularning belgilangan quvvati mintaqaning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini uzluksiz ta’minlash uchun yetarli, – dedi Sever.Realii nashriga "YEES Rossiya" kompaniyasi sobiq xodimi va energetika sohasidagi anonim qolishni istagan ekspert.
Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, issiqlik elektr stansiyalari va issiqlik elektr markazlarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi tannarxi AES va GESlarnikiga qaraganda ancha yuqori.
«Kaliningrad viloyati uzib qo‘yilishi iste’molchilar uchun narxlarni umumrossiya darajasida ushlab turish uchun dotatsiyalar ajratish zaruratiga olib keladi yoki tannarx o‘sishini ularning zimmasiga yuklaydi. Ehtimol, xarajatlarni budjet qoplaydi. Bundan tashqari, texnologik jihatdan dispetcherlik va ishlab chiqarish korxonalarining ish rejimlarini boshqarish biroz murakkablashadi, ammo bu to‘liq hal qilinadigan vazifa», deydi tahririyat suhbatdoshi.
Belarus-chi?
Belarus energetika tizimi Rossiya energetika tizimi bilan sinxron ishlashda davom etmoqda.
Sever.Realii suhbatdoshi fikricha, Belarus uchun hech narsa sezilarli darajada o‘zgarmaydi, chunki u so‘nggi yillarda Litvadan elektr energiyasi olmagan.
«Har qanday tizimning tashqi resurslardan foydalanish imkoniyati qanchalik keng bo‘lsa, uning umumiy barqarorligi shunchalik yuqori bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan, Boltiqbo‘yi davlatlari ham, Belarus ham, Rossiya ham – barchamiz ozgina yo‘qotamiz», deb hisoblaydi ekspert.