Линклар

Шошилинч хабар
18 октябр 2024, Тошкент вақти: 21:23

Bosh prokuratura yog‘ narxlarini tekshirmoqda. Iste’molchilarga ko‘ra muammo monopoliyada


O‘zbekistonliklar Ramazon oyini o‘simlik yog‘i keskin qimmatlab ketgan sharoitda kutib oldi. Narxlar, ayniqsa, so‘nggi hafta ichida osmonga o‘rladi: bir hafta oldin 1 litri 21 ming so‘m bo‘lgan kungaboqar yog‘ 14 - aprelda 24 ming so‘mga chiqdi. Umuman esa, mutaxassislar ayrim oziq-ovqat mahsulotlari narxi 34 foizgacha ko‘tarilganini aytmoqda.

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi fikricha, jahon bo‘ylab oziq-ovqat narxlari, shu jumladan yog‘ narxi ko‘tarilgani mahalliy savdo tashkilotlari uchun narxlar past davrda olib kelingan mahsulotni ham qimmat sotishga bahona bo‘lmoqda. Federatsiya vakili, mahalliy ishlab chiqaruvchilar bir kecha-kunduzdayoq narxlarni keskin ko‘tarib olayotganini aytarkan, "ularning narxni oshirib olishiga asos yo‘q", dedi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi fikricha esa, "ichki bozorlarda narxlar keskin o‘sishiga birinchi navbatda tashqi jahon bozorlarida narxlar oshishi va o‘tgan hosil yilida yetishtirish hajmlari nisbatan kamroq bo‘lishi" sabab bo‘lmoqda.

So‘nggi haftalarda O‘zbekistonda bir qator oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlab ketgani aytilmoqda. Biroq umumiy fonda, ayniqsa, o‘simlik yog‘ining keskin qimmatlagani seziladi. Bu Ozodlikka kelayotgan xabarlardan ham ko‘rinib turibdi.

Joylardagi narxlar

10 - aprelda kelgan xabarlardan birida mana bunday deyilgan:

Toshkent viloyatidan murojaat qilyapman. Viloyat tumanlarining dexqon bozorlarida o‘simlik (kungaboqar) yog‘ining narxi keskin oshib 4 kg yog‘ narxi 96 ming so‘mdan sotilmoqda. Ramazon oyi arafasida narxlarning bunday sun’iy oshirilishini kamaytirishning nahot iloji yo‘q?! Mutasaddi tashkilot rahbarlari ishlariga bepisand qarashmoqdami?”

14 - aprel kuni Ozodlik mamlakatning yana ikki hududidagi narxlarni surishtirib ko‘rdi.

Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumani markazidagi do‘konlardan biri mudirining aytishicha, shu kunlarda bir litr pista yog‘i narxi 22 ming so‘m, paxta yog‘i 20 ming so‘mdir.

Qashqadaryoning Koson tuman dehqon bozorida ham xuddi shunday narx shakllanganini Ozodlik shu bozordagi sotuvchilarning biridan so‘rab bildi. Ayni paytda Qarshi shahrining “Orzu“ bozorida bir litr pista yog‘i 23 ming so‘mdan sotildi.

Yog‘ qayerda arzonrog‘u qayerda qimmatroq?

Bozordagi vaziyatni O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ham o‘rgangani ma’lum bo‘ldi. Federatsiya 12 - aprel kuni e’lon qilgan ma’lumotlarga qaraganda, eng baland narxlar Samarqand viloyatida qayd etilgan: kungaboqar 26 ming so‘m, paxta 22 ming so‘m .

Eng past narxlar esa, Qoraqalpog‘istonda: kungaboqar 21 ming so‘m, paxta 18 ming so‘m.

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi matbuot xizmati bu ma’lumotlarni e’lon qilar ekan, “bozorlardagi narx-navo qimmatligi, xususan, o‘simlik yog‘i narxlarining oshib ketishi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘layotganini” pisanda qilgan, xolos. Vaziyatni tahlil qilmagan.

Biroq federatsiya raisi o‘rinbosari Inomjon Tog‘ayev 14 - aprelda jurnalistlarga mahalliy ishlab chiqaruvchilar bir kecha- kunduzdayoq narxlarni keskin ko‘tarib olayotganini aytarkan, "ularning narxni oshirib olishiga asos yo‘q" dedi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi nima dedi?

O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi mulozimi Ozodlikning yog‘ narxlariga oid savolini eshitiboq “Bu masala bilan bosh prokuratura shug‘ullanmoqda, qo‘mita pozitsiyasini bilish uchun matbuot xizmatimizga murojaat qiling”, dedi.

Bosh prokuraturaning mas’ul mulozimi yog‘ narxlari bilan bog‘liq vaziyat bilan Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti shug‘ullanayotganini bildirish bilan cheklandi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi matbuot xizmati qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi, biroq qo‘mita rasmiy saytidan “Ichki bozorda o‘simlik yog‘i mahsulotlari narxlari o‘zgarishi haqida ma’lumot” topdik.

Qo‘mitaga ko‘ra, “sanitariya qoida va me’yorlariga muvofiq respublika bo‘yicha yiliga 300 ming tonnadan ortiq o‘simlik yog‘i talab etiladi. 2020 - yilda aholi iste’moli uchun 450 ming tonnadan ziyod o‘simlik yog‘i muomalaga chiqarilgan bo‘lib, shundan yarmidan ortiqrog‘i import qilingan”.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi matbuot xizmati fikricha, “ichki bozorlarda narxlar keskin o‘sishiga birinchi navbatda tashqi jahon bozorlarida narxlar oshishi va o‘tgan hosil yilida yetishtirish hajmlari nisbatan kamroq bo‘lishi” sabab bo‘lgan va “narxlarini barqarorlashtirish maqsadida barcha mutasaddi vazirlik va idoralar birgalikda barcha zarur choralarni ko‘rmoqda”.

Yog‘ning zavod narxi qancha?

O‘zbekistonda yog‘-moy ishlab chiqaruvchilardan biri – Qo‘qon yog‘-moy kombinati rahbariyati vakili qimmatchilikni yog‘ xom ashyosi narxi o‘tgan yildan beri “100 foizga hamda jahon bo‘ylab oziq-ovqat narxlari 30 foizga oshib ketgani” bilan izohladi:

“2020 - yili kungaboqar va zaytun hosilining butun dunyo bo‘ylab kam bo‘lgani sababli jahon mamlakatlarida yog‘ keskin qimmatlab ketdi. O‘zbekistonda esa, chigit qimmatlab ketdi”.

Qo‘qon yog‘-moy kombinati rahbariyatining o‘zini tanishtirishni istamagan vakili kombinat o‘z mahsulotini savdo tashkilotlariga necha puldan berishini ochiqlashdan bosh tortdi.

Qo‘qonda yog‘ 13400 so‘m!

14 - aprel kuni Qo‘qon shahar hokimligi Telegram-kanalida quyidagi xabar paydo bo‘ldi:

  • "Qo‘qon shahrida paxta yog‘i 13400 so‘mdan aholiga yetkazib berilmoqda
  • Qo‘qon shahar hokimi Marufjon Usmonov Muzaffar savdo kompleksi hududida paxta yog‘ini aholiga hamyonbop narxlarda yetkazib berish choralarini ko‘rdi".

13400 so‘mdan necha tonna yog‘ sotuvga chiqarildi? Yog‘ning bozor narxi bilan shahar hokimi belgilagan narx o‘rtasidagi tafovut kim va qanday mablag‘ hisobidan qoplanadi? Bu savollar javobi xabarda yo‘q.

“O‘zyog‘moysanoati” importni qisqartirish hisobiga narxni barqarorlashtirmoqchi

“Mamlakatdagi eng yirik, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan 80 dan ortiq korxona" a’zo bo‘lgan “O‘zyog‘moysanoati” uyushmasi rasmiy saytida 13 - aprelda e’lon qilgan materialda mana bunday ma’lumotlar keltirilgan:

BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bergan ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 2019-2020 - yil mavsumida 586,5 mln. tonna xom ashyo yetishtirilgan. Bu 2018-2019 - yildagidan 24,5 mln. tonnaga kam. 233,6 mln. tonna o‘simlik moyi olingan, bu 2018-2019 - yildagidan 8,1 mln. tonna kam. Dunyo aholisi iste’moli uchun 241,3 mln. tonna o‘simlik moyi talab etiladi, o‘tgan yili 7,7 mln. tonna kam o‘simlik ishlab chiqarilgan.

Uyushma bu og‘ir vaziyatdan chiqish uchun choralar ko‘rilmoqda va bu choralar o‘simlik moyi importi hajmining 80-85 foiz qisqarishiga va narxlar barqarorligiga zamin yaratadi, degan.

Ayni paytda...

Rossiyada yog‘ arzonlay boshlagani xabar qilindi

Don va yog‘li o‘simliklar bozoriga ixtisoslashgan “SovEkon” nashrining xabar qilishicha, Rossiyada kungaboqar yog‘ining ulgurji narxi 5 -11 - aprel kunlari 4825 rublga arzonlab, bir tonnasi 113 359 rublgacha tushgan. Joriy oy boshida bir tonna yog‘ bahosi 118 175 rubl edi.

Nashrning xabar qilishicha, narx bir yilda 40 foizga oshgan.

Aytilishicha, narxning tushishiga bir tomondan soya va palma yog‘i bozorining zaiflashuvi, ikkinchi tomondan Rossiya o‘tgan yilning 1 - sentabridan boshlab o‘simlik yog‘i eksporti uchun o‘zgaruvchan boj kiritgani sabab bo‘lgan.

“SovEkon”, shuningdek, Rossiya hukumati oldinroq shakar va ko‘ngaboqar yog‘i ishlab chiqaruvchilariga 9 milliard rubl miqdorida subsidiya ajratganini ham eslab o‘tgan. Rossiya hukumati ko‘rgan bu chora, nashrning hisob-kitobicha, shakarning chakana narxini 46 rubl, yog‘ning chakana narxini 110 rubl darajasida ushlab turishga imkon beradi. 14 - aprel holatiga 1 USD = 77.25 RUB.

Narxlarni tushirish uchun nima qilmoq kerak?

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi rais o‘rinbosari Inomjon Tog‘ayev mahalliy jurnalistlar bilan muloqotda muammo, o‘zbek iqtisodining boshqa sohalarida bo‘lgani kabi, monopoliyada ekaniga ishora qildi.

"Bunday paytda yog‘ import qiluvchi tashkilotlarga imtiyozlar berish, ular olib keladigan mahsulot uchun boj tarifini pasaytirish kerak. Ana shunda ichki bozor to‘yinadi. Bu sohada umuman monopoliya bo‘lmasligi kerak. Bugungi kunda tanlov imkoniyati yo‘q. Import mahsulot qimmat, mahalliy ishlab chiqaruvchilar soni oz, ular cheklangan. Shuning uchun iste’molchi sifatsiz molni ham sotib olishga majbur bo‘lmoqda".

XS
SM
MD
LG