Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:23

Bronzaga muhrlangan Rauf Parfi. Saroydan uzoq shoir byusti saroyga qo‘yildi


Rauf Parfi haykali shoirning 80 yilligi arafasida uning muxlislari yiqqan pul va YUZUK nodavlat tashkilotchiligi asosida yaratildi.
Rauf Parfi haykali shoirning 80 yilligi arafasida uning muxlislari yiqqan pul va YUZUK nodavlat tashkilotchiligi asosida yaratildi.

Shoir Rauf Parfining haykali uzoq tortishuv va sarsongarchiliklardan so‘ng nihoyat O‘zbekiston Davlat san’at muzeyida qo‘nim topdi.

27-mart kuni Toshkentda atoqli shoir Rauf Parfining xotirasiga bag‘ishlangan tadbir va u uchun tayyorlangan ilk yodgorlikning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbek xalq shoiriga bag‘ishlab 27-mart kuni o‘rnatilgan ushbu yodgorlik birinchisi bo‘ldi. 8 tonnalik haykal o‘zbek haykaltaroshi Azamat Xotamovning ikki yillik mehnati maxsuli.

“Rauf Parfini yetmishinchi yillardan taniyman. Muxlislaridan taklif tushdi. Meni o‘zim ham uning qiyofasini yaratishni anchadan beri o‘ylab yurgandim. Eskizlar qilib obrazini topishim kerak edi. Nabroskalar qilib ancha axtardim. Bir yarim yil izlanish qildim….Oldiniga toshga o‘ymoqchi bo‘ldim. Lekin, uning fe’li yumshoq odam bo‘lgani uchun qolipda qilib keyin bronzaga quydik”, - deydi haykaltarosh Ozodlik bilan suhbatda.

Taniqli o‘zbekistonlik rassom Vyacheslav Oxunovning Ozodlikka aytishicha, "Rauf Parfi kabi buyuk shoir katta e’tiborga loyiq, nafaqat byusti, balki haykali Oliy Majlis binosi qarshisidagi "Adiblar hiyoboni"da turishi kerak".

Rauf Parfi haykali esa shoirning 80 yilligi arafasida uning muxlislari yiqqan pul va YUZUK nodavlat tashkilotchiligi asosida yaratildi.

Ikki yil avval O‘zbekistonda Rauf Parfi xotirasiga bronza haykal o‘rnatish uchun tarixchi Dilbar G‘afforova boshchiligidagi bir guruh ziyolilar pul yig‘ish harakatini boshlagan edi.

O‘zbekistonning yaqin tarixida ilk bor shoir uchun elning o‘zi mablag‘ to‘pladi. Mamlakat ichkarisi va tashqarisidagi ziyolilardan qisqa vaqt ichida 100 million so‘mdan ziyod pul yig‘ildi.

Haykalga aylangan surat

Haykalga shoirning o‘limidan sal oldin 2004-yilda jurnalist Pahlavon Sodiq olgan fotosurat asos qilib olingan.

Rauf Parfi. 2004-yil, Toshkent.
Rauf Parfi. 2004-yil, Toshkent.

“Men Rauf akani ancha foto suratlarini chizdim. Shular ichidan mana shu portretga, uning hayotidagi eng so‘nggi suratiga asoslanib ishladim. Shunga yaqinroq bo‘lishi kerak edi. Mana shu fotodan ko‘proq foydalandim", - deydi haykaltarosh Azamat Xotamov.

Avvaliga haykalga bosh qo‘shgan Rauf Parfining izdoshlari byustni shoirning Minor qabristonidagi mozori ustiga qo‘yishni rejalashtirishgandi.

Bunga izn berilmagach, tashkilotchilar shoir haykalini Toshkentdagi Adabiyot muzeyiga sovg‘a qiladigan bo‘lishdi.

Ammo bu reja ham amalga oshmadi.

Haykal yaratilishiga bosh qo‘shgan Rauf Parfi izdoshlari Adabiyot muzeyi rahbariyatini haykalni qabul qilishdan bosh tortganlikda ayblab chiqishdi.

Tashkilotchilar iddaosicha, muzey rahbari "tepadan farmon "kerakligini aytib, haykalni qabul qilishdan voz kechgan.

Muzey rahbari Jabbor Eshonqul esa bu iddaolarni rad etdi.

“Biz faqat jamoat joyi va davlat tashkiloti bo‘lgan muzeyga bunaqa qimmatbaho narsa topshirish uchun ma’lum bir hujjatlarni va talabdagidek rasmiylashtirishni talab qildik. Xususan, muzeyga byust topshirishning oddiy qoidalari bor. Avval, byust shu soha mutasaddilarining ekspert xulosasidan o‘tishi, keyin jamoatchilikka taqdim qilinishi bu ham oddiy madaniyatli tartib. Biz shu tartibdan kelib chiqib, byustni qabul qilishimizni bildirdik”,- deya yozdi Eshonqul Facebook sahifasida.

Ozodlik Jabbor Eshonqulning o‘ziga bog‘landi, lekin u savollarga javob berishni istamadi.

Adabiyot muzeyi rad etishi ortidan haykal taqdimoti Toshkentdagi San’at muzeyi binosiga ko‘chirildi.

Marosim 16-mart kuni o‘tkazilishi haqida e’lon qilingan edi. O‘tkazilishi kutilayotgan kecha davomida Rauf Parfi she’rlari, uning ijodi to‘g‘risida ma’ruzalar o‘qilishi rejalangan edi.

Mo‘ljallangan sanaga bir kun qolganida “yuqorining buyrug‘i” sabab tadbir 27-mart kuniga qoldirilgani ma’lum bo‘ldi.

Oxunovning "Buxoroni bombalash" asari nega taqdim etilmadi?

O‘zbekistonlik taniqli rassom Vyacheslav Oxunov 1984-1987-yillarda chizgan ikkita mashhur kartinasining vataniga qaytarilishi va Tasviriy san’at muzeyida ko‘rgazmaga qo‘yilishi haqida ma’lum qildi.

Rassomning "Cho‘lpon" portreti va bir necha kun oldin AQShdan keltirilgan "Buxoroni bombalash" asari davlat hazinasiga topshiriladigan bo‘ldi.

Ammo, "Buxoroni bombalash" asari San’at muzeyida 27-mart kungi tadbirda taqdim etilmagan.

Rassom "Buxoroning bombalanishi" asari bilan Londonda.
Rassom "Buxoroning bombalanishi" asari bilan Londonda.

San’at muzeyi rahbariyati 27-mart kuni rassomning AQShdan qaytarib keltirilgan asari nega jamoatchilikka taqdim etilmaganini izohlamadi.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan San’at muzeyi rahbariyatiga aloqador san’atshunoslar muzey direktori Vasila Fayziyeva "Rossiya manfaatlaridan kelib chiqib" Oxunovning "Buxoroni bombalash" asarini taqiqlab qo‘yganini aytishdi.

"Qizil askarlar otib o‘ldirgan Cho‘lpon portreti mumkin¸ ammo qizil armiyaning Buxoroni bombalaganini eslash mumkin emas. Kinoda aytilganidek "zdes pomnyu zdes ne pomnyu", - deb yozdi o‘zbekistonlik siyosatshunos Anvar Nazir Facebook sahifasida.

Taqiqlarga ko‘nikib qolgan shoir

Besh yil avval o‘zbek milliy shoiri Rauf Parfi tug‘ilganiga 75 yil to‘lishi munosabati bilan o‘tkazish rejalangan madaniy tadbir ham taqiqlangan edi.

2018-yil 25- sentabrda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida o‘tkazilishi lozim bo‘lgan “Turkiy dunyoning g‘olib hayoli” deb nomlangan tadbirga sanoqli kun qolganla uni Milliy kutubxonada o‘tkazish taqiqlandi.

O‘zini "Milliy kutubxona matbuot xizmati xodimi", deb tanishtirgan mulozim Ozodlik bilan suhbatda Rauf Parfi yubileyini milliy kutubxonada o‘tkazish “yuqorining buyrug‘iga ko‘ra bekor qilingan”ini bildirgan¸ ammo yuqori deganda qaysi tizim ëki shaxsni nazarda tutayotganiga ochiqlik kiritmagan edi.

Shundan so‘ng tashkilotchilar bu tadbirning 25-sentabr kuni Oybek uy-muzeyida o‘tkazilishini e’lon qildi.

Bu tadbir ham taqiqqa uchradi.

O‘limidan bir yil oldin, 2004-yilda shoir ijodiga bag‘ishlanib Freedom House tashkilotining Toshkentdagi vakolatxonasida o‘tkazilgan tadbirda so‘zga chiqqan Rauf Parfi taqiqu-cheklashlarga ko‘nikib qolganini aytgan edi:

“1992-yilda 50 yoshimga ellikta she’r jamlangan kitob chiqardim, uning tepasiga ustoz Boymirza Hayitga bag‘ishlayman, deb yozib ham qo‘ygandim.Balki shu yozuv halal berdimi bu kitob yo‘qolib ketdi. Yaqinda Soros fondida do‘stim Karim Baxriyev kitobimni tayyorladi. Nihoyat 600 betli kitob chiqadi, deb korrekturasini o‘qib berganimdan so‘ng Soros fondi butunlay yopildi. Demak o‘zim ishim yurishmadiganroq odamman, o‘rganib ham ketdim. She’rlarimni olib borsam chiqmay qoladi, kitobimni olib borsam bosilmaydi. Tushunib bo‘lmaydigan falokat bor”.

Rauf Parfi O‘zbekistonda ozodlik va mustaqillik harakatining boshida turgan shaxslardan bo‘lgan.

U 2005-yili Toshkentda vafot etdi. Shoirning o‘limidan sal oldin olingan surati toshga muhrlangan.

XS
SM
MD
LG