Линклар

Шошилинч хабар
08 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:14

Chigit narxi qimmatladi. Yog‘-moy kombinatlarida ish to‘xtamoqda


Chinoz shahri bozoridagi yog‘ rastasi, 16 - dekabr, 2020.
Chinoz shahri bozoridagi yog‘ rastasi, 16 - dekabr, 2020.

O‘zbekistonda hukumat o‘simlik yog‘i narxini sun’iy ravishda past ushlab turishga urinarkan, chigit narxi favqulodda oshib bormoqda.

7 - may kuni 1 kilo chigit 5 ming 700 so‘mga chiqdi, mart boshida 3 ming so‘m edi.
Chigit narxining keskin oshishi xususiy sektor bo‘lgan paxta klasterlarining daromadini oshirish istagiga bog‘lanmoqda.

Respublikada mavjud yog‘-moy kombinatlari, qimmat narxda chigit sotib olishga qurbi yo‘qligi, bo‘lganda ham, paxta yog‘i narxi keskin oshishini aytmoqdalar.

Hisobchilarga ko‘ra, agar 1 kilo chigit 5500 so‘mdan xarid qilinsa, ishlab chiqarilgan 1 litr paxta yog‘i narxi, shu kunda prokuratura nazoratida ushlab turilgani 14 ming so‘m emas, balki 23 ming so‘mga chiqishi mumkin.

“O‘zyog‘moysanoati” uyushmasi 51 foiz ulushi davlatga qarashli bo‘lgan yog‘-moy kombinatlarining ahvoli og‘irlashgani, aksarida ishlab chiqarish to‘xtab, ishchilar maoshsiz qolganini tan oldi.



Jizzax viloyatidagi “Bo‘ston olami" yog‘-moy korxonasi rahbariyatidan olingan ma’lumotga ko‘ra, bu tashkilotda ish bir oy oldin to‘xtagan.

Korxona ma’muriyatining o‘zini tanishtirmagan rasmiysi, bunga chigit narxining mart oyidan keskin oshganini sabab qilib keltirdi:

“Chigit 5500 - 5700 so‘mga chiqib ketdi. Bizning zavodda bunaqa narxda chigit olishga mablag‘ yo‘q. Shu bois, zavod 1 oydan oshdi - ishlamayapti. Ishchilarga ta’til berib yuborilgan”.

Korxona vakilining so‘zlariga ko‘ra, Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidagi yana bir korxona - “Nurli Don” yog‘-moy korxonasida ham yog‘ ishlab chiqarish to‘xtab qolgan.

“U erda ham shu muammo - chigit qimmat. Chigitni klasterlar qimmatlatib olishdi. Chunki ular xususiy tadbirkor, xohlagan narxini qo‘yyapti. Yog‘ zavodlari esa davlatniki. Buning ustiga, bozorda paxta yog‘i narxi nazoratda, litriga 13 - 14 ming so‘mdan oshirsa, prokuratura boshni qotiradi”, - dedi Jizzaxdagi yog‘ ishlab chiqarish korxonasining o‘zini tanishtirmagan mas’uli.

Bu ikki korxonadan yuqori turuvchi tashkilot - “O‘zyog‘moysanoati” uyushmasi ma’muriyati, mamlakat bozorlarida o‘simlik yog‘i narxi keskin oshgan va aholi noroziligi ortib turgan bir kezda, yog‘ ishlab chiqarish korxonalari og‘ir ahvolda ekanini tan oldi.

Uyushma mulozimiga ko‘ra, hozirda bu tashkilotga qarashli jami 24 ta yog‘ ishlab chiqarish zavodining 12 tasi davlat hisobida, qolganlari xususiy sektorga berilgan.

“Xususiy korxonalar kungaboqar yog‘i ishlab chiqarishni ko‘paytirishga o‘tgan. Davlat hisobidagi korxonalar esa klasterlar yetishtirib berayotgan chigitga qarab turibdi. Lekin bu yil narx favqulodda oshib ketgani uchun, aksar korxonalarimizda ish to‘xtab qoldi. Hademay chigit tugaydi va sezon to‘liq to‘xtaydi”, - dedi uyushmaning o‘zini tanishtirmagan vakili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda bir yilda 270 ming tonnaga qadar chigit sotuvga chiqarilmoqda, urug‘lik chigit esa bundan ayri. So‘nggi yillarda chigit yetkazish ko‘lami pasaygan:

“Avallari 320 ming tonna chigit yetkazilardi. Hozir hajm ozaygan. Buning ustiga, yog‘-moy zavodlariga, ishlab chiqarish quvvatiga ko‘ra chigit yetkazib berishda kvota ajratilar edi. Zavod oldindan pulini to‘lardi va mavsumda chigitni davlat belgilagan narxda olardi. Ya’ni sifatli paxta yog‘i ishlab chiqarishda uzilish bo‘lmasdi. Hozir chigit savdosi va uning narxi, to‘lig‘i bilan xususiy sektor ixtiyorida. Boshqa tarafdan, bu bozor iqtisodiyoti, klasterlar o‘zi yetishtirgan mahsulotga o‘zi narx belgilashga haqli. Ammo paxta yog‘ining narxini sun’iy ravishda past ushlab turish ham yog‘ korxonalarining ishini og‘irlashtiryapti. Biz buni rahbarlarga aytganmiz”, - dedi uyushma vakili.

Ammo paxta yetishtirayotgan ayrim klasterlar chigit narxi, buning ortidan bozorlarda paxta yog‘ining ortishi yoki yog‘ning tanqislashishiga o‘zlari mas’ul emasligini ta’kidlamoqda.

Jumladan, Buxoro viloyatidagi klasterlardan birining hisobchisi narx-navo butun dunyoda oshib borayotgani, bu esa o‘zi-o‘zidan chigit narxida ham aks etayotganini tushuntirishga urindi:

“Chigit narxi faqat klasterlar o‘z jig‘ildonini o‘ylagani sababidan oshgani yo‘q, buni bir bilib olaylik. Birinchidan, o‘tgan yili chigit kam bo‘ldi, chigitga qurt tushib ketdi. Ikkinchidan, faqat yog‘mas, hamma narsani narxi oshdi - energoresurslar, QQS solig‘i va hokazo. Bu yog‘i pandemiya, cheklovlar, karantinlar bo‘ldi. Buning ustiga, narxni biz oshirmayapmiz, narx birjada oshyapti - chunki, talab va taklif ishlayapti-da. Hozir mini yog‘ zavodlar ko‘payib ketgan va hozirgi sezonda, ayniqsa biznikiga o‘xshagan viloyatlarda chigitga talab oshgan”, - dedi Buxorodagi klaster xo‘jaliklaridan birining hisobchisi.

Jizzaxdagi yog‘-moy kombinatlaridan birida ishlaydigan hisobchiga ko‘ra, agar chigitning bugungi narxi bilan yog‘ ishlab chiqarilsa, unda paxta yog‘ining narxi bir barobarga oshadi:

“Hozir 5 litrlik paxta yog‘i 70 ming, nari borsa 75 ming so‘m. Xo‘p, agar zavod 5500 so‘mga chigitni sotib olsa, unda 1 litr paxta yog‘ining narxi 23 ming so‘mga chiqib ketadi - buni xalq ololmaydi. Shuning uchun, zavodlar majbur ishsiz o‘tiribdi”.

O‘zbekistonda may oyi oxirlariga borib, zaxiradagi chigit tugaydi, mahalliy paxta zavodlarda paxta ham qolmaydi. Shu bilan paxta va yog‘ zavodlarining ishi yozgi mavsumda to‘xtaydi.

Rasmiylar bu yil ish mavsumi erta - mart o‘rtalaridan tugagani, bu vaziyat nafaqat bozordagi narxlar, balki bu korxonalarda ishlayotgan minglab ishchilarning hayotini ham og‘irlashtirganini tan olmoqda.

Ismini aytmaslik sharti bilan vaziyatni izohlagan toshkentlik moliyachiga ko‘ra, shu kunda bozorda paxta yog‘i va zavodlarda chigit muammosining yuzaga kelgani, paxta yetishtirish va undan olinadigan mahsulotlarni ishlab chiqarish sektoridagi ziddiyatli vaziyatga bog‘liq:

“Paxta yetishtirish sohasi to‘liq klasterga berildi. Klaster - xususiy sektor, xohlagan narxini qo‘yadi. Lekin bozorda yog‘ning narxini nega prokuratura nazorat qilyapti unda? Zavod zarariga yog‘ ishlab chiqarib sotmaydi-ku?! Natijada zavodlar to‘xtab qoldi, paxta yog‘i tanqislashdi, ishchilar oyliksiz qoldi. Aslida, shaxsan men paxta yog‘i iste’mol qilmayman. Men uchun bu vaziyatdagi yagona yechim - xorijdan keladigan o‘simlik yog‘ining erkin savdosini ochish, ayniqsa, yog‘ni monopoliyaning qo‘lidan olish kerak. Pista yog‘i erkin kirib kelishni boshlasa, narxi tushsa, paxta yog‘i atrofidagi ajiotaj ham to‘xtaydi. Men hech tushunmayman, buni bajarish uchun hukumatga kim xalaqit qiladi?!”

Shu yilning 23 - aprel kuni Senatning 14-yalpi majlisida, rais Tanzila Norboyeva aholida oziq-ovqat mahsulotlari, ayniqsa yog‘ narxining oshishiga norozilik kuchayib borayotganini tilga olgandi.

Bozorlardagi narxlar masalasi alohida muhokama qilingan yig‘ilishda Norboyeva ijtimoiy tarmoqlarda aks etgan norozlikni alohida ta’kidlarkan, bosh prokuroridan narx-navo nazoratga olishni so‘radi.

O‘zbekistonda o‘simlik yog‘iga bir yillik ehtiyoj 650-700 ming tonna ekani, mahalliy ishlab chiqaruvchilar ko‘pi bilan 300 ming tonna o‘simlik yog‘i ishlab chiqara olishi aytiladi.

Ammo joriy yil, 29 - yanvar kuni qabul qilingan Vazirlar Mahkamasi 41-sonli qarori bilan 529 turdagi import tovar va xizmatlarini davlat xaridlari sifatida sotib olishga cheklov o‘rnatildi.

Bu mahsulotlar ro‘yxatida shu kunda bozorda narxi juda yuqori bo‘lib turgan kungaboqar, paxta, zaytun va araxis yog‘lari kiritilgan.

Shu bois birlamchi iste’mol tovarlari importiga cheklovni bekor qilish va bu sohani egallab olgan monopol shirkatlarga zudlik bilan barham berish chaqiriqlari yangramoqda. Aks holda, iqtisodchilarga ko‘ra, ahvol bundan ham og‘irlashishi mumkin.

Ўзбекистонда ўсаётган ягона нарса: Нарх-наво
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:46 0:00

XS
SM
MD
LG