Линклар

Шошилинч хабар
24 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:14

Cho‘kib o‘lgani aytilgan askarning otasi uning zo‘ravonlik qurboni bo‘lganini iddao qilmoqda


Asadbek Fayzullayev joriy yilning mart oyida 1 yillik harbiy xizmatga chaqirilgan.
Asadbek Fayzullayev joriy yilning mart oyida 1 yillik harbiy xizmatga chaqirilgan.

O‘zbek-afg‘on chegarasida xizmat qilayotgan payti o‘lgan askar Asadbek Fayzullayevning otasi o‘g‘lining o‘limi bo‘yicha jinoyat ishi ochilishini talab qilmoqda.

20 yashar Asadbek Fayzullayev joriy yilning 26 - iyul kuni Termiz shahridagi 9221-sonli harbiy qismda xizmat qilayotgan payti “Amuzang” kanalidan o‘lik holda topilgan.

O‘zbekiston harbiy prokuraturasiga ko‘ra, oddiy askar Fayzullayev “Amuzang” kanalida cho‘milish vaqtida cho‘kib ketishi oqibatida vafot etgan.

Asadbekning otasi Anvar Shodiyev esa o‘g‘lini o‘ldirib, keyin suvga tashlashganini iddao qilmoqda.

Jizzax viloyati, Jizzax shahri, Madaniyat mahallasida yashovchi Anvar Shodiyev Termiz shahridagi 9221-sonli harbiy qismda xizmat qilayotgan payti o‘lgan o‘g‘li Asadbekning jasadini eksgumatsiya qilishni va uning o‘limi bo‘yicha jinoyat ishi ochishni talab qilmoqda.

- Men o‘g‘limni eksgumatsiya qilishni talab qilaman. Jinoyat ishi ochilishini talab qilamiz,- deydi Anvar Shodiyev Ozodlik bilan suhbatda.

O‘zbekiston harbiy prokuraturasi tomonidan Asadbek oilasiga jo‘natilgan hujjatda A. Fayzullayev xizmat davomida “Amuzang” kanalida cho‘milish vaqtida cho‘kib ketishi oqibatida vafot etgani aytilgan.

Biroq Anvar Shodiyev o‘g‘lining cho‘kib o‘lganiga ishonmasligini aytadi:

- O‘g‘limning jasadini ko‘rdim, badanidagi jarohatlarni ko‘rdim. Bu cho‘kib o‘lgan odamning jarohatlariga umuman o‘xshamaydi. O‘g‘limni birinchi urib o‘ldirishgan. Keyin suvga tashlab qo‘yishgan, “cho‘kdi” deb o‘ylashlari uchun. Jag‘ining o‘ng tomoni sinib, ichkariga kirib ketgan. Qovurg‘asining chap tomoni sinib yotibdi. O‘ng qo‘lida uchta barmog‘ini sindirib tashlangan. Chap qo‘l panjasi ikkiga bo‘linib ketgan. Yopishtirib qo‘yildi. Oyog‘ida ham ko‘karishlar bor edi. Biz faqat og‘zini ochib ko‘ra olmadik. Og‘zini ochsak, tinimsiz qon kelayotgandi. Buncha jarohat cho‘kish natijasida bo‘lmaydi. Cho‘kkan, degan kanalni borib ko‘rdik. U hatto betonlanmagan kanal ekan. Qamish ko‘p kanalda, lekin badanida tirnalgan izlari yo‘q.

Shodiyev bu iddaolari haqida turli tashkilotlarga bir necha bor murojaat qilgani, biroq o‘g‘lining o‘limi bo‘yicha jinoyat ishi ochilmaganini aytmoqda.

Tergovga qadar surishtiruv ishlari natijasiga ko‘ra, Asadbek Fayzullayev joriy yilning 26 - iyul kuni “Amuzang” kanaliga cho‘kib ketgan va uning jasadi 28 - iyul kuni topilgan.

Asadbek Fayzullayev jasadi topilgan joy.
Asadbek Fayzullayev jasadi topilgan joy.

Otaning so‘zlariga ko‘ra, Asadbekning onasi Dildora Zokirova o‘g‘lining jasadi topilgan paytda hodisa joyida bo‘lgan va o‘g‘lining jasadini videoga olgan.

- Onasi o‘g‘limning jasadini qirg‘oq bo‘yiga chiqarib qo‘ygan payti borgan. O‘g‘lim kiyimida bo‘lgan. Shimining remeni, qo‘lida soati, oyog‘ida etigi ham bo‘lgan. Bu shubha uyg‘otgan, odam kiyim bilan cho‘milmaydiku,- deydi Anvar Shodiyev.

Shodiyevning aytishicha, hodisa guvohlarining o‘z ko‘rsatmalarini bir necha bor o‘zgartirgani ham ularning shubhalarini oshirgan.

O‘limidan sal avval Asadbek Fayzullayev mukofotlangan.
O‘limidan sal avval Asadbek Fayzullayev mukofotlangan.

Ozodlikka taqdim qilingan tergovga qadar surishtiruv tafsilotlari keltirilgan hujjat nusxasiga ko‘ra, hodisa guvohlaridan biri Asadbek bir xizmatdoshi bilan tarvuz so‘yib yegani va keyin qo‘lini kanaldan yuvayotgan payti sirpanib, suvga tushib ketgani haqida aytgan.

Keyingi hujjatlarda, jumladan, O‘zbekiston harbiy prokuraturasi hujjatlarida ham Asadbek Fayzullayev kanalda cho‘milish payti cho‘kib ketgani qayd qilingan.

Boshqa bir hujjatda esa hodisa “Chegara qo‘shinlariga qarashli fermaga soqchilik naryadiga tayinlangan” payti sodir bo‘lgani yozilgan.

Anvar Shodiyev o‘g‘li Asadbek o‘limidan avval harbiy qismda o‘ziga nisbatan tazyiq bo‘lganidan shikoyat qilganini aytadi:

- O‘g‘lim mendan yashirgan, lekin 2 oydan beri onasiga aytib kelayotgan ekan. “Ona, komandir batalyon bilan komandir vzvod manga ko‘p tazyiq o‘tkazyapti. Akamlarga ayting, telefon qilib, qo‘ysinlar”, degan. Menga bir og‘iz aytmagan-da. Urishgan uni 3-4talashib, buni dedovshina deyilardi, soyuz payti. Lekin u paytlari o‘lim holati bo‘lmagan”.

Termiz harbiy prokuraturasi tomonidan tergovga qadar o‘tkazilgan tekshiruv natijasiga ko‘ra, “Asadbek Fayzullayevning suvda cho‘kib, vafot etganligi holatida katta leytenant M.M.Akbarov va boshqalarning xatti-harakatlarida jinoyat tarkibi aniqlanmaganiligi sababli, 2021 - yil 25 - avgust kuni O‘zbekiston jinoyat-protsessual kodeksi 83-moddasining 2-bandi (reabilitatsiya uchun asoslar, uning qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmasa)ga asosoan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror qabul qilingan”.

Ushbu qaror Respublika Harbiy prokuraturasi tomonidan nazorat tartibida o‘rganib chiqilgan va uni bekor qilish uchun asoslar aniqlanmagani aytilgan rasmiy hujjatda.

Sud tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, “marhum Fayzullayev A.A.ni o‘limi yuqori nafas yo‘llarini suv bilan berkilishidan kelib chiqqan mexanik asfiksiya natijasida sodir bo‘lgan”.

Harbiy qismdan olingan ma’lumotga ko‘ra, askar Fayzullayev o‘limi bo‘yicha qism boshliqlariga ogohlantirish berilgan.

Mudofaa rasmiylari O‘zbekistonda harbiy xizmatga borgan yangi askarlarni taxqirlash (dedovshina) muammosi yo‘qligini aytib kelishadi.

XS
SM
MD
LG