O‘zbekistonliklar yangi yilni kutishga tayyorlanayotgan dekabr oyining so‘nggi kunlari Bosh vazir Abdulla Aripov "davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlari" dam olishini tashkil etish haqidagi farmoyishga imzo chekkan.
Aripov imzolagan Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 27 dekabrdagi 853-F sonli farmoyishi O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi rahbariyati, vazirlar, Bosh prokuror, Soliq qo‘mitasi raisidan tortib viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining "sog‘ligini tiklash va madaniy hordiq chiqarishini tashkil etish" haqida.
Ozodbek Nazarbekov xizmatda
Hujjatda Bosh vazir hukumat amaldorlari va hokimlarning 2-12 kunlari Bo‘stonliqdagi “Sevarsoy” sihatgohida maroqli dam olishi borasida astoydil g‘amxo‘rlik ko‘rsatganini ko‘rish mumkin.
Davlat darajasida tashkil etilgan bu dam olishning hammasi davlat hisobidan.
200 kishiga mo‘ljallangan hashamatli “Sevarsoy” sihatgohi 2022-yilda qurilgan, 6 gektar maydonda dengiz sathidan 1600 metr balandlikda, Tyan Shan tog‘ining g‘arbiy qismida joylashgan.
Yopiq basseyn, turk hammomi, restoranlar, tog‘-chang‘i kompleksi mehmonlarga muntazir.
Hukumat a’zolari, vazirlar viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari 10 kun shu yerda dam olishdi.
Kompleks saytidagi narxlarga qaralsa, bir kunlik dam olish bu yerda oddiy xona kishi boshiga 170 AQSH dollari, luks nomer 320 dollardan ziyodroqqa tushadi.
Lekin bu hali hammasi emas. Hukumat a’zolari dam olishi uchun davlat hisobidan boshqa ko‘ngilochar tadbirlar ham tashkillashtirilgan. Ularning bu yerga kelib-ketishi ham budjet hisobidan qoplanadi.
Ta’til vaqtida mansabdorlarga san’atkorlar xizmatda bo‘ladi. Sanatoriy va tibbiyot maskanlarida taniqli san’atkorlar ishtirokida madaniy tadbirlar tashkil etiladi.
Bu topshiriq ijrosi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovga yuklatilgan.
“Madaniyat vazirligi Kinematografiya agentligi bilan birgalikda bir kun muddatda madaniy tadbirlar dasturini ishlab chiqib, kelishish uchun Vazirlar mahkamasiga kiritsin: sihatgohda musiqiy va madaniy ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etilishini , vatanparvarlik ruhidagi yuksak badiiy va g‘oyaviy kinofilmlar kamoyish etilishini ta’minlasin”, deyiladi hujjatda.
Uzbekistan Airways va “O‘zbekiston temir yo‘llari” raislariga mansabdorlarning ta’til joylariga o‘z vaqtida yetib borishi va yashash manzillariga qaytishi uchun ularni yo‘l chiptalari bilan belgilangan tartibda ta’minlash topshirig‘i berilgan.
Kuchaytirilgan qo‘riqlash rejimi
Hujjatda O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga sihatgohda kecha-kunduz kuchaytirilgan qo‘riqlash rejimi joriy etish buyurilgan.
“Sihatgohda uning perimetri bo‘ylab kecha-kunduz kuchaytirilgan qo‘riqlash rejimini joriy etsin hamda ushbu hududga transport va fuqarolarning nazorat o‘tish joylaridan tashqari, boshqa joylardan kirishining oldi olinishini ta’minlasin. Zaruratga ko‘ra, Sihatgoh hududini qo‘shimcha videokuzatuv kameralari, signalizatsiya va xavfsizlikni ta‘minlashning boshqa texnik vositalari bilan jihozlash choralarini ko‘rsin”, deyiladi hujjatda.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga sihatgohga eltuvchi magistral yo‘l va ko‘chalar yon atrofi obodonlashtirish yuklandi. Bir so‘z bilan aytganda hokim va vazirlar dam olishini tashkillashtirishga davlatning barcha resurslari jalb etilgan.
Qoraqalpog‘istonning birinchi rahbarlari, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlari, shuningdek, respublika darajasidagi mansabdorlarning ta’til grafigi ham hujjatda belgilangan.
Qoraqalpog‘iston va viloyatlar prokurorlari hamda ichki ishlar boshqarmalari rahbarlariga Ichki ishlar vazirligi markaziy gospitali, soliq idoralari boshliqlari uchun esa “Qibray” sanatoriysi ajratilgan.
Bosh vazir farmoyishida vazir va hokimlarning “Sevarsoy” sihatgohida dam olishi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari, prokuror, ichki ishlar hamda soliq idoralari rahbarlarining gospital va sanatoriyda dam olishi shu idoralarning byudjetidan tashqaridagi mablag‘lari hisobidan qoplanishi aytilgan.
Vazirlar Mahkamasi farmoyishiga tirkalgan ro‘yxatga ko‘ra, hammasi bo‘lib 1053 kishi sanatoriylarda sog‘ligini tiklashi ko‘zda tutilgan.
Ozodlik Bosh vazirning farmoyishi va amaldorlarning davlat hisobidan dam olishi borasida Bosh vazir matbuot xizmatidan izoh ololmadi.
Tuman va shahar hokimlarining o‘rinbosarlari hududlardagi viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarida va Kasaba uyushmasining sanatoriylarida dam oladi.
Bu kabi mehnat ta’tilini aksar o‘zbekistonliklar faqat orzu qilishi mumkin.
Mehnat qonunlari oddiy o‘zbekistonliklar uchun har doim ham ishlayvermaydi. Ular davlat hisobidan dam olish tugul, peshona terilari bo‘lgan maoshlarini ham vaqtida ololmaydilar.
Uzluksiz elektr va gaz
O‘zbek amaldorlarining dam olishi aksar o‘zbekistonliklar energiya taqchilligidan qiynalayotgan, metan zapravkalarda uzundan uzoq navbatlarda turgan pallada tashkil etilgani ham e’tiborga molik.
Aripov imzolagan farmoyishda amaldorlar dam olayotgan maskanda uzluksiz elektr va gaz taminotini yo‘lga qo‘yish haqida alohida band bor.
“Kambag‘allashish va iqtisodiy tanazzul manzarasida hokimlarga davlat budjeti hisobidan dabdabali dam olish uyushtirilyapti", deydi 1995-2002-yilllarda Navoiy viloyati Konimeh tumaniga hokimlik qilgan, hazir AQSHda yashovchi Smail Ospanov.
"Albatta, davlat amaldorlari ham dam olishga haqli, ular ham qonuniy mehnat ta’tiliga chiqadi. Ammo bu ta’tilning davlat darajasida va davlat hisobidan tashkil etilishi qanchalik to‘g‘ri? "
Prezident ta’tili
Ijroiya hokimiyati rahbarlari sihatgohda dam olayotgan bir paytda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Shavkat Mirziyoyevning 6-yanvardan “qisqa muddatli” mehnat ta’tiliga chiqqanini ma’lum qildi.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025 yil 6-yanvardan qisqa muddatli mehnat ta’tiliga chiqdi”, deb yozdi Asadov.
Matbuot kotibi prezident qayerda dam olishi, qachon ta’tildan qaytishi va dam olishda bo‘lgan payt prezident vazifasini kim bajarib turishiga aniqlik kiritmadi.
Bu Shavkat Mirziyoyevning 2016-yilda hokimiyatga kelganidan buyon beshinchi ta’tili. Ular o‘n kundan oshmagan.
So‘nggi bor Mirziyoyev o‘tgan yil 26-iyuldan qisqa muddatli mehnat ta’tili olgan. U 5-avgustgacha davom etgan.
Mirziyoyev birinchi mehnat ta’tiliga 2019-yil 5-avgustda chiqqan. O‘shanda bu so‘nggi 17 yillik faoliyatidagi uning birinchi mehnat ta’tili ekanini aytgandi.
Prezidentning dam olishni qayerda o‘tkazgani haqida bundan oldin ham rasmiy ma’lumot berilmagan.
Vazir va hokimlarning vazifalari ta’til davomida ularning o‘rinbosarlariga yuklatiladi.
Lekin prezident va ayni paytda butun ijroiya hokimiyat rahbarlari ta’tilda ekan, davlat rahbari vazifasini kim bajaradi?
Konstitutsiyaning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti to‘g‘risidagi XIX bobida davlat rahbarining ta’tili haqida hech narsa deyilmagan.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 112-moddasida O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Prezidenti o‘z vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda uning vazifa va vakolatlari vaqtincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining zimmasiga yuklatilishi belgilangan.
“Prezident ta’tilda. Administratsiya rahbari Saida Mirziyoyeva ta’tilda. Vazir, prokurorlar, hokimlar ta’tilda. Mamlakatni kim boshqaradi? Konstitutsiya bo‘yicha Senatni raisi Tanzila Norboyeva bo‘lishi kerak, lekin unda kolxoz raisichalik vakolat ham yo‘q-ku. Yoki Aripov boshqaradimi? Aripov boshqaradigan bo‘lsa vazirlarni hammasi ta’tilda-ku”, deydi hozirda AQSHda yashayotgan sobiq mulozim Smail Ospanov.
Mehnat qonunchiligiga ko‘ra, prezident, davlat xizmatchilari 35 kalendar kunlik ta’til olish huquqiga ega.
Bundan tashqari, prezident "ish staji uchun qo‘shimcha haq to‘lanadigan ta’til" huquqiga ham ega. U prinsip bo‘yicha hisoblanadi: davlat xizmatining har bir yili uchun bir kalendar kuni qo‘shiladi.
Hokim va vazirlar ta’tilini davlat darajasida, prezident topishirig‘iga binoan tashkillashtirilishi Mirziyoyev davrida yo‘lga qo‘yildi.
O‘tgan yili ba’zi shahar va tuman hokimlari mehnat ta’tilini Rossiya ishg‘oli ostidagi Qrim va Yaltada o‘tkazgani tarmoqlarda muhokama qilingandi.
“Hokimlarning "byudjetdan tashqari mablag‘lar" deyiladigan, aslida davlat byudjeti hisobidan sihatgohlarda dam olishini Mirziyoyev prezidentligi davrida kuzatyapmiz. Buni korporativ yoki "timbilding" deb qaraydigan bo‘lsak, nega faqat vazir yoki hokimlar davlat hisobidan sanatoriyga yuboriladi? Vazirlik yoki hokimlikning boshqa xodimlari-chi? Ular bunday imtiyozga ega emasmi? Umuman, davlat hisobidan hokimlarni dam olishga jo‘natish qaysi huquqiy me’yorga asoslanadi? Ular qilgan ishi uchun oylik maosh olsa, yana dam olishini soliq to‘lovchilari puli hisobidan o‘tkazsa?.. Savollar juda ko‘p”, deydi Britaniyada yashovchi o‘zbekistonlik tahlilchi Alisher Ilhomov.
Shovvozsoydan Sevarsoyga
Davlat idoralari rahbarlari dam oladigan maskanlar ro‘yxatida "Ugam-Chotqol" davlat milliy tabiat bog‘i qo‘ynidagi o‘zbekistonliklar tilidan tushmayotgan “Shovvozsoy” atalmish maskan yo‘q.
Ozodlikning 2021-yil fevralida e’lon qilingan surishtiruvi Toshkent yaqinidagi tog‘lar bag‘rida prezident Shavkat Mirziyoyev va uning oila a’zolari hordiq chiqarishi uchun maxfiy qarorgoh qurilganini o‘rtaga chiqargandi.
Toshkentdan taqriban 100 kilometr shimoli-sharqda, muhofaza ostidagi "Ugam-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i" hududida barpo etilgan qarorgoh qurilishidan xabardor manbalar unga davlat budjetidan qariyb 1 milliard dollar mablag‘ safrlanganini aytishgan.
Vertolyotlar qo‘nadigan maydonlarga ega va ustidan uchish taqiqlangan majmua qurilishi 2017-yilda boshlanib, 2018-yil oxiriga borib yakunlangan. Mahalliy aholi vakillari majmua yonida barpo etilgan yangi suv ombori suv ta’minotiga putur yetkazgani, oilalarning ko‘chishiga sabab bo‘lgani hamda atrof-muhitga zarar yetkazganidan shikoyat qilishgan.
Rasman “Shovvozsoy dam olish zonasi” deb atalgan majmua buyurtmachisi bo‘lgan "O‘zbekiston temir yo‘llari" davlat shirkati avvaliga qarorgohning prezident Mirziyoyevga aloqasini rad etishga uringan, ammo keyinroq Mirziyoyevning o‘zi "Shovvozsoy"da xorijiy davlat rahbarlarini mehmon qilishini tan olgan edi.
Hozirga qadar Shovvozsoydagi hashamatli qarorgoh o‘zbekistonlik soliq to‘lovchilarga qanchaga tushgani, uning maydoni va boshqa tafsilotlari haqida jamoatchilikka ochiqlangan rasmiy ma’lumot mavjud emas.
Ayni paytda O‘zbekiston Prezidenti vazirliklar, idoralar va hokimliklarga 2025-yilda byudjet mablag‘larini tejash va samaradorligini oshirish chora-tadbirlarini ko‘rish bo‘yicha topshiriq berdi. Unga ko‘ra, davlat organlariga ish haqini oshirish bo‘yicha takliflar kiritish, xizmat avtomashinalari, qimmatbaho mebel va ofis buyumlari sotib olish taqiqlanadi.
O‘tgan yil oktyabr oyida davlat byudjeti parametrlarini muhokama qilish chog‘ida prezident davlat byudjetida xalq manfaatlarini aks ettirish, shuningdek, xarajatlarni optimallashtirish va bu jarayonni yirik davlat korxonalaridan boshlash zarurligini ta’kidlagan edi. Uning ta’kidlashicha, ko‘plab mamlakatlar iqtisodiy strategiyasiga xarajatlarni optimallashtirishni kiritgan.
Bu Mirziyoyevning davlat xarajatlarini optimallashtirish va ma’muriy islohotlarni amalga oshirishga birinchi urinishi emas. Tahlilchilarga ko‘ra, bunga qadar davlat boshqaruv apparatini qisqartirishni maqsad qilgan ma’muriy islohotlar o‘lda- jo‘lda qolib ketgan.
Davlat rahbarlari qayerda dam oladi?
Postsovet hududidagi aksar davlat rahbarlari ta’tilni o‘z mamlakatida o‘tkazishi odatiy hol.
Qozog‘iston rahbari Qasim-Jomart Toqayev o‘tgan yil yozida ta’tilni Mang‘istau viloyatining Janao‘zen shahridan 70 kilometr janubda joylashgan Kenderli kurortida o‘tkazgan.
Bundan oldin u Sharqiy Qozog‘iston viloyatidagi maskanda dam olgan.
Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov bu yil ta’tilga chiqishi yoki chiqmasligi haqida hozircha hech qanday ma’lumot berilmadi.
U prezidentlik faoliyati boshlanganidan beri, ya’ni 2021-yilda faqat bir marta rasman ta’tilga chiqqan.
Ammo Japarovning Issiqko‘lda va Qorako‘l tog‘-chang‘i kurortidan tushgan suratlari internetda tez-tez paydo bo‘ladi.
Rossiya rahbari Putin Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlaganidan beri ta’tilga chiqqani haqida rasmiy ma’lumot yo‘q. Bundan tashqari, sanksiyalar ostida uning chet elga chiqish imkoniyatlari sezilarli darajada cheklangan.
Putin Rossiyada dam olishni afzal ko‘radi. 2021-yilda u o‘sha paytda Mudofaa vaziri bo‘lgan, hozir esa Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimini egallab turgan Sergey Shoygu bilan birga mart va sentyabr oylarida Sibirda ikki marta dam oldi.
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko ham rossiyalik hamkasbi kabi ko‘pdan beri ta’tilga chiqqani yo‘q. 2024-yilning may oyida u vitse-prezidenti yo‘qligi sababli dam ololmayotganini aytdi.
Belarus rahbarining so‘zlariga ko‘ra, "u dam olishga o‘rganmagan qishloq odami". Shuning uchun u doimo biror narsa bilan band. Goh o‘tin yoradi, goh dalada ishlaydi.
Boshqa davlat rahbarlari singari u ham o‘z yurtida dam olishni afzal ko‘rishini aytadi. Lekin Lukashenko ham Putin kabi sanksiyalar tufayli ko‘plab mamlakatlarga bora olmaydi.
So‘nggi yillarda Belarus rahbari Sochida tez-tez ko‘rinish berdi. Mahalliy jurnalistlar buni kurort shahri yaqinidagi Krasnaya Polyana qishlog‘ida Lukashenkoning yangi qurilayotgan qarorgohi bilan bog‘lashmoqda. Elita majmuasining taxminiy qiymati 50 million dollarni tashkil etadi.