Линклар

Шошилинч хабар
06 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:32

"Davlat ramzlariga hurmatsizlik". O‘zbekiston gerbi tushirilgan Stefano Ricci krossovkalari savdodan olindi


Glamour savdo uyi onlayn do‘koniga qo‘yilgan Stefano Ricci mahsulotlari (chapda) va davlat ramzi tushirilgan boks qo‘lqoplarini namoyish qilayotgan Otabek Umarov (ijtimoiy tarmoq)
Glamour savdo uyi onlayn do‘koniga qo‘yilgan Stefano Ricci mahsulotlari (chapda) va davlat ramzi tushirilgan boks qo‘lqoplarini namoyish qilayotgan Otabek Umarov (ijtimoiy tarmoq)

O‘zbekiston gerbi va bayrog‘i tasviri tushirilgan ust kiyim va oyoq kiyimlar Toshkentdagi hashamatli Glamour do‘koni onlayn peshtaxtalaridan olib tashlandi.

Kiyimlar - import, dizayn esa Italiyadagi nufuzli Stefano Ricci savdo uyiga oid.

Toshkent Adliya boshqarmasiga ko‘ra, bu buyumlardagi gerb va bayroq - O‘zbekiston qonunchiligiga zid ravishda qo‘llanilgan. Shuning bilan «davlat ramzlariga hurmatsizlik» qilingan.

Adliya vazirligi bergan izohga ko‘ra, O‘zbekistonning qonunchiligiga binoan davlat ramzlaridan tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emas.

Italiyadagi nufuzli Stefano Ricci savdo uyi O‘zbekiston davlat ramzlari bilan ishlagan kiyimlar - futbolka, oyoq kiyim, jinsi shim, charm kepka, galstuk yoki boshqa turdagi sport kostyumlaridir.

O‘zbekiston gerbi tushirilgan Stefano Ricci krossovkasi (glamourboutique.uz saytidan olingan surat)
O‘zbekiston gerbi tushirilgan Stefano Ricci krossovkasi (glamourboutique.uz saytidan olingan surat)

Adliya vazirligi matbuot kotibi Sevara O‘rinboyevaning Ozodlikka aytishicha, bu holat - tamomila qonunga ziddir. Ya’ni, qonunchilik davlat ramzlaridan tijorat maqsadlarida foydalanishni taqiqlaydi.

“O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonunning 51-moddasida shunday belgilangan:

“O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining elementlarini nodavlat tashkilotlari hujjatlarining rekvizitlari yoki reklama materiallariga kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) o‘tkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emas”.

O‘zbekiston gerbi tushirilgan Stefano Ricci krossovkasi (glamourboutique.uz saytidan olingan surat)
O‘zbekiston gerbi tushirilgan Stefano Ricci krossovkasi (glamourboutique.uz saytidan olingan surat)

Stefano Ricci shirkati o‘zi ishlagan kiyimlar O‘zbekiston qonunchiligiga zidligidan xabardormi-yo‘qmi, bu hozircha noma’lum.

Shuningdek, bu shirkatga mazkur kiyimlar liniyasi uchun O‘zbekiston tomonidan kimdir buyurtma berganmi va bergan bo‘lsa, kim yoki qaysi shirkat buyurtma bergani ham aytilmayotir.

Shirkatning Italiyadagi bosh ofisi, Ozodlikka javoban, matbuot xizmatiga yozma murojaat qilishni tavsiya qildi. Ozodlik javob kutmoqda.

Toshkentdagi Glamour savdo uyi - mamlakatdagi eng yirik va hashamatli do‘konlardan biridir.

Bu do‘konda dunyoning eng qimmat va super-elita vakillari kiyadigan brendlar, jumladan Alexander McQueen, Burberry, Bailmain, Givenchy, DOLCE&GABBANA, Bottega Veneta, JACQUEMUS, Valentino kabi 30 ga yaqin dizaynerlik uylarining mahsulotlari sotiladi.

O‘zbekiston davlat ramzi bilan Stefano Ricci savdo uyi ishlagan dizaynerlik mahsulotlari ham faqat Glamour do‘konida savdoga qo‘yilgani inobatga olinsa, buyurtmachi ham ayni shu do‘kon yoki unga aloqador shirkat, deb taxmin qilish mumkin.

Glamour savdo uyidan bu borada hozircha ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Olx onlayn savdo do‘konida taklif qilingan mahsulotlar. (Surat https://www.olx.uz saytidan olindi)
Olx onlayn savdo do‘konida taklif qilingan mahsulotlar. (Surat https://www.olx.uz saytidan olindi)

Ammo, Toshkent shahar Adliya boshqarmasi bayonotidan so‘ng, Stefano Ricci davlat ramzlari bilan ishlagan kiyimlari liniyasi ushbu do‘konning onlayn peshtaxtalaridan olib tashlandi.

Biroq, shu kunda O‘zbekistondagi onlayn bozorlarda davlat ramzlari tushirilgan kiyimlar talay. Mahsulotlar faqat Stefano Ricci shirkati ishlagan futbolka yoki krossovkalar bilan cheklanmaydi.

Mamlakatda juda ommalashgan Olx onlayn savdo do‘konida O‘zbekiston va xorijda ishlangan bu kabi mahsulotlar juda ko‘p. Savdo sur’atiga qaralsa, ayni paytda xaridorgir ham.

Toshkent shahridagi turli butiklar va katta bozorlarda ham davlat ramzlari tushirilgan kiyimlarni bemalol xarid qilish mumkin.

Otabek Umarov O‘zbekiston bayrog‘i ramzi tushirilgan boks qo‘lqopini namoyish qilmoqda. (O. Umarovning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasidan olingan surat)
Otabek Umarov O‘zbekiston bayrog‘i ramzi tushirilgan boks qo‘lqopini namoyish qilmoqda. (O. Umarovning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasidan olingan surat)

Davlat milliy ramzi tushirilgan kiyimlarni prezidentning kichik kuyovi Otabek Umarov ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida ko‘p reklama qiladi.

Umarov namoyish qilgan kiyimlar orasida davlat gerbi tushirilgan futbolka, kepka, davlat bayrog‘i tushirilgan boks qo‘lqoplari ham bor.

Bunday kiyimlarni mashhur sportchilardan tashqari, siyosat va san’atda ko‘ringan taniqli kishilar ham ko‘p kiya boshlagani kuzatiladi.

Onlayn savdo uylaridagi narxlarga qaralsa, bunday kiyimlar mamlakat aholisi daromadiga nisbatan o‘ta qimmat.

Jumladan, Stefano Ricci brendiga oid davlat gerbi aks etgan krossovkalarning eng arzoni, mamlakatdagi bazaviy hisoblash miqdoridan kamida 70 barobarga yuqori - 18 million so‘m. Qimmati esa 24 million so‘m.

Adliya vazirligi matbuot kotibi Sevara O‘rinboyevaga ko‘ra, milliy ramzlar faqat alohida holatlarda vazirlikning maxsus ruxsati bilan kiyimlarga tushirilishi mumkin, ammo sotilishi mumkin emas.

Sport kiyimlari shular jumlasidandir.

“Maxsus ruxsat bilan sportchilar kiyimlari, turli tadbirlar uchun tayyorlanadigan buyumlarga davlat razmi tushirilishi mumkin. Ramzlarning qanday kiyim turiga tushirilishining ahamiyati yo‘q. Faqat, davlat ramzlari tushirilgan kiyim-kechaklarni sotib, ulardan tijoriy maqsadda foydalanish mumkin emas”, deydi O‘rinboyeva.

Adliya vazirligi matbuot kotibiga ko‘ra, mamlakat bozorlarida davlat ramzlari tushirilgan kiyimlarning sotilishi qonunga ziddir:

“Tegishli tashkilotlar bu vaziyatni muntazam monitoring qilib borishi va qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rishi lozim”.

Toshkent Adliya boshqarmasiga ko‘ra, poytaxtda davlat ramzlaridan noqonuniy foydalanilgan 363 ta holat aniqlangan.

Toshkent shahrida turli tashkilotlardagi qonun buzilish holatlarini bartaraf etish to‘g‘risida 103 ta taqdimnoma kiritilgan, 70 ta ogohlantirish berilgan. Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasiga 49 ta holatda ma’muriy javobgarlik tartibida chora ko‘rish taklifi yuborilgan.

Natijada, 55 shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan, 18 ta huquqbuzar ma’muriy ravishda ogohlantirilgan, 9 nafar mansabdor shaxsga nisbatan jarima jazosi qo‘llanilgan.

Ammo dunyo davlatlarida davlat ramzlari tushirilgan kiyim-kechak yoki buyumlar ancha xaridorgir sanaladi.

Internet savdo do‘konlarida turli davlatlar bayroqlari, gerblari tushirilgan kiyimlar va poyabzallarni bemalol xarid qilish mumkin.

XS
SM
MD
LG