Линклар

Шошилинч хабар
22 феврал 2025, Тошкент вақти: 00:16

DeepSeek nima va u nega sun’iy intellekt dunyosida shov-shuv bo‘lmoqda?


DeepSeek, sun’iy intellekt. Illyustrativ surat.
DeepSeek, sun’iy intellekt. Illyustrativ surat.

Xitoyning DeepSeek startapi taqdim etgan so‘nggi sun’iy intellekt modellari, ularning aytishicha, AQSHdagi yetakchi modellardan arzonroq narxda teng yoki undan ham yaxshiroq ishlaydi. Ushbu yangilik texnologik dunyodagi mavjud tartibotni o‘zgartirib yuborishi mumkinligi aytilmoqda.

Kompaniya o‘tgan oyda e’lon qilgan bayonotida DeepSeek-V3'ni o‘qitish uchun Nvidia H800 chiplaridan 6 million dollardan kamroq hisoblash quvvati talab qilingani haqida bildirgani global sun’iy intellekt doiralari e’tiborini tortdi.

DeepSeek-V3 asosida ishlaydigan DeepSeek AI Assistant dasturi AQSHdagi Apple App Store'da eng yuqori baholangan bepul ilovaga aylanib, raqib ChatGPT'ni ortda qoldirdi.

Bu holat AQSH texnologik kompaniyalarining sun’iy intellektga milliardlab dollar sarmoya kiritish qarorlari asosli ekanligiga shubha uyg‘otmoqda, Nvidia kabi bir qator yirik texnologik kompaniyalar aksiyalariga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Quyida butun dunyo bo‘ylab sun’iy intellekt sohasini larzaga solayotgan kompaniya haqida ba’zi ma’lumotlar keltirilgan.

NIMA UCHUN DEEPSEEK SHOV-SHUVGA SABAB BO‘LMOQDA?

2022-yil oxirida OpenAI tomonidan ChatGPT'ning taqdim etilgani Xitoy texnologik kompaniyalari o‘rtasida sun’iy intellekt yordamida ishlaydigan o‘z chatbotlarini yaratish uchun shoshilinch harakatlarga turtki bergan edi.

Biroq, qidiruv tizimi giganti Baidu (9888.HK) tomonidan yaratilgan birinchi Xitoy ChatGPT muqobili chiqarilgandan so‘ng, Xitoyda AQSH va Xitoy firmalari o‘rtasidagi sun’iy intellekt imkoniyatlaridagi farq tufayli keng ko‘lamda tushkunlik kuzatildi.

DeepSeek modellarining sifati va iqtisodiy samaradorligi bu vaziyatni butunlay o‘zgartirib yubordi. Xitoy startapining aytishicha, Kremniy vodiysi yetakchilari va AQSH texnologik kompaniyalari muhandislari olqishiga sazovor bo‘lgan ikki model – DeepSeek-V3 va DeepSeek-R1 OpenAI va Meta'ning eng ilg‘or modellariga teng keladi.

Ulardan foydalanish ham arzonroq. DeepSeek'ning rasmiy WeChat hisobidagi postga ko‘ra, o‘tgan hafta taqdim etilgan DeepSeek-R1 vazifaciga qarab OpenAI o1 modeliga nisbatan 20 dan 50 baravar arzonroq tushadi.

Ammo ba’zilar DeepSeek'ning muvaffaqiyatiga ochiqcha shubha bildirmoqda.

Scale AI bosh direktori Aleksandr Vang payshanba kuni CNBC telekanaliga bergan intervyusida, hech qanday dalil keltirmasdan, DeepSeek'da 50 000 ta Nvidia H100 chipi borligini aytdi. U bu ma’lumot oshkor qilinmasligini, chunki bu Vashingtonning bunday ilg‘or AI chiplarini Xitoy kompaniyalariga sotishni taqiqlovchi eksport nazoratini buzishi mumkinligini bildirdi. DeepSeek bu da’voga izoh so‘roviga darhol javob bermadi.

Bernsteyn tahlilchilari dushanba kuni o‘z tadqiqot hisobotida DeepSeek kompaniyasining V3 modeli uchun umumiy o‘rgatish xarajatlari noma’lumligini, ammo startap hisoblash quvvati uchun sarflagan 5,58 million dollardan ancha yuqori ekanligini ta’kidladilar. Shuningdek, tahlilchilar aytishicha, bir xil darajada e’tirof etilgan R1 modelining o‘qitish xarajatlari ham oshkor etilmagan.

DEEPSEEK ORTIDA KIM TURIBDI?

DeepSeek – Xanchjouda joylashgan startap bo‘lib, uning nazorat paketi, Xitoy korporativ ma’lumotlariga ko‘ra, High Flyer hedj fondi hammuassisi Lian Denfengdir.

Lianning jamg‘armasi 2023-yil mart oyida o‘zining rasmiy WeChat akkauntida "qayta boshlash"ni e’lon qilgandi. U "yangi va mustaqil tadqiqot guruhini yaratish, AGI (Sun’iy umumiy intellekt) ni o‘rganish" uchun resurs yo‘naltirmoqchi ekanini bildirdi. DeepSeek o‘sha yil oxirida tashkil etildi.

ChatGPT yaratuvchisi OpenAI AGIni iqtisodiy jihatdan qimmatli vazifalarda insondan ustun turadigan avtonom tizimlar deb ta’riflaydi.

High Flyer DeepSeek'ga qancha sarmoya kiritgani noma’lum. High Flyer kompaniyasi DeepSeek bilan bir binoda joylashgan va Xitoy korporativ ma’lumotlariga ko‘ra, sun’iy intellekt modellarini o‘qitish uchun ishlatiladigan chip klasterlari bilan bog‘liq patentlarga ham egalik qiladi.

High Flyer'ning sun’iy intellekt bo‘limi 2022-yil iyul oyida o‘zining rasmiy WeChat akkauntida 10 000 ta A100 chiplari klasteriga egalik qilishi va uni boshqarishi haqida ma’lumot bergan.

PЕKIN DEEPSEEK'NI QANDAY BAHOLAYDI?

DeepSeek'ning muvaffaqiyati Xitoyning yuqori siyosiy doiralarida allaqachon e’tibor tortgan. 20-yanvar kuni, DeepSeek-R1 ommaga taqdim etilgan kuni, asoschisi Lian Xitoy bosh vaziri Li Syan rahbarligida o‘tkazilgan tadbirkor va ekspertlar uchun yopiq eshiklar simpoziumida ishtirok etdi.

Lianning bu yig‘ilishdagi ishtiroki DeepSeek muvaffaqiyati Pekinning Vashington eksport nazoratini yengib o‘tish va sun’iy intellekt kabi strategik sohalarda o‘z-o‘zini ta’minlashga erishish siyosati uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lishi mumkinligidan dalolat beradi.

O‘tgan yili xuddi shunday simpoziumda Baidu bosh direktori Robin Li ishtirok etgandi.

XS
SM
MD
LG