Amaldagi prezident hamda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev qashqadaryolik saylovchilar bilan uchrashdi.
Rasmiy xabarlarga ko‘ra, Sh. Mirziyoyev saylovoldi dasturini taqdim qildi va viloyatda 400 mingta ish o‘rni yaratish, 75 ta yangi kichik sanoat zonasini ochish, 120 gektar maydonda sanoat texnoparki tashkil etish rejasini bayon qildi.
Mirziyoyev bu kabi rejalar uchun Qashqadaryoga 60 trillion so‘m ajratilishini va’da qildi. 10 - oktabr kuni Mirziyoyev Surxondaryo viloyatida ham uchrashuvlar o‘tkazdi va bu yerdagi 5 yillik rejalari uchun ham, davlat g‘aznasidan 50 trillion so‘m va’da qildi.
Amaldagi prezident hamda prezidentlikka nomzodning bu ustma-ust va’dalari hamda saylovoldi uchrashuvlarda ma’muriy resurslardan foydalanayotgani Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti oraliq hisobotida ham tanqid qilindi.
Qashqadaryo viloyatidagi Ozodlik manbalarining xabar qilishicha, prezident safariga, odatdagidek, 1 oy oldin tayyorgarlik boshlangan. Prezident o‘tishi mo‘ljallangan ko‘chalarda aholi harakati cheklangan, uchrashuvga hozirlik 10 - oktabr oqshom soat 21 da ham davom etgan.
Nomzodning va’dalari
Qashqadaryolik saylovchilar bilan uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev, prezidentlik birinchi muddati yakuniga yetayotgan bir paytda, Qashqadaryoda hanuz ishsizlik va ichimlik suvi ta’minoti bilan bog‘liq muammolar hal qilinmaganini bilvosita tan oldi.
Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, 11 - oktabr kungi uchrashuvda goh amaldagi prezident, goh prezidentlikka nomzod sifatida gapirgan Shavkat Mirziyoyev viloyatda 400 mingta yangi ish o‘rni yaratish, buning uchun 75 ta yangi kichik sanoat zonasini ochishni va’da qilgan.
Shuningdek, prezidentlikka nomzod o‘z nutqida, aholining atigi 47 foizi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanganini tan olib, kelgusi 5 yilda esa buni 80 foizga yetkazishni mo‘ljallaganini ma’lum qildi.
- Qashqadaryo to‘g‘risida o‘ylaganimda, bugungi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rganimda, meni eng ko‘p qiynaydigan masala – bu hudud aholisiga munosib hayot, to‘kin dasturxon va doimiy daromad manbalarini ta’minlab berish, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bundan tashqari, Sh. Mirziyoyev viloyatda yangi kimyo klasteri tashkil etilishi, jami 2,7 milliard dollar bo‘lgan 12 ta loyiha amalga oshirilishini ham bildirdi.
Mirziyoyev tashrifiga hozirlik
Manbalarga ko‘ra, prezident tashrifiga tayyorgarlik bir oy oldin boshlangan.
"Bir oycha avval tashkilotlarga ogohlantirish kelgan edi. Bir hafta avvaldan asosiy ishlar boshlandi. Asosiy ko‘chalarni chetidagi yaxshigina yo‘laklarni ko‘chirib, yangisini yotqizishdi. Bugun ertalabdan prezident keladigan katta ko‘chalar yopildi. Ziyoratgohga bordi birinchi bo‘lib, keyin saylovchilar bilan uchrashuv bo‘ldi. Keyin Qarshining eski shahar qismidagi "Odina" masjidiga bordi", dedi Qashqadaryo viloyati hokimligiga yaqin Ozodlik manbasi.
Shu shaharda yashaydigan Ozodlik tinglovchisiga ko‘ra, uning katta yo‘l yoqasidagi uyi so‘nggi 2 kun ichida maxsus xizmatlar va IIV xodimlari tomonidan muttasil nazorat ostida saqlangan.
"Derazalarni yopinglar, balkonlarga chiqmanglar, pardalarni tushiringlar, deb 2 kundan buyon nazorat qilishyapti. Menda bitta fortochka ochiq qolgan ekan, shuni yoping, deb talab qilishdi. Uyimizga kelgan-ketganlarning pasportini birma-bir tekshirishdi. Prezident ko‘chamizdan o‘tib ketishiga shuncha vahima bo‘ldi", dedi ismini ochiqlamayotganimiz qarshilik tinglovchi.
Qashqadaryolik blogerlardan birining xabar qilishicha, viloyatda yangi qurilgan prezident maktabida 10 - oktabr, soat 21da ham o‘quvchi bolalar prezident bilan uchrashuvga hozirlik ko‘rayotgan edi:
"Kechasi soat 9 da maktabda yurgan bolalarni ko‘rdim, 50tacha bolani sanadim. Repetitsiya qilishayotgan ekan. Kecha sovuq edi".
Zoir Mirzayevning "yulduzli onlari"
Prezident Mirziyoyev Qashqadaryoga safari doirasida ikki qator yangi yoki ta’mirlangan obyektlarni borib ko‘rdi.
Qarshi shahrida yangi qurilgan prezident maktabi, "Odina" masjidida yangi ochilgan Qatag‘on qurbonlari xotira muzeyi, Qarshi tumanida yangi ta’mirdan chiqarilgan Abu Muin Nasafiy maqbarasi shular jumlasidandir.
Ozodlik manbalariga ko‘ra, bu maskanlarni prezident tashrifiga hozirlash ishlariga viloyat hokimi Zoir Mirzayev shaxsan boshchilik qilgan.
"Shaxsan o‘zi bosh-qosh bo‘ldi tayyorgarlik ishlariga. Nasafiy ziyoratgohi qarovsiz ahvolda yotgandi. Hokim o‘zi tepasida turdi - bir oyda yangilashdi. Bundan oldin O‘zbek-Turkman do‘stligiga atalgan tadbirlar ham bo‘lgandi. Xullas, Qarshi shu tadbirlar bahona obod bo‘lib qoldi, aslida. Shu tadbirlar bahona Zoyir Mirzayev ham prezidentga o‘zini ko‘rsatdi. "Zvyozdniy chas", deydimi. Lekin, bu yoqda tashkilotlar ishchilarini ham rosa ezib ishlatishdi", dedi Qashqadaryo viloyati hokimligiga yaqin Ozodlik manbasi.
Ozodlik, bunga qadar O‘zbek-Turkman do‘stligiga bag‘ishlab, Qashqadaryo viloyatida o‘tgan tadbirlar va unga tayyorgarlik ishlariga davlat xodimlari majburan jalb qilingani haqida xabar qilgan edi.
Nomzod Sh. Mirziyoyevdan 2 kunda 110 trillion so‘mlik va’da
Amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatidagi keyingi 5 yilda bajariladigan jami loyihalar uchun, umumiy hisobda davlat hisobidan 60 trillion so‘m ajratishni va’da qildi.
10 - oktabr kuni Surxondaryo viloyatida saylovchilar bilan uchrashgan prezident, bu viloyatda ham kelgusi 5 yillik rejalar uchun 50 trillion so‘m ajratilishini aytdi.
Bunga qadar u Farg‘ona, Namangan, Andijon, Xorazm viloyatlari va Qoraqapog‘iston respublikasida ham saylovchilar bilan uchrashdi, u yerda ham katta-katta va’dalar berdi.
Ayni paytda prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev saylovoldi tashviqoti davomida tarqatayotgan mablag‘lar, berayotgan va’dalar - uning ma’muriy resurslardan foydalanayotgani to‘g‘risidagi bahsli masalani kun tartibiga chiqardi.
8 - oktabr kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (YeXHT DIIHB) O‘zbekistonda 24 - oktabr kuniga belgilangan prezident saylovini kuzatish missiyasi oraliq hisobotini e’lon qildi.
Hujjatda qayd etilishicha, saylovoldi kampaniyasi paytida, tashkilotning fundamental huquq va erkinliklarga oid tavsiyalari bajarilmayotgani qayd etilgan.
Bajarilmagan tavsiyalar sirasida saylov huquqlarini cheklash, mustaqil nomzodlarni ko‘rsatishga taqiq va saylov kampaniyasini moliyalashtirishning muqobil manbalariga oid tavsiyalar bor.
Hisobotda, xususan O‘zbekistonning amaldagi prezidenti bo‘lgan Sh. Mirziyoyevning saylovchilar bilan uchrashuvlarga prezident xizmat samolyoti bilan borishi va boshqa nomzodlar o‘rtasida raqobatli kurash kuzatilmagani alohida qayd etildi.
O‘zbekiston markaziy saylov komissiyasi prezidentlikka nomzod sifatida:
- Liberal-demokratik partiyadan Shavkat Mirziyoyevni,
- “Adolat” partiyasidan Bahrom Abduhalimovni,
- Ekologik partiyadan Narzulla Oblomurodovni,
- “Milliy tiklanish” partiyasidan Alisher Qodirovni,
- Xalq-demokratik partiyasidan Maqsuda Vorisovani ro‘yxatga olgan.
Mazkur partiyalarning hammasi hukumatparast partiyalar sifatida ko‘riladi.
Muxolifatdagi partiyalarga esa bu safar ham saylovda qatnashish uchun imkon berilmadi.
24 - oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlarda amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyevning ikkinchi muddatga saylanishi kutilmoqda.