Линклар

Шошилинч хабар
22 феврал 2025, Тошкент вақти: 00:14

Diniy bloger Mubashshir Ahmad qidiruvga berildi


Mubashshir Ahmad (arxiv surati)
Mubashshir Ahmad (arxiv surati)

O‘zbekistonda Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan diniy bloger, Azon Global portali asoschisi Alisher Tursunov qidiruvga berildi.

Qalampir.uz nashrining Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovga tayangan holda yozishicha, Alisher Ahmadovich Tursunov Jinoyat kodeksining 244-2-moddasi (diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) 1-qismi bo‘yicha qidiruvga berilgan.

Ozodlik avval xabar qilganidek, Mubashshir Ahmad 2023-yil 28-dekabr kuni Istanbulda Turkiya politsiyasi tomonidan qo‘lga olingan edi.

Qariyb ikki oy davomida Istanbulning Chatalja tumanida joylashgan Binqilich deportatsiya markazida ushlab turilgan Mubashshir Ahmad 2024-yil 21-fevral kuni qo‘yib yuborilgan.

2023-yilning 6-avgust kuni “Azon media” guruhi rahbari bo‘lgan Mubashshir Ahmad guruhga kiruvchi barcha loyihalarining to‘xtatilganini e’lon qilgandi. “Azon media” 2017-yilda O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy yo‘nalishda faoliyat yurituvchi onlayn media tarmog‘i sifatida tashkil qilingan.

Ijtimoiy tarmoqlarda 1,2 million obunachisiga ega bo‘lgan “Azon media” ta’sischisi O‘zbekistondagi faoliyat yakunlanganiga oid sabablarga izoh bermagan.

2023-yil noyabrida Mubashshir Ahmad rahbarligida o‘zbek, rus, ingliz va turk tillarida faoliyat yurituvchi Azon Global axborot tahliliy portali ishga tushirilgan.

Ayni paytda Turkiyada istiqomat qilayotgan Mubashshir Ahmad 1974-yili Namanganda tug‘ilgan. 1991-1996-yillarda Toshkent Islom instituti va Misrdagi “Al-Azhar” universitetlarida ta’lim olgan. “O‘zbekiston musulmonlari” (hozirgi “Hidoyat”), Fikrat jurnallarida va “Islom nuri” gazetasida ishlagan. Bir muddat Toshkent islom institutida dars bergan, O‘zbekiston musulmonlar idorasida faoliyat yuritgan.

XS
SM
MD
LG