O‘zbekiston musulmonlari idorasi poytaxt Toshkentdagi masjidlarning 18 nafar imom va imom noiblarini ishdan chetlatgan.
Bu haqda 11-sentyabr kuni diniy idorada o‘tkazilgan majlisda ma’lum qilingan, ammo rasmiy xabarda ishdan chetlatilgan imomlarning kimligi aytilmagandi.
O‘MI xabarnomasida “din peshvosi sifatida ish faoliyatiga e’tibor qaratmagan va mehnat majburiyatlarini yetarli darajada bajarmagan Toshkent shahridagi masjidlarda faoliyat yuritgan 8 nafar imom-xatib, 10 nafar imom noibi vazifasidan ozod etilgani” qayd etilgan. Bundan tashqari, 2 nafar imom-xatib va 2 nafar imom noibiga hayfsan berilgani aytiladi.
To‘liq ro‘yxat
Ozodlikning Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo‘mitasiga yaqin manbasi vazifasidan chetlatilgan imom va noiblarning to‘liq ro‘yxatini taqdim etdi:
1. Rustamjonov Abdulatif - “Abdulloh ibn Huzofa" masjidi imom-xatibi;
2. Mirzaliyev Jahongir - "Dorul islom" masjidi imom-xatibi;
3. Muhammadiy Ergashev - "Ahmadjon qori" masjidi imom-xatibi;
4. Muhammadxon Sultonxonov - "Mirza G‘olib" masjidi imom-xatibi;
5. Luqmon Abloqulov - "Zangiota" masjidi imom-xatibi;
6. Toshboltayev Ximoyiddin - "Aziz ota" masjidi imom-xatibi;
7. Hafizullayev Zakariyo - “Kamoliddin Orif Al-Buxoriy” masjidi imom-xatibi;
8. Ibn Tursun Bilolqori ibn Sultonmurod - “Cho‘lpon ota” masjidi imom-xatibi;
9. Ziyayev Bekmirza - “Dorul islom” masjidi imom noibi;
10. Muxamadjonov Muhammadali - "Abu Bakr Qaffoli Shoshiy" masjidi imom noibi;
11. Turdaliyev Kamoliddin – “Hazrati Ali" masjidi imom noibi;
12. Parpiyev Baxriddin - "To‘xtaboy" masjidi imom noibi;
13. Yuldashev Jahongir - "Hazrati Umar" masjidi imom noibi;
14. Marupov Oybek - “Suzuk ota" masjidi imom noibi;
15. Abduvakilov Olimjon - “Abu Saxiy” masjidi imom noibi;
16. Esonqulov Inoyatulloh - “Xoja Alambardor” masjidi imom noibi;
17. Sobitjonov Abduvoxid - "Ibrohimboy va Orifjonboy" masjidi imom noibi;
18. Abiyev Xikmatulla - "Axmadjon qori" masjidi imom noibi.
Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, imomlarning barchasi bir kunda ishdan olinmagan. Ularning 16 nafari joriy yil boshidan buyon vazifasidan chetlatilgani aytilmoqda.
Ro‘yxatdagi har bir imom va noibning aynan qanday kamchiligi uchun ishdan olingani borasida ma’lumot yo‘q.
Ozodlik manbalari hukumat ayrim din ulamolarining tarmoqlardagi ziddiyatli chiqishlaridan norozi ekanini aytishadi.
Shuningdek, so‘nggi paytlarda mamlakatda "diniy fon" kuchayib ketgani rasmiylarning xavotiriga sabab bo‘lgan.
Oldinroq Ozodlik Bosh vazir Abdulla Aripov mamlakatdagi davlat ro‘yxatidan o‘tmagan yuzlab masjidlarni buzish tadbirkorlarga berish haqida ko‘rsatma berganini xabar qilgandi. Hukumat rasmiylari bu xabarni tasdiqlamagan, ammo rad ham etmagan.
O‘tgan yilgi hukumat masjlisida soqol va hijob masalasi muhokama qilingan, uning ortidan xususan poytaxt Toshkentda dindorlarga tegishli bizneslarga reydlar o‘tkazilgandi.
O‘tgan yillarda kuzatilgani kabi, bu yil ham yangi o‘quv yili ta’lim muassasalarida qizlarning hijob o‘rashi bilan bog‘liq mojarolar fonida boshlangan.
Diniy erkinliklar
Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgach O‘zbekistondan minglab dindorlar qora ro‘yxatlardan chiqarilgan, yangi masjidlar ochilishiga ruxsat berilgan. Soqol va hijobga qo‘yilgan taqiqlar yumshatilgani kuzatiladi.
Ammo ayni paytda din ustidan davlatning qat’iy nazorati saqlanib qolmoqda.
Oldinroq AQSH Davlat departamenti O‘zbekiston hukumati diniy erkinliklarni ta’minlashga doir ayrim va’dalari ustidan chiqqan bo‘lsa-da, ko‘plab va’dalar amalga oshmay qolayotganini tanqid qilgandi.
Davlat departamenti hisobotida jumladan, diniy qo‘shiq (nashida) yo‘llagani uchun jazoga tortilgan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabasi Jahongir Ulug‘murodov va 21 yoshli IT mutaxassisi Sardor Rahmonqulov keyslari yodga olingan. Qayd etilishicha, 3 yil oldin sinfdoshiga yuborgan diniy qo‘shiq sabab avvaliga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan, keyinroq jamoatchilik bosimi ostida 2 yil sinov muddati bilan ozodlikka chiqarilgan Sardor Rahmonqulovga nisbatan, shuningdek, davlat tomonidan tayinlangan imomlarni tanqid qilgani ortidan uzoq muddat qamoq jazosiga hukm qilingan, 2023-yil dekabr oyida esa ozodlikka chiqarilgan diniy bloger Fozilxo‘ja Orifxo‘jayevga nisbatan tergov chog‘i qiynoq qo‘llangan.
AQSH hukumati diniy ta’limga cheklov saqlanib qolayotganini tanqid qilgan.
"Xususan, diniy e’tiqodni davlat ruxsatisiz amalga oshirish, o‘qitish va baham ko‘rish taqiqlangani, shuningdek, diniy adabiyotlarga nisbatan qattiq senzura yuzasidan xavotir izhor etilgan”, deyiladi yillik hisobotda.