Линклар

Шошилинч хабар
22 феврал 2025, Тошкент вақти: 14:32

Diplomatlar AQSHdan boshqa o‘lkalarga chiqarib yuborilayotgan o‘zbekistonliklar haqida ma’lumot so‘rashdi


AQSH Immigratsiya va bojxona nazorati idorasi tomonidan qo‘lga olingan noqonuniy migrantlar, 2024-yil 28-yanvari
AQSH Immigratsiya va bojxona nazorati idorasi tomonidan qo‘lga olingan noqonuniy migrantlar, 2024-yil 28-yanvari

O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi va Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi AQSH rasmiylaridan mamlakatda migratsiya tartibini buzgani uchun boshqa davlatlarga deportatsiya qilinishi mumkin bo‘lgan o‘zbekistonliklar haqida ma’lumot berishni so‘rab murojaat qilgan. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov ma’lum qildi.

Mulozim AQSHdagi o‘zbek diplomatlari anchadan buyon “O‘zbekiston fuqarolarining o‘z vatanlariga xavfsiz deportatsiyasini ta’minlash maqsadida AQSHning tegishli huquq-tartibot idoralari bilan yaqindan hamkorlik” qilib kelayotganini, o‘zaro kelishuvlarga muvofiq ravishda Amerika tomoni deportatsiya qilinadigan o‘zbekistonliklar bilan bog‘liq har bir holat haqida tezkorlik bilan xabardor qilishini, odatiy amaliyotga ko‘ra deportatsiya qilingan fuqarolar O‘zbekistonga Nyu-York-Toshkent yo‘nalishi orqali qaytishini qayd etgan.

Avvalroq The New York Times gazetasi AQSHdagi ikki yuzdan ziyod hindistonlik va markaziy osiyolik noqonuniy migrant Kosta Rika Respublikasiga yo‘llanishi haqida xabar qilgan edi. Ularning qanchasi o‘zbekistonlik ekaniga haqida aniq ma’lumot yo‘q. Nashr o‘z maqolasida Kosta Rika hukumati 200 nafar noqonuniy muhojirni o‘z mamlakatiga qaytarishda Vashington bilan hamkorlik qilishga rozilik bildirgani, shu tariqa bu o‘lka noqonuniy muhojirlarning o‘z mamlakatlariga yetib borishida ko‘prik vazifasini o‘tashini urg‘ulagan.

Aytilishicha, Markaziy Osiyo va Hindistondan bo‘lgan noqonuniy migrantlar Kosta Rikaga tijorat reyslari orqali olib kelinib, migrantlarga xizmat ko‘rsatish markaziga joylashtiriladi va bu jarayon AQSH hukumati tomonidan moliyalashtiriladi.

Joriy yil 20-yanvaridan prezidentlik lavozimiga kirishgan Donald Tramp noqonuniy migratsiyaga qarshi ayovsiz kurash e’lon qilgan.

Ozodlik avvalroq AQSHda yashab kelayotgan 975 nafar o‘zbekistonlik noqonuniy migrant sifatida badarg‘a qilinishi mumkinligi haqida xabar qilgan edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yil sentyabridan 2024-yil sentyabrigacha Qo‘shma Shtatlardan O‘zbekistonga 572 kishi deportatsiya qilingan.

XS
SM
MD
LG