Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:24

Dubayda 25 yilga qamalgan o‘zbek mahkum: Konsullik yordam berishni istamayapti


Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahridagi qamoqxonadan “OzodMikrofon”ga murojaat qilgan 48 yashar Baxtiyor Salomov O‘zbekiston konsulligidan huquqiy yordam ololmayotganidan shikoyat qildi.

Asli buxorolik Salomov Dubayda 25 yillik qamoq jazosini o‘tamoqda.

“Men O‘zbekiston fuqarosi Baxtiyor Salomov, 2006 - yildan beri BAAning Dubay shahri qamoqxonasida o‘tiribman. Odam o‘ldirish moddasi bilan 25 yilga ozodlikdan mahrum etilganman. 2013 - yilda da’vogarlar tomonidan da’vomiz yo‘q, degan hujjatlarni O‘zbekistondagi tegishli organlar tasdiqlab, BAAga MID orqali jo‘natilgan.

BAA qonunlari islomiy bo‘lgani uchun odam o‘ldirish moddasi da’vogarlar tomonidan hech qanday da’vom yo‘q, degan hujjatlar bo‘lsa, 3 yildan 7 yilgacha qamoq jazosi degan qonun bor. Bu hujjatlarim bilan ishni qayta ko‘rish uchun sudga murojaat qilishim mumkin. Sudga advokat orqali murojaat qilish kerak. Mening esa advokat olishga sharoitim yo‘q. Chunki bu yerda advokat xizmati juda ham qimmat. Yaqinlarim O‘zbekistondagi tegishli idoralarga ham murojaat qilib chiqishdi. U yerda BAAdagi konsullikka murojaat qilishsin , degan javobni aytishdi.

Uch yildan beri shu holat bo‘yicha Dubaydagi O‘zbekiston konsulligiga murojaat qilib kelaman. Hech qanday foyda bo‘lmayapti. Ular mening ishim u yoqda tursin, hatto bir yarim yildan beri qamoqxonaga o‘z fuqarolari oldiga hol-ahvol so‘rab ham kelishmaydi. Boshqa davlat konsullari oyiga uch marta kelib, o‘z fuqarolariga moddiy yordam deb, pul qo‘yib ketishadi. Mayli, menga ularning moddiy yordami ham kerak emas, faqat ishimni qayta ko‘rib chiqish uchun advokat yollashga yordam berishsa bo‘ldi.

Bizning konsullarimiz qachon telefon qilsak, doim "hozir delegatsiya kelgan, keyingi oy qiling," deydi. Keyingi oy ham shu ahvol, telefonlarimizga javob berishmaydi. Mening murojaatimga oxirgi marta “sizning bu murojaatingiz bilan ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar buzilishini xohlamaymiz”, deb javob berishdi.

Nahotki, mening bu murojaatim siyosiy bo‘lsa, ikki davlat aloqasiga jiddiy zarar yetkazsa? Nima qilishni ham bilmay qoldim. O‘n besh yildan beri yaqinlarimni, onamni ko‘rganim yo‘q. Yoshim ellikka borib qoldi. Sog‘lig‘im ham yaxshi emas. Nahotki, shu begona davlatlarda o‘lib ketsam. Hech kimdan yordam kutishga umidim qolmadi. Armonim, o‘z vatanimga qaytsam, yaqinlarimni ko‘rsam.

Men bilan birga sudlangan sherigim Sherzod Nukarov ham xuddi men kabi vaziyatda. Uning ham konsullikka qilgan murojaatlari e’tiborsiz qolyapti. Konsullik o‘z fuqarolariga huquqiy yordam berishni umuman istamayapti!”.

-------------------------------------------------------------------------------

Muhtaram mushtariy, agar sizni tashvishga solayotgan muammolar bo‘lsa, shuningdek, o‘zingiz guvohi bo‘layotgan voqea-hodisalar borasida Ozodlikka xabar bermoqchi bo‘lsangiz¸ bizga qo‘ng‘iroq qiling.

SMS va qo‘ng‘iroqlaringizni +420 724 971 539 va +420 724 740 755 raqamiga yo‘llang.

OzodMikrofon sizga muntazir!

OzodMikrofon rukni ostida berilayotgan fikr va mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas’ul emas!

XS
SM
MD
LG