Линклар

Шошилинч хабар
21 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:20

Dubaydagi Qozog‘iston: Nazarboyev xotinlari va qarindoshlarining BAAdagi ko‘chmas mulklari


Birlashgan Arab Amirliklarida Nursulton Nazarboyevning g‘ayrirasmiy xotinlari va qarindoshlari nomida shohona uy va apartamentlar bor. Qozoq siyosiy elitasining Dubaydagi ko‘chmas mulklari haqidagi surishtiruvning yakuniy qismi sobiq prezident yaqinlariga bag‘ishlandi.
Birlashgan Arab Amirliklarida Nursulton Nazarboyevning g‘ayrirasmiy xotinlari va qarindoshlari nomida shohona uy va apartamentlar bor. Qozoq siyosiy elitasining Dubaydagi ko‘chmas mulklari haqidagi surishtiruvning yakuniy qismi sobiq prezident yaqinlariga bag‘ishlandi.

NAZARBOYEV VA AYMOG‘I

Kamida 238 kishi o‘lgan Yanvar voqealaridan so‘ng sobiq prezidentning kenja qizi Aliya Nazarboyeva Instagram'da barchani bosiqroq bo‘lishga chorladi. Foydalanuvchilar geolokatsiyaga e’tibor berishdi – post Birlashgan Arab Amirliklarida e’lon qilingan edi. Tanqidlar boshlanib ketgach, post Instagram'dan g‘oyib bo‘ldi.

Bu orada Britaniyaning Telegraph gazetasi Aliya Nazarboyeva Qozog‘istondan 300 mln dollar olib chiqib ketgani haqida yozdi. Mablag‘lar xususiy uchoq, London va Dubayda koshonalar sotib olishga sarflangan. Jurnalistlar surishtiruvi bu summadan 14 mln dollarga Dubayda villa va bir nechta uy xarid qilinganini ko‘rsatdi.

Besh yil burun OCCRP (Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni o‘rganish markazi) mediahamkori bo‘lmish Hetq.am saytida chiqqan maqolada Nazarboyevning nabirasi Nurali Aliyev Dubayda to‘rtta ko‘chmas mulk sohibi ekani aytiladi. Mazkur surishtiruv ham C4ADS tashkilotidan olingan hujjatlar asosida tayyorlangan edi.

Biroq 2020-yildan 2022-yilgacha bo‘lgan davrni qamrab oladigan yangi ko‘chmas mulk reyestrida na Aliyev familiyasi, na Aliya Nazarboyevaning xaridlariga doir ma’lumotlar bor. Biz bilan gaplashgan ekspertlarga ko‘ra, mashhur shaxslar ko‘pincha mulklarini yashirishadi, ya’ni ularni ofshor shirkatlar yoki ishonchli kishilar nomiga rasmiylashtirishadi.

Nazarboyev qarindoshlari uylarining ko‘rinishi qanday? Ozodlik qozoq xizmati tayyorlagan videosurishtiruv:

Eslatma: Mulklarning qozoq valyutasidagi qiymati 1 AQSH dollarining tengega nisbatan 2023 va 2024-yillardagi o‘rtacha kursida hisoblangan.

C4ADS reyestriga kirgan Dubaydagi ko‘chmas mulklar sohiblari orasidan Nazarboyevning boshqa qarindoshlarini topdik. Ulardan biri – Nazarboyevning g‘ayrirasmiy xotini Asel Qurmanbayeva.

Asel Qurmanbayeva

Nazarboyev “Mening haytim. Tobelikdan mustaqillikka qadar” nomli xotira kitobida shar’iy xotini ekanini tan olgan Asel Qurmanbayeva Palm Jumeirah orolidagi AQUAMARINE RESIDENCE-3 kompleksining ikkinchi qavatida joylashgan uch xonali apartament sohibidir. Obyekt maydoni – 210 kvadrat metr, bozor bahosi 2 mln dollardan boshlanadi. Uy yonida hovuz bor, hudud infratuzilmasi yuqori darajada.

Nursulton Nazarboyevning norasmiy xotini bo‘lgan Asel Qurmanbayeva nomiga Dubayning TIARA RESIDENCE majmuasidagi ko‘chmas mulk rasmiylashtirilgan.
Nursulton Nazarboyevning norasmiy xotini bo‘lgan Asel Qurmanbayeva nomiga Dubayning TIARA RESIDENCE majmuasidagi ko‘chmas mulk rasmiylashtirilgan.

Asel Qurmanbayeva – “Astana balet” teatrining art-menejeri (u hujjatlarda Qurmanbayeva bo‘lsa-da, hozirda teatr saytida Isabayeva deya qayd qilingan). Avvalroq jurnalistlar olib borgan xalqaro surishtiruvda uning ismi ham o‘rtaga chiqqan edi: ma’lumotlarga ko‘ra, Qurmanbayeva ofshor shirkatlar orqali 30 mln dollar olgan.

Gulnora Rakisheva

Gulnora Rakishevani Nursulton Nazarboyev memuarlarida esga olmagan, lekin bu ayol sobiq prezidentning norasmiy xotinlaridan biri hisoblanadi va Nazarboyevdan ikki qiz ko‘rgan. Gulnora Rakisheva ham Dubaydagi ko‘chmas mulklarga sarmoya tikkan.

U investitsiya kiritgan DUBAI PEARL loyihasi 2002-yilda boshlangan edi. 2009-yilda qurilish negadir to‘xtab qolgan va qurilishi bitmagan imoratni o‘tgan yili buzib tashlaganlar. Ayrim xabarlarga qaraganda, boshqa investorlar uning o‘rnida Ostonadagi EXPO binosiga o‘xshash sharsimon kompleks qurishmoqda.

Rakisheva tikkan pullarini qaytarib oldimi, yo‘qmi yoki u yangi loyihadan mulk sotib olmoqchimi – bunisi hozircha noma’lum. Biz ijtimoiy tarmoqdagi “Gulnora Rakisheva” akkaunti orqali u bilan bog‘lanishga urindik, ammo sahifa muallifi savollarimizga javob bermadi, buning o‘rniga: “Biznes qil, ishla, daromad top, kim senga xalal beryapti? Yoki aqling yetmaydimi?!” deb yozdi.

Sotiboldi oilasining yettita kvartirasi

SHAMS-4 turar-joy kompleksida Nazarboyevning jiyani Qayrat Sotiboldi oilasiga qarashli bir nechta xonadon mavjud. Bino shundoqqina dengiz bo‘yida joylashgan.

2022-yilning kuzida Sotiboldi olti yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Ushbu hukmga va boshqa jinoyat ishlari bo‘yicha tergov davom etayotganiga qaramay, 2024-yil sentyabrda u muddatidan oldin ozodlikka chiqdi: qamoq jazosi ozodlikni cheklashga o‘zgartirildi.

Ozodlik muxbiri Sotiboldi oilasiga tegishli ikki apartament eshigini qoqdi, lekin hech kim ochmadi.

C4ADS ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, binoda Qayrat Sotiboldi nomiga rasmiylashtirilgan bitta va uning norasmiy xotini Asel Baxtiyorqizi nomiga olingan uchta kvartira bor. Asel Baxtiyorqizi 9-qavatda joylashgan bu uchta xonadonga Aljan Qayratqizi, Ismoil Qayratuli va Nurxon Qayratuli bilan birga egalik qiladi.

Binodagi yana ikkita kvartira Saida Qanatbekqiziga tegishli. Chet mamlakatlar reyestrlari asosida Qozog‘iston hukumatiga aloqador kishilarning chet eldagi aktivlariga doir ma’lumotlarni e’lon qiluvchi “Dengiz bo‘yi” Telegram-kanali Saida Qanatbekqizini Sotiboldining xotinlaridan biri deb hisoblaydi. Qanatbekqizi Qozog‘istondagi bir necha shirkatga Asel Baxtiyorqizi bilan sherikchilikda egalik qiladi. Dubaydagi ko‘chmas mulklarni o‘rgangan Qozog‘istonning “Vlast” nashri ham bu faktga e’tibor qaratgan edi.

Qayrat Sotiboldi oilasi SHAMS IV majmuasidagi xonadonlarga egalik qiladi.
Qayrat Sotiboldi oilasi SHAMS IV majmuasidagi xonadonlarga egalik qiladi.

Saida Qanatbekqizi kvartiralardan biriga nisbatan egalik huquqini Amira Qayratqizi, Farida Qayratqizi va Sobir Qayratuli bilan bo‘lishgan.

Qayratuli va Qayratqizi familiyali kvartira egalaridan olti nafarining yoshi 17 dan 20 gacha.

Qayrat Sotiboldi, uning norasmiy xotinlari va muhtamal farzandlariga qarashli apartamentlar bilan qo‘shni xonadonlarning biri Sotiboldining onasi, 75 yoshli Svetlana Nazarboyeva nomiga rasmiylashtirilgan. Ushbu kvartira ikkinchi qavatda.

Sotiboldi oilasiga qarashli jami yettita ko‘chmas mulkning bozor bahosi salkam ikki mlrd tangani tashkil qiladi.

Sotiboldi qamoqdan bo‘shatilayotganida: “Xatolarimni tan olaman. Menga qarshi qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini tergov qilishda davlat organlariga ko‘maklashaman, noqonuniy yo‘l bilan topilgan barcha mablag‘larni qaytaraman”, deya va’da bergan edi.

Qozog‘iston Bosh prokuraturasi Sotiboldining 783 mlrd tanga (1,6 mlrd dollar)lik aktivlari davlat hisobiga o‘tganini e’lon qilgan. Aktivlarni qaytarish qo‘mitasi esa uning BAAdagi umumiy qiymati 20 mlrd tanga bo‘lgan ikkita villasi davlatga qaytarilganini bildirgan.

C4ADS bazasida Sotiboldining ikki villasiga doir ma’lumot yo‘q. Biz yuqorida sanab o‘tilgan yettita kvartirani topdik, xolos. Avgustda Qozog‘iston sudi Sotiboldiga belgilangan jazo muddatining o‘talmay qolgan qismini yengilroq jazo chorasi bilan almashtirish to‘g‘risidagi iltimosnomani qanoatlantirdi. Ammo sudda unga qarshi yana bir jinoyat ishi bor, yana bir jinoyat ishi esa hali tergov bosqichida.

QULIBAYEVLAR

Altay Qulibayev

Dinara va Altay Qulibayevlar, ya’ni sobiq prezidentning qizi va kuyovi Forbes talqinicha Qozog‘istonning eng boy oilasi sanaladi. Ularning umumiy boyliklari 10 mlrd dollarga baholangan. Dubayning Palm Jumeirah orolidagi MARINA RESIDENCES turar-joy kompleksida ushbu badavlat oilaning merosxo‘ri bo‘lmish Altay Qulibayevga tegishli shohona apartament bor.

Dinara va Timur Qulibayevlarning o‘g‘li Altay Qulibayev, shuningdek Timur Qulibayevning ukasi Talgat Qulibayev ham Dubaydagi ko‘chmas mulkka sarmoya kiritishgan.
Dinara va Timur Qulibayevlarning o‘g‘li Altay Qulibayev, shuningdek Timur Qulibayevning ukasi Talgat Qulibayev ham Dubaydagi ko‘chmas mulkka sarmoya kiritishgan.

Kvartira 14-qavatda joylashgan. Uning maydoni 633 kvadrat metrga teng, bozor bahosi esa 2 mlrd tangadan ziyod.

Raisa Qulibayeva, Amanbek Qulibayev

C4ADS ko‘chmas mol-mulk reyestri ma’lumotlari 2020-2022-yillarni qamrab oladi, shu bois hujjatlarda allaqachon vafot etgan mulkdorlarning ismlari ham bor. Masalan, Palm Jumeirah orolida qurilgan AL-SULTANA kompleksidagi kvartiralardan biri Timur Qulibayevning onasi, hozirda marhuma Raisa Qulibayeva nomiga rasmiylashtirilgan ekan. ABU KEIBAL kompleksidagi bitta apartament egasi bo‘lgan Amanbek Qulibayev (Timur Qulibayevning amakisi) ham o‘lgan. Ushbu kvartiralarning qiymati 2,4 mln dollardan ziyod. Mulkdorlar vafotidan so‘ng mulkka egalik huquqi merosxo‘rlarga o‘tishi kerak. Ammo Raisa va Amanbek Qulibayevlarning ko‘chmas mulklari hozirda kimga qolganini aniq bilmaymiz.

Beksulton Qulibayev

Yanvar voqealaridan so‘ng 40 yoshli Beksulton Qulibayev Instagram'da video yoyinlab, unda: “Sizlarda nima gap? Otishma yo‘qmi? Endi bizda, Abu-Dabida otishmalar bo‘lyapti”, degan edi. Videoni e’lon qilganidan keyin u tanqid ostida qolib ketdi.

Beksulton – Talgat Qulibayevning o‘g‘li va Timur Qulibayevning jiyani. Beksultonga qarashli kvartiralardan biri Palm Jumeirah orolida, AL-SAROOD nomli kompleksda joylashgan. Uning qiymati 500 million tangani tashkil qiladi.

Talgat Qulibayev

Mulkdorlar reyestrida Beksultonning otasi Talgat Qulibayev nomi ham uchraydi. U, Gulnora Rakisheva kabi, qurilmay qolgan DUBAI PEARL kompleksiga sarmoya tikkan. Qulibayev 30-qavatdan 681 kvadrat metrli apartament olish uchun pul to‘lagan ekan. Loyiha to‘xtatilganidan so‘ng bu mulk bilan bog‘liq vaziyat nima bo‘lgani ma’lum emas.

Talgat Qulibayev – Timur Qulibayevning to‘ng‘ich akasi. U bir umr ichki ishlar organlarida ishlagan, 2010-2018-yillarda Olmaota va Jambil viloyatlari politsiya departamentlari boshlig‘i bo‘lgan, IIV akademiyasiga raharlik qilgan.

Janar Seydvaliyeva, Korlan Sharipbayeva

Nursulton Nazarboyevning katta qizi Darig‘a Nazarboyeva yanvar voqealaridan beri jamoatchilikka deyarli ko‘rinish bergani yo‘q. Tartibsizliklardan so‘ng u parlamentdan ketdi, uning “eri” deyiladigan Qayrat Sharipbayev esa QazaqGaz milliy shirkati rahbari lavozimidan bo‘shatildi. Nazarboyeva bilan Sharipbayev rasmiy nikohdan o‘tishganmi, yo‘qmi – noma’lum, lekin internetda mavjud bir necha videoga qaraganda, ular ziyofat va o‘tirishlarga birga borishadi.

Sharipbayevning sobiq xotini Janar Seydvaliyevaga doir ochiq ma’lumotlar juda kam. U Dubaydagi ko‘chmas mulklar reyestrida Palm Jumeirah orolida joylashgan THE RESIDENCE SOUTH kompleksidagi kvartira egasi o‘laroq qayd etilgan. Kvartira mayoni 328 kvadrat metrni, bozor bahosi esa 3,5 mln dollarni tashkil qiladi.

Darig‘a Nazarboyevaning eri ekani aytiladigan Qayrat Sharipbayevning qizi Korlan Sharipbayeva Dubayning THE RESIDENCE SOUTH majmuasidagi xonadonga egalik qiladi.
Darig‘a Nazarboyevaning eri ekani aytiladigan Qayrat Sharipbayevning qizi Korlan Sharipbayeva Dubayning THE RESIDENCE SOUTH majmuasidagi xonadonga egalik qiladi.

2015-yilgi rasmiy hujjatda Qayrat Sharipbayev va Janar Seydvaliyeva er-xotin deb ko‘rsatilgan. Biroq 2017-yilgi hujjatda Sharipbayevning nikohiga oid ma’lumot yo‘q.

Qayrat Sharipbayevning qizi Korlan THE RESIDENCE SOUTH kompleksidan 195 kvadrat metrli xonadon sotib olgan. Apartament ikkinchi qavatda, onasining kvartirasi bilan yonma-yon joylashgan. Korlanga tegishli ushbu mulkning taxminiy qiymati 1,25 mln dollarga teng.

Qayrat Sharipbayev rahbarlikdan ketganidan so‘ng QazaqGaz shirkati 937 mlrd tanga miqdordagi qonunbuzarliklar aniqlanganini ma’lum qilgan edi. Ammo Sharipbayevga nisbatan tergov yoki tekshiruv bo‘lgani haqida biron axborot berilmagan.

Berik Imashev oilasi

Ko‘chmas mulk reyestriga ko‘ra, Darig‘a Nazarboyevaning qudasi ham Dubaydan uy sotib olgan. Darig‘aning to‘ng‘ich o‘g‘li Nurali Aliyev Markaziy saylov komissiyasi sobiq raisi Berik Imashevning qizi Aida Imashevaga uylangan. Aliyevning qaynonasi bo‘lmish Leyla Adaybekova THE RESIDENCE SOUTH kompleksidagi 1,1 mln dollar turadigan 160 kvadrat metrli xonadon egasi hisoblanadi.

C4ADS ma’lumotlar bazasiga qaraganda, ushbu kompleksda Berik Imashevning o‘g‘li Aljan Imashevning ham kvartirasi bor. Apartament maydoni 483 kvadrat metr, bunaqa ko‘chmas mulk bozorda bir mlrd tangadan yuqori baholanadi.

Aljan Imashev Yanvar voqealaridan so‘ng “QTY – Yuk tashuvlari” shirkati direktori o‘rinbosari lavozimidan ketgan.

Darig‘a Nazarboyevaning qudasi Berik Imashevning o‘g‘li va qizi ham THE RESIDENCE SOUTH majmuasidan uy olishgan.
Darig‘a Nazarboyevaning qudasi Berik Imashevning o‘g‘li va qizi ham THE RESIDENCE SOUTH majmuasidan uy olishgan.

Berik Imashev faoliyatini yuristlikdan boshlagan, ko‘p yillar davlat xizmatida ishlagan. 2003-yilda, oilasi Aliyev-Nazarboyevlar bilan qarindosh bo‘lganidan so‘ng Imashevga hukumatdan lavozim berilgan, aniqrog‘i u adliya vaziri etib tayinlangan. Yanvar voqealari bo‘lgan paytda u MSK rahbari edi va tabiiyki, iste’foga chiqdi yoki chiqarildi.

Ozodlik Leyla Adaybekovaga uning Dubaydagi mol-mulkiga oid savollar bilan murojaat qildi. Ayol kvartiraga egalik qilayotganiga 10 yil bo‘lib qolganini aytdi.

“Bilasizmi, turmush o‘rtog‘im davlat xizmatchisi, shu bois men bir umr deklaratsiya to‘ldirganman. Har bir qadamim deklaratsiyalarimda aks etgan. Har biri”, deya javob berdi u.

Qozog‘iston biznes-reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, Leyla Adaybekova – to‘rtta, uning o‘g‘li Aljan Imashev esa beshta shirkat muassisi hisoblanadi.

***

Sobiq prezident oilasi va qarindoshlarining Dubaydagi aktivlariga doir bilgilarni C4ADS ma’lumotlar bazasidan oldik. Timur Qulibayev shirkatlari va Nursulton Nazarboyev fondining elektron manzillariga yuborgan xatlarimiz hamda surishtiruvda tilga olingan aksar shaxslarning shaxsiy telefon raqamlariga yo‘llagan xabarlarimiz javobsiz qoldi.

Surishtiruvning avvalgi qismida biz hokimiyat vakillari va ularning qarindoshlari ko‘chmas mulk sotib olish uchun aynan Dubayni tanlashining iqtisodiy sabablariga to‘xtalgan edik. Buyuk Britaniyaning Exeter universiteti professori va Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert Jon Hizershou yuqori martabali mulozimlar Dubaydan uy xarid qilishining siyosiy xavfsizlik bilan bog‘liq sabablari ham mavjudligini aytadi.

“Bu mulozimlar Buyuk Britaniyada, Qo‘shma Shtatlarda yoki Yevropa Ittifoqida ular ustidan sud da’volari qo‘zg‘atilishidan xavfsirashadi. G‘arbda shunaqa bo‘lishi ehtimoli yuqori, Dubay esa ularga bu ma’noda ancha xavfsiz tuyuladi, – deydi Hizershou. – Dubayda ularga oid aktivlar musodara bo‘lishi yoki sanksiyalarga uchrashi ehtimoldan yiroq. Ular boshqa mamlakatlar xavfliroq bo‘lgani uchun ham Dubayda qolishmoqda. Yevropada, Buyuk Britaniyada va AQSHda iqtisodiy jinoyatlar bilan bog‘liq ko‘plab ishlar ochilganini bilamiz, ulardan ayrimlari Nazarboyevlar oilasi aktivlariga nisbatan qo‘zg‘atilgan. Ushbu mamlakatlar parlamentlarida boyliklarning kelib chiqishi masalasi ko‘tarilyapti, taftish o‘tkazish talab qilinmoqda. Dubayda esa bunaqa xatar yo‘q, ular bu yerda mollari va jonlarini xavfsiz his qilishadi”.

Dubaydagi uylar.
Dubaydagi uylar.

Yaqinda Qozog‘iston aksilkorrupsiya xizmati davlatga qaytarilgan aktivlarga doir ma’lumotlarni yangiladi, shuningdek noqonuniy yo‘llar bilan olib chiqib ketilgan aktivlarni mamlakatga qaytarish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kuchaytirishini ma’lum qildi. 10-sentyabr kuni bir necha idora birgalkda o‘tkazgan matbuot anjumanida rasmiylar 1,5 trln tanga qiymatidagi mol-mulklar davlatga qaytarilgani aytildi.

Jurnalistlar olib borgan surishtiruvlar Qozog‘iston siyosiy elitasining Yevropa va AQSHdagi aktivlarini o‘rtaga chiqardi. Ozodlikning qozoq xizmati avvalroq Nursulton Nazarboyev qarindoshlarining Fransiya, Ispaniya, Angliya, Shveysariya va Chexiyadagi dang‘illama uylari va apartamentlari haqida materiallar chop etgandi. Ayni paytda ushbu obyektlardan ayrimlari uchinchi shaxslar nomiga o‘tkazilgan, biroq ularni sotib olishda qo‘llangan mablag‘larning kelib chiqishiga doir ma’lumotlar hanuz mavjud emas.

“Qozog‘iston muxolifatining chet el shu’basi” rahbari Serik Medetbekov Bosh prokuratura Qozog‘istondan noqonuniy olib chiqib ketilgan aktivlarni qaytarish uchun ko‘p ham jon koyitayotgani yo‘q. Uning fikricha, bu – aktivlarning kattagina qismi sobiq prezident tevaragidagi odamlarga tegishli ekani bilan bog‘liq.

Medetbekov, shuningdek, Nazarboyev qarindoshlarining mol-mulklari Germaniyada ham aniqlanganini ta’kidlaydi. “Men Qozog‘iston Bosh prokuraturasiga ariza berdim. Chunki Ostona bilan Berlin o‘zaro huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma imzolagan. Germaniyaga kelishsin, faktlarni tekshirishsin, reyestrdan ma’lumotlarni olib, qayd etilgan manzillarga borishsin. Agar ular bu mulklarni Qozoistonga qaytaramiz, deyishsa hech kim e’tiroz bildirmaydi. Lekin bunday qilishmayapti”, deydi Ozodlik suhbatdoshi.

Bosh prokuratura vakili Serik Medetbekovdan ariza olinganini tasdiqladi va “ma’lumot dalillarni tekshirish va protsessual qaror qabul qlish uchun Moliyaviy monitoring agentligiga yo‘llangan”ini bildirdi.

Ozodlik “Dubaydagi Qozog‘iston” surishtiruvida tilga olingan barcha shaxslar o‘z mulklarini noqonuniy pullarga sotib olgan, deya iddao qilmaydi. Biroq biz bu odamlarning taniqli shaxslar ekanini hisobga olib, ular xorijdagi uy-joylarini qanday sotib olishganini va mazkur mulklar Qozog‘istonda legallashtirilgan yoki yo‘qligini aniqlashga urindik. Ularga so‘rovlar yubordik va telefon orqali bog‘lanishga harakat qildik.

Biz maqolani tayyorlash jarayonida javob qaytarishga rozi bo‘lgan barchaning fikrlarini e’lon qildik. Biroq ko‘pchilik izoh berishdan bosh tortdi. Shunga qaramay, Ozodlik Dubaydagi ko‘chmas mulklari haqida jamoatchilikka so‘z aytishni istagan amaldagi va sobiq mulozimlarga minbar berishga tayyor.

Dubaydagi ko‘chmas mulklarga doir Dubai Unlocked surishtiruvi mualliflaridan biri, jurnalist Vyacheslav Abramovga ko‘ra, madaniy jamiyatlarda jamoatchilik taniqli shaxslar va ularning qarindoshlari, ayniqsa byudjetdan oylik oladigan va siyosiy lavozimlarni egallagan kishilarning boyliklari haqida bilishga haqli.

“Bu odamlar o‘z aktivlarini halol yo‘l bilan topgan bo‘lsa, balli deymiz, havas qilamiz. Dubayga borib, ko‘ngil xushlash imkoniyatlari borligiga xursand bo‘lamiz. Mehnat qilib topgan pullariga Nyu-Yorkda kvartira sotib olgan bo‘lsalar, buyursin. Agar Qozog‘istonning o‘zida uy qurishga sarmoya tiksalar, nur ustiga nur, chunki u holda pul mamlakat uchun ishlaydi, hammasi qonuniy va joyida. Biroq muammo shundaki, ular boyiklarini uch qavatlab parda ortiga bekitishga urinishmoqda: ofshor shirkat ochishyapti, so‘ngra bu ofshorlar qanaqadir aktivlarga sohib bo‘lib qolmoqda yoki ular orqali allaqaysi qarindoshlarga o‘tkazib berilmoqda. Bu normal holat emas. Biz buni bilamiz, chunki birga o‘rgangan hujjatlarimizda hech kim tanimaydigan o‘nlab, yuzlab ismlarni ko‘rdik. Bu odamlarni topishimiz ham amri mahol, chunki ular haydovchilar, qo‘riqchilar yoki biron idoralarning oddiy xodimlari bo‘lib, mol-mulk shunchaki ular nomiga olingan, xolos. Katta mulozimlar o‘z nomiga qimmatbaho uy sotib olishga qo‘rqishadi. Biz bilan so‘zlashgan mutaxassislar, ko‘chmas mulk xarid qilishga ko‘maklashuvchi rieltorlar ham bizga xuddi shu gaplarni aytishdi. Avvaldan shu fikrda edik, surishtiruvdan so‘ng esa butkul amin bo‘ldik. Biroq bu sirlar bari qachondir albatta ochiladi, bunga shubham yo‘q”, deydi Abramov.

Ozodlik “Qozog‘istondagi Dubay” loyihasini tayyorlash jarayonida Qozog‘iston Bosh prokuraturasi, Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi, Davlat daromadlari qo‘mitasi va boshqa idoralarga so‘rovlar yo‘lladi. Ular amaldagi qonunchilikni ro‘kach qilib, qozog‘istonliklarning Dubaydagi mol-mulklariga doir ma’lumotlar sizib chiqqani munosabati bilan surishtiruv yoki tekshiruv bo‘ladimi, degan savolga tayinli javob bermadi.

Masalan, Aktivlarni qaytarish bo‘yicha agentlik o‘z javobida noqonuniy olib chiqib ketilgan aktivlarni qaytarish to‘g‘risidagi qonunchilik tatbiq etiladigan shaxslar, ya’ni boyligi qiymati 100 million dollardan oshadiganlargina tekshirilishini bildirdi.

Davlat daromadlari qo‘mitasi esa o‘nlab odam BAAdagi mol-mulklarini deklaratsiya qilganini, ammo ularning ism-familiyasini oshkor eta olmasligini ma’lum qildi. Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi dolzarb ma’lumotlarni o‘z saytida e’lon qilishini aytish bilan cheklandi.

Bu Ozodlik qozoq xizmatining “Dubaydagi Qozog‘iston” nomli keng qamrovli surishtiruvining yakuniy qismidir. Materialning oldingi besh qismini Ozodlik radiosi qozoq xizmati sayti (Azattyq.org) va YouTube-kanalidan topishingiz mumkin. Birinchi qismda – Qozog‘iston neft shirkatlari top-menejerlarining ko‘chmas mulklari, ikkinchi qismda – yuqori martabali kuchishlatar mulozimlar va sudyalarga tegishli apartamentlar, uchinchi qismda – deputatlarning mulklari, to‘rtinchisida – akimlarga qarashli koshonalar, beshinchisida esa hukumat a’zolarining qimmatbaho mulklari haqida hikoya qilinadi. Surishtiruv AQSHning C4ADS tashkiloti tomonidan to‘plangan Dubay ko‘chmas mulk reyestri asosida olib borilgan.

XS
SM
MD
LG