Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:48

Dunyo musulmonlari pandemiya soyasida Qurbon hayitini nishonlamoqda


Dunyo musulmonlari pandemiya soyasida va koronavirusning o‘ta yuqumli delta varianti bo‘yicha xavotirlar kuchayib borayotgan bir paytda Qurbon hayiti bayramini nishonlamoqdalar. Quyida bu haqda Associated Press nashrida e’lon qilingan maqolaning to‘liq tarjimasi bilan tanishishingiz mumkin.

Qurbon hayiti namozi odatda jamoat bo‘lib o‘qiladi, yor-birodarlar uchrashadi, ko‘pchilik chorva mollarini qurbon keltiradi va muhtojlarga go‘sht tarqatadi. Bu yilgi bayram koronavirusning ilk marotaba Hindistonda aniqlangan delta shtammiga qarshi kurash olib borilayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi.

Ayrim mamlakatlarda yangi cheklovlar joriy qilingan, ayrim hukumatlar esa odamlarni bir yerda to‘planmaslikka va ijtimoiy masofa saqlashga chorlamoqda.

Pandemiya tufayli ikki yildan beri so‘nggi kunlari Qurbon hayitiga to‘g‘ri keladigan haj safari ham keskin cheklandi. Oldingi yillarda butun dunyo bo‘ylab qariyb 2,5 million musulmonni muqaddas Makka shahriga jalb qilgan amal virus tufayli keskin cheklandi.

Joriy yilda 60 ming emlangan Saudiya fuqarosi yoki Saudiya Arabistonida yashayotgan shaxslarga haj amalini bajarishga ruxsat berildi. Boshqa mamlakatlardagi musulmonlar esa haj amalini bajarish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi.

Aholisi eng ko‘p bo‘lgan musulmon davlat hisoblanuvchi Indoneziyada virusning yangi turi tez suratda tarqalayotgani uchun Qurbon hayiti keskin cheklovlar bilan nishonlandi. Avvalroq mamlakatda ko‘p sonli odam to‘planishi taqiqlangan va sayohat qilish cheklangan edi. Vitse-prezident va nufuzli Islom ulamosi Ma’ruf Amin aholini bayram namozini uyda o‘qishga chorladi.

“Bir yerda to‘planmanglar”, - dedi Amin bayram boshlanishidan oldin televideniye orqali qilgan murojaatida.

“O‘zingizni COVID-19 pandemiyasidan himoya qilishingiz shart”.

Ramazon hayiti davomida ko‘pchilik sayohat qilgani hamda virusning yangi delta shtammi tarqala boshlagani uchun mamlakatda virus yuqtirish holatlari ko‘paygani aytilmoqda.

Malayziyada 1 - iyun kuni joriy qilingan milliy karantinga qaramay, virusga chalinganlar soni tez suratda o‘sa boshlagani uchun cheklovlar yanada kuchaytirildi. Mamlakatda odamlarga bayramni nishonlash uchun tuman chegaralarini kesib o‘tish taqiqlanadi. Shuningdek, qabristonlarni ziyorat qilish ham taqiqlandi.

Sog‘lom shaxslarga masjidlarda namoz o‘qish uchun izn berildi, ammo ularga ijtimoiy masofa saqlash buyurildi. Qurbonlik keltirish masjidlar va boshqa tasdiqlangan joylarga cheklandi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Nur Hisham Abdulla malayziyaliklarni “mas’uliyatsiz hatti-harakatlarni takrorlamaslikka” chaqirdi. Vazir Ramazon hayiti paytida aholi sayohat qilgani va Borneo orolida o‘tkazilgan boshqa festival virus tarqalishiga sabab bo‘lganini eslatdi.

“Qurbon bayramini nishonlash zavqi bilan barchamiz COVID-19 tufayli halok bo‘lmaylik”, deyiladi vazir e’lon qilgan bayonotda.

Bosh vazir Muhiddin Yosin musulmonlarni uyda qolishga chaqirdi.

“Men barchangizni sabr-toqatli bo‘lishga va qoidalarga rioya qilishga chaqiraman”, - dedi u bayram arafasida televideniye orqali qilgan murojaatida.

Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti COVID-19 tufayli nobud bo‘lganlar soni bir muddat ozaya boshlaganini, ammo yana ko‘paya boshlaganini bildirdi. Bunga emlash darajasi pastligi, niqob taqish va boshqa ehtiyot choralari yumshatilgani hamda virusning delta varianti sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Avstraliyaning ikki yirik shahri bo‘lmish Sidney va Melburnda joriy qilingan karantin tufayli Qurbon hayiti cheklangan holda nishonlanmoqda.

Sidney turg‘uni hamda Yangi Janubiy Uelьs shtati deputati Jihad Dib shahar musulmonlari qayg‘uga cho‘mganini, ammo cheklovlar sababini yaxshi tushunishlarini aytdi.

“Bu men uchun onam va otamni quchoqlamagan va o‘pmagan birinchi hayit bo‘ladi”, - dedi Dib Australian Broadcasting Corp. nashriga bergan intervyusida.

Melburnlik musulmonlar o‘tgan yilda ham Qurbon hayitini karantin sharoitida nishonlagan edilar. O‘tgan hafta Melburnda kutilmaganda karantin e’lon qilingani hayit tantanalari arafasida oziq-ovqat mahsulotlari zaxiralarini to‘ldirgan chakana savdo korxonalari uchun qattiq moliyaviy zarba bo‘ldi.

Dushanba kuni Tehronda koronavirus pandemiyasi yana avj ola boshlagani uchun poytaxt va uning atrofidagi hududlarda bir haftalik karantin joriy qilindi. Bu haqda davlat nashrlari xabar berdi. Karantin choralari seshanba kunidan e’tiboran kuchga kiradi.

Barcha davlatda ham ham yangi cheklovlarni joriy qilingani yo‘q. Bangladeshda karantin cheklovlari sakkiz kunga yumshatildi. Sog‘liqni saqlash mutaxassislari bu chora xavfli ekani haqida ogohlantirdi.

Misrlik Essam Shaban Qurbon hayitini oilasi bilan nishonlash uchun o‘zi tug‘ilib o‘sgan Suhaj shahriga safar qilganini so‘zlab berdi. U hayit namozini masjidda o‘qishni rejalashtirayotgani, virus tarqalishi oldini olish uchun o‘z joynamozini olib borishini hamda niqob taqib olishini aytdi.

“Biz bu hayit hech qanday yuqtirishsiz, tinch o‘tishini istaymiz”, - dedi Shaban.

“Ko‘rsatmalarga rioya qilishimiz kerak”, - deya qo‘shimcha qildi u.

Shaban aka-ukalari bilan pul to‘plab, novvos so‘yib, go‘shtini tarqatishga hamda oilasi bilan bayram dasturxoni atrofida o‘tirishni intiqib kutayotganini aytdi.

“Odatda bayramda bolalar bilan o‘ynaymiz, xursandchilik qilamiz. Bu a’lo bayram”, - dedi u.

Ammo boshqalar bu yil bayramni yaqinlarisiz nishonlaydi.

Hayit chorshanba kuni boshlanadigan Hindistonda Tohir Qurayshiy har doim bayram namozini otasi bilan birga o‘qigani, namoz ortidan yaqinlarini ziyorat qilishga otatlanganini aytib berdi. Ammo otasi iyun oyida virusni yuqtirganidan so‘ng vafot etgan. Qurayshiy bayramni otasisiz nishonlash ko‘nglini xira qilayotganini aytdi.

“Usiz qiyin bo‘ladi”, - dedi u otasini xotirlab.

Hindistonning musulmon ulamolari aholini sabr qilishga va sog‘liqni saqlash protokollariga rioya qilishga chorladi. Mamlakatning ayrim shtatlarida rasmiylar gavjum yig‘inlarni cheklab, odamlarni bayramni uyda nishonlashga chorlamoqda.

Ayni paytda pandemiya millionlab hindistonlik uchun moliyaviy qiyinchiliklarni keltirib chiqargan. Shuning uchun ko‘pchilik bu yil qurbonlik keltirishga qodir emasligini aytdi.

Asosan musulmonlar yashaydigan munozarali Kashmirning Hindiston nazorati ostida bo‘lgan qismida ishbilarmon G‘ulom Hasan Vaniy Hayit qurbonligini cheklaganlarning biridir.

“Men ilgari uch-to‘rt qo‘yni qurbon qilar edim, ammo bu yil zo‘rg‘a bittasini qurbon qilolaman”, - dedi u.

XS
SM
MD
LG