AQSH Kongressining Demokratik partiyaga mansub a’zolari prezident Donald Trampning AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ni Davlat departamentiga qo‘shib yuborishiga qarshi chiqishdi. Ma’muriyat qarori butun dunyo bo‘ylab yordam dasturlarini moliyalash, jumladan Ukraina rivojlanishiga ajratilgan milliardlab dollarni so‘roq ostiga qo‘yadi.
3-fevral kuni kongressmenlar Ilon Maskning “noqonuniy o‘yinlari”ni tanqid qilish uchun USAID'ning Vashingtondagi bosh ofisi yonida to‘planishdi. Tesla va SpaceX bosh direktori hozirda prezident Tramp topshirig‘iga binoan federal davlat idoralari shtatlarini qisqartirish bilan shug‘ullanmoqda.
Demokrat kongressmenlar USAID xodimlariga uchinchi fevraldan ishga chiqmaslik haqida buyruq berilib, ularning davlat elektron pochtasiga kirishi taqiqlab qo‘yilganidan so‘ng ushbu aksiyani uyushtirishdi. “Biz dam olish kunlarini USAID'ni parchalash bilan o‘tkazdik”, deb yozdi Ilon Mask uchinchi fevral kuni X ijtimoiy tarmog‘ida.
Agentlikning Vashingtondagi bosh ofisi oldida chiqish qilgan qonun chiqaruvchilar USAID faoliyatini himoya qilib, ma’muriyatning xatti-harakatlarini Kongress vakolatlariga aralashish deya baholadilar. “Bizda Ilon Mask degan alohida hokimiyat butog‘i yo‘q. Bu tezda ma’lum bo‘ladi”, dedi Merilend shtatidan saylangan kongressmen Jeymi Raskin. “Maskning maqsadi nimaligini bilmadim-u, lekin Qo‘shma Shtatlar xalqi tomonidan AQSH Kongressi orqali qonuniy qabul qilingan narsaga uning hech bir daxli yo‘q. Biz USAID'ni oxirigacha himoya qilamiz”, qo‘shimcha qildi Raskin.
Senator Kris Myorfi (demokrat, Konnnektikut shtati) ma’muriyatning qadamlari konstitutsiyaviy inqiroz yaratayotganini aytdi va bu bilan kurashishga va’da berdi. “Soliq to‘lovchilarning pullari qanday sarflanishiga xalq qaror beradi. Ilon Maskda qaror chiqarish vakolati yo‘q”, dedi Myorfi USAID binosi oldida nutq so‘zlarkan. Shuningdek, u “hukumatni hech kim saylamagan bir to‘da milliarderlar va korporativ manfaatlar qo‘liga topshirishga urinish” bo‘layotgani haqida gapirdi.
USAID – AQSHning mustaqil hukumat agentligi bo‘lib, 1961-yilda Kongress tomonidan tashkil qilingan, butun dunyo bo‘yicha 10 ming nafarga yaqin xodimlari bor. Tashkilot AQSH hukumatining xalqaro yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi asosiy tuzilmasi hisoblanadi va kambag‘al mamlakatlarda turli dasturlarni moliyalash uchun Kongressdan har yili o‘n milliard dollarlab pul oladi. Agentlik asosan kambag‘allikka qarshi kurash, sog‘liqni saqlash tizimiga ko‘maklashish, tabiiy ofatlar chog‘ida yordam ko‘rsatish, demokratiyani rivojlantirish va inson huquqlarini himoya qilish loyihalari bilan shug‘ullanadi.
AQSH Kongressi Tadqiqot xizmati (CRS)ning yaqinda e’lon qilingan hisobotiga ko‘ra, 2023 moliya yilida USAID 130 mamlakatdagi loyihalarni dastaklash uchun 40 mlrd dollardan ortiq mablag‘ sarflagan. USAID orqali AQSHdan eng ko‘p yordam oluvchi uch mamlakat Ukraina, Efiopiya va Iordaniya hisoblanadi, eng ko‘p yordam oluvchi o‘n mamlakat orasida Afg‘oniston ham bor.
Davlat kotibi Marko Rubio endilikda u USAID direktori vazifasini bajarishini tasdiqladi, biroq vakolatlarni taqsimlaganini va agentlikning kundalik faoliyatini boshqarishi shart emasligini ma’lum qildi. Aytishicha, agentlik qayta tashkil etilayotgani, ayrim shu’balar Davlat departamentiga o‘tkazilib, qolganlari tugatilishi haqida Kongressni xabardor qilgan. Rubioga ko‘ra, gap “USAID amalga oshirayotgan dasturlarni to‘xtatish haqida emas, balki agentlik siyosatiga rahbarlikni Davlat departamentiga topshirish haqida bormoqda”.
Rubio Markaziy Amerikaga tashrifi chog‘ida Salvadorda nutq so‘zlar ekan, USAID “Davlat departamenti ko‘rsatmalariga quloq solmasligi tufayli” ko‘p yillardan beri undan hafsalasi pirligini aytdi. Davlat kotibi fikricha, agentlik faoliyati “AQSH tashqi siyosati bilan uyg‘un bo‘lishi lozim”. Marko Rubio USAID sarflaydigan pullar soliq to‘lovchilarning pullari ekanini, ammo agentlik “milliy manfaatlardan ayro global xayriya tashkiloti”ga aylanib qolganini ta’kidladi.
3-fevral kuni u Fox News bilan intervyuda ham USAID faoliyatiga to‘xtaldi. “O‘ylaymanki, biz ro‘yi zamindagi eng saxovatpesha millat bo‘lamiz, ammo milliy manfaatlarimizga uyg‘un ma’nodagi saxovatlikni nazarda tutyapman”, dedi Rubio.
USAID xodimlariga ishga chiqmaslik haqida elektron xatlar yo‘llagani ma’lum bo‘lganidan beri Kongress a’zolari Ilon Maskka qarshi chiqishlar qilishmoqda. Senator Petti Myurrey (demokrat, Vashington shtatidan) Maskni o‘zining SpaceX shirkati Pentagon bilan tuzilgan shartnomalar orqali millionlab foyda ko‘rayotgani holda USAID'ga qarshi ishlar qilishda aybladi. Senator Kapitoliyda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida “USAID uchun tasdiqlab bo‘lingan mablag‘larning muzlatilishi “AQSH hukumatiga ishonchni eng quyi nuqtaga tushiradi” deb aytdi.
Biroq Oq uy agentlikni qayta tashkil qilish fikrida qat’iy turibdi: ma’muriyatning so‘nggi bayonotlaridan birida go‘yo USAID'da “talon-toroj va suiiste’molchiliklar” bo‘lgani haqida so‘z boradi. Bunga misol qilib “Serbiyada ish joylari va biznes doiralarida xilma-xillik hamda integratsiyani qo‘llab-quvvatlash uchun” 1,5 million dollar ajratilgani, shuningdek Kolumbiyada “transgenderlar opera teatri”ni qurish, Peruda “transgenderlar komiksi”ni yaratish va Gvatemalada “jinsni o‘zgartirish va LGBT faollar” uchun mablag‘lar sarflangani qayd etilgan. “Ro‘yxat juda uzun – bunaqa ishlar o‘nlab yillar davom etgan. Prezident Tramp davrida talon-toroj, qallobliklar va mansabni suiiste’mol qilish DARHOL to‘xtatiladi”, deyiladi bayonotda.
Oxirgi haftada USAID'ning bir qancha xodimlari mehnat ta’tiliga chiqarildi. O‘tgan dam olish kunlari agentlik xavfsizlik xizmatining ikki yuqori martabali xodimi maxfiylashtirilgan hujjatlarni Hukumat samaradorligi departamenti vakillariga berishmagani uchun ishdan bo‘shatildi.
AQSH ma’muriyati tarkibida Hukumat samaradorligi departamenti tuzilishini Tramp 2024-yilning noyabrida, saylovda g‘olib chiqqanidan so‘ng ko‘p o‘tmay e’lon qilgan edi. Yangi prezident lavozimga o‘tirishi bilan o‘z faoliyatini boshlagan ushbu tuzilmaga dunyonng eng boy odami, tadbirkor Ilon Mask rahbarlik qilmoqda.